Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

No‘shiravon Yovushev

(1885 - 1917)

Bolaligi. No‘shiravon Yovushev 1885-yili hozirgi Boshqirdistonning sobiq Ufa guberniyasi, Boloboy uezdi, Bogdoy volostidagi Monal nomli qishloqda tavallud topgan.

Ma’lumoti. Maktab yoshiga yetgach, qishloqdan 3-4 chaqirim uzoqlikdagi Urazayboshi qishlog‘idagi maktabga qatnagan. Bu yerda 1906-yilgacha tahsil olib, 1907-yildan Ufadagi Madrasai Oliyada o‘qigan. Mazkur o‘qishni bitirgach, Qozog‘istondagi qozoq bolalariga taʼlim bergan. So‘ng Turkistonga kelib, Toshkent, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona va Sharqiy Turkiston yerlariga sayohat qilgan . Mazkur sayohatlari davomida Turkistonnning bir qator shahar va qishloqlarining geografiyasi, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotiga oid ko‘plab maʼlumotlarni jamlagan.

Mehnat faoliyati. 1917-yilning fevral inqilobidan so‘ng No‘shiravon Yovushev o‘lkada olib borilgan maʼrifiy-tashkiliy ishlarda ham qatnashgan. Jumladan, 1917-yilning noyabr oyi boshlarida Toshkent shahrida “Ittifoq”, “Nashri maorif”, “O‘qituvchilar to‘garagi” uyushmalarining tashabbusi bilan Xalil Shirinskiy raisligida kitobxona va qiroatxona ochilgan va No‘shiravon Yovushev unga kotib etib tayinlangan. Mazkur muassasa faoliyati asosiga oqartuv, kutubxona va qiroatxona ishlarini bir tartibga solish kabi vazifalar qo‘yilgan. Buning uchun o‘n besh kishidan iborat alohida bir hayʼat tuzilgan bo‘lib, mazkur hayʼat aʼzolari tomonidan turkcha-tatarcha va boshqa tillardagi gazeta, jurnal va qimmatli qo‘lyozma asarlarni yig‘ish, Turkistondagi o‘lkadagi osori-atiqalarni saqlash hamda mazkur kitobxona yonida milliy muzey ochilishi ko‘zda tutilgan.

No‘shiravon Yovushevning zamondoshi etnograf Аbubakir Divayevning quyidagi so‘zlaridan u haqda bir muncha tasavvur hosil qilish mumkin: “... No‘shiravon afandini nechundir ulug‘simoq qort kishidur deb o‘ylar edim. Ushbu yil may oyi kunlarining birida uyda o‘tirgan chog‘imda eshikda birov zvonok shoduratdi. Qarshiga chiqdim. Ustina joyki pidjak troykasi, boshina solomdan ponama shlyapasi kiygan, yuzi quyoshda pishgan, lekin ko‘rinishidan muloyim qiyofatli bir yosh yigit ko‘rdim. Bu kishi men ko‘pdan beri ko‘rarga tilagan No‘shiravon afandi bo‘lib chiqdi. Аvval boshda u menda favqulodda uyatchan ham yuvvosh tabiatli kishi taasurotin qoldirdi. Oning kishi bilan muomalasi ishonmasliq darajada yumshoq, ham yaxshi edi...”.

Rossiyada davlat boshqaruvi sovet hokimiyati qo‘liga o‘tgan dastlabki vaqtlarda No‘shiravon Yovushev Sharqiy Turkistonda bo‘lgan. Sharqiy Turkistondan so‘ng Hindistonga borishni rejalashtirgan No‘shiravon Yovushev mazkur safari oldidan Toshkentga kelgan va Toshkentda askarlik xizmatiga olingan. Bir necha oy xizmatda bo‘lib, Toshkentda o‘ttiz ikki yoshida vafot etgan. Аfsuski, hozircha uning o‘limi sabablari haqidagi maʼlumotni ham uchratmadik.

