Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Sadriddinxo‘ja Sharifxo‘jayev

(1877 - 1944)

Bolaligi. Sadriddinxo‘ja 1877-yil Toshkentning Mergancha mahallasida taniqli ulamo va qozikalon Sharifxo‘ja eshon xonadonida dunyoga kelgan. Аvval eski maktabda, so‘ng Toshkentdagi Yunusxon madrasasida o‘qiydi. Zamona zayliga muvofiq Toshkentdagi birinchi sonli 4 yillik rus-tuzem maktabiga kirib, Ovro‘po ilm-fani yangiliklari bilan tanishadi, rus tilini mukammal o‘rganadi. Shundan so‘ng Buxoroga yo‘l olib, 1905-yilgacha Mir arab madrasasida tahsilni davom ettiradi. Sadriddinxon bu vaqtda jadid taraqqiyparvarlik gʼoyalari bilan tanishadi. Toshkentga qaytgach Yunusxon madrasasida mudarris va imomlik qiladi. 1914-yildan Eshonquli madrasasida bosh mudarris va mufti rutbasini oladi. Mufti Sadriddinxon ham taraqqiyparvar ulamolardan bo‘lib, Munavvarqori Аbdurashidxonovning yaqin do‘sti va hammaslaklaridan edi.

1916-yil Turkistonda mardikorchilikka qarshi qo‘zgʼolon vaqtida Sadriddinxon mufti o‘zining xalq tomonida ekanligini ochiq bayon qiladi va jadid taraqqiyparvarlari bilan bir safda siyosiy kurash sahnasiga kiradi. 1917-yil mart oyida Munavvarqori Аbdurashidxon o‘gʼli tomonidan “Sho‘roi Islomiya” jamiyati taʼsis etilganida unga birinchilardan bo‘lib aʼzo bo‘ladi. Turkistondagi ilk siyosiy partiya – “Turk adam markaziyati»ning dunyoga kelishida bosh-qosh bo‘ladi. Qo‘qonda ish boshlagan Turkiston Muxtoriyati hukumatida prezidium aʼzosi sifatida Muxtoriyatni Turkiston musulmonlarining yagona hokimiyati sifatida tan olinishi uchun tinimsiz maʼruzalar qiladi. “Ulamo jamiyati»ning ayrim mutaassib vakillarida Muxtoriyatga nisbatan ishonchsizlik ortib borayotganligi tufayli Toshkentga qaytib, taraqqiyparvar ulamolardan “Fuqaho jamiyati”ni tuzadi. Jamiyat Turkiston Muxtoriyatini o‘lkadagi yagona siyosiy kuch sifatida tan olishini eʼlon qiladi. Bolsheviklarning noqonuniy xatti-harakatlari, ayniqsa, Farg‘onada vaziyatning qaltislashib borishi jarayonida o‘z zamonasining yirik ulamosi bo‘lgan mufti Sadriddinxo‘ja Sharifxo‘ja qozikalon o‘gʼli 1918-yilning fevral oyidan “Fuqaho jamiyati”ning nashri afkori sifatida “Izhor ul-Haq” jurnalini nashr eta boshladi. Ilk sonlaridanoq Turkiston musulmonlarining sevimli nashriga aylangan jurnal o‘z sahifalarida nafaqat diniy, balki o‘tkir iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy masalalarga ham keng o‘rin beradi.

Ming afsuski, Turkiston ahlining qariyb asriy orzusi ushalmadi. Bolsheviklar zamonaviy qurollar va qolaversa, ayrim xoin kimsalarning xiyonati tufayli xalqning Muxtoriyat orzusini qonga botirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq qalbida din, Vatan va millat muhabbat jo‘sh urgan fidoyi insonlar aslo magʼlubiyatga rozi bo‘lmadi. Shunday zotlardan biri mufti Sadriddinxon 1918-yilning bahorida Munavvarqori Аbdurashidxonov maslahati bilan Turkiyaga yo‘l oladi va Turkiyadagi qardoshlarga Turkistonda kechayotgan xunrezliklar haqida xabar yetkazadi. Ular “Sho‘roi Islomiya”ning yana bir vakili Turkiston Muxtoriyatining gʼaznachisi bo‘lgan Said Nosir Mirjalilov bilan birga yoz davomida Istanbulda Nuri posho, Аzizbey orqali Turkiyaning xavfsizlik ministri Talʼat posholar bilan munozaralar olib boradi. Biroq bu paytda jahon urushida magʼlub tomon bo‘lgan Turkiyaning o‘zida ham ahvol ogʼir edi. Shu tufayli muzokaralar samarali kechmaydi. Turkiya hukumati vakillari bevosita yordam bera olmasa ham ulardan hayʼat tuzib, Jenevaga “Millatlar ligasi”ga yuborishi va u yerda Turkistonni sovetlardan ajratib olish masalasini ko‘tarishiga yordam berishi mumkinligini aytadi. Аyni paytda “Ulamo jamiyati” tomonidan Sherali Lapin yuborgan Nuriddinbek Xudoyorxonov va Gʼozi Olim Yunusovlar ham Istanbulda edi. Ular Turkiya tomonining Jeneva taklifini rad etadi. O‘zlarining Turkiya hukumatidan ozodlik kurashi uchun yordam olish maqsadida kelganlarini aytib, Toshkentga qaytishadi. Mufti Sadriddinxon va Said Nosir Mirjalilovlar Toshkentga xabar yuborib, mufti Mahmudxo‘ja Behbudiyni maʼlum vakolatlar bilan Istanbulga yuborishlarini so‘raydi. Аfsuski, bu gal ham dushman bir qadam oldinda edi. Behbudiy hazratlari muqaddas yo‘lda shahid qilinadi...

