Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Munavvarqori Abdurashidxonov

(1878 - 1931)

Bolaligi. Munavvarqori Abdurashidxonov 1878-yili Toshkent shahar Shayx Xovandi Tahur daha "Darxon" mahallasida ziyoli oilasida dunyoga keldi. Otasi Abdurashidxon Sotiboldixon Olimxon o‘g‘lidir. (Ayrim manbalarda va xalq og‘zida Abdulmajidxon o‘g‘li, vafoti 1885-yil) U o‘zi yashab turgan mahalladagi Eshonquli dodxoh madrasasida va o‘z hovlisida maktab ochib, 40 nafar o‘quvchiga dars bergan. Onasi Toshkentning mashhur ziyolilaridan Xonxo‘ja Shorahimxo‘jayevning qizi (1841 – 1941) Xosiyat otin (1845 – 1931) ham o‘qituchi bo‘lib, o‘z hovlisida mahalladagi xotin-qizlarni o‘qitgan.

Munavvarqorining bolaligi, yoshligi murakkab davrga to‘g‘ri keldi. 1892-yil 24-iyunda boshlangan “Vabo qo‘zg‘oloni” paytida Munavvarqori 14 yashar bola edi.

Abdurashidxon va Xosiyat otin uch o‘g‘il ko‘rishgan. Kattalari A’zamxon (1872 – 1919), o‘rtanchasi Muslimxon (1875 – 1954), kichigi Munavvarxon edi. A’zamxon domla mahalla maktabida bolalarni o‘qitgan. Uning 1910-yili Sirdaryo viloyat o‘quv yurtlari inspektoriga usuli jadid maktabini ochish uchun ruxsat berilishini so‘rab yozgan arizasi va o‘quv dasturi saqlangan. Ariza va dasturga qaraganda, u bolalarga to‘rt sinf darajasida saboq bergan. O‘quv dasturini Munavvarqori tuzgan.

Adibning ikkinchi akasi Muslimxon domlaning taqdiri o‘zgacharoq kechgan. U sho‘ro hukumatining barcha zulm va tazyiqini totdi. U akasi va ukasi kabi dastlab sakkiz yil mobaynida muallimlik bilan shug‘ullangan bo‘lsa-da, keyingi to‘qqiz yil mobaynida mahalladagi Mirza Abdullaboy masjidiga imomlik qiladi, masjidlar yopilgandan so‘ng esa “XVIII partsyezd” artelida qorovul bo‘lib ishladi. 1942-yil 27-yanvarda davlat sirlarini oshkor qilishda ayblanib qamoqqa olinadi. Tergovchilar uni otishga hukm qilishni taklif qilib maxsus majlis hukmiga yuboradi. Lekin uning jinoyatini tasdiqlovchi dalillar bo‘lmagani uchun, qamoqda o‘tirgan kunlari jazoga hisob qilinib, 1942-yil 28-noyabrda ozod qilinadi. Turli joylarda oddiy ishchi bo‘lib yurib, 69 yoshida vafot etadi.

Ma’lumoti. 1885-yili Munavvarxon 7 yoshligida otasi Abdurashidxon vafot etadi. Shunda Munavvarxon dastlabki ta’lim-tarbiyani onasi Xosiyatxon otindan oladi. Xat-savodi chiqqach, o‘sha davrda dovrug‘i chiqqan Usmon domladan saboq oldi. Akalari ta’sirida voyaga yeta bordi. Qur’oni karimni xatm qilib, “qori” unvonini olgach, hali ilmga yaxshi kirib bora olmaganini fahmladi. “Yunusxon podsho” madrasasida bir necha yil tahsil ko‘rdi, biroq olgan ilmidan qoniqmadi. 1898-yili Buxoroga borib hadis, fiqh, ilmi tafsir va boshqa sohalar bo‘yicha tahsilni davom ettirdi. Biroq Buxoro madrasalarining imperiya hukumati siyosiy vakilining nazoratida ekanligi va u yerda Munavvarqori orzu qilgan ilmning yo‘qligi ham uni Buxoroni tark etishga majbur qilgan.

