Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Abdulhay Tojiyev

(1899 - 1938)

Bolaligi. Abdulhay Tojiyev 1899-yil dekabr oyida Toshkent shahrida o‘qituvchi oilasida dunyoga kelgan. Abdulhay Tojiyevning otasi Toji Xo‘jayev 1909-yil vafot etgan. Shu vaqtda akasi To‘xtaxo‘ja 15 yoshda, Abdulhay esa endigina 10 yoshga kirgan edi. Singillari 3 yoshli Sharifa va endigina tug‘ilgan Hamida onasi Poshshaxonning qaramog‘ida qolgan.

Ma’lumoti. U dastlab mahalla masjidi qoshidagi eski maktabda, so‘ng Munavvarqori Abdurashidxonovning jadid maktabida tahsil olgan.

Меhnat faoliyati. 1919-yildan toshkentlik jadid taraqqiyparvarlarining mafkuraviy rahbarligi ostida tuzilgan “Izchilar to‘dasi” to‘garagida faol ishtirok etgan.

1920-yil Abdulhay Tojiyev Turor Risqulov rahbarligidagi Musbyuro tarkibida Moskvada bo‘lgan. Bu tashrif uning siyosiy tafakkuri shakllanishida muhim o‘rin tutgan. Moskvadagi bir necha oylik sargardonliklarda hokimiyat qudrati, siyosiy kurash va hiylalar, sovet hokimiyatining surati va siyratini ko‘rgan. U Toshkentga qaytgach jurnalchi faoliyati bilan shug‘ullangan. 1922 – 1923 yillari “Turkiston”, 1923-yildan Andijon shahrida nashr etila boshlagan “Darxon” gazetalarida mas’ul muharrir bo‘lib xizmat qilgan. Shundan so‘ng uning siyosiy faoliyati sovet hokimiyatining Markazi bo‘lgan Moskva shahriga bog‘langan. Abdulhay Tojiyev 1923 – 1925 yillari Moskvadagi Sverdlov nomli Kommunistik universitetda o‘qigan. 1925-yil Toshkentga kelib, Toshkent viloyati partiya kotibi bo‘lgan.

Biroq, u 1926-yil yana Moskvaga chaqirib olingan, 1927 – 1929-yillari SK KP (b) O‘zbekiston targ‘ibot-tashviqot bo‘limida o‘rinbosar, 1929 – 1935 yillari Sovet Ittifoqi Millatlar kengashida kotib bo‘lib ishlagan. Abdulhay Tojiyev 1935-yildan yana Toshkentga kelgan va 1937-yil O‘zSSR NKVD tomonidan qamoqqa olinguniga qadar Toshkent shahar sovetining raisi, O‘zSSR MIQ raisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Ilmiydаbiy merosi. Abdulhay Tojiyev dunyoqarashining shakllanishida Toshkent jadid taraqqiyparvarlari, xususan, Munavvarqorining roli katta bo‘lgan. Shuning uchun ham Abdulhay Tojiyev publisistikasining asosini maorif masalasi tashkil etgan.

Xalq maorifi masalasi uning 1922 – 1923 yillarda Turkiston gazetasida mas’ul muharrirligi davrida yozgan maqolalarida yanada kengroq o‘z aksini topgan. U o‘z maqolalarida sovet hokimiyatining balandparvoz shiorlar ostida boshlagan xalq maorifini rivojlantirishga qaratilgan siyosatining kamchiliklarini tahlil etgan. Hech qanday moddiy asossiz tashkil etilgan sovet maktablarida darslik va o‘qituvchilarning yo‘qligi, qabul qilingan qarorlarning qog‘ozda qolayotganini yozgan. U xalq maorifidek murakkab va katta ahamiyatlik masalani endilikda mahalliy byudjetga tashlab qo‘yilayotganini tanqid qilgan.

U Toshkent viloyati partiya kotibi, Toshkent shahar Sovetining raisi va O‘zSSR Markaziy Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lovozimlarida ishlagan vaqtida ham matbuotdan uzoqlashmagan. Jumladan, Toshkent viloyati partiya kotibi vazifasida ishlash bilan birga, matbuotda e’lon qilingan ma’ruzasida viloyatdagi asosiy muammolar sifatida ishchilar o‘rtasida milliy kadrlarni kengaytirish, mahalliy mayda hunarmandlarga ma’lum imtiyozlar tizimini yaratish, o‘rtahol dehqonlarni himoyalash, savodsizlikka qarshi kurashishdek ustuvor masalalarni ko‘targan.

O‘limi. Abdulhay Tojiyev endigina 38 yoshga kirganida totalitar tuzumning qora girdobiga duch kelgan. 1937-yil 3-avgustda O‘zSSR NKVD 4-bo‘limi boshlig‘i Og‘abekov O‘zSSR Markaziy Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Toshkent shahar sovetining raisi bo‘lgan Abdulhay Tojiyevni qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqargan. Shu kunning o‘zida Order olinib, u istiqomat qiladigan Toshkent shahri, Borodinskiy ko‘chasi, 57-uyda tintuv o‘tkazilgan. Tuzilgan dalolatnomada Abdulhay Tojiyevga tegishli “Mauzer”, “Brauning” qurollari va 48 ta patron, № 2903 raqamli diplomatik pasporti, YuB № 088237 raqamli fuqarolik pasporti, partiya bileti, kitoblari va ma’ruzalari xatlanib olib ketilgan.

1937-yil 11-avgust dastlabki tergov materiallari bilan tanishib chiqqan leytenant Furmanov o‘zining ayblov qarorini chiqargan. Qarorda Abdulhay Tojiyevga millatchi tashkilotining faol a’zosi, aksilinqilobchi, O‘zbekistonni SSSRdan ajratib olish yo‘lida milliy ziyolilarni targ‘ib etgani va shu yo‘lda milliy kadrlar tayyorlagan, begona unsurlarni qatag‘on qilishdan asragan, ularni yashirgan, degan ayblar qo‘yilgan. Shuningdek, uni Trotskiy, Zinovev va Mustafo Cho‘qayevlarning asarlarini uyida saqlagani uchun O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 66-moddasi 1-qismi va 67-moddalari bilan ayblangan.

Buter qamoqxonasida saqlangan Abdulhay Tojiyev 1938-yil 27-aprelda otuvga hukm etilgan va jazo shu kuni ijro etilgan.