Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Nazir Sholikorov

(1881 - 1938)

Bolaligi. Nazir Sholikorov 1881-yil Xiva shahrining Ur mahallasida boy savdogar Qurbonniyoz Sholikorov xonadonida dunyoga kelgan edi.

Ma’lumoti. U avval eski maktab va madrasalarda o‘qib ta'lim oldi. So‘ng ota kasbi savdo ishlari bilan Moskva, Peterburg shaharlariga qatnab, rus tilini o‘rgandi. U dunyo kezib, Yevropa madaniyati, ilm fani yutuqlari bilan juda erta tanishgan.

 Меhnat faoliyati. Nazir 1904-yil tashkil etilgan “Jamiyati xayriya” uyushmasiga birinchilardan bo‘lib a'zo bo‘ldi. Tashkilotning asosiy maqsadi o‘lkada jadid maktablarini ochish va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini keng tarqatishdan iborat bo‘lgan.

1914-yil avgustda “Yosh xivaliklar” partiyasining shakllanishida Nazir Sholikorov Polvonniyoz hoji Yusupov, Boboniyoz Jumaniyozov, Husaynbek Matmurodov, Bobooxun Salimov kabi insonlar bilan bir safda bo‘ldi.

1917-yil 23-may kuni Isfandiyorxon va uning tarafdori tomonidan “Irodai mashrutiya” tarqatilib, uning a’zolari qamoqqa olinadi. Keyinchalik Nazir Sholikorov ham boshqa “Yosh xivaliklar” partiyasi vakillari qatorida “dinsizlikda” ayblanib qozi sudiga topshiriladi. Shundan so‘ng u xonlik hududini tark etib Toshkentga chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Biroq, bir zum bo‘lsin, kurashdan to‘xtamadi.

1920-yil 27-30 aprel kunlari o‘tkazilgan Butun Xorazm xalq vakillarining 1-qurultoyida Xiva xonligi tugatilib, vohada sovet respublikasi e’lon qilindi. Nazir Sholikorov mazkur hukumatda dastlab Xorijiya noziri, so‘ng Ichki ishlar noziri lavozimlarga tayinlandi. Shuningdek, Xorazm Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati Adliya nozirligi qoshida tuzilgan militsiya boshqarmasi boshlig‘i va Xiva shahar mudofaa bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritib keldi.

Oilasi. Nazir Sholikorov 1937-yil avgustda qamoqqa olingan vaqtda turmush o‘rtog‘i Bibijon (42 yosh), qizlari Azizaxon (18 yosh), Hojarxon (9 yosh), Soraxon (6 yosh), o‘g‘li Fayzulla (4 yosh) hamda kenja qizi Maryamxon (4 oylik) bo‘lgan.

O‘limi. “Yosh xivaliklar” partiyasi a’zosi, savdogar burjua qatlam vakili sifatida sovet idoralari tomonidan yana ta’qibga olina boshlaydi. 1930-yilga kelib Nazir Sholikorov og‘ir ahvolga tushib qoladi. 1933-yilda qamoqqa olinib, 5 oy davomida qamoqda bo‘ladi.

Nazir Sholikorov 1937-yil 16-avgust kuni Xorazm okrug Ichki ishlar xalq komissari bo‘limi boshlig‘i Kalmikovning qarori asosida yana qamoqqa olinadi. Uning Xiva shahri, 1-uchastka 2-elat, 314 xonadonida tintuv o‘tkazilib, uydan pasporti va boshqa 100 varaqdan ortiq xat, yozishmalari, hujjatlari, 75 ta turli suratlar olib ketiladi.

Nazir Sholikorov ayblov bayonnomasida O‘zSSR JKning 57-modda 1-qismi, 58, 64, 67-moddalari bilan ayblandi. Nazir Sholikorov 1938-yil 4-oktyabr tunida otib tashlandi.