Mehnat faoliyati. Munavvarqori 1901-yili Toshkent shahrida ilk usuli savtiya maktabini ochadi. Maktabda darslarni tashkillashtirish uchun Munavvarqori dastlab Qrim va Tataristondagi o‘qituvchilar tuzgan dastur va adabiyotlardan foydalanadi. 1907-yilga kelib esa o‘zi “Adibi avval” darsligini tuzadi. O‘zbek tilining deyarli ilk alifbolaridan bo‘lgan bu kitob Saidrasul Aziziyning darsligi bilan oldinma-keyin bosilib chiqdi. U tez orada Turkistondagi barcha maktab o‘qituvchilari tomonidan yaxshi kutib olindi va amaliyotga tatbiq qilindi. Arxiv hujjatlariga qaraganda Munavvarqorining bu kitobi S. Aziziyning “Ustodi avval” kitobi bilan barobar rus-tuzem maktablarida ham o‘qitilgan. Munavvarqorining “Adibi avval” kitobi Mahmudxo‘ja Behbudiyning tojik bolalari uchun mo‘ljallangan (1906) “Alifboi maktabi islomiya” va “Salim-ul-avval” kitoblaridan har jihatdan farq qilar edi. Shu bois uning darsligidan rus-tuzem maktablarida foydalanish uchun ruxsat beriladi. U 1907-yilning oxirida ikkinchi darsligi – “Adibus-soniy”ni nashr ettiradi. 1910 – 1911-yillardan boshlab usuli jadid maktabini ochgan A’zamxon, Muslimxon (Munavvarqorining akalari), Hasan qori Xoniy, Eshonxo‘ja Xoniy, Nizomiddin Husainov, Rustambek Yusufbekov, Sa’dulla qori Abdullayev va boshqa ko‘pgina toshkentlik, qo‘qonlik, namanganlik, farg‘onalik domlalar A. Ibodov, A. Shukurov asarlari bilan bir qatorda "Adibus-soniy"ni ham darsda qo‘llay boshladilar. Ko‘pgina maktablarda Munavvarqorining 1– 4-sinflar uchun tuzgan dasturi joriy qilingan edi. Maktab o‘quv tizimini chuqur o‘rgana boshlagan Munavvarqori bular bilan cheklanmay, dasturni tobora takomillashtirib boradi. 1912-yilga kelib, o‘quvchilarga husnixat, jug‘rofiya, islom tarixi, turk qavmlari tarixi fanlarini oshkora o‘qita boshlaydi, maktab ostonasiga qorovul qo‘yib, ijtimoiy sohalardan saboq beradi. U mahalliy o‘qituvchilar orasida birinchi bo‘lib “Namuna” maktabini tashkil qiladi hamda rus tilini o‘qitish masalasini hukumat oldiga ko‘ndalang qo‘yadi. Bu taklifni mustamlaka hukumati rad etadi. Lekin Munavvarqori ham hujumni susaytirmadi va o‘z maktabida rus tili o‘qitilishiga erishdi.

Munavvarqori maktab maorif islohoti, tom ma’nodagi milliy maktab yaratish niyatidan sira qaytmadi. Maktabda rus tilini o‘qitish masalasini ijobiy hal qildi, o‘quv dasturlarini tobora takomillashtira bordi. 1914 – 1916-yillarga kelib Turkistondagi ko‘pgina maktablar Munavvarqori tuzgan dastur asosida ishlar edi. 1917-yili Munavvarqori Toshkent shahar dumasiga a’zo etib saylanadi. Ammo bir yil oldin u aynan maktab masalasida shahar ma’murlari bilan jiqqamusht bo‘ladi. Kuropatkin huzuriga bolalarni boshlab borib, usuli jadid maktablariga keng yo‘l berishini so‘raydi. Yosh shoir, Munavvarqorining shogirdi To‘g‘rul (B. Haydariy) gubernator ostonasida turib, ustozining niyatini ma’qullab A. N. Kuropatkin sha’niga she’r o‘qiydi. Bu ish uchun Munavvarqorini hibsga oladilar. Ammo ko‘p o‘tmay ozod qilingan Munavvarqori 1917-yil 6-sentabrda shahar boshlig‘i N. G. Mallitskiy oldiga masalani boshqacha qo‘yib, o‘lkada mavjud bo‘lgan rus-tuzem maktablarini “milliy maktab” nomi ostida milliy musulmon maktabiga aylantirishni taklif etdi. Munavvarqori bu maktablarda olti yillik o‘quv dasturini joriy etish loyihasini ham taqdim qiladi.

