Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Ismoil Sadriy

( - )

Faoliyati. Yosh buxoroliklarning faol a’zosi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgach, hukumatda Xalq maorif nazoratining noziri muovini lavozimida ishlagan.

1922 yil 2 yanvarda Buxoro Xalq maorifi nazorati tomonidan 25 nafar talaba oliy ta’lim olish uchun Turkiyaga jo‘natilgan bo‘lib, ularni oliy o‘quv yurtlariga joylashtirish, moddiy va ma’naviy ta’minotini ta’minlash maqsadida Xalq maorif nazoratining noziri muovini Ismoil Sadir yuborilgan.

1922 yil dekabr oyining oxirida Buxoroga qaytib kelgan Ismoil Sadirdan “Buxoro axbori” gazetasi muxbiri intervyu olgan hamda uning ma’lumotlarini to‘laligicha gazetada chop etgan: “Botumi orqali Usmonli tuprog‘iga chiqib, Samsun nomli turk shahriga yetkanimizdan keyin, mazkur shaharda 2-3 kun istiqomat qildik. Bu shaharda bizni mahalliy turk hukumati g‘oyat darajada yaxshi qabul etdi. Bizning sharofatimizga bir qancha joylarda ziyofatlar yasaldi va har xil muhim ijtimoiy masalalarda fikr almashdik. Majlislarning birida Anqara hukumatining doxiliya noziri Fathbek bilan ko‘p so‘ylashmoqqa to‘g‘ri keldi. Buxoroning bugungi ilmiy, iqtisodiy, siyosiy va huquqiy jihatlarini tafsiloti bilan so‘ylaganimdan keyin, Fathbek ta’sirlangan holda, Rusiya buyuk inqilobining natijalarini ta’qib qilib borganligini anglatdi. Itil, Uralbo‘yi, Qrim, Turkiston, Xiva hamda Buxoro musulmon kambag‘allarining bu kungi mustaqil hayotlariga turklarning ko‘p umid bilan qaramoqlarini ma’lum etdi. Buxoroning hozirgi mustaqil hayotiga to‘xtalib, bu haqda o‘zining va butun turk xalqining ko‘p xursand ekanliklarini bildirdi.

Samsun shahrida ekanimizni tegishli joyga bildirgach, talabalarimizning bir bo‘lagini Trabzun (Trapezund) Sultoniyasiga, ikkinchi bo‘lagini esa Kostomira viloyatining dorulmuallimiga berish maslahat qilindi. Bu xususdagi lozim amaliyotni ijro qilib, nihoyat Kostomira viloyatiga ketdik.

Kostomira viloyatida ham biz musofirlar yaxshi qarashildik... Mana shundoq do‘stona muomala har joyda bizni favqulodda buyuk ma’naviyat bilan qarshilagan uzoqdagi turk qardoshlarimizning Buxoro hukumatiga do‘stlik ko‘zi bilan qarab, turmushimizga yaxshi munosabatda bo‘lganliklari har bir harakatda ko‘rinib turadir. Talabalarimizning maktablarga kirmoqlariga hech bir monelik bo‘lmadi.

Xorijga yuboriluvchi talabalarimizni bundan keyin ham yaxshi tayyor qilib yuboruvda bo‘lmasak, bu yo‘lda sarf etgan kuch va harakatlarimizning natija bera bilmasligini hozirdan tushunib turmog‘imiz lozimdir. Maktablar hayoti Turkiyada bir miqdor tayyorroq ramkada bo‘lmog‘i, Buxoroda bekorsoz yurib o‘rgangan talabalarimizga qisman og‘ir ko‘rinishi e’tiborga olmaganda, talabalarimiz umuman ruhli qoldilar.

Anqara hukumatiga 4 sanalik sanadlarini topshirganimiz holda, mazkur yosh hukumatning sobiq maorif noziri Hamidulla Subhi afandiga qoldirdik”.

Ismoil Sadriy haqida hozircha boshqa ma’lumot topilmadi.

D.J.