Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Niyoz Rajabzoda

(1898 - )

Bolaligi. Niyoz Rajabzoda 1898 yil Buxoro shahrining Usmonxo‘ja guzarida dunyoga kelgan. Otasi Rajab Abdurahmon o‘g‘li astraxanlik o‘zbeklardan bo‘lib, Buxoroga madrasada o‘qish uchun kelgan. O‘qishni yakunlagach, Buxoroda qolib mudarrislik qilgan va buxorolik qizga uylangan. O‘g‘li  Niyoz dunyoga kelgach, uni voyaga yetkazib, avval jadid maktabida, so‘ng rus-tuzem maktabida o‘qitgan.

Faoliyati. Niyoz Rajabzoda madrasa tahsilini olib o‘z davrining yetuk insonlaridan biriga aylandi. Jadid maktablarida muallimlik qilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalida, shuningdek, “Maorif va o‘qitg‘uchi” jurnalida maktab, maorif ishlari, tarbiya, musiqa, pedagogikaga oid maqolalari nashr qilingan.

Niyoz Rajabzoda Buxoro Xalq Jumhuriyati tuzilgach, Abdurauf Fitrat tashkil etgan musiqa maktabida ish boshlagan. Niyoz Rajabzoda 1922 yili Moskvaga ilm olish uchun yuboriladi. Sakkiz oy davomida pedagoglar kursini yakunlab, Buxoroga qaytadi va musiqa maktabida mudir etib tayinlanadi.

O‘zbekiston SSR tuzilgach, Niyoz Rajabzoda Maorif Vazirligi qoshidagi “Davlat ilmiy kengashi”ga ishga taklif etiladi.

Oilasi. Turmush o‘rtog‘i Masturaxon 1912 yili tug‘ilgan, singlisi Saodatxon 1923 yili tug‘ilgan. O‘g‘illari Mahmudjon (1927 yil tug‘ilgan), Hakimjon (1931 yilda tug‘ilgan)lardan iborat bo‘lgan. 1932 yil Niyoz Rajabzodaning otasi Rajab Abdurahmonov oltin savdosi bilan shug‘ullangan degan ayblov bilan hibsga olingan va besh oy davom etgan qiynoqli tergovlar vaqtida vafot etgan.

Vafoti. 1937 yil qatag‘onlar to‘lqini boshlangan vaqtda Buxoro shahridagi 2-pedagogika bilim yurtida ona tilidan dars berayotgan Niyoz Rajabzoda bir necha marotaba so‘roqqa tortiladi. “Katta qirg‘in” qatag‘onidan qutilib qolgan Niyoz Rajabzoda 1941 yil dekabrda safdoshlari bilan qamoqqa olinadi. 1942 yil 11 – 17 noyabr kunlari ularga nisbatan otuv hukmi e’lon qilinib, keyinroq 10 yillik mehnat tuzatish lageri bilan almashtirildi. Keyingi taqdiri hozircha noma’lum.

(D. J.)