Munavvarqori “milliy maktab” asoschisi bo‘lib qolish bilan birga chet elga bolalarni o‘qishga yuborish masalasini ham yechishga intildi. Misol uchun, 1917-yil 24-sentabr kuni Munavvarqorining uyida toshkentlik ziyoli va boylardan 50 – 60 kishi yig‘iladi. Majlisda ishtirok etgan barcha boylar va ziyolilar baholi qudrat yoshlarni chetga o‘qishga yuborish uchun o‘rtaga pul tashlaydilar. Xazinachi Murodxo‘ja domla Solihov pulni yig‘ib oladi. Ushbu voqea ishtirokchisi Shokirjon Rahimiy aytishicha, Munavvarqori bu bilangina kifoyalanmay, “Nashri maorif” uyushmasi tomonidan ham talabalarga yordam ko‘rsatadi. Hokimiyat tepasiga sho‘rolar kelgan paytda esa bevosita Munavvarqori ishtirokida “Ko‘mak” uyushmasi tuziladi. Ammo uyushmaning mablag‘i talabalarga to‘lash uchun yetmas edi. Shu sababli har bir o‘quvchi bir ministrlikka biriktiriladi.

Adib ilmiy-pedagogik ishlar bilangina cheklanmaydi. O‘ziga o‘xshash ochiq niyatli, tiniq fikrli yoshlar – Ubaydulla Xo‘jayev, Abdulla Avloniy, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Karim Norbekov va boshqalar bilan hamkorlikda 1909-yili toshkentlik Orifxo‘jaboy Hojinov raisligida “Jamiyati xayriya” ochadi. Biroq bu jamiyat iqtisodiy jihatdan bir necha boylarning yordamiga suyangani uchun erkin ish olib bora olmaydi. Lekin rais o‘rinbosari bo‘lgan Munavvar qorining tinib-tinchimasligi tufayli jamiyat taraqqiyparvar yoshlar qo‘liga o‘tadi.

Munavvarqori maktab islohoti, yangi shakldagi o‘rta va oliy o‘quv yurtini tashkil etishning barcha masalalari bilan jiddiy shug‘ullandi. 1917-yilgi davlat to‘ntarishidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan bir hovuch shovinistlar maorif-madaniyat rivojini asosan o‘z xalqlari xizmatiga qo‘yadilar. Ana shunday tadbirlardan biri – Turkiston harbiy shtabi qoshida Sharq fakultetini tashkil etish, so‘ng uni Xalq dorilfununiga aylantirib, konservatoriya ochish bo‘ldi. Tatar va o‘zbek ziyolilari birlashib, Xalq dorilfununi ochish uchun muzokara o‘tkazadilar. Muzokarada “Turon”, “Muallimlar jamiyati”, “Guliston” va boshqa jamiyatlar yig‘ilishib bu masala ko‘rib chiqiladi. 9-aprelda “Munavvarqori Abdurashidxonov hovlisida, – deb xabar beradi “Ulug‘ Turkiston” gazetasi 1918-yil 11-aprel sonida, – musulmon tashkilotlarining umumiy ijtimo‘i (yig‘ilishi) bo‘ldi. Ijtimo‘ Toshkentda ochilajak Xalq dorilfununiga musulmon sho‘basi ochuv haqqinda edi”. Majlis o‘rtaga qo‘yilgan masalani to‘g‘ri topib, qaror qabul qiladi. Bu ishni bevosita amalga oshirish uchun komissiya tuziladi. Tashkilotlar komissiyasining raisi etib Munavvarqori Abdurashidxonov saylanadi. Dorilfunun maktablariga muallimlarni imtihon qilish Munavvarqori bilan Burhon Habibga topshiriladi. Munavvarqori komissiya ishlari, dastur tayyorlashdan tashqari, bevosita muallimlar tayyorlovchi kurs ochish bilan ham shug‘ullanadi va 31-mayda o‘qituvchilar seminariyasi binosida “Dorilmuallimin” nomi bilan 8 oylik kurs ochiladi. Munavvarqorining maktab sohasidagi xatti-harakatlari ushbu hodisa bilan yakun topgani yo‘q. U maktab va dorilfunun dasturlarini tuzdi, darsliklar yozdi. Uning Shorasul Zunnun, Qayum Ramazon bilan hamkorlikda yozgan to‘rt qismdan iborat “O‘zbekcha til saboqlig‘i” kitobi o‘zbek tili grammatikasining asoslaridan biri hisoblanadi.

