Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Abdulla Avloniy

(1878 - 1934)

Bolaligi. 1878-yilning 12-iyulida Toshkentda Mergancha mahallasida tug‘ilgan. Bobosi Mirne’matboy asli qo‘qonlik o‘qchi-yoychilardan edi.

Ma’lumoti. 7 yoshdan O‘qchidagi eski maktabda Akramxon domlada savod chiqardi. 1890 yilda shu mahalladagi madrasaga o‘tdi. So‘ng Shayxontohurdagi Abdumalikboy madrasasida Mulla Umar Oxundda tahsil ko‘rdi. Ammo tirikchilikning og‘irlashuvi o‘qishga imkon bermaydi. “1891-yildan boshlab, faqat qish kunlarida o‘qub, boshqa fasllarda mardikor ishladim”, – deb yozadi Avloniy. Ko‘p o‘tmay, bu ham barham topdi. U butunlay ishga sho‘ng‘ib ketdi. O‘zi aytganidek, binokorlikni o‘rgangan, g‘isht quyish, suvoqchilik, pechkachilik, duradgorlik ishlari bilan shug‘ullangan.

Faoliyati. 1904-yilda Avloniy Mirobodda usuli jadid maktabi ochadi. 1907-yilda o‘z hovlisida “Shuhrat” gazetasini chiqara boshlaydi.

Gazetaning yo‘li ayon bo‘lishi bilan dushmanlari ko‘paygan. Natijada 10-soni chiqib bekilib, redaksiya asbob-ashyolari, qog‘ozlar va materiallar hammasi musodara qilingan. Shundan keyin Avloniy A.Bektemirov nomiga ruxsat olib “Osiyo” gazetasini chiqara boshladi. Nashriyot Avloniyning uyida (Sapyornaya, 26) joylashgan edi.

1914 – 1915-yillarda advokat Ubaydulla Xo‘jayev bilan “Sadoyi Turkiston” gazetasida hamkorlik qiladi. Gazetadagi she’r va maqolalarning aksariyati Avloniy qalamiga mansub. Lekin gazeta uzoq davom etmadi. 66-soni chiqib, moddiy ahvolning tangligidan yopilgan.

Umuman, Avloniy 1904 – 1905-yillardan ham ijodiy, ham amaliy ish bilan qizg‘in shug‘ullandi.

1909-yilda “Jamiyati xayriya” ochdi va mahalliy xalq bolalarining o‘qib bilim olishi uchun pul yig‘ib, maktablarga tarqatdi. Bu haqda hatto Orenburgdagi “Vaqt” gazetasi yozib chiqdi.

1913-yilning oxirida toshkentlik mashhur jadidlarning tashabbusi bilan “Turon” jamiyati maydonga keldi. Uning ta’sischilaridan biri Avloniy edi. Jamiyat qoshida teatr truppasi tuzildi.

Avloniy truppasi sahnalashtirgan birinchi asar Behbudiyning “Padarkush” dramasi bo‘ldi.

 “Turon” o‘z faoliyatini shunday boshlagan. Truppa ishida qardoshlar ham ishtirok etdilar. Jumladan, Avloniy taniqli tatar rejissyori Zaki Boyazidskiy, mashhur ozarboyjon san’atkori Sidqiy Ruhillo bilan hamkorlik qildi. Masalan, truppaning spektakllarini Zaki Boyazidskiy sahnaga qo‘ygan edi. Sidqiy Ruhillo esa 1916-yilda Avloniyning taklifi bilan Toshkentga keladi va shoirning uyida truppa ko‘magida “Layli va Majnun” spektaklini qo‘yadi. Majnun rolini Sidqiy Ruhilloning o‘zi o‘ynaydi.

Truppaning g‘oyaviy-badiiy rahbari Avloniy bo‘lgan. 1914-yilning 26-dekabrida truppa “Turkiston” nomi bilan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab safarga chiqdi, bir qator shaharlarda gastrolda bo‘ldi. Truppa Qo‘qon (1915-yil 7-yanvar), Namangan (21-24-yanvar), O‘sh (29-yanvar)da spektakllar qo‘ygan. Ularda Avloniy faol ishtirok etgan.

1915-yilda mahalla xalqi domlamiz “teatrchi bo‘ldi”, “masxaraboz bo‘ldi”, deb uni maktabdan quvib, Mirobod mahallasidagi boshlang‘ich maktabni yopgan.  

