Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Muhammad Ikrom ibn Abdussalom

(1847 - 1925)

Bolaligi. Muhammad Ikrom ibn Abdussalom (Domullo Muhammad Ikrom ibn Abdussalom Mufti Buxoriy) 1847-yilda Buxoro shahri yaqinidagi Bogʻikalon qishlogʻida dunyoga kelgan, keyinchalik Poyi Ostona guzarida yashagan. Xalq orasida Domla Ikrom, Ikromcha domla nomlari bilan mashhur boʻlgan.

Maʼlumoti. Eski maktabda, undan soʻng 1860–1880-yillari Badalbek madrasasida qozi Abdushukur ibn Abdurasul Buxoriydan tahsil olgan.

Faoliyati. Madrasani tamomlagach, turli madrasalarda mudarrislik qilgan. Muhammad Sharif Sadri Ziyo (1865–1932) oʻzining “Shuaroyi mutaaxxiriyn va fuzaloyi muosiriyn” asarida Ikromcha Domlani “Akram” taxallusida sheʼr yozishini aytib, “Buxoro talabalari aksariyatining ustozidirlar” deb zikr qilgan. “Tazkirat ash-shuaro”da Domla Ikrom Mir Arab madrasasida, “Afzal at-tizkor”da esa “Abdullaxon” madrasasida dars bergani aytilgan. U 1894–1896-yillarda Muhammad Avaz Xoʻjandiy hamrohligida hajga borgan va oʻsha vaqtdagi Istanbul, Bagʻdod, Sheroz va boshqa islomiy shaharlardagi taraqqiyotni koʻrib taʼsirlangan. Safardan qaytgach, Buxoro madrasalaridagi taʼlim dasturlarini tanqid qilib, ularni isloh qilish zarurligini taʼkidlaydi. Domla Ikrom madrasalar taʼlimiga tafsir, hadis fanlarini kiritishni yoqlab chiqqan.  U jadid maktablari tashkil etish tarafdori boʻlib, ularni qoʻllab-quvvatlagan. 1910-yil boshida Buxorodagi maktablarni taftish qilish uchun Toshkentdan kelgan Palen boshchiligidagi hayʼat bilan Domla Ikrom muzokara olib borgan. Ularning yangi maktab, hijob va soliqlar haqidagi savoliga Domla Ikrom shariat yuzasidan javob berib, jadid maktablari islom diniga hech qanaqa zid emasligini aytib oʻtgan.

1909-yili Mirzo Abdulvohid Munzimning maktabida oʻqiyotgan bolalarni imtihon qilish marosimi soʻngida yigʻilish boʻlib, unda maktabni yopish yoki ochiq qoldirish masalasi koʻriladi. Yigʻinda Domla Ikrom yangi maktabni islom odobiga muvofiq ekanligini aytib, bu turdagi maktablarni rivojlantirishni islom dini nuqtai nazaridan lozim ekanligini taʼkidlaydi va yangi usul maktablarining halol ekaniga muhr bosib, fatvo beradi.

Abdulvohid Munzim muharrirligida 1912-yili Yangi Buxorodagi tipografiyada nashr etilgan Domla Ikromning “Mashhur bidʼatlar” asari xalq orasida mashhur boʻlgan. Bu kitob Buxoro mudarrisi va muftisi Abdurazzoq boshchiligidagi ulamolarning keskin qarshiligiga uchraydi. Ular domla Ikromni Rossiya hukumatiga sotilganlikda va “islom diniga qarshi boʻlgan” usuli jadid maktablarini targʻib qilganlikda ayblaydilar. Mullabachchalarni unga qarshi qoʻyishga harakat qiladilar. Ramazon hayiti kuni Domla Ikromni Namozgoh masjidi maydonida oʻldirishga qaror qiladilar. Bundan xabar topgan Buxoro hukumati uni Zandana tumaniga qozi qilib yuboradi. Unga qoʻshbegi tomonidan lavozimi uchun 600 tanga maosh belgilanadi. Oradan bir oz vaqt oʻtgach, amir Olimxon Domla Ikromni Qorakoʻl tumaniga qozi etib tayinlaydi va har oy unga 1000 tanga maosh beradi.

