Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Qayum Ramazon

(1900 - 1938)

Bolaligi. Tilshunos olim va pedagog Qayum Ramazon 1900-yilda Toshkentning Kallaxona mahallasida tugʻilgan. Uning bobosi Zufarboy Toshkentning taniqli savdogarlaridan bo‘lgan. Otasi Ramazonboy (1875-1939) savdo ishlari bilan shugʻullangan. Sovet hokimiyati yillarida teri zavodida terilarni joylovchi, onasi Masturaxon (1875-1916) maktabda qizlarga dars bergan.

Ukasi Abdusamad (1908-1971) Narimonov nomli pedagogika texnikumida (1922-1926), Samarqand pedagogika oliy maktabida (1927-1931) taʼlim olgan. U dastlab Davlat Ilmiy Kengashida 7 oy ishlagan. So‘ng 1932-yilda Meditsina institutiga assistent bo‘lib ishga kirib 1943-yilgacha o‘z faoliyatini olib borgan. Shuningdek, qo‘shimcha Toshkent Pedagogika institutida (1936-1941) biologiya fanidan dars bergan. Shu bilan birga, Toshkent farmatsevtika institutida (1937-1943) ham faoliyat yuritgan.

Qayum Ramazonning yana bir ukasi Abdusalom (1914-1991)esa yangi usul va rus-tuzem maktabida o‘qigan. U 1927-yilda Namanganda ro‘y bergan zilziladan keyin namanganliklarga yordam berish uchun o‘rtoqlari bilan Toshkentda xayriya ishlarini tashkil etib yigʻilgan yordamni Namanganga olib borgan. O‘rta Osiyo Davlat universitetining fizika-matematika yo‘nalishida taʼlim olgan. Abdusalom 3-kursligida xalq dushmanining ukasi sifatida o‘qishdan haydalgan. Shu vaqtlarda u Yangi yo‘ldagi maktablardan birida o‘qituvchilik qilgan. Ikkinchi jahon urushi boshlangan payt u ham armiyaga olinib urushga ketgan. Fors tilini yaxshi bilgani uchun u maxsus bo‘limga olingan. Uni Afgʻonistonda nemis va yapon josuslariga qarshi kurashga yuborilgan. Afgʻonistonda u “Povar” laqabi bilan ish olib borgan. Urushdan qaytgach Chorsudagi 1-sonli dorixonada gʻaznachi bo‘lib ishlagan.  

Maʼlumoti. Qayum Ramazon boshlangʻich taʼlimni jadid maʼrifatparvari Eshonxo‘ja Xoniy tomonidan tashkil etilgan “Xoniy” nomli yangi usul maktabida olgan. Maktabni tamomlagach madrasada tahsil oladi. So‘ng 1912-1916-yillarda Munavvarqori Abdurashidxonovning “Namuna” maktabida o‘qigan. O‘z ilmini yanada oshirish maqsadida  Istanbulga yo‘l oladi. Biroq chegaradan o‘ta olmagach, Ozarbayjonning Boku shahridagi pedagogika texnikumida til-adabiyot yo‘nalishida taʼlim olib 1917-yilda Toshkentga qaytadi.

Faoliyati. Qayum Ramazon dastlab 1918-yilda Xadrada tashkil etilgan o‘qituvchilar tayyorlash kursida muallimlik qilgan. Uning keyingi faoliyati Toshkentda 1919-yilda Abdurauf Fitrat boshchiligida tuzilgan “Chigʻatoy gurungi” tashkilotida o‘tgan. Bu jamiyat Turkistondagi eski va yangi turkiy asarlarni to‘plash, turkiy til uchun materiallar jamlash, lugʻat va adabiyot dunyosini boyitishni o‘z oldiga maqsad qilgan edi. Ushbu jamiyatdagi faoliyati davrida unga Abdurauf Fitrat “O‘ktam” taxallusini bergan. U “Chigʻatoy gurungi” tashkiloti ishlarida ishtirok etib o‘zbek tili grammatikasini puxta o‘rganadi. Shu bilan birga uning asosiy faoliyati Toshkent eski shahar maorif bo‘limida davom etadi. U nazoratchi sifatida maktablardagi til-adabiyot darslari metodikasini ishlash, maktablar faoliyatini nazorat qilish vazifasini bajargan. Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy ijroiya qo‘mitasi qoshidagi yangi o‘zbek alifbosi Markaziy Qo‘mitasi aʼzosi bo‘lib ish olib borgan. O‘sha davrda Toshkentda nashr etilgan “Qizil bayroq”, “Turkiston” gazetalarida ham ishlagan. 1922-yil mart oyida Fitrat va Po‘lat Soliyev bilan birga “Eski tarixiy materiallarni tekshirish” komissiyasi tarkibida Buxoroga borgan. U yerda eski tarixiy yodgorliklarni o‘rganish va folklor materiallarni to‘plash ishlarida qatnashgan.