O‘zbek milliy matbuotining paydo bo‘lishini ham Munavvarqori faoliyatisiz tasavvur qilish mumkin emas. 1906-yildan “O‘rta Osiyoning umrguzorligi, taraqqiy”, “Taraqqiy” gazetalarida adabiy xodim. Shu yili noshir va muharrir sifatida “Xurshid” gazetani tashkil etgan. “Shuhrat” (1907), “Tujjor” (1907), “Osiyo” (1908) gazetalarini g‘oyaviy boshqargan va adabiy xodim vazifasini bajargan.

El ko‘zini ochishda matbuotni buyuk omil deb bilgan Munavvarqori uning vositasida millatni uyg‘otish bilan kifoyalanmay, xalqni jipslashtirishga, uning milliy e’tiqodini yuksaltirishga ham harakat qiladi. “Xurshid” gazetasi ana shu intilishlar natijasi o‘laroq dunyoga keladi. Bu gazeta ijtimoiy ruhi va yo‘nalishi bilan chor hukumati ma’muriyatini anchagina talvasaga soladi. Shu bois tezda yopib qo‘yiladi. Oxrankaning Munavvarqori yozgan har bir kitob, va’z, maqolani tahlil etib borishdan o‘zga chorasi qolmaydi.

Nikolay Ostroumov 1908-yilning fevral oyida Turkiston general-gubernatoriga maxfiy xat yo‘llab, ““Shuhrat” gazetasiga chalasavod mulla Abdulla Avloniy muharrirlik qiladi; unda sobiq “Xurshid” gazetasining noshiri chalasavod olim Munavvarxon Abdurashidxonov xodim bo‘lib ishlaydi. Ularga rus, hatto fransuz tilini biladigan noma’lum tatar yordam beradi”, deb chaqimchilik qiladi. Qarangki, u “chalasavod” deb, Munavvarqorini yerga urmoqchi bo‘lsa-da, uning olimligini tan olgan. U yana “Munavvarxon o‘z uslubida turkcha, tatarcha ifoda va so‘zlarni qo‘llaydi, xususan, turkcha “afandi” iborasini ishlatadi, deb mustamlaka hukumatga “Shuhrat” gazetasini yopish kerak”, deya maslahat ham beradi.

“Xurshid”, “Shuhrat”, “Osiyo” va boshqa gazetalar yopilsa-da, Munavvarqori matbuot sohasidagi faoliyatini aslo susaytirmaydi. 1909-yili u tashkilotchilikka teng huquqli bo‘lgan fikrdoshlari bilan birga “Xayriya” jamiyatini tashkil etadi. Ubaydulla Xo‘jayev, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov kabi huquqshunos do‘stlari bilan bir qatorda jamiyatning nizomini ishlab chiqadi. Maslakdoshi Ubaydulla Xo‘jayev bilan birga “Sadoyi Turkiston” gazetasini tashkil etadi. Ubaydulla Xo‘jayev rus tilida benazir bo‘lsa-da, o‘zbekchasi bir oz sust edi. Shu bois asosiy ish Munavvarqorining zimmasiga tushgan. 1914 – 1915-yillari chiqqan “Sadoyi Turkiston” gazetasida do‘stlari Ubaydulla Xo‘jayev (noshir va bosh muharrir), Abdulla Avloniy (muharrir), To‘lagan Xo‘jamyorov – Tavallo (muharrir), Abdulhamid Sulaymon – Cho‘lpon (avval xat tashuvchi, keyin Andijon bo‘yicha muxbir), Abdurauf Muzaffarzoda (sayyor muxbir), Mirmuhsin Shermuhamedov (muxbir), Shokirjon Rahimiy (muxbir), No‘shiravon Yovushev (sayyor muxbir) bilan birga gazetaning ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy jihatdan yuksak cho‘qqiga olib chiqdi.