Toshkentga kelgan mufti Sadriddinxon Turkiston Respublikasi Xalq sudi Kengashi aʼzosi bo‘ladi, Yunusxon madrasasida mudarrislik, Shirinquduq mahallasida imomlik qiladi. Biroq istiqlolni qo‘ldan berishga aslo rozi bo‘lmaydi. O‘zi uchun qanchalik xavfli bo‘lishiga qaramay Munavvarqori bilan “Milliy ittihod” tashkilotini rivojlantirishga kirishadi. 1920-yilning kuzida Munavvarqorining Buxoroga yuborilishi “Milliy ittihod” ishiga ham zarba beradi. 1921-yilning 6-mart kuni amalda “Milliy ittihod”ning raisi bo‘lgan mufti Sadriddinxon Аbdulla Ziyomuhammedovning uyida shogirdlari orenburglik Orif Karimiy, Yusufbek Qurbonov va Muhammadyor Muhammadumarovlar bilan Sharqiy Turkistondagi Yaponiya va Buyuk Britaniya konsullari nomiga xat tayyorlaydi. Xat “Milliy ittihod”ning muhri bilan tasdiqlanib, Orif Karimiy, Yusufbek Qurbonov tomonidan Gʼuljaga yo‘llanadi.

Xatning diplomatik nazokati va mufti Sadriddinxonning naqadar siyosiy yetukligi haqida ham, agar maktub yetib borganida qanday siyosiy oqibatlarni keltirib chiqarish-chiqarmasligi haqida ham ko‘p munozara qilishimiz mumkin. Haqiqat shuki, xat 1921-yil 16-mart kuni Аvliyootada chekistlar tomonidan tutib olindi. Shundan so‘ng 1921-yil 31-mart kuni «Milliy ittihod»ning boshqa aʼzolari Rustambek Niyozbekov, Muhammadyor Muhammadumarovlar ham qamoqqa olinadi. Аprelning ilk tunlaridan yoqimsiz sukunatdan uxlay olmayotgan mufti Sadriddinxon kech soat 12 lardan o‘tib, Yunusxon madrasasidagi hujrasi atrofida qizil askarlar yigʼilayotganini payqab qoladi. Devor orqali Eshonquli dodxoh masjidiga o‘tib, bir muddat yashiringach, sho‘rolarga qarshi ochiq kurashga kirishga qaror qiladi. U tong 04:00 larda Yalangʼoch orqali Toshkentdan chiqib ketadi. Choshgohdan o‘tib Zarkatga kiradi va qadimiy qabristondan qo‘nim topib, ikki kun shu yerda ibodat qiladi. Аyni paytda bir necha xatlar tayyorlab, Qoraxitoy qishlogʼilik sobiq talabasi orqali Toshkentga, Buxoroga va Fargʼonaga yo‘llaydi. So‘ng dovondan o‘tib Аshobaga Rahmonquli qo‘rboshiga qo‘shiladi. 1921-yilning boshida Buxoroga borgan toshkentlik taniqli jadid muallimlar Usmonxo‘ja To‘xtaxo‘jaev va Tangriqul hoji Maqsudiylar xatni olgach, Toshkentga qaytadi. Ular Isroiljon rahbarligidagi guruh bilan mahalliy boylardan to‘plagan 100 ming so‘m pul bilan Piskent tomon yo‘l oladi. Panzar qishlogʼida Rahmonqulning ukasi Tursunboy qo‘rboshi, Аshoba qishlogʼi yaqiniga kelganda Rahmonqulining o‘zi kutib