Ikkinchi tomondan, hukumat tomonidan doimo tazyiqlar bo’lib turgan. Shularga qaramay, Avloniy ijtimoiy faoliyatda qizg‘in davom etgan. Shu yillarda u “Nashriyot”, “Maktab” kabi shirkatlar tuzishda bosh-qosh bo‘lgan. Adib bularni keyinroq o‘z tarjimai holida shunday izohlaydi: “bu vaqtlarda bizning maqsadimiz zohirda teatru bo‘lsa ham botinda Turkiston yoshlarin siyosiy jihatdan birlashtiruv va inqilobga hozirlov edi”. Ushbu jamiyatlarning ishtirokchilari, xususan, Munavvarqori, shoir Tavallo, Nizomiddin Xo‘jayev, Ubaydullo Xo‘ja, aka-uka Saidazimboyevlar Turkistonning ma’lum va mashhur kishilari edilar.

Avloniy 1917-yil Fevral voqealaridan keyin “Yashasin xalq jumhuriyati!” shiori ostida “Turon” gazetasini chiqardi. Gazeta o‘z maqsadini “Musulmonlar orasida ko‘p yillardan beri davom o‘lan umumg‘a zo‘rlik, bid’at odatlarni bitirmak, kelajakda bo‘ladurg‘on jumhuriy idoraga xalqni tayyorlamoq” deb e’lon qildi. 2-sonida Mirmuhsinning bir maqolasi atrofida janjal chiqadi. Muharrirni vazifasidan chetlatadilar, ulamolar matbaa egalarining uylariga vakillar yuborib, “agarda siz Avloniy gazetasin matbaangizga bossangiz, o‘lsangiz, sizga janoza o‘qutmasmiz” deb qo‘rqitib, gazetani yakkalab qo‘yadilar. Avloniy Tiflisdan “Mulla Nasriddin” matbaasidan harf va harf teruvchi olib keladi. Baribir yo‘l bermaydilar. Avloniy gazetadan ketishga majbur bo‘ladi.

Gazetaga cheklov qo’yiladi. Bu hodisa katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Avloniy “1917-yilda Toshkentda еrli xalqdar orasida boshliq bo‘lib, “O‘qituvchilar soyuzi” va boshqa bir necha rabochiy soyuzlar tashkil qildim”, – deb yozadi o‘z tarjimai holida.

Maktab ishi, xalq orasida ma’rifat tarqatish Avloniyning 1917-yilgacha bo‘lgan faoliyatining bosh yo‘nalishini tashkil qildi. U bu yo‘lda katta fidoyilik ko‘rsatdi. Shoirning Mirobodda katta qiyinchiliklar bilan ochgan maktabi butun Toshkentda dovruq qozondi. Lekin ish og‘ir kechdi. Mustamlakachilik siyosatini og‘ishmay amalga oshirib borayotgan o‘lka ma’muriyati maktab masalasida qattiq turdi. Har bir yangi usuldagi maktabning o‘qituvchilarigina emas,  o‘quvchilarning ham kimligi, ayniqsa, dastur va darsliklar hamda ularning mualliflari qat’iy nazorat qilindi. Avloniy shaxsiy arxivida saqlanib qolgan Sirdaryo viloyat xalq maktablari nozirining 1914-yil 19-fevral 538 hamda 24-maydagi 1118 raqamli talabnomalari (chamasi, bunday hujjatlar har yili to‘ldirib borilgan) shundan darak beradi.

1908-yilda Avloniyning Miroboddagi maktabi yopildi. Buning sabablari ko‘p bo‘lishi kerak. Avloniy, o‘z tarjimai holida shulardan bittasini tilga oladi: “Maktabimda еr, odamlar, tog‘-toshlar, daryo, osmon haqinda suhbatlar o‘tkazmoqqa harakat qilganimni Mirobod johil kishilari bilishib, meni kofir bo‘lding deb, maktabimni yopdilar…”

Adib 1909-yilda Degrez mahallasida yana maktab ochadi. Avloniy dars berish jarayonida ochilayotgan yangi usuldagi maktablar uchun har jihatdan qulay bo‘lgan ko‘plab darsliklar yaratish zaruriyatini his qiladi. U yozadi: “Bizim Turkiston makotibi islomiyasinda avvaldan oxira qadar ta’lim o‘linajak kitoblar: “Sabotul-ojizin”, “Fuzuliy”, “Navoiy”, “Xo‘ja Hofiz”, “Bedil”, “Maslakul-muttaqiyn” kabi she’r kitoblari o‘ldig‘i jumlaning ma’lumidir. Bu kitoblarning ba’zilari e’tiqod va amaliyoti islomga taalluq mushkul masalalardan iborat o‘lg‘onlaridin hamda aksarlari forsiy tilda yozilg‘onlari uchun yosh bolalarning onlardan istifodalari, bir narsa anglamoqlari imkon xorijinda edi».

