Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Abduvohid Abdurauf qori o‘g‘li

(1885 - 1938)

Bolaligi. Abduvohid qori Abdurauf qori o‘g‘li 1855-yili Toshkentda, Shayx Xovand Tohurning avlodlaridan bo‘lgan mashhur olim oilasida tavallud topdi.

Ma’lumoti. Avval o‘z oilasida savod chiqargach, shahardagi maktablardan birida ta'lim oldi.

Abduvohid qori Abdurauf qori o‘g‘li 1870-1880 yillarda Toshkentdagi Eshonquli dodxoh, 1880-88 yillarda Buxorodagi Ernazarboy madrasalarida tahsil olib, arab va fors tillarini, islomiy bilimlarni puxta egalladi.

Меhnat faoliyati. 1888-1906 yillarda Toshkent shahridagi Mir Abdullaboy masjid-madrasasida imom, mudarris, Shayx Xovandi Tohur dahasi qozisi kabi vazifalarni bajardi. U 1905-yilgi rus inqilobi ta'sirida zamonaviy bilimlarni, rus tilini ham o‘rgana boshladi.

Abduvohid qori Abdurauf qori o‘g‘li 1906-yil 2-Davlat Dumasiga saylovda mustamlakachilar ma'muriyati bilan yaqin bo‘lgan Sayidg‘ani Sayidazimbayev bilan raqobatda g‘olib chiqadi. 1907-yil Peterburgda o‘tkazilgan Butunrossiya musulmonlarining qurultoyida Volgabo‘yi, Qrim, Kavkaz musulmonlari vakillari bilan uchrashib, muloqotda bo‘ldi. Abduvohid qori deputatlikda kechgan ozgina davrda Rossiya imperiyasida musulmon siyosiy harakatida muhim aloqalarni qo‘lga kiritdi. U Pirmuhammad a’lam Tursunmuhammad o‘g‘li bilan hamkorlikda mahalliy aholi nomidan ishlab chiqqan talabnomasini Dumaga topshirgan. O‘zbek va tojik tillarida aholini o‘z haq-huquqi uchun kurashga chorlovchi “chaqiriq”larni yozib tarqatdi.

Abduvohid qori 1909-yilda Nikolay hukumatining Turkistondagi siyosatidan noroziligi uchun ayblanib, 5 yilga Tula viloyatiga surgun qilingan. Tula shahrida surgunda bo‘lib, u еrdagi xalqlarning urf-odatlari, turmush sharoitlari bilan tanishadi. Abduvohidning qarashlarida asta-sekin musulmonlarning siyosiy manfaatlari uchun kurashish g‘oyasi ortib bordi.

Abduvohid Qoriyev 1917-yil aprelgacha Toshkentda mudarrislik qildi. 1917-yil aprel oyidan “Sho‘royi islom” raisi bo‘lib, 1917-yilgi oktyabr to‘ntarishidan so‘ng Qo‘qon shahrida e'lon qilingan Turkiston Muxtoriyatini “Fuqaho” jamiyati a’zosi sifatida qo‘llab-quvvatladi. Muxtoriyat qonga botirilgach, bolshevik rahbarlari katta ta'sirga ega bo‘lgan Abduvohid Qoriyevni Turkiston Avtonom Sovet jumhuriyati hukumat ishlariga jalb etadi. U 1918 – 1920 yillarda O‘rta Osiyo mahkamai shariya idorasining raisi sifatida faoliyat olib boradi.

Shariat qonunlarini yaxshi bilgan Abduvohid qori 1921 – 1922 yillarda Turkiston Respublikasi Oliy sudi kollegiya a’zosi bo‘lib ham ishladi. Toshkentdagi musulmonlar kengashini boshqargan Abduvohid qori 1923-yilda shu idora delegatsiyasi tarkibida Ufaga borib, xalifa Usmon Qur'onini olib kelishda ishtirok etdi. 1926-yilda boshqa sovet islom rahbarlari bilan birga Makkada bo‘lib o‘tgan Jahon musulmonlari Kongressi delegatsiyasining a’zosi bo‘ldi. Shundan keyin 1927-yilgacha shahardagi “Mahkamayi shar’iya” idorasida va turli masjidlarda imom-xatib vazifasida ishladi.

Abduvohid Qori sho‘ro hukumati tomonidan qanchalik ishonch bildirilmasin, taraqqiyparvar musulmonligicha qoldi. U ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Kommunistik partiyasini boshqarsa ham, farzandlari turli sovet, partiya idoralarida mas'ul lavozimlarda ishlasa ham Abduvohid Qori hech qachon sho‘ro siyosati tomoniga o‘tmadi. Jadid taraqqiyparvarlarining bolsheviklar bilan siyosiy hamkorligi ma'lum shartlar asosiga qurilgan edi. Bolsheviklar mintaqadagi mavqelarini mustahkamlash uchun mahalliy faollardan foydalangan bo‘lsa, jadid taraqqiyparvarlari o‘zlarining mahalliy raqiblariga hamda mustamlakachilikka qarshi kurashlarida, madaniy, ma’rifiy islohotlarida bolsheviklardan foydalanishga umid qilishgan edilar. Biroq, bolsheviklar mintaqada mustahkamlanib borishi bilan barcha hamkorlarini ma’nan va jismonan yo‘q qilishga kirishadi.

Oilasi. Abduvohid qorining ikki o‘g‘li – shoir Oltoy, ya’ni Bois Qoriyev va san’atimiz arboblaridan biri Bosit Qoriyev bo‘lgan. O‘zbek xalqining sevimli artisti Ma’suma Qoriyeva Abduvohid qorining kelinidir.

O‘limi. Abduvohid Qori 1933-yili siyosiy shubha ostida Qozog‘istonda qamoqqa olindi. Besh yarim oy tergov qiynoqlari, qamoq azoblaridan qutulib, ona shahri Toshkentga qaytdi. Bu vaqtda endi u еtmishdan o‘tib, kuch-quvvatdan qolgan edi. Shuning uchun endi u davlat idoralaridagi ishlardan uzilib, o‘zining Shirinquduq mahallasidagi masjidda imom-xatib bo‘lib ishlab yurdi. Ammo uning bu faqirona hayoti ham kimlargadir yoqmay qoladi. 1937-yilda qayta hibsga olinganida Abduvohid qori 80 dan oshgan edi.

1937-yil 9-avgustda O‘zbekiston ichki ishlar xalq komissari Leonovning imzosi bilan Abduvohid Qoriyevni hibsga olish haqidagi qaror chiqarildi. Tergovda og‘ir jismoniy va ruhiy tazyiq-qiynoqlar ostida uni “ayb”larini bo‘yniga olishga majbur qilishadi. Buning ustiga 1930-yilda qamalgan o‘g‘li shoir Bois Qoriyev – Oltoy va 1937-yili qamalgan yana bir o‘g‘li – O‘zbekiston san'at ishlari boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Bosit Qoriyev va boshqalarning g‘am-tashvishlari keksa otaning qamoqdagi ahvolini yanada og‘irlashtirdi. Buning oqibatida u 1938-yil boshlarida Toshkent qamoqxonasida vafot etadi.