Qayum Ramazon muallimlik va gazetadagi faoliyati bilan birga teatr sahnalarida artistlik qilgan. Xususan, Tangriqul Maqsudiyning “Turkiston vatanparvarlari” asarida Arslonbek, Fitratning “Turon” teatrida qo‘yilgan “O‘gʻuzxon” tarixiy asarida chol, “Temur sagʻanasi” dramasida yigit, Hamzaning “Boy ila xizmatchi” dramasida Qozi obrazlarini yaratgan. Shuningdek, Qayum Ramazon teatr tanqidchiligining ham bilimdoni bo‘lgan. U 1921, 1923, 1926, 1929-yillarda Toshkent, Buxoro, Samarqandda o‘tkazilgan til-imlo masalasidagi anjumanlarda ishtirok etgan. 1934-1937-yillar mobaynida Til va adabiyot institutida dotsent lavozimida ilmiy faoliyatini olib borgan.

Ilmiy-adabiy merosi. Qayum Ramazon XX asrning 20-yillaridagi milliy matbuotda ijtimoiy, madaniy va til-imlo masalalariga bagʻishlangan maqolalari bilan ishtirok etdi. Uning “O‘qituvchilarimiz”, “Tilimizning shakllanishi”, “O‘rta Osiyo o‘zbeklarining imlo konferensiyasi munosabati bilan”, “Xotinlar masalasi” kabi ko‘plab maqolalari “Qizil bayroq”, “Turkiston”, “Qizil O‘zbekiston” gazetalari va “Maorif va o‘qituvchi” jurnallarida nashr etilgan. Shuningdek, u “Ona tili” (1918, hammualliflikda), “O‘zbek tili saboqligi” (1925, hammualliflikda), “Yer yuzidagi tillar orasida o‘zbek tili” (1930), “O‘zbek tili imlo qoidalari” (1931), “O‘zbek adabiy tilining birlashgan imlosi qoidasi” (1934), “Sarf” (1937) kabi asarlarni yozib nashr ettirgan. 

O‘limi. Qayum Ramazon 1937-yil 12-iyulda “aksilinqilobiy”, “millatchi” “Milliy ittihod” tashkiloti aʼzosi sifatida qamoqqa olinadi. Shuningdek, unga “aksilsho‘roviy” darsliklarni yozgan, “chet el josusi” sifatida ayblangan ziyolilar bilan yaqin aloqada bo‘lgan kabi ayblar qo‘yiladi. Uning sud ishi 1938-yil 5-oktabr soat 1320 da boshlanib 1340 da yakunlanadi. Ushbu sudga ko‘ra Qayum Ramazon o‘lim jazosiga hukm etiladi. Ammo uni 1938-yil 4-oktabrda Toshkentda otib bo‘lingan edi. 

Ukasi Abdusamad Ramazonov 1945-yil 18-mayda sovet hukumatiga qarshi tashviqot olib borganlikda ayblanib qamalgan. 1946-yil 11-dekabrdagi Moskvadagi MVD qo‘shinlari Harbiy prokurori maxsus kengashi qaroriga muvofiq 5-yilga “mehnat tuzatish lageriga”  va yana to‘rt yil surgunga jo‘natiladi. 1957-yil jazoni o‘tab Toshkentga qaytadi.

A.Y.