U Qorakoʻlda qozilik qilgan davrida oʻz uyida jadid maktabi ochadi. Ikrom maxdumning Qorakoʻlda tashkil etgan maktabi xususida keyinchalik “Hurriyat” gazetasida quyidagicha maʼlumot beriladi: “...Ikrom al-Din maxdum Buxoroning yaxshi taraqqiyparvarlaridan va gazeta oʻqugʻuvchilaridandir. Tutash oʻz uyinda tatar va oʻzbek muallimlar tutib, bolalarni usuli jadida bilan oʻquta edi. Biz bu zotning bunday taraqqiysiga taraqqiyparvarlik koʻzi bilan qaragʻanda buyuk ahamiyat beramiz”.

1914-yil yanvarida Buxoro ulamolarining homiysi mufti Abdurazzoq haj safariga ketib, Makkada vafot etadi. Amir Olimxon uning oʻrniga domla Ikromni mufti lavozimiga tayinlaydi. Domla Ikrom bu vaqtga kelib, atrofida yangi usul maktabi tarafdori boʻlgan 700-800 mullabachchalar toʻplangan edi. U amirlikda yangi usuldagi maktablarni ochish ishini hukumat darajasida amalga oshirmoqchi boʻladi.

Mulla Ikromning shaxsi rus amaldorlari eʼtiborini tortmasdan qolmadi. Eski Buxoro politsiyasi boshligʻi Vilman 1914-yil 14 iyundagi raportida siyosiy agentlikka shunday xabar yoʻllagan edi: “Joriy iyun oyining dastlabki kunlarida mahalliy eshon Shoyaxsiy (63 yoshga toʻlishi munosabati bilan) anʼanaviy toʻy (ziyofat) berdi. Bu toʻy uchun amir 15 ming tangani ehson qildi. Mazkur tantanada Buxorodagi barcha oliy zotlar bilan birga ruhoniylarning barcha yuqori qatlamlari ham hozir boʻldilar. Qozikalon, rais, mirshab, toʻpchiboshi, mulla askar va boshqalar. Shu jumladan, Mulla Ikrom ham. Eʼtiborli mehmonlar joylashgan mehmonxonada boʻlib oʻtgan tantana paytida qariyb barcha mehmonlarning Mulla Ikromcha bilan toʻqnashuvlari roʻy berdi. Mulla Ikromcha bu yerdagi yigʻilishdan foydalanib, “usuli qadim” tarafdorlarini fosh etuvchi nutq soʻzladi”. Mulla Ikromning nutqi qozikalonda munozara qilish xohishini uygʻotib, u oʻz mavqeyi va qarashlarini tushuntirishga intildi va “Buxoro yuz yillardan beri yashab kelmoqda, shu vaqt orasida eski maktabdan qanchadan-qancha buyuk olimlar va jamoat arboblari yetishib chiqdi va biz ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz, shuning uchun ham bu maktabni tag-tugi bilan buzishga hech qanday hojat yoʻq”, dedi. Qozikalonning bu soʻzlarini Mulla Ikromdan boshqa barcha hozir boʻlganlar maʼqullashdi. Ammo Mulla Ikrom qozikalonning bu fikrlariga javoban: “Hozir ham Buxoro oʻz olimlariga ega. Ammo bular oʻz hayotini butunlay ilm-fanga bagʻishlagan oʻn minglab kishilar orasidan chiqqan baxtli insonlardir. Agar Buxoroda boshqacha sharoit boʻlganida bunday olimlar soni minglarga ham yetgan boʻlardi. Nima uchun biz hozir Buxoroning gullab-yashnashi va ravnaqi uchun, Ovroʻpo ochiqdan ochiq urush eʼlon qilgan islom uchun hukumatdan eski usulni yangisi bilan almashtirishni talab qildik? Men, Ikromcha, amaldorlar bilan ruhoniylar oʻrtasida oʻzimga madad topmasam, muqaddas ish uchun ochiq kurash maydoniga kirib, jabr chekishga va oʻz oʻlimimni qabul qilishga ham tayyorman”, — deydi.