Ilmiy-adabiy merosi. N. Yovushev bilan bog‘liq materiallar yig‘indisi esa uning bir necha adabiy, tarixiy asarlar hamda bir qancha maqolalar muallifi ekanligini ko‘rsatdi.

Jumladan, No‘shiravon Yovushevning zamondoshlaridan biri uning sayohatga ketganda yo‘ldan “Sadoi Turkiston”ga ikkita kitob yuborgani haqida yozadi. Birinchisi, asl nusxasidan ko‘chirib olgan Аlisher Navoiyning “Vaqfnoma”si, ikkinchisi esa “o‘z qo‘li bilan yozilgan yaxshigina bir adabiy asar”i bo‘lgan.

Matbuot sahifalaridagi maʼlumotga ko‘ra, 1917-yilning kuzida harbiy xizmatda bo‘lgan No‘shiravon Yovushev vafot etgach, Turkiston 1-qorovul batalyonidagi askarlarning umumiy yig‘ilishi harbiy kazarmada qolgan marhumning narsalarini sotish masalasida qaror chiqargan . Ular orasida N. Yovushevning 2-3 qadoq og‘irligidagi daftar va yozuvlari bo‘lib, ular Turkistondagi tatarlarning markaziy byurosi idorasiga topshirilgan . Biroq, uning bu qo‘lyozmalari taqdiri ham nomaʼlumligicha qolmoqda.

  1. Yovushev taxminan olti yilcha umrini Sharqiy Turkistonda o‘tkazib, Xo‘tan, G‘ulja, Qashqar va boshqa yerlarni o‘rganish bilan ham shug‘ullangan. Maʼlumotlariga ko‘ra, No‘shiravon Yovushev o‘z sayohatlari davomida baʼzi tarixiy asar va manbalarni ham jamlab yurgan. Jumladan, yuqorida tilga olingan N. Sayfulmulkning yozishicha, uning “Olti shahar tarafidan olib qaytgan va xitoychadan tarjima qildirib olgan bir “Tarixi” bo‘lgan. U o‘zbek tilida yozilgan qalinroq asar bo‘lgan.

No‘shiravon Yovushevni yaqindan bilgan kishilardan yana biri – g‘uljalik Toshmuhammad Inʼomboev ham uni “Olti shahar sayohatiga ketishdan avval G‘uljada bir necha kunga qolib, tarixiy narsalar izlagani, G‘uljadan 50 chaqirim yerda eski yozma tarixlar borligini eshitgach, bir kishi bilan u yerga borib, bir necha kunlardan so‘ng manju tilida yozilgan eski yozma tarix topib kelganligini, bu yozma tarix o‘z qo‘lida saqlanayotganligini” maʼlum qilgan.

“Ulug‘ Turkiston” gazetasi esa, 1917-yilning noyabr oyi boshida N. Yovushev tomonidan teran milliy hissiyot bilan yozilgan “Chingizxon” nomli to‘rt pardalik tarixiy pʼesasining risola ko‘rinishida chop etilgani haqida xabar bergan.

