Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Dadamirzaqori Shayxov

(1880 - )

Bolaligi.  XX asr Namangan jadidchilik harakatining yirik vakili Dadamirza qori Shayxov 1880-yil Namangan shahrining “Chitgar” mahallasida tugʻilgan. Otasi Abdurazzoq shayx oʻziga toʻq insonlardan boʻlgan.

Maʼlumoti. Dadamirza qori dastlab mahalla maktabida, soʻng madrasada tahsil olgan.

Mehnat faoliyatini eski maktabda bolalarga taʼlim berishdan boshlagan.  Keyinchalik u Namanganda yangi usul maktabi ochib muallimlik qilgan.  Namanganda 1913-yili 4 ta yangi usul maktabi boʻlib, shulardan biri Dadamirza qori maktabi boʻlgan. Uning maktabi Namangan shahrining markaziy “Qoʻqon” koʻchasida joylashgan.  Maktabda koʻplab iqtidorli bolalar taʼlim olib,  maorif,  madaniyat namoyondalari boʻlib etishgan.  XX asrning 20-yillarida oʻzbek adabiyoti va jurnalistikasining yirik vakillaridan Rafiq Moʻmin, Asil Mansur (1905–1937),  Asqar Rahmonov kabi yoshlar  1914–1915-yillarda uning maktabida taʼlim olganlar.

Dadamirza qori 1918-yili Namanganda ochilgan “Namuna” maktabining muassislaridan va muallimlaridan boʻlgan.  U 1923-yilgacha maktablarda bolalarga taʼlim berish bilan mashgʻul boʻlgan.

U jadid ziyolilari va ilmga xayrixoh kishilar tomonidan ochilgan xayriya jamiyatlarining Namangan boʻlimida ishtirok etgan. XX asrning 20-yillarida Toshkentda tuzilgan “Koʻmak” va “Nashri maorif” tashkilotlarining Namangan shoʻbasi faoliyatida qatnashgan.  Shu bilan birga 1924-yilga qadar masjidda imomlik ham qilgan.  Sovet hokimiyatining mustahkamlanib borishi natijasida uning keyingi faoliyati kuzatuv ostiga olinadi. Maʼrifiy faoliyatiga toʻsiqlar qoʻyilgan.

Ilmiy-adabiy merosi.  Dadamirza qori yangi usul maktablarida dars berish bilan birga,  yangi usul maktablari uchun “Miftah ul-avval” (1912) deb nomlanuvchi darslik yozgan.

Dadamirzaqori ilm oʻrganishning shariatda farz qilinganligini va undan kelib chiqadigan xulosalarni oʻz maqolalarida bayon etgan.

Shu bois,  Dadamirzaqori islohotni maktabdan boshlashni taklif qiladi.  Uning fikricha,  ilmga,  sanʼatga va adabiyotga intilish uchun insonga qobiliyat berilgan.

Oilasi. Dadamirzaqori oilali, 5 farzandning otasi edi. Uning turmush oʻrtogʻi Habibaxon hamda Fotima, Farida, Botir, Ergash, Afifa ismli farzandlari boʻlgan.

Oʻlimi. Partiyaviy tozalash jarayonida 1924-yildan uni ishlab turgan vazifalaridan olinib diniy ulamo, milliy tashkilotchilikda ayblangan.  Taʼqib bois Namangandagi  oʻzi yashab turgan mahalladan Labbaytogʻa mavzesi Darvozai Ishq mahallasiga koʻchib borib oilasi bilan oʻsha yerda yashaydi.  U yerda ham sovet maktabida muallimlik qilgan. Sovet siyosiy tashkiloti 1927-yil uni oʻqituvchilikdan butunlay chetlatgan. Dadamirzaqori 1930-yilgacha dehqonchilik ishlari bilan mashgʻul boʻlgan. Dadamirzaqori 1937-yili NKVD tomonidan qamoqqa olingan. U aksilinqilobiy tashkilotga aʼzolikda ayblanib,  tergovga tortilgan. Tergov natijasida 10 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilingan. Uning keyingi taqdiri nomaʼlum.