Munavvarqori gazetada ishlash bilan cheklanmaydi. U 1915-yil mart oyidan boshlab Toshkentda nashr etila boshlagan “Al-isloh” jurnaliga asos soladi, ayrim sabablarga ko‘ra, jurnalning rasmiy hujjatlarini faqat Abdurahmon Sayyoh Sodiqov nomiga rasmiylashtiradi. Bir qarashda faqat shar’iy savollarga javob berishga mo‘ljallangandek tuyuladigan bu diniy jurnal hadis va oyatlar vositasida istiqlol g‘oyalarini targ‘ib etgan.

Munavvarqori bu bilan kifoyalanmaydi. 1917-yil Fevral inqilobidan keyin “Turkiston viloyatining gazeti"ni Ostroumov changalidan tortib oladi. Munavvarqori ”Turkiston viloyatining gazeti”ni “Najot” deb o‘zgartirdi. Ushbu gazeta faoliyatida xalqning e’tiborini ijtimoiy xorijiy voqealarga qaratgan bo‘lsa, keyinchalik shu gazeta zaminida tashkil etilgan va Turkiston muxtoriyatini tayyorlashda muhim vazifani bajargan “Kengash” gazetasida Zaki Validiy bilan oldinma-keyin muharrirlik qildi.

Munavvarqori – “Turon” jamiyati hamda “Turon” (qisqa muddat ”Turkiston” deb ham atalgan) truppasining tashkilotchilaridan. Bu jamiyat va truppa rasman 1914-yili hukumat ro‘yxatidan o‘tib, tasdiklangan bo‘lsa-da, aslida o‘z faoliyatini 1913-yili boshlagan edi. 1913-yil iyun-iyul oylarida “Turon” truppasi o‘zining norasmiy spektaklini ko‘rsatadi. Truppaning tashkiliy va targ‘ibot ishlariga Munavvarqori faol aralashadi. 1914-yil 27-fevralda Toshkentdagi Kolizey teatri binosida ilk o‘zbek asarlarini sahnalashtirgan o‘zbek milliy teatrining birinchi mavsumi rasmiy ravishda ochildi. Mavsumni rasmiy ochish Munavvarqori Abdurashidxonovga topshirilgan edi. Munavvarqori teatr san’ati xususiyatlarini, dramaturgiyani chuqur bilgan olimdir. Shu bois bu sohada Hamza Hakimzoda Niyoziyga ustozlik qildi.

1917-yilgi davlat to‘ntarilishidan so‘ng, Munavvarqori boshchiligida “Sho‘royi islomiya” siyosiy tashkiloti tuziladi. Keyinchalik uning faoliyatini kengaytirish maqsadida nomini “Turkiston Sho‘royi islomiya jamiyati” deb o‘zgartirishadi. Unga Ubaydulla Xo‘jayev rais, Munavvarqori Abdurashidxonov muovin etib saylandilar. U. Xo‘jayev ko‘p vaqtini safarda o‘tkazgani uchun asosiy ishni Munavvarqori Abdurashidxonovning o‘zi bajarar edi. Bu bilan kifoyalanmay, “Alash”, Markaziy Rossiya tatar-boshqird jamiyatlari, ikkinchi tomondan Turkiston va Buxoro jamiyatlari bilan, uchinchi tomondan mahalliy “Ixtiyot soyuzi” (qozoqlar uyushmasi), “Ittifoq” (tatarlarning uyushmasi) jamiyatlari bilan aloqa o‘rnatgan edi. Xo‘jandda Abdulla Rahimboyev tomonidan tashkil etilgan “Turon” partiyasini ham umumiy ishga jalb eta oldi. Munavvarqori Qo‘qonda tashkil etilgan Turkiston Muxtor Respublikasining tuzilishida qatnashib, hay’at a’zosi etib saylandi, Toshkentda 1917-yil dekabrida o‘tgan mitingda muxtoriyatni qo‘llab-quvvatladi.