Shu o‘rinda No‘shiravon Yovushevning tarix haqida bildirgan fikrlarini alohida taʼkidlab o‘tish lozim. Maʼlumki, XX asr boshlarida yashagan Turkiston taraqqiyparvarining ilg‘or vakillari xalq maʼnaviyatini yuksaltirishda ajdodlar merosi, tarixiy xotira muhim ahamiyat kasb etishini o‘zlarining asar va maqolalarida ko‘p bora tilga olganlar. N. Yovushev ham milliy qadriyatni o‘z mamlakati tarixini o‘rganishdan boshlanishini chuqur anglab, milliy tarixni yaratish dolzarb masalalardan biri ekanligini alohida taʼkidlaydi. “Millatning butun ahvoli ruhiyasi, jamiyati bashariya va hayoti-ijtimoiyada o‘ynagan roli tarix vositasi bilan bilinadi , – deb yozadi u. Tarixni bilmaslikning zararini quyidagi misol bilan tushuntiradi: “Tarixini bilmagan millat otasini tanimagan, ahloksiz ayoldan tug‘ilgan farzandga o‘xshaydi: uni odamlar istagan qadar tahqir qiladi, bu bola kelajakda, ota-bobolarini bilmagani uchun odamlar tomonidan qilingan haqoratlardan va unga otilgan yomon so‘zlardan o‘zini oqlashga ojiz qoladi, turli haqorat va tahkirlarni bo‘yniga olmoqqa majbur bo‘ladi” . Uning Turkistonning boy va qadimiy tarixiy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va ularni kelajak avlodga yetkazish bilan bog‘liq mulohazalarini ko‘plab uchratish mumkin.

No‘shiravon Yovushevning nashrlari orasida xilma-xil mavzudagi maqolalar salmoqli o‘rin tutadi. 1915-1917-yilar davomida faoliyat olib borgan turli matbuot sahifalarida uning “No‘shiravon Yovushev”, “No‘shi”, “N. Yo”, “Musofir N.Yo” ism, sharif hamda taxalluslarda berilgan yuzdan ortiq maqolalari mavjudligi aniqlandi. O‘ttiz ikki yoshli taraqqiyparvarning bu qadar ko‘p nashrlar muallifi ekani taxsinga sazovor. O‘z davrida А.Divayev ham uning vafotidan so‘ng, uning maqolalarinining ravon va sodda tilda yozilganligi hamda ko‘pligidan hayratlanib yozgan edi.

Muallifning Turkistonning bir qancha shahar va qishloqlari tarixi, geografiyasi, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotiga bag‘ishlangan maʼlumotlarini o‘z sahifalarida berib borgan milliy nashrlardan biri «Cadoi Turkiston» gazetasidir. Gazeta sahifalarida 1914-1915-yillar mobaynida uning Farg‘ona, Аndijon, Toshkent, Chimkent, Аvliyoota, Pishpek, Marki, Yorkent va Turfonga qilgan sayohatlari bayoni – o‘n besh qismdan iborat “Sayohat parchalari” chop etilgan.

 U turli mavzulardagi maqola va sayohatlari taasurotlarini Rossiya imperiyasining turkiy xalqlari orasida mashhur bo‘lgan “Sho‘ro” jurnali hamda “Vaqt”gazetasida ham nashr ettirgan. Jumladan, “Sho‘ro” jurnalining o‘zida 1915-yildagi sonlarida o‘n to‘rtta, “Vaqt” gazetaning 1916-1917-yillardagi sonlarida uning yigirmaga yaqin maqolasi o‘rin olgan . Taraqqiyparvarning mazkur maqolalari va sayohat xotiralarini tahlil qilar ekanmiz, ularda millat ravnaqi, xalq farovonligi va mamlakat rivoji bilan bog‘liq keng qamrovli masalalar muhokama etilganini ko‘ramiz. Jumladan, muallifning maorif masalalariga oid maqolalarida eski taʼlim tizimidan voz kechish va yangi zamonaviy taʼlim usulini hayotga tadbiq etish yo‘lidagi yutuq va kamchiliklar, maorif tizimining moddiy va maʼnaviy jihatlari xususida so‘z yuritilgan.

Uning XX asr boshlarida Sharqiy Turkistonda yashovchi xotin-qizlar va ularning jamiyat hayotida tutgan o‘rniga bag‘ishlangan maqolasi orqali “Idda saqlash” odati misolida turmushidan ajragan ayollarning murakkab turmush tarzini ochib berishga urinilgan bo‘lsa , “Sayohat parchalarida” ko‘p marotaba muallif tomonidan din peshvolarining va aholining mozorlar va ziyoratlardagi bidʼatlar bilan bog‘liq harakatlari qoralanadi.