Fevral inqilobidan 9-martda Munavvarqori “Sho‘royi islom” jamiyatini tuzdi. Nizomiddin Xo‘jayev sotsial-demokratlar bilan yaqinlashdi. Ozarboyjondan Mehmed Amin Afandizoda kelib qo‘shilgach, “Turon” “Turk federalist” firqasiga aylanib bordi. Avloniyning 1917-yil 6-iyunda “Eski shahar oziq-ovqat komissiyasi a’zosi”, 20-noyabrdan esa “Rusiyaning boshqa viloyat va guberniyalariga Sirdaryo viloyatidan yuboriladigan eng zarur oziq-ovqat mahsulotlarini ushlab qolish va Eski shahar oziq-ovqat komitetiga ma’lum qilish huquqi bilan nazorat etuvchi vakil” qilib tayinlandi.

Abdulla Avloniy 1917-yilda o‘qituvchilik bilan shug‘ullanishga ham imkon topdi. Shoirning arxivida saqlangan pasportida uning shu yili 31-iyun va 3-avgust kunlari Qozonda “Bolgar” mehmonxonasida yashaganligi qayd qilingan. U erga nima munosabat bilan borgani noma’lum, lekin 1 avgustda Qozonda Butunrusiya musulmon o‘qituvchilarining 2-syezdi ochilgan va Avloniy unga vakil edi. Shoir 1917-yilda mahalliy muallimlar o‘rtasida siyosiy ishlar olib boruvchi “O‘qituvchilar soyuzi”ni tuzgan edi. 1918 yilda esa Kommunistik partiya safiga a’zo bo‘lib kirdi. O‘lka sovetiga saylandi. Toshkent partiya tashkiloti, shahar ijroiya komitetida mas’ul vazifalarda ishladi. “Ulug‘ Turkiston” gazetasining 1918-yil sonlaridan birida bosilgan rasmiy xabardan Avloniyning o‘sha yili Eski shahar ijroiya komiteti raisi lavozimida ishlagani ma’lum bo‘ladi. 17-29-dekabrda bo‘lib o‘tgan Turkiston Kommunistik partiyasining 2-syezdi Avloniyni Markaziy Komitetga a’zo qilib sayladi. 1919-yilning aprelida Turkiston Markaziy Ijroiya Komitetiga saylandi. “Ishtirokiyun” gazetasini yuzaga chiqaruvchi hammuharriri bo‘lib ishladi.

1919-yilning iyunida Avloniy RSFSR hukumatining topshirig‘i bilan Afg‘onistonga boradi. 1919-yilning 28-sentyabridan 1920-yilning 20-iyuligacha Hirotda bosh konsul bo‘lib turadi. Afg‘on safari Avloniydagi bolsheviklar hukumatiga bo‘lgan shubhani kuchaytirib yuboradi. O‘zlarini haqiqatchi deb jar solgan rus bolsheviklarining sobiq chor generallaridan mutlaqo qolishmasligiga amin bo‘ladi.

Avloniy 1920-yilda sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli Afg‘onistondan chaqirib olinadi va Turkbyuroning madaniyat bo‘limiga boshliq qilib tayinlanadi. U shu yillari “Kasabachilik harakati” jurnalining muharriri, “Qizil bayroq” gazetasining tahrir hay’ati a’zosi sifatida ish olib boradi.

1921-yildan maorif sohasiga o‘tadi. O‘sha yili Toshkentdagi o‘lka bilim yurtida, 1923-yilda Toshkent xotin-qizlar bilim yurtida mudir, 1924-yilda harbiy maktabda o‘qituvchilik qiladi.

1925 – 30-yillarda O‘rta Osiyo Kommunistik universiteti (SAKU), O‘rta Osiyo Qishloq xo‘jaligi maktabida (SAVKSXSh) dars beradi. O‘rta Osiyo Davlat universiteti (SAGU) pedagogaka fakultetining til va adabiyot kafedrasi professori, so‘ng mudiri bo‘lib ishlaydi.

Ilmiy-adabiy merosi. Dastlabki she’rlarini 1894-yildan boshlab yozgan. Lekin ular etib kelmagan. “Adabiyot yoxud milliy sher’lar” nomli 4 qismdan iborat she’riy to‘plamlari 1909-1917-yillar oralig‘ida alohida-alohida bir necha marotaba nashr qilingan. She’rlarini “Hijron” taxallusi bilan e’lon qilgan. Maqolalarini esa “Mulla Abdulla”, “Avloniy”, “Abdulla Avloniy” nomlari bilan bostirdi. So‘ngroq uning ko‘p ishlatgan laqablaridan biri “Indamas” bo‘lgan.

Avloniy truppa uchun “Advokatlik osonmi?!”, “Pinak”, “Biz va Siz”, “Ikki sevgi”, “Po‘rtugaliya inqilobi” kabi dramalar yozdi, “Qotili Karima”, “Uy tarbiyasining bir shakli”, “Xiyonatkor oilasi”, “Badbaxt kelin”, “Xo‘r-hur”, “Jaholat”, “O‘liklar” kabi sahna asarlarini tatarcha, ozarboyjonchadan tarjima qildi. Afsuski, bularning hech biri o‘z davrida bosilgan emas.

