Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Abdulla Rahmatzoda

(1893 - 1937)

Bolaligi. Abdulla Rahmat 1893-yili Qoʻqonda tugʻiladi. Uning otasi Rahmat mudarris Qoʻqonning eng nufuzli domlalaridan boʻlib, diniy va dunyoviy ilmlarning chuqur bilimdoni edi.

Maʼlumoti. Abdulla Rahmat Ashurali Zohiriy tomonidan ochilgan eski maktabni tugatgach, 1908-yili Qoʻqondagi toʻliqsiz oliy madrasada ham taʼlim oldi. Soʻngra bir muddat eski maktablarda dars berib yurdi. Oʻz ustida qunt bilan ishlashni kasb etgan Abdulla tarixchi olim Poʻlat Soliyev va Ashurali Zohiriy hamkorligida shaxsiy mablagʻlari hisobiga ochilgan oʻrta maʼlumotli muallimlar tayyorlovchi “Dorul-muallimin”da ham tahsil koʻrdi. 1920-yili u yerni bitkazib, Qoʻqon atrofidagi tuman maktablarida muallimlik qila boshladi.

Mehnat faoliyati. 1920-yili Fargʻonadan koʻchirib keltirilgan ikki bosqchili maktab bilan Qoʻqondagi “Dorul-muallimin” birlashtirilib, Fargʻona viloyat taʼlim-tarbiya texnikumiga aylantirilgach, Abdulla Rahmat bu yerda ham bir oz muddat dars berdi.

1922-yili Qoʻqonda faoliyat koʻrsatgan “Botir gapchilar” tashkilotiga inqilob jarayonlarida Samarqand, Toshkentda tuzilgan “Milliy ittihod” (keyinroq uning nomi “Milliy istiqlol” deb oʻzgartirilgan) aksilinqilobiy tashkilotining “asosiy koʻmakchisi” sifatida qaralgan. Ashurali Zohiriyning aytishicha, “Botir gapchilar”, “Milliy istiqlol”ning yordamchisi emas, balki oʻzi mustaqil “tashkilot” boʻlgan. Uning aʼzolari birgina Fargʻona vodiysi shaharlarida emas, shuningdek Samarqand va Toshkentda ham bor edi. Oʻsha vaqtlarda Abdulla Rahmat tashkilot faollari safida koʻzga tashlangan edi. Shu tufayli 1930-yilning yanvari oxirlarida Ashurali Zohiriy qamoqqa olingach, oradan bir hafta oʻtib, u ham hibsga olinadi. Bu paytda A.Rahmat “Fargʻona” viloyat gazetasi muharriri lavozimida ishlar edi. Bir soʻzli va qatʼiyatli bu inson oʻziga qoʻyilgan barcha ayblarni keskin rad etdi. Natijada uni turmadan ozod qilishdan oʻzga iloj topa olmadilar. Ammo oʻsha yilning iyulida u “qamalib chiqqan”likda ayblanib ishdan boʻshatildi.

Jurnalistlikni pedagoglik bilan qoʻshib olib borgan Abdulla Rahmat 1925-yilning mart oyida Fargʻona gazetasiga bosh muharrir etib tayinlandi. Bu ishda u 1926-yilning oktabrigacha faoliyat koʻrsatadi. Shundan soʻng gazetani atoqli jurnalist Lutfulla Olimiy ixtiyoriga topshirib, oʻzi yana taʼlim-tarbiya texnikumida muallimlik qila boshlaydi. 1929-yil martida Abdulla Rahmat takror ushbu gazetaga bosh muharrir boʻladi. Bu davrda mazkur nashrning saviyasi yanada koʻtariladi. Ana shu kursda taʼlim olgan ishchi-dehqon muxbirlari orasidan keyinchalik koʻplab taniqli jurnalistlar yetishib chiqdi.

