Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Ilhomjon Inog‘omjonov

(1872 - 1938)

Bolaligi. Jadidchilik harakati namoyandasi, Turkiston taraqqiyot uchun kurashgan ma’rifatparvar tashkilotchi. U 1872-yil 13-avgustda Toshkent shahrida savdogar oilasida tug‘ilgan.

Ma’lumoti. Dastlabki ta’limni maktabda sо‘ng madrasada tahsil olgan. Mustaqil ravishda arab, fors, rus tillarini о‘rgangan.

Faoliyati. Savdo ishlari bilan mashg‘ul bо‘lib Toshkentning yirik savdogarlaridan biriga aylangan. Sharq va Yevropa davlatlariga borib savdo qilgan. О‘z navbatida Turkistonda vujudga kelgan jadidchilik harakati namoyandalari faoliyatini qо‘llab quvvatlagan. Jadid matbuotini rivojlanishi, yangi usul maktablari uchun tayyorlangan kitoblar nashr etish yо‘lida XX asrning dastlabki о‘n yilligida Toshkentda bosmaxona ochib kitob, risolalar, taklifnomalar, о‘zbek tilidagi idora qog‘ozlari, afisha va reklamalar nashr ettirgan. Shuningdek, bosmaxonada muhr tayyorlash ustaxonasi va foto uyi ham bо‘lgan.

Ilhomjon Inog‘omjonov Toshkentning gavjun joylarida choyxonalar tashkil etib el orasida “Ilhom samovarchi” nomini olgan. Ushbu choyxonalar jadidlarning ham tо‘planib yig‘in о‘tkazadigan joyiga aylangan. U jadidlar tomonidan tuzilgan “Jamiyati imdodiya”, “Turon” jamiyatlari faoliyatida ishtirok etib moddiy jihatdan qо‘llab quvvatlagan. 1914-yil 19-sentabrda ochilgan “Nashriyot” shirkati a’zolaridan bо‘lgan.

Turkistonda Rossiya imperiyasining hukmronligi tugatilib sovet hokimiyati о‘rnatilayotgan vaqtlarda (1917–1918) hukumat ishlariga befarq bо‘lmagan holda siyosiy faoliyatda ham ishtirok etadi. 1917-yilda tuzilgan “Shо‘roi Islom” jamiyatiga a’zo bо‘lib kirgan. “Turk adam markaziyat” firqasining tuzilishida ishtirok etgan.

Turkiston Muxtoriyati qonli ravishda ag‘darilgach dastlab sо‘l eserlar partiyasiga a’zo bо‘lib kiradi. Bolsheviklar о‘z hokimiyatini mustaxkamlash jarayonida 1919 yil kommunistik partiyaga о‘tadi. U 1920–1921-yillarda Toshkent shahar ijroqо‘mi a’zosi hamda mehnat bо‘limi mudiri lavozimlarida ishlaydi. 1920-yil 14-sentabrda Toshkentdan deputat sifatida Moskvaga yuborilgan Biroq kо‘p о‘tmay 1921-yilda ijtimoiy kelib chiqishini yashirganlikda ayblab partiyadan chiqarilgan.

Sovet hukumatining dastlabki yillarida katta boyliklaridan ayrilib keyingi faoliyatini xovlisida ochgan kichik tipografiyani yurgazish bilan tirikchiligini о‘tkazgan. Ushbu tipografiya 1935-yilgacha faoliyatini olib brgan.

Oilasi. Turmush о‘rtog‘i Mehrixon Ilhomjon Inog‘omjonov qamoqqa olingan vaqtda 46 yoshda bо‘lgan. U Stalinskiy rayon, Qatortol mahalla 4 uyda yashagan. Yana bir turmush о‘rtog‘i Xadichaxon 1896-yil Qozon shahrida tug‘ilgan. Uy bekasi bо‘lgan. 1958-yilda Toshkent shahridagi Melikovskaya kо‘chasi 48-uyda yashagan.  О‘g‘illari G‘ulomjon tipografiya ishi bilan shug‘ullangan. Abduvahob ismli farzandi tarjimonlik ishi bilan mashg‘ul bо‘lgan. Yana bir о‘g‘li Mavdud Samarqandda SAMIda ta’lim olgan.

Katta qizi Farog‘at (1903) uning turmush о‘rtog‘i Mullajon Muhsinjon о‘g‘li kolxoz ishchisi bо‘lgan. Yana bir qizi Tojixon otasi qamoqqa olingan vaqtda 34 yoshda bо‘lgan.

О‘limi. 1938-yil 23-yanvarda aksilinqilobiy tashviqotda ayblanib qamoqqa olingan. U “Ittihod va taraqqiy” tashkiloti a’zosi sifatida aksilinqilobiy ishlarda ishtirok etganlikda ayblanib, tergov qilinadi. 1938-yil 4-oktabrdagi sud hukmi bilan о‘lim jazosiga hukm etiladi. О‘sha kuni otib tashlangan.

A.Y.