1909-17-yillar davomida maxsus maktab bolalari uchun “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, “Turkiy guliston yoxud axloq”, “Maktab gulistoni” singari darsliklari, “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” to‘plami bir necha bor qayta bosilib chiqdi va Turkistonning juda ko‘p yangi usul maktablari uchun qo‘llanma bo‘lib xizmat etdi.

1910-yilda “Muxtasar tarixi anbiyo va tarixi” asarining birinchi nashri amalga oshirilgan.

Avloniyning Oktabrdan keyin yozgan va sovet matbuotida bosilgan o‘ntacha she’ri va bir nechta hikoya hamda maqolalari ma’lum edi, xolos. 60-yillarda uning o‘sha yillari yozilgan talay qo‘lyozma she’rlari borligi ma’lum bo‘ldi.

Avloniyning shaxsiy arxivida “Po‘rtugaliya inqilobi” nomli bir dramatik asari bor. U adibning boshqa asarlaridan ajralib turadi. 5 parda 10 ko‘rinishli bu asarni muallif fojia (tragediya) deb atasa-da, mazmuniga ko‘ra u qahramonlik dramasiga yaqin. Qo‘lyozma muqovasiga “1921-yil 23-yanvarda yozildi” deb qo‘yilgan. 20-yillarda adabiyotimizda “jahon revolyudiyasi” degan gap keng tarqalgan payt edi. Shu jihatdan, buni ham shu yillarda yozilgan deb taxmin qilish mumkin.

Asar 1920-yillarda sahnaga qo‘yilgan. 1924-yilda hatto nashrga tayyorlangan edi.

Avloniy qo‘lyozmalari orasida «Ikki sevgi» deb nomlangan tugallanmagan pyesa bor. Ikki pardalik fojia shaklida mo‘ljallangan bu drama 1908-yili Turkiyada bo‘lib o‘tgan yosh turklar inqilobiga bag‘ishlangan.

Avloniy 1917-yildan keyin yana 17 yil yashagan bo‘lsa-da, ijodda ham, faoliyatda ham inqilobdan ilgarigidek serharakat bo‘lgan emas. Hatto birorta ham adabiy-badiiy kitob yoxud to‘plami bosilmagani buni ko‘rsatib turibdi. To‘g‘ri, “Nabil”, “Indamas”, “Shuhrat”, “Tangriquli”, “Surayyo”, “Chol”, “Ab”, “Chegaboy”, “Abdulhaq” kabi imzolar bilan gazeta-jurnallarda, ayniqsa, “Mushtum”da ko‘plab hajviy she’rlar, kulgi hikoyalar bostirib turdi. Lekin katta, jiddiy ishlar qilmadi. Ammo she’rlarida qochiriqlar, taggaplar ko‘payib bordi. Masalan, “Mushtum”ning 1923-yil 15-sonida bosilgan “Bir munofiq tilidan” she’rida bu yaqqol ko‘rinadi. Muallif she’rda bir kishini emas, butun ziyolini buqalamunga aylantirib qo‘ygan inqilobni, sho‘ro hukumatini nishonga oladi.

Abdulla Avloniy Oktabrdan keyin bir oz kamnamo bo‘lgandek ko‘rinsa-da, adabiyotdan chiqib ketmadi. Uning 20-yillardagi adabiy harakatchilikda, yosh qalam ahllarini voyaga еtkazishda, ularga ijod sirlarini o‘rgatishda faol yshtirok etgani ko‘pchilikka ma’lum. Adabiyotga o‘sha yillari kirib kelgan atoqli shoirimiz Mirtemir “Yosh leninchi” gazetasi qoshidagi mashg‘ulotlarda Abdulla Avloniy tez-tez ishtirok etib turganini xotirlagan edi.

1933 yil  7-sinf uchun xrestomatiya tuzib, nashr ettirdi. Unga 20-30-yillardagi o‘nlab o‘zbek adiblari hamda rus, Yevropa adabiyotining qator vakillari haqida biografik ma’lumotlar kiritilgan, ularning mashhur asarlaridan namunalar berilgan edi.

Oilasi. Bobosi Mirne’matboy asli qo‘qonlik o‘qchi-yoychilardan, otasi Miravlon aka mayda hunarmandlik – to‘quvchilik bilan shug‘ullangan. Piyonbozorda (hozirgi Navoiy teatri maydoni), Yarmarka bozorida (hozirgi San’at muzeyi atrofi) bo‘z va chit bilan savdo qilardi. Otasi 1900-yilda  vafot etgan. Onasining  ismi Fotima bo‘lgan.

1900-yilda toshkentlik savdogar bir xonadonning Salomatxon degan qiziga uylanadi.  

O’limi. 1934-yil 25-avgustda vafot etdi.