Muxtoriyat tugatilgach, 20-yillarda o‘zbek yurtining mustaqilligi uchun kurash vazifasini o‘z oldiga qo‘ygan “Milliy ittihod” va “Milliy istiqlol” yashirin tashkilotlariga rahbarlik qildi. Adibning o‘zi va uning talaygina safdoshlari “Milliy ittihod” Markaziy Qo‘mitasining ruxsati bilan Rossiya federatsiyasi tarkibidagi Turkiston avtonom respublikasi idoralariga ishga kirdilar. Munavvarqori maorif komissarligida ish boshqaruvchi lavozimida faoliyat olib bordi. 1920-yili esa Eski Shahar Maorif bo‘limida inspektor lavozimida ishlaydi. Lekin Munavvarqori komissarlikdan majburan ketkaziladi. Endi u Maorif xalq komissarligi qoshidagi Vaqf ishlari bo‘limi mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatarkan, o‘lkaning barcha shaharlari va yirik qishloqlarida bo‘lib, maxfiy tashkilot ishini yo‘lga qo‘yadi. Shu bois Bokuda o‘tadigan Sharq xalqlari qurultoyiga Turkistonning deyarli barcha shaharlaridan vakillar borishiga erishildi. Boku qurultoyi 1920-yil 1-sentabrda ochildi. Bu qurultoyda Munavvarqori hay’at a’zosi sifatida ishtirok etgan edi.

Munavvarqori va milliy ittihodchilarning orzu-umidi 1924-yili Rossiyaning navbatdagi siyosiy nayrangi – “milliy chegaralanish” o‘tkazilishi bilan barbod bo‘ldi. Katta siyosiy kurash, kuchli harbiy-iqtisodiy kuchga ega bo‘lmagan tashkilot tajribali, harbiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan ustun kuchga qarshi turishga ojiz edi. Bu ojizlik tashkilotni parokandalikka, so‘ng o‘z-o‘zidan tarqalishga olib keldi.

Munavvarqori Abdurashidxonov mustamlakachilarga qarshi kurashning yangi vositasini topadi. Bunda unga maslakdoshlari Saidnosir Mirjalilov, Ubaydulla Xo‘jayev, Tolibjon Musaboyev va boshqalar faol yordam beradilar. “Milliy ittihod” tarqatilgach, mustamlakachilarning faoliyatini xorij matbuoti orqali fosh qilishga o‘tiladi. Bu sohada ular Maskovdagi eski tanishlardan foydalanib, Parijda yashayotgan Mustafo Cho‘qayevga mahalliy rus va o‘zbek matbuoti yuborib turadilar, hatto Angliyaga maxsus odam yuborib ayrim muammolarni hal etishga urinadilar. Maxfiy manba 1925-yil 18-iyulda GPUga quyidagicha ma’lumot beradi: “Shayx Xovandi Tohur daha Rais ko‘cha mahallasida yashovchi Abdulsamad Abdulvohidov, Maqsud Toshmuhamedov Angliyaga odam yuborish uchun o‘ziga to‘q odamlardan 2500 so‘m pul to‘plashdi. Pul shu ikki shaxsda, ular G‘uljadan Umarqorining kelishini poylashyapti. U kelishi bilan vakil jo‘natiladi. Munavvarqori Abdurashidov sayohatdan qaytib keldi, hozir uyida yashayapti”.

Adibning shu yillardagi hayoti iztiroblar va larzalar bilan to‘la o‘tdi. Sho‘ro davlati va uning siyosiy idorasi Munavvarqoriga nafaqat istiqlol yo‘lida, balki xalq ommasini ma’rifatli qilish yo‘lida ham ishlash imkonini bermadi. Uning har bir nafasi hushyor ko‘zlarning nazorati ostida kechdi. Kuni kecha uni izzat-hurmat qilgan kishilar yo yuqori amallarga erishganlaridan keyin, yo GPUning tazyiqi ostida undan yuz o‘gira boshladilar. Unga ishlash imkoniyati berilmadi. Natijada Munavvarqori Toshkentdan Maskovga ketib, o‘sha yerda ishlashni ko‘ngliga tugadi. Shu bois hovli-joyini sotib, pulning bir qismini rafiqasiga, yana bir qismini bir tanishiga qoldirib yo‘lga tushadi.

Maskovda Turor Risqulov, Nazir To‘raqulov hamda bir turkman yigit yordamida “Sharq xalqlarini o‘rganish qo‘mitasi”ga kirib ishlashni va o‘qishni niyat qiladi. O‘sha paytda Maskovda bo‘lgan Akmal Ikromov unga yordam berishni va’da qilib, Toshkentga qaytaradi. Lekin yurtiga qaytgan allomaga hech kim yordam qo‘lini uzatmaydi. U 1927-yili muallimlik bilan shug‘ullanadi. Yil oxiriga yaqin eski xavf va gumon bilan uni o‘qituvchilikdan bo‘shatishadi.

