Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Anqaboy Xudoybaxtov

(1903 - 1938)

Bolaligi. Anqaboy Xudoybaxtov 1903-yili Jizzax viloyatining Baxmal tumani Yumaloqbosh qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘lgan yili noma’lum. O‘zbek adabiyotshunosi, dramaturgi va jurnalisti. U ziyoli oilasida dunyoga kelgan, internat-maktabda tarbiyalangan.

Ma’lumoti. 1926-1928-yillarda Moskva jurnalistlar kursida tahsil olgan. “Zarafshon”, “Ishchi” gazetalarida muharrir, “Qizil O‘zbekiston" gazetasida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan. Ko‘p yillar Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limini boshqargan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi, SSSR yozuvchilar uyushmasi plenumi a’zosi bo‘lgan. 1934-yil Yozuvchilar uyushmasi qoshida “Yosh ishchi yozuvchilar” kabinetini tashkil etgan. Respublika radioeshittirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimida ham faoliyat yuritgan.

Ilmiy-adabiy merosi. “Qanday qilib she’r va hikoya yozish kerak” (1927), “G‘ayratiy ijodi” (1934), “Dushmanga berilgan minbar” (1934), “Yozuvchi S.Ayniy ijodi haqida” (1936) kabi adabiyotshunoslikka oid maqolalar, “Shodmon”, “Armon”, “So‘nggi yulduzlar” dramalari muallifi.

Umuman, tariximizning eng ziddiyatli davrida yashagan Anqaboy Xudoybaxtov haqida ma’lumotlar juda kam. Borlarida ham o‘sha davr kabi ziddiyatli, biri ikkinchisini inkor etadigan holatlar uchraydi. Bu noaniqlikni uning tug‘ilgan yili, familiyasidagi turli xillikda ham ko‘rish mumkin. Buning ustiga, Mustaqillik yillarida ham bu tarixiy shaxsning hayoti va ijodi o‘rganilgan emas.

To‘g‘ri, o‘tgan asrning 80-yillarida qatag‘on davri haqida izlanish olib borgan jurnalist Islom Usmonov nohaq qurbon bo‘lgan bir qator o‘zbek ziyolilari, jumladan, Anqaboy Xudoybaxtov haqida maqolalar e’lon qildi. Bu insonning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlarga ancha aniqlik kiritdi. Shundan so‘ng Anqaboy Xudoybaxtov tug‘ilib o‘sgan qishloqdagi maktabga uning nomi berilib, uy-muzeyi tashkil qilindi, xotira tadbirlari o‘tkazildi.

Ammo Anqaboy Xudoybaxtovning asarlari qatag‘on davrida o‘zi bilan birga yo‘q qilingani bois uning ijodi haqida ko‘pchilik aytarli ma’lumotga ega emas. Asarlari o‘sha davrda yo‘q qilinganining o‘zi ham ular badiiy, ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lganini ko‘rsatadi. Chunki uning yozganlari millatni uyg‘otishga, milliy ma’naviyatni yuksaltirishga xizmat qilmaydigan asarlar bo‘lganida uni yo‘q qilishga hojat qolmasdi.

Aslida ham uning qatl etilishiga sabab yozganlari, ijodiy tashkilotda ishlagani emasmi-di?!.

Shu nuqtai nazardan, uchta dramatik asar, o‘nlab adabiy-tanqidiy maqolalar yozgan, Abdulla Qodiriyning “Obid ketmon”, Abdulla Qahhorning “Sarob” romanlariga muharrirlik qilgan, markaziy nashrlarda muharrir, ijodiy tashkilotlarda rahbar sifatida ishlagan insonning ijodiy faoliyati o‘rganishga arzirli. Bu tariximizni, adabiyotimizni, madaniy merosimizni boricha tiklash, yoshlarimizni tarixiy haqiqatdan voqif qilish uchun ham zarurdir.

O‘limi. Yozuvchi Nabijon Boqiyning Abdulla Qodiriy hayotiga bag‘ishlangan “Qatlnoma” hujjatli qissasida sobiq NKVD arxividan olingan Anqaboy Xudoybaxtov bilan bog‘liq ma’lumotlarda “1938-yili A.Qodiriyning “bir guruh o‘rtoqlar” tomonidan davlat xavfsizligi boshqarmasiga jo‘natilgan xulosada: “...xalq dushmani Anqaboy tahriri ostida nashr etilgan boshqa bir kitobini – “Obid ketmon”ni olib ko‘ramiz”, deyilgan jumla keltiriladi.

Qissada arxivda saqlanayotgan 976522-sonli jinoiy ishdan olingan ma’lumotnomada quyidagi qayd ham bor:

“Anqaboy Xudoyvohidov. 1905-yili O‘zbekistonning G‘allaorol deparasida tug‘ilgan. O‘zbek. SSSR fuqarosi. Oilali. Oliy ma’lumotli. 1925-yildan beri VKP(b) a’zosi. Yozuvchi-dramaturg. O‘zSSR Sho‘ro yozuvchilari uyushmasi prezidiumining a’zosi. Radio eshittirish qo‘mitasining raisi”.

Manbasi keltirilgan hujjatlarda yozilishicha, 1937-yil 9-avgust kuni Anqaboy Xudoyvohidov ichki ishlar xalq komissarligi mahkamasi tomonidan hibsga olingan. U 1937-yil 10-avgust kuni tergov qilingan paytda Sho‘ro yozuvchilari uyushmasidagi va adabiy jamoatchilik o‘rtasidagi aksilinqilobiy tashkilotga quyidagi shaxslar: Mo‘min Usmonov, Rahmat Majidiy, Qurbon Beregin, Otajon Hoshimov, Ziyo Saidov, Umarjon Ismoilov, A’zam Ayupov, Mashriq Yunusov – Elbek, Uyg‘un, Hamid Olimjon, Oydin Sobirova, Sanjar Siddiqov a’zo ekanini qayd etadi.

Negadir Anqaboyning familiyasi tergov hujjatlarida “Xudoybaxtov”, “Xudoybaxitov”, “Xudoyvohidov” tarzida qayd etiladi. Uning tug‘ilgan yili ham 1903 emas, “1905”, ikki yil yoshartirib yozilgan.

Oliy sud Harbiy hay’atining majlisida Xudoyvohidov o‘z aybiga iqror bo‘lmaydi: hech qanday aksilsho‘roviy tashkilotga a’zo bo‘lmagani, zararkunandachilik ishlari bilan shug‘ullanmagani to‘g‘risida ko‘rsatma beradi. Dastlabki tergov jarayonida bergan barcha ko‘rsatmalarini inkor etadi. Shunga qaramasdan, SSSR Oliy sudi Harbiy hay’ati 1938-yil 5-oktabr kuni Xudoyvohidovni burjuy millatchilarining aksilsho‘roviy, qo‘zg‘olonchilik, odamkushlik, zararkunandachilik, buzg‘unchilik tashkilotining faol a’zosi sifatida qator moddalar bo‘yicha aybdor, deb topadi va oliy jazo – otuvga hukm qiladi.

Otuv sud hukmi chiqishidan bir kun oldin Toshkent shahrida 1938-yil 4-oktabr kuni ijro etiladi.

(O.Z.)