Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Latifjon Madali Qoziyev

( - )

Bolaligi. Latifjon Madali Qoziyev XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Andijonda yashab o‘tgan taraqqiyparvar.

Ma’lumoti. Yoshligida diniy va dunyoviy fanlardan yaxshi saboq olgan. Rus tilini yaxshi o‘rgangan.

Mehnat faoliyati. Latifjon Madali Qoziyev Andijon shahar 2-qismida uchastka pristavi tarjimoni bo‘lib ishlagan. Ayni paytda, Rossiya mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurashish maqsadida 1916-yil Andijon tuzilgan “Taraqqiyparvarlar” guruhining yirik a’zolaridan biri bo‘lgan. Bu guruh arxiv hujjatlarida va adabiyotlarda “Padarkushlar” guruhi nomi bilan ham yuritilagan. Bu nom Mahmudxo‘ja Behbudiyning shu nomli asaridan olingan bo‘lib, o‘sha davrda mutaassib ruhoniylar taraqqiyparvarlarga tahqirlash ma’nosida shu atamani qo‘llagan.

Andijonda faoliyat yuritgan “Taraqqiyparvarlar” guruhi Ubaydulla Xo‘jayev va Vadim Chaykinlar еtakchiligida davlat ma’murlarining o‘z amalini suiste’mol qilishi, poraxo‘rlik va chayqovchilik qilib boylik orttirishga qarshi kurash olib borgan. Mardikorlikka ro‘yxatga olishda adolatsizlikka qarshi chiqqan. Latifjon Madali Qoziyevning qarindoshi Asaka volosti boshqaruvchisining sobiq mirzasi Olimjon hoji Mirzayusupov ham “Taraqqiyparvarlar” guruhining yirik vakillaridan biri hisoblangan.

“Taraqqiyparvarlar” guruhi faoliyati o‘lka politsiya idoralari tomonidan tekshirilib, barcha a’zolari tergov qilinganda Latifjon Madali Qoziyev ham so‘roqqa tortiladi. U tergovda chor politsiyasini chalg‘itish maqsadida bunday guruh va uning faoliyati haqida hech narsa bilmasligini bayon qiladi. Lekin, bu izoh “Qozi” laqabli chor muhofaza bo‘limi tomonidan fosh qilingan edi. Xodim o‘z axborotida “Latif Madali Qoziyev …xalqning qasdidan qo‘rqib, va’da berganidek tergovga “Taraqqiyparvarlar” partiyasining mavjud tarkibi va faoliyati haqida nomunosib ravishda hech narsa aytmadi”, deya ma’lumot beradi.

Demak, Latif Madali Qoziyev o‘lkadagi taraqqiyparvarlarning g‘oyalari bilan yaqindan tanish bo‘lgan. Ular safida o‘lka ozodligi uchun faol kurashgan. Ularning ma’rifiy-siyosiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan. Rus mustamlaka ma’muriyati amaldori bo‘lsa-da, xalq manfaatlarini ko‘zlab ish yuritishga intilgan.

 

Manba va adabiyot:

1) MA, I-461-fond, 1-ro‘yxat, 1919-ish,  34-bet.

2) Шамсутдинов Р. Андижон  тарихидан  лавҳалар. Тoшкент.  2013.  592 б.