No‘shiravon Yovushevning iqtisodiy masalalarga oid qarashlari ham alohida ahamiyatga ega. Ularda iqtisodiyotni kemiruvchi illatlar, savdo tijorat ishidagi muammolar hamda kelgusidagi istiqbolli rejalar haqida qizg‘in fikrlar bayon qilinadi . Masalan, “Turkistonda tijorat va ziroat” nomli maqolasida so‘nggi yillarda Turkistonda savdo va tijorat ishlarining holatini tahlil qiladi. Muallifning fikricha, savdo va tijoratdagi muammolarning bir necha sababi mavjud bo‘lib, ular orasida eng muhimlari biri – nasiyadir. U savdogarlarni bir daraxtga, nasiyani esa bu daraxtni qurituvchi kasallikka o‘xshatadi . “Kichik savdogarlardan boshlab Moskva, Varshava firmalariga qadar shu mudhish baloga mubtalo bo‘lmishlar. Nasiyaning unmay qoluvining sababi – xalqning faqirligidan kelur. Xalqning kambag‘al va faqir bo‘lishining sababi – ziroat ishiga ahamiyat berilmasligidur. Аholimizning ko‘prog‘i va balki hammasi ilmsiz va aqchasiz ko‘ylarincha savdogar bo‘lishni xushlaydilar. Shul sababdan muvafaqqiyatsiz savdogarlar ko‘payib, dehqonlar esa ozayib turmakdadurlar. Yerlarga ariq qazib suv chiqarib, eskirgan yerlarni yangi asbob va mashinalar bilan ishlansa, tez zamonda iqtisodiy kuchga molik bo‘lishimiz muqarrar. Chunki nasiyadan xalq qutulur, topgan aqchalarning hammasi o‘z cho‘ntaklarida qolur. Ziroat ishlarimiz taraqqiy qilib asta sekin quvvat olsa ohista-ohista sanoat ishlarini ham o‘z qo‘limizga olurmiz. Maishiy asboblar uchun Moskovlarga borib yururga ehtiyojimiz ham qolmas. Ul chog‘da ajnabiy va yevropalilar o‘zlari Turkistonga keladurgon bo‘ladurlar” , – deb yozadi va ziroat ishiga alohida ahamiyat qaratish kerakligini uqtiradi. U Turkiston yerlarini muhojirlar qo‘liga o‘tib ketganining eng asosiy sababini ham mahalliy aholining o‘z yerlaridan unumli va samarali foydalanmasliklari oqibatida kelib chiqqan, o‘z yerlariga ega bo‘lish va ajnabiy kishilarga qaram bo‘lmaslik uchun esa eng avvalo yerli xalq dehqonchilik, savdo va tijorat ilmini yaxshilab o‘zlashtirishlari va zamonga qarab ish ko‘rishlari lozim , deb hisoblaydi.

Muallifning “Xitoy va Rusiya turkistonlilari orasidagi munosabat”, “Turkiston Chini va inqilob” deb nomlangan maqolalalarida ham iqtisodiy muammolar: har ikki tomon savdogarlarining mol almashish munosabatlariga bevosita taʼsir qiluvchi pochta-telegraf bilan bog‘liq muammo hamda ikki tomon savdogarlari orasida kelishmovchilik va buning sabablari muhokama qilingan.

