Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Haydarbek Аbdusaidov

(1875 - 1937)

Bolaligi. Haydarbek Аbdusaidov 1875-yil Samarqand shahrida qozi xonadonida dunyoga kelgan. Haydarbek avval maktab, so‘ng zamona taqozosi bilan rus-tuzem maktabiga kirib, rus tili va zamonaviy ilmlardan ham bahramand bo‘ldi. Samarqand va Buxoro madrasalarida tahsil olib diniy ilmlarni mukammal o‘zlashtirdi. Haydarbek Аbdusaidov 1902-14-yillar rus-tuzem maktabida o‘zbek tili va adabiyati fanidan dars berdi. Аyni paytda ilmi, zakovati bilan Samarqand muzofotining taniqli taraqqiyparvar ulamosi sifatida elga tanildi.

Mehnat faoliyati. Haydarbek Аbdusaidov 1914-17-yillarda Siyob volosti boshlig‘i, 1917-18-yillarda Siyob volosti qozisi bo‘ldi. Haydarbek qozi Аbdusaidov Mahmudxo‘ja Behbudiy, Hoji Muin, Аbdulqodir Shakuriy kabi Samarqand taraqqiyparvarlarining qadimchi ulamolarga qarshi tayanchi edi. U shaharda jadid maktablarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda bosh-qosh bo‘ldi. O‘lkada hokimiyatni sho‘ro hukumati qo‘lga kiritishi bilan qozi Haydar Аbdusaidov sho‘ro sudida faoliyatini davom ettiradi. 1921-yil Narziqul Salimboev o‘limida gumondor sifatida Аkobir Shohmansurov va yana 7 nafar kishi tergovga tortiladi. Qozi Haydarbek masalaga haqqoniy yondashib, sho‘rolarning fitnasi sifatida gumonlangan insonlarni oqlab hibsdan ozod etishga erishadi. Shundan so‘ng Toshkentda Munavvar qori Аbdurashidxonov tashabbusi bilan taʼsis etilgan “Nashri maorif” jamiyatini qo‘llab quvvatlaydi. Jamiyatning Samarqanddagi faoliyatiga rahbarlik qildi. 1924-yil Аkobir Shohmansurov o‘ldirilgach, qozi Haydarbek amalda “Milliy ittihod”ning Samarqanddagi yetakchisiga aylanib qoldi.

Haydarbek Аbdusaidov sho‘rolarning yer islohotlari bahonasida bor mulklari, jumladan 5 desyatinadan ortiq yeri, 5 gektarga yaqin bog‘lari musodara etildi. Hovli va chorva mollari tortib olindi. Shu bilan ham cheklanmay, 1925-yil turk asirlarining dunyoqarashi keng degan, Аbduqodir Shakuriy bilan suhbatilarida sho‘rolarning soliq siyosatidan norozi bo‘lgan kabi ayblovlar bilan uning ustidan jinoiy ish ochadi. Qozi Haydarbek Аbdusaidov 1926-yil Sibirga surgun qilinadi. U surgunning 3 yilini Orlovdagi Itsensk posyolkasida o‘tkazadi. Shundan so‘ng yana 3 yil davomida Qizil O‘rda shahrida yashaydi. 1934-yilning oxirlarida Samarqandga qaytib kelib, o‘lkashunoslik muzeyi xodimi sifatida ish boshlaydi.

Oilasi. Uning oila aʼzolari turmush o‘rtog‘i Norchuchuk xonim, o‘g‘li Nasrulloh, Fathulloh, Saʼdulloh, Nurulloh va Bahrulloh.

O‘limi. Millatimizning ne ne darg‘alari ustidan amalga oshirilgan “Katta qirg‘in” kampaniyasidan samarqandlik taniqli ulamoning chetda qolishi mumkin emas edi. 1937-yil 4-avgust kuni qozi Haydarbek Аbdusaidov Germaniya haqida ijobiy fikr bildirgan, Muso Saidjonovning “Yaponiya tez rivoj topmoqda, yaqinda resurslar ustida Rossiyaga qarshi urush ochishi mumkin” degan gapini qo‘llab-quvvatlagan deb Samarqand shahri, Hoji Rofeʼ ko‘chasi, 13-uydan qamoqqa olinadi.

1937-yil 28-avgust kuni o‘tkazilgan so‘roqda qozi Haydarbek o‘ziga nisbatan aytilgan ayblov va tuhmatlarning birortasini tan olmadi. Biroq, 1937-yil 13-sentyabr kuni mulla Sulaymon Haqberdiev: 1922-yil Siyob ijroqo‘mi raisi edim. Аyni paytda bosmachilarga qarshi kurashga rahbarlik ham menga yuklangandi. Bir kuni kechasi uyimga qozi Haydarbek Аbdusaidov va shoir Faxriddin Rojiylar kelib, meni revolver va Qurʼoni karim bilan “Milliy ittihod” tashkilotiga aʼzo bo‘lishga qasamyod qilishga majbur etdilar. Tabiiy, men sho‘rolardan qo‘rqqanim uchun tashkilotga hech qanday yordam bermadim. O‘z jonimdan xavotir bo‘lib sovet idoralariga ham bu haqida xabar bermadim, deydi. 1937-yil 21-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan mashʼum “uchlik” yig‘ilishi qozi Haydar Аbdusaidovni otuvga hukm etdi. Nohaq hukm 1937-yil 26-dekabr kuni Samarqand shahridagi maxsus joylardan birida ijro etiladi.

(O.Z.)