Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Afandixon Axtariy

(1870 - 1946)

Bolaligi. Afandixon Ortiqxo‘ja eshon o‘g‘li Axtariy 1870-yili Toshkentning Sebzor daha, Hovuzbo‘yi mahallasida dunyoga keldi.

Ma’lumoti. Yetti yoshidan mashhur maktabdor domla Ismatulloh qoriga qatnab xat-savod chiqardi. O‘ttiz pora “Qur’on”ni yod oldi. So‘ngra Beklarbegi madrasasiga o‘tib, Shomahmud Oxundda va Qo‘qonu Buxoro madrasalarida o‘qib, “xatmi kutub” qildi. Yoshlikdan she’riyatga qiziqdi. Shoirlikda ustozi Pirmuhammad A’lam (1858 – 1933) edi. Arab, fors va o‘zbek tillarida ijod qilgan. Mo‘minjon Toshqin: “Butun yozgan she’rlari mingga yaqin keladi. Biroq bular devon holiga kelmasdan tarqoq holda qolgan”, – deb ma’lumot beradi.

Afandixon Axtariy – asr boshidayoq she’rlari an’anaviy ruhdan milliy ruhga yuz burgan shoirlardan. Chunki millat “zindoni zillat ichra” mahbus, istibdodu jaholat iskanjasida tutqun edi. Bunday chog‘da Axtariy “xizmati milliy”da bo‘lgan har qanday zotni “millatni xushro‘si” deb madh etdi. Millat g‘amini yegannigina “odam hisob etgil”, deb o‘git berdi. Demak, shoir uchun milliy she’r bitish ham, nainki zamonning talabi, balki insoniylikning bosh belgisi darajasiga ko‘tarildi. Shundan, Axtariyning “ma’shuq”i o‘zgardi. Millatni ilmga da’vat qildi: “Ilm ma’shuqig‘a bo‘lg‘il volai ham dilfirib”, – deydi shoir.

O‘limi. Afandixon Axtariy 1946-yili Toshkent yaqinidagi Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘ida vafot etgan.

(O.Z.)