Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Karimbek Norbekov

(1884 - 1969)

Bolaligi. О‘zbek ma’rifatparvar boylaridan. U 1884-yil Toshkentda Muhammadaminbekning xonadonida tug‘ilgan. Muhammadaminbekning dastlabki ayoli Marziyabibi Mо‘minboy qizidan  Dolimbek ismlik farzandi bо‘lgan. Ushbu ayoli vafot etgach, Umriniso ismlik ayolga uylangan va undan uch о‘g‘il va bir qiz kо‘rgan. Ular Komilbek, Tojixon, Karimbek, Abdurahmonbek.

Ma’lumoti. Dastlab akasi Komilbek bilan mahalladagi maktabda ta’lim oladi. Sо‘ng otasining tashabbusi bilan Sayidkarimboy Sayidazimboy о‘g‘li uyida ochilgan rus-tuzem maktabida davom ettiradilar. Rus-tuzem maktabini tamomlab bir necha yil “Beklarbegi” madrasasida ham tahsil oladi. Bu madrasada yangi fikrli yoshlar bilan suhbatda bо‘ladi. О‘sha davrda nashr etilgan va xorijdan kirib kelayotgan gazeta va jurnallar bilan tanishadi. Shu bilan birga otasining ishlarida yordam bergan.

Faoliyati. Karimbek 1900-yildan boshlab akasi Komilbek bilan charm savdosini yо‘lga qо‘yadilar. 1905-yildan boshlab savdo maqsadida Moskva va Peterburg shaharlariga safar qiladi. 1909-yildan Turkiston taraqqiyparvarlik harakatiga qо‘shilib, islohotchilik g‘oyalarini moddiy jihatdan qо‘llab-quvvatlagan. Xususan, “Turon” truppasini tashkil etish, spektakllarini tayyorlash, patta tarqatish ishlarida iqtisodiy qо‘llab-quvvatlagan. Ziyolilar bilan hamkorlikda “Nashriyot” (12 kishi) kitob nashr etish va tarqatish shirkatiga muassislik qilgan. Bu ishi uchun “Sadoyi Turkiston” gazetasida “Toshkentning mashhur taraqqiyparvar va fikrli zotlari”dan deb olqish olgan. 1917-1922-yillarda о‘zbek yoshlarini xorijiy mamlakatlarga о‘qishga yuborish masalasida faol qatnashib, yoshlarni moddiy ta’minlagan. 1924-1930-yillarda mayda tijorat va dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Toshkent shahridagi 2-Sag‘bon mahallasi 4- uyda yashagan.  

Oilasi. Karimbek Norbekov 1909-yilda Toshkentning boylaridan biri Shoikromboyning qizi Sharofatbonu (1882 – 1980)ga uylanadi. Karimbek bilan Sharofatbonu Anvarbek, Rojiabonu, Robia, Iffat, Munavvarbek, Arslonbek ismli farzandlar kо‘rdilar. G‘uljadagi vaqtida asli toshkentlik Marhamat ismli beva ayolga uylanadi va bir qiz farzandlik bо‘ladi.

Robia Karimova – Karimbek Norbekovning uchinchi farzandi, 1916-yili tug‘ildi. U 1938-yili Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutining о‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga о‘qishga kirib, 1943-yilda uni tugatadi. Institut yо‘llanmasi bilan Toshkent viloyatining Yangi yо‘l tumanidagi maktablarning birida ona tili va adabiyot fanidan о‘qituvchilik qiladi. Ikkinchi jahon urushi boshlanib, kо‘plab yigitlar frontga safarbar qilindilar. Urush bois kо‘plab yigitlar urushdan omon-eson qaytmadi. Shu tariqa Robia turmush qurish imkoniyatiga ega bо‘lmadi, faqat bolalarga bilim berish bilan hayotdan taskin topdi. U 1982-yilda vafot etdi. Uning qabri Kamolon qabristonida.

Iffatxon Karimova – Karimbek Norbekovning tо‘rtinchi farzandi. U 1919 yilning bahor faslida dunyoga keldi. Iffatxon pedagogika institutining kimyo-biologiya fakultetida tahsil olgan. О‘qishni tamomlab Beshog‘och mavzeidagi maktablarning birida botanika va zoologiya fanlaridan dars bergan. 

Munavvarbek Karimov – 1922 yilda tug‘ilgan. Karimbek Norbekov Munavvarqori Abdurashidxonovga buyuk hurmati ifodasi sifatida Munavvarbek deb ism qо‘ygan. U 1940 yilda Toshkent tibbiyot institutiga о‘qishga kirgan. Munavvarbek kasalxonalarda medbrat sifatida tungi navbatchi bо‘lib ishlagan. Institut yо‘llanmasi bо‘yicha u uzoq yillar Surxandaryo viloyati shifoxonalarida shifokor, bosh shifokor lavozimlarida ishlagan. Munavvarbek Karimov 1950-yildan Toshkent viloyat shifoxonasida umrining oxirigacha faoliyat kо‘rsatib, 2008-yili vafot etgan va Sirg‘ali tuman qabristoniga dafn etilgan.

Arslonbek Karimov – Karimbek Norbekovning kenja farzandi, 1927-yilda tug‘ilgan. Toshkent Moliya-iqtisodiyot institutida о‘qigan. Arslonbek 1956-yilda ancha kechikib bо‘lsa ham institutni tamomlab, dastlab Respublika Davlat plan qо‘mitasida iqtisodchi sifatida faoliyat kо‘rsatdi, 1964-yildan umrining oxirigacha Chorsudagi Markaziy universal dо‘koni (SUM)da bosh iqtisodchi bо‘lib ishlagan. U 1958-yilda Muborak ismli ayolga uylanib, Gulnora, Hilola, Nigora va Avazbek ismli farzandlar kо‘rdi. Arslonbek Karimov 1998-yilda vafot etgan. U Kamolon qabristoniga dafn etilgan.

О‘limi: 1930-yil 11-noyabrda “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi, hukumatga qarshi aksilinqilobiy harakat qilishda ayblanib qamoqqa olingan. Toshkent turmasida saqlangan. Bir yil davomida tergov qilinib RSFSR Jinoyat Kodeksining 58-modda 10-11-bandlari bо‘yicha aybdor topiladi. 1931-yil 3-noyabrdagi sud hukmiga kо‘ra 3 yilga ozodlikdan mahrum etiladi va G‘arbiy Sibirga surgun qilinadi. Surgundan qaytib 1936-1939-yillarda Karimbek Norbekov G‘ulja va Duban shaharlarida istiqomat qiladi. Yetti yillik surgundan sо‘ng 1956-yilga qadar G‘uljada yashaydi. Sо‘ng Toshkentga qaytib umrining oxirigacha yashab 1969-yilda vafot etgan.

A.Y.