Ilmiy-adabiy merosi. Munavvarqori bir qancha darslik muallifidir. Uning “Adibi avval” (1907), “Adib us-soniy” (1907), “Usuli hisob”, “Tarixi qavm turk”, “Tajvid” (1911), “Havoyiji diniya”, “Tarixi anbiyo”, “Tarixi islomiya” (1912), “Yer yuzi” (1916 – 17), 4 qismdan iborat “O‘zbekcha til saboqligi” (Shorasul Zunnun va Qayum Ramazon bilan birga, 1925–26, 4-qismi musodara qilingan) darsliklari bir necha marta chop etilgan. 1914-yili taraqqiyparvar o‘zbek shoirlarining she’rlarini jamlab, “Sabzavor” nomi bilan nashr etgan.

Munavvarqori ijtimoiy-pedagogik faoliyat bilan birga badiiy ijod bilan ham shug‘ullangan. Uning birinchi hikoyasi “Sadoyi Turkiston” gazetasida “Kichkina felyeton” ruknida chop etilgan bo‘lib, “Bizda hamiyat” deb ataladi. U negadir “Muharram” taxallusini qo‘ygan. Shuningdek, uning “Bizda hamiyat”, “Tug‘ishganlik sevgisi”, “Devpechak”, “Qullikka qanday tushdi?” kabi hikoyalari “O‘zi ham tor edi”, “Yalqovlik yovimizdir”, “Har kim ekkanini o‘rar”, “Himmatli faqir” kabi she’rlari ham matbuotda e’lon qilingan.

Oilasi. Munavvarqori o‘z xotiralarida oilasi haqida xotini va bir qizi bo‘lganligi haqida xabar bergan. U 1926-yili qizi va nevarasi bevaqt vafot etib, O‘zbekiston SSRdan Moskvaga ketar chog‘ida xotinidan ajralgan. Manbalarda xotini va qizining ismi tilga olinmagan. Shuningdek, adib akasi Muslimxoning Muhammad ismli o‘g‘lini asrab olgani to‘g‘risida ham ma’lumot mavjud.

O‘limi. Muallimlikdan chetlatilgach, Munavvarqori qo‘lqop tikib sotish bilan ro‘zg‘or tebratadi. Kun kechirish nihoyatda qiyin bo‘lgani uchun nafaqaga chiqishga harakat qiladi. Maorif komissarligida va ijtimoiy ta’minot idoralarida o‘tirgan shaxslar uni ovora-yu sarson qiladilar. 1929-yil sentabrda u nafaqaga ilinadi. Ammo uning bir so‘m pul olgani noma’lum. 1929-yil 6-noyabrda qamoqqa olinadi. Uyida tintuv o‘tkazilib, barcha hujjatlari, kitoblari hovlisida yoqib tashlanadi. Dastlabki uch oy mobaynida o‘tkazilgan tergovda Munavvarqori ham, sheriklari ham o‘zlarini aybsiz hisoblab, so‘roq varaqasiga imzo chekmaydilar. Ammo davlat siyosiy boshqarmasi sharq bo‘limining boshlig‘i K. Belskiyning shaxsan o‘zi va Agidullin nomli xodimi adibga jismoniy tazyiq o‘tkaza boshlaydilar. 18 – 20 raqamli azobxonalarda konveyer usulida olib borilgan so‘roqlar, uzlatxonada saqlashlar, oddiy insoniy zaruratlardan mahrum qilishlar mahbuslarning irodasini sindirib, so‘roq varaqasiga imzo chekishga majbur qiladi.

Millat fidoyisi bo‘lgan bu siymo nihoyatda g‘ayriinsoniy sharoitda saqlandi. Uning 1930-yil 30-oktyabrda birlashgan davlat siyosiy boshqarmasiga (OGPU) yozgan arizasida: “Hozir qattiq betobman, oyog‘im shishib ketganidan yurolmayman, boshqalarning yordamiga muhtojman. Shu sababli meni umumiy kameraga ko‘chirishingizni yoki shifoxonaga yotqizishingizni so‘rayman”, deb murojaat qiladi. Biroq murojaati javobsiz qoldirilib, yetti oy nur ko‘rmasdan, yolgiz ozi (“odinochka” degan uzlatda) saqlanib, 1931-yil 23-aprelida otiladi.

O.Z.