1917-yil aprel oyi oxirlarida Mulla Xolmurod boshchiligidagi qadimchilar muftilarga jadid maktablari sharʼan “joiz emas”ligi, jadidlar bilan muloqot qilmaslik kerak­ligi haqidagi fatvoga muhr bostirib olishadi. Domla Ikromcha bunga qarshi chiqadi va quʻshbegiga norozilik xati yozadi. Qoʻshbegi va qozikalonning aralashuvi bilan hukumat Domla Ikromni Gʻuzor viloyatiga qozilik qilish bahonasida ikkinchi bor surgun qiladi. Bu haqda oʻz zamonasining ilgʻor mutafakkirlaridan biri, Buxoro amirligida qozilik lavozimlarida ishlagan Sharifjon maxdum (Sadri Ziyo) quyidagilarni yozgan: “Hoji domullo Ikrom shu qadar jurʼat-u jasurlik sohibi edilarkim, biror kishi u kishiga tarafdorlik qilmagan boʻlsa-da, badkor ulamolar va har martabadagi shum mansabdorlardan aslo qoʻrqmas edilar, nima ishni ixtiyor qilsalar, u ishda barqaror ustuvor boʻlardilar. Lekin u kishining muxoliflari shunchalik dono olim, taqvodor-u porso insonni Buxorodan chiqarib yubordilar, Gʻuzor viloyatiga nomiga zohiran qozi va botinan mahbus qilib qoʻydilar”.

1918-yil bahorida Turkiston Xalq komissarlari Soveti raisi F. Kolesovning Buxoroga qarshi qurolli harakatni amalga oshirishi oqibatida amir Yosh buxoroliklarni xoinlikda ayblab, jazolashni buyuradi. Ular orasida Domla Ikromning Habibullo ismli oʻgʻli ham bor edi. Buxoro hukumati Habibulloni qatl etib, Domla Ikromni hibsga oladi. Uning uy-joyi musodara etilib, barcha kitob va qoʻlyozmalari yondiriladi.

Buxoro Xalq Respublikasi hukumati tomonidan 1920-yilda Domla Ikrom butun oilasi bilan ozod qilinib, Buxoroga keltiriladi va adliya vazirligi noziri etib tayinlanadi. 1922-yilga kelib esa sharʼiy qozilik mahkamasi tashkil etiladi va unga rais qilib tayinlanadi.

Ilmiy adabiy merosi. 1912-yilda Domullo Muhammad Ikrom ibn Abdussalom Mufti Buxoriy “Qirq batn ichidagi qirqta holatlar bayoni”, “Gʻaroyib hikoyalar bilan ifodalangan mashhur bidʼatlar”, “Ayollarning oʻralib yurishi vojib ekanligi toʻgʻrisida” risolalari jamlangan kitob chop ettirgan.  Bu kitob hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanmoqda. Asarlarda jamiyatdagi kamchiliklar keskin tanqid ostiga olingan hamda muammoni mukammalroq yoritib berish maqsadida Qurʼoni karim oyatlari va Hadisi sharifdan keng foydalanilgan.

Domla Ikromning uch risolasi jamlangan kitob xususida Sadri Ziyo: “.... bidʼatlar benihoyat darajada keng tarqalgan zamonda, isloh niyatida risola uslubida shariat, siyosat va Vatan obodligini aniq iboralarda bu bobga taalluqli asarlarni chop etib, pand-u nasihatlarni bu sharif nishon diyorning amir, vazir, mansabdorlar quloqlariga chalinishini koʻzda tutib tarjima qildilar”, — deb maʼlumot beradi.

Oilasi. Manbalarda Habibullo ismli oʻgʻillari boʻlganligi haqida maʼlumot bor. 1918-yil bahorida Turkiston Xalq komissarlari soveti raisi F. Kolesovning Buxoroga qarshi qurolli harakatni amalga oshirishi oqibatida amir Yosh buxoroliklarni xoinlikda ayblab, jazolashni buyuradi. Ular orasida Domla Ikromning Habibullo ismli oʻgʻli ham bor edi. Buxoro hukumati Habibulloni qatl etib, Domla Ikromni hibsga oladi. Uning uy-joyi musodara etilib, barcha kitob va qoʻlyozmalari yondiriladi.

Oʻlimi. Domla Ikrom 1925-yilda nafaqaga chiqqan va shu yili vafot etgan.

D. J.