Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Abdurahmon G‘oyibiy

(1899 - 1932)

Bolaligi. Ma’rifatparvar va maorif xodimi Abdurahmon G‘oyibiy 1899 yili Marg‘ilon shahrining Xonaqoh mahallasida tug‘ilgan.

Otasi Karimjon domla mudarris bo‘lib keyinchalik aravasozlik kasbi bilan shug‘ullangan. Onasi Hayitbibi bo‘lgan. Uning Tojivoy, Abdulla, Turg‘unboy imli og‘a-inilari bo‘lgan. 

Ma’lumoti.  Otasidan fors va arabchani mustaqil o‘rgangan. Rus-tuzem maktabida o‘qib ruscha, turkcha, ozarbayjoncha va tatarchani ham o‘rgangan. 1915 yili maktabni tamomlab Orenburgdagi “Husayniya” madrasasida 1918 yilgacha tahsil olgan.

Toshkentdagi maorif institutida o‘qib, 1921 yili o‘qishni tamomlaydi.

Mehnat faoliyati. Orenburgdagi “Husayniya” madrasasida tahsilini tugatgach  yurtiga qaytib, Qo‘qon Marg‘ilon shaharlarida muallimlik qilgan. O‘zbek tili va adabiyoti darslaridan o‘quvchilarga ta’lim bergan, ona tilini sidqidildan sevishga o‘quvchilarga o‘rgatgan. 1921 – 1923 yillari Toshkent o‘qituvchilar tayyorlash kursida dars bergan. 1923 – 1925 yillari esa Toshkentdagi 1-internatda, 1925 – 1926 yillarda Farg‘onada o‘qituvchilar tayyorlash kursida mudir, Farg‘ona ta’lim-tarbiya texnikumida ilmiy mudir, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi, okrug xalq maorif bo‘limida o‘z faoliyatini olib borgan. U 1926 – 1930 yillari O‘zbekiston maorif xalq komissarligida uslubchi (metodist) bo‘lib ishlagan.

Ilmiy-adabiy merosi. Faoliyati davomida bir qator ta’lim-tarbiya, til-imlo, va xalq ijodiyotiga oid kitoblar yozgan. Abdurahmon G‘oibiy “Farg‘ona xalq qo‘shiklari”ni to‘plagan.

Oilasi. Abdurahmon G‘oyibiyning turmush o‘rtog‘i Jamilaxon aya va Yorqinoy ismli qizlari bo‘lgan. 

O‘limi. Abdurahmon G‘oyibiy millatchilikda ayblanib 1931 yil 11 yanvarda Samarqandda qamoqqa olingan. Dastlab Toshkentda so‘ng tergov ishini ko‘rish uchun Moskvaga jo‘natilgan. Moskvada uni Butirka turmasiga tashlangan. 1932 yili Abdurahmon G‘oyibiy Butirka turmasida yurak kasalidan vafot etgan.