Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Majid Qodiriy (Qodirov)

(1886 - 1938)

Bolaligi. Majid Qodiriy Toshkent shahrining Shayxontohur dahasidagi Qoryog‘di mahallasida, dindor oilada, 1886-yil 2-oktabr (hijriy 1304-yil Muharram oyining 4-kuni)da tavallud topgan. Otasi Abdul Qodirxonqori diniy idora xodimi bо‘lgan.

Ma’lumoti. Toshkentning eski shahar qismidagi maktablardan birida ta’lim olgan. Sо‘ngra madrasada tahsilini tamomlagan. U fors, arab, usmoniy turk, rus va ingliz tillarini mukammal bilgan.

Faoliyati. Dastlabki mehnat faoliyatini Toshkentdagi “usuli-savtiya” (eski usul) maktabda boshlagan. 1906-yildan boshlab rus-tuzem va yangi usul maktablarida ta’lim bergan. U 1917-yildagi oktabr tо‘ntarilishiga qadar Toshkentdagi о‘rta maktablarda dars bergan hamda ularda mudirlik qilgan. 1913-yil oxirlarida tashkil etilgan “Turon” jamiyatining ishtirokchisi, “Shо‘roi islomiya” (1917), “Milliy ittihod” (1919) tashkiloti a’zosi bо‘lib milliy ziyolilar bilan birga faoliyat olib borgan. Toshkentda jadidchilik harakati tomonidan tashkil etilgan “6-Turon maktabi”ga (1918–1921) mudirlik qilgan. Toshkentdagi tabiiy hamda tarix fanlari pedlabaratoriyasida (1920–1921) mudirlik qilgan. Toshkent shahrida ziyolilar tomondan tashkil etilgan Boyskaut maktabida (1921) dars bergan. Uning keyingi mehnat faoliyatini Turkiston davlat universitetining eski shahar ishchi fakultetida (1921) о‘zbek tili muallimi sifatida davom ettirgan. U 1921–1923-yillarda Ishchi fakulteti dekani hamda universitetning “Tajriba-izlanish” laboratoriyasida mudir lavozimlarida faoliyat yuritgan. Shu davrda jadid ma’rifatparvarlari tomonidan tuzilgan “Nashri maorif” jamiyatining tashkilotchisi va a’zosi sifatida faoliyat olib borgan. Unga 1923-yilning 23-martida mamlakat taraqqiyoti yо‘lidagi alohida mehnatlari uchun “Mehnat Qahramoni” unvoni berilgan. Shuningdek, u 1923-1925-yillarda “Tabiatni muhofaza qilish” muzeyi mudiri hamda Toshkent eski shahar vaqf shо‘basi xodimi (1924), 1925-yildan boshlab О‘rta Osiyo osori atiqalarni saqlash qо‘mitasi xodimi bо‘lib faoliyat olib borgan.

U О‘zbekiston SSRning vakili sifatida 1925-yilda Parijda ochilgan kо‘rgazmada ishtirok etgan. Parijga ketayotib, Berlinda tо‘xtab, Germaniyada tahsil olayotgan о‘zbek talabalari bilan uchrashgan.

Majid Qodiriy 1928-yilda О‘rta Osiyo davlat universiteti qoshida tashkil etilgan “Fizika kabineti” mudiri hamda Ishchi fakultetida dekan hamda tarix fanlari bо‘limining mudiri (1928–1930) lavozimlarida ishlagan. U 1929-1930-yillarda tanqidga uchrab sohta ayblar bilan ayblangan. Shundan keyin ham ya’ni 1930-yildan Toshkentdagi maktablarda muallim, О‘rta Osiyo universiteti о‘qituvchilik qilgan.

Ilmiy-adabiy merosi. Majid Qodiriy birinchi о‘zbek tilida chop etilgan va yangi-uslub maktablarida ta’limga tadbiq etilgan “Hisob” (Matematikadan boshlang‘ich ta’lim asoslari) (1910) arifmetika kitobi, “Jug‘rofiya”, (1911) va chig‘atoy-turkiy (о‘zbek) tildagi grammatika kitoblarining muallifidir. Majid Qodiriy Turkiston ta’lim sohasida islohotlarni amalga oshirish va о‘zbek xalqining savodxonlik darajasini oshirish yо‘li bilan ozodlikka olib chiqishning tarafdori edi. U maorif va madaniyat sohasida, о‘zi ishlagan sohalardagi muammolar hamda Turkiston taraqqiyotiga oid millliy matbuot sahifalarida maqolalar e’lon qilgan.

Oilasi. Uning turmush о‘rtog‘i Mehrinisoxon Mirsoatova edi. Ularning 6 nafar farzandlari bо‘lgan. О‘g‘illari Quddusxon, Ramzixon, Rashodxon, Erkinxon, О‘tkirxon va qizlari Nafisaxon.

О‘limi. Majid Qodiriyga qarshi dastlabki taqib 1929-yildan boshlangan. Isboti topilmagan gumonlar bilan ayblanib 1929-yilning boshida Kommunistik partiya a’zoligidan mahrum etildi. U 1930-yilda barcha mas’ul lavozimlardan bо‘shatiladi. Sababi, 1929-1930-yillardagi proletariat hamda sovet hukumati tarafdorlari tomonidan uyushtirilgan tuhmatlar hamda matbuotda bosilgan feletonlar edi.

U 1937-yilga qadar kuzatuv ostida bо‘ldi va shu yili NKVD xodimlari tomonidan “millatchilik” aybi bilan qamoqqa olingan. Rasmiy hujjatlarda 1938-yilning 2-aprel kuni hibsga olingan deb kо‘rsatilgan.

Majid Qodiriyning ismi О‘zbekiston SSR bо‘yicha “Stalinning otish rо‘yxatlari”ga kiritilgan. Bu rо‘yxatga partiya, xalq xо‘jaligi, harbiy va ilm-fan sohasida ishlab kelgan yuqori va о‘rta darajadagi rahbarlar bor edi. Rо‘yxatlar NKVD organlari tomonidan tergov yakunlanishi bilan tuzilib VKP(b) Markaziy Qо‘mitasi Siyosiy byurosiga tasdiqlash uchun yuborilgan. 2–5 a’zoning tasdiqlanishi bilan tergov ishlari “yuridik rasmiylashtirish” uchun SSSR Oliy sudi Harbiy hay’atiga yuborilgan.

Rо‘yxatlar toifalarga ajratilgan bо‘lib, 1- toifaga otish, о‘lim jazosiga hukm qilinganlar kiritilgan. Oliy sud Harbiy hay’ati tomonidan ishni kо‘rib chiqish uchun kо‘pi bilan 20 – 30 daqiqa vaqt ajratilgan, qaror ustidan shikoyat qilish imkonsiz, hukmni ijroga yaqin soatlar ichida keltirilishi bilan amalga oshirilgan. Majid Qodiriy kiritilgan rо‘yxat 1938-yil 12-sentabrda Stalin, Molotov va Jdanov tomonidan tasdiqlangan. Hukm 1938-yilning 5-oktabr kuni ijro etilgan. О‘sha kuni Majid Qodiriy otib tashlangan.

A.Y.