“Men – deb yozgan edi u “Jurnalist kadrlarga ehtiyoj” nomli maqolasida, — tahrir sanʼatini egallashda sabot bilan mehnat qiladurgʻon, yumushdan charchamaydurgʻon, koʻngli buyurgʻon muammolargʻa yozishda shaxdam odim tashlaydurgʻon yoshlarni tarbiyalashni koʻzda tutmoqdaman. Ular yozuvda halol boʻlsunlar. Buning uchun ulargʻa savod beruvchilar amalda oʻzlari shu belgilarga sodiq boʻlsunlar. Ana oʻshanda bugungi kadrlarga zoriqqan matbuotimizga koʻngil buyurgʻon jurnalist bergan boʻlamiz”.

Ilmiy-adabiy merosi. Abdulla Rahmat Moskva jurnalistika institutiga sirtdan oʻqishga kirgach, “Fargʻona” gazetasida koʻplab maqolalar eʼlon qila boshladi. Mazkur gazetada 1924-yili bosilgan “Savodsizlikka olov yoqaylik”, “Oʻquvchilarning dunyoga qarashi tarbiyachiga bogʻliq”, “Iymon bilan ishlash – eʼtiqodga bogʻliq” kabi yoshlar tarbiyasiga bagʻishlangan maqolalari uni tez orada viloyatdagina emas, butun jumhuriyatga tanitdi. “Savodsizlikka olov yoqaylik” nomli maqolasida shunday yozgan edi: “Yangi tuzumni yangicha ilgʻab olish uchun oʻqish kerak. Buning uchun birgina maktabning yosh nihollarigagina ibtidoiy savod berib qolmasdan, kattalarga ham yozish va oʻqishni va shu asosda fikrlashni oʻrgatmoq lozim”. Muallif bu bilan yangi tuzum – shoʻro hukumatini tuzukroq bilib olish uchun yangicha fikrlash asosida oʻqish kerakligi, savod oʻrgatish esa mohiyat jihatidan toʻgʻri tashkil etilishi lozimligini tavsiya qilmoqda. Oʻylab qaralsa, bu fikrlar milliy pedagogikamiz sohasida aytilgan teran va oʻta tagdor, yangi tuzumga shubha bilan qarashning yorqin dalilidir.

Oʻlimi. 1937-yilning 6-noyabri Abdulla Rahmat millatchilikda ayb bilan takror qamoqqa olindi. “Temur” aksilinqilobiy tashkiloti toʻgʻrisidagi savollarga u shoshmasdan, meʼyorida, viqor bilan javob qila boshladi:

- Rostini aytsam, “Temur” hech qanday tashkilot emas, u oʻzimizning “gap”ga oʻxshagan guruhimiz. Haftada bir marta oʻrtoqlar bir joyga toʻplanib, gurunglashib oʻtiramiz. Uning hech qanday rahbari yoʻq. Aʼzolari esa oʻzimiz – yigirma nafarcha kishi.

OʻzSSR NKVDning Qoʻqon shahar boʻlimi ayblovidan. 241/1747 sonli ish. Abdulla Rahmatzoda  — Kasbi oʻqituvchi-jurnalist, 1930-yilda aksilinqilobiy harakati uchun 5-yilga qamalib, partiyadan chiqarilgan. “Milliy ittihod” aksilinqilobiy millatchi tashkiloti aʼzosi, bosmachilik harakati sheriklaridan. Hibsga olish vaqtida ishsiz.

Aksilinqilobiy targʻibot olib borganlik, “Talabalar jamiyati” va millatchi jamiyatni tuzganlikda ayblanadi. Bosmachilik harakatiga qurol-yarog‘ yetkazishda, panislomchilar yoʻlboshchisi Mulla Yoril Beriyev faoliyatini maqtagan. (oʻrtoq Fukinning chiqishidan).

SSSR NKVD №00447 direktivasi asosida 1930-yil 30-iyuldagi OʻzSSR NKVD uchligi majlisi 34-qaror bayonnomasiga bilan otishga hukm qilinib, shaxsiy mulki musodara qilingan.

O. Z.