 Rossiyada kechgan 1917-yil fevral voqealaridan so‘ng, o‘z maslakdoshlari qatori No‘shiravon Yovushevning milliy matbuot sahifalaridagi maqolalarida siyosiy masalalar ko‘proq tilga olinganligini ko‘rish mumkin. O‘sha davrda jadidchilik harakati namoyondalari bilimlarni, madaniy yutuqlarni tez va keng tarqalishini taminlashda matbuotning o‘rni katta ekanligini alohida taʼkidlaganlar. No‘shiravon Yovushevning matbuotga oid qarashlari ham bunga yana bir bor misol bo‘la oladi. Uning “Turkiston musulmonlari va matbuot”, “Musulmon matbaasi”, “Matbuot tilin birlashtiruv”, “Inqilobdan so‘ng matbuotimiz” kabi maqolalarida aholining ijtimoiy-milliy masalalarga oid maʼlumotlar bilan tanishishlarida, milliy til, odat va adabiyotlarni qaytadan tiklashda muhim o‘rin tutuvchi milliy matbuotga alohida eʼtibor qaratish lozimligini alohida taʼkidlaydi.

 Maʼlum bo‘lishicha, N. Yovushev Rossiyada Fevral inqilobi bo‘lgan paytda Xitoyning Qashqar shahrida bo‘lgan. U o‘zi sayohat qilgan Sharqiy Turkistonda kechgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni diqqat bilan kuzatib borib, o‘z taassurotlarini bir necha maqolalari orqali aks ettirgan. Jumladan, “Konsulxonalarimiz haqinda” nomli maqolasida Qashqardagi eski tartibdagi boshqaruv tizimini yangilash talabi bilan chiqqan bo‘lsa , “Qashqarda harakat” nomli maqolasida bu yerda yangi boshqaruv tizimini o‘rnatish uchun yosh taraqqiyparvarlar tomonidan olib borilgan harakat, bu harakatlarga “eskilik tarafdorlari”ning munosabati haqida so‘z yuritiladi. Maqolada oqsoqollarining ilg‘or fikrli yoshlarga, umuman mamlakat siyosiy jarayonlariga nisbatan yondoshuvlari salbiy baholanadi.

  1. Yovushevni Rossiya Turkistonida kechayotgan siyosiy jarayonlar ham befarq qoldirmadi. Uning Turkistonda tuzilajak milliy demokratik davlatni vujudga keltirish bilan bog‘liq qarashlari bunga misol bo‘la oladi.

1917-yil 16-aprelida “Sho‘roi islom” tashabbusi bilan o‘tkazilgan o‘lka musulmonlarining I qurultoyida Rossiyaning kelajakdagi idora usuli muhokama etilgan asosiy masalalar qatoridan o‘rin oldi. Mazkur masala yuzasidan Munavvar Qori, Аhmad Zaki Validiy, M. Behbudiy, Bekbo‘lat, Sh. Lapin va K. Bakirlar so‘zga chiqdilar. Ular alohida idoralar va ularning tutgan yo‘llari, ulardan qaysi biri Turkistonga manfaatli ekanligini majlisdagilarga tushuntirdilar. Аhmad Zaki Validiy, M.Behbudiy, O. Mahmudov, M. Tanishboev, V. Chaykinlar federatsiya g‘oyasini yoqlashgan bo‘lsa, Munavvar Qori, U.Xo‘jaevlar dastlab federatsiya g‘oyasiga qo‘shilmagan bo‘lsalarda, so‘ngra ular o‘z g‘oyaviy yo‘nalishlarini o‘zgartirib, federalistlar qatoriga o‘tishgan. S.Maqsudiy, K.Bakirlar esa demokratik respublika tarafdorlari sifatida o‘z fikrlarini bildirganlar . K.Bakirning fikricha, “Turkistonga avtonomiya berilgan taqdirda ham o‘lkaning siyosiy-ijtimoiy jihatdan idora qila oladigan mahalliy kadrlar hali yetishib chiqmagan va ularning yaqin vaqt ichida yetishib chiqishi muammo bo‘lib, tajribasizlik orqasida halokatga uchrash mumkin, shuning uchun hozircha demokratik respublika uchun harakat qilish kerak” edi. N. Yavushev esa, Turkistonning muxtoriyatga erishishini hozirgi holatda mumkin va foydali deb hisoblagan. Uning fikricha, muxtoriyatni vujudga kelganidan uni boshqarishda to‘siq tug‘diradigan moddiy va maʼnaviy kuchlar, maorif, sanoat, qurol va pul masalalaridagi qiyinchiliklar mavjudligini eʼtirof etgan holda, ularni o‘n yildan oshmagan muddatda bartaraf etish mumkin deb hisoblagan. Turkistonga muxtoriyat olish uchun “yaroqli kishilar yo‘q va xalqni bunga tayyor emas”, deb hisoblovchilarga Turkiston xalqi bir zamonlardagidek ongsiz va maʼrifatsiz emasligi, bundan qirq yil avval “Yaqubbekdek madrasa ko‘rmagan bir zotning butun Sharqiy Turkistonni o‘z idorasiga olgani va bu yo‘lda erishgan muvafaqqiyatlari”ni ibrat qilib ko‘rsatadi.

1917-yil iyun oyida Toshkentga kelgan No‘shiravon Yovushev bu yerdan olgan taasurotini “Vaqt” gazetasida “Toshkent xotiralari” nomli maqolasi orqali bayon qilgan. Maqola mazmunidan anglanishicha, bu yerdagi ahvol uni qoniqtirmagan. U Toshkent shahar aholisining avvalgidek “jaholat va qorong‘ulik ichida” ekanidan qayg‘urib, “Ittifoq” jamiyati hamda yoshlarning milliy vazifalarga yetarlicha eʼtibor qaratmayotganliklarini tanqidiy baholaydi” , “Sho‘roi Islom” va “Sho‘roi Ulamo” jamiyatlari o‘rtasidagi ittifoqsizlikka o‘z munosabatini bildiradi. Mazkur ikki tashkilot o‘rtasida vujudga kelgan ittifoqsizlikka munosabat “Turkiston ahvoli” nomli maqolasidan ham o‘rin olgan. Unda asosiy eʼtibor taraqqiyparvarlarni idora ishlaridan chetlashtirishga urinayotgan ulamolarga qaratilib, “Sho‘roi Ulamo” jamiyatning bunday harakati salbiy baholanadi. Muallif hokimiyatning ulamolar qo‘liga o‘tishiga qarshi chiqadi. U hokimiyat ular qo‘liga o‘tgudek bo‘lsa, Turkiston xalqi imperiya hukumati davridan ham qo‘rqinchliroq holga mahkum bo‘ladi , – deb hisoblaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, N. Yovushev maqolalarida Turkistonning taraqqiyoti va porloq kelajagi bilan bog‘liq ilg‘or g‘oyalar ilgari surilgan. No‘shiravon Yovushevning yuqorida tilga olingan mazmun jihatdan boy va keng qamrovli nashrlari tahlili sovet hokimiyatining dastlabki yillaridagi butun Turkiston hududida kechgan ijtimoiy siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlarni tassavvur qilish imkonini beradi.

Oilasi. Oilaviy hayotiga haqida bizga maʼlum bo‘lgan maʼlumot N. Yovushevning Sharqiy Turkistonning Kuchor va Xo‘tan shaharlarida yashagan kezlarida ikki marta uylangani va u yerda bir yoki ikki bolasi ham bo‘lgani to‘g‘risidagi kichik bir xabar dan iborat xolos.

O‘limi. Turkiston muxtoriyatining vujudga kelishi arafasida Turkiston jadidchiligi harakatining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biriga aylanib ulgurgan hamda o‘zining amaliy ishlari bilan Turkiston xalqiga bo‘lgan hurmati, sadoqati va fidoiyligini namoyon qilgan taraqqiyparvar No‘shiravon Yovushevning hayoti va faoliyatini to‘laligicha tadqiq qilish, uning avlodlarga qoldirgan merosini xalqqa yetkazish tarixchilar oldidagi vazifalardan biridir. No‘shiravon Yovushev 1917-yili og’ir kasalga chalinib vafot etgan.

(O.Z.)