Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Lutfullo Olimiy

(1893 - 1969)

Bolaligi. Oʻqituvchi va jurnalist Lutfulla Olimiy 1893-yili Namanganda tugʻilgan. Otasi Olimxon Qoʻqon madrasasini tugatgan ziyoli inson boʻlgan.

Maʼlumoti. U 7 yoshgacha otasi qoʻlida savod chiqargan. 1901–1903-yillarda Namanganda maktabda oʻqiydi. 1904-yili Qoʻqondagi Muhammadjon Xoliqiyning yangi usul maktabiga oʻqishga boradi. Biroz muddat rus-tuzem maktabida oʻqigan.

Mehnat faoliyati. 1914-yil kuzida Namanganda yangi usul maktabi ochib muallimlik qiladi. 1915-yili Ufaga borib, “Oliya” madrasasida tahsil oladi. 1918–1923-yillari Namanganda tashkil etilgan “Namuna” maktabida oʻqituvchilik qiladi. 1918-yili Namangan shahrining Qoʻqon koʻchasidagi Nuriddin afandi uyida “Turon” maktabi tashkil etilgan. Lutfulla Olimiy ushbu maktabda ham muallimlik qilgan.

U shahar xalq maorif boʻlimi, madaniy oqartuv muassasasida mudir, 1924-yili shahar ijroiya qoʻmitasida kotib , shuningdek, “Nashri maorif” jamiyati viloyat boʻlimining ham kotibi (1921–1923) boʻlib ishlagan. Soʻng Qoʻqonga koʻchib borib, 1930-yilga qadar “Fargʻona” (“Yangi Fargʻona”) gazetasida, jumladan, 1925–1927-yillarda muharrir oʻrinbosari va 1928–1930-yillarda muharrir lavozimlarida xizmat qilgan.

Ilmiy-adabiy merosi. Lutfulla Olimiy Gulxaniy ijodini oʻrgangan dastlabki ijodkorlardan boʻlgan. “Bilim oʻchogʻi” jurnalining 1923-yilgi sonida Gulxaniy haqida maqola yozgan.

1928-yilning 31-yanvarida Oʻzbekiston Markaziy Ijrokomi Hayʼati Rayosatining yigʻilishida Yangi alifbo markaziy qoʻmitasining 47 kishilik tarkibiga Lutfulla Olimiy ham kiritilgan. XX asr 30-yillari Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarining Namangan nusxasi Abdurauf Fitrat va Lutfulla Olimiy tomonidan Toshkent kutubxonasining Sharq boʻlimiga topshirilgan.

Oʻlimi. 1930-yili “Milliy ittihod” tashkilotining aʼzosi sifatida qamoqqa olingan. 1931-yilning 25-aprelida 18 kishini otishga hukm qilinadi. Ular orasida Lutfullo Olimiy ham bor edi. Keyinroq Olimiyga nisbatan chiqarilgan sud hukmi, yaʼni oliy jazo 10-yil qamoq jazosi bilan almashtiriladi. 1937 va 1949-yillarda uch marta qatagʻon etilgan. Qamoqdan qaytgach, uy xoʻjalik ishlari bilan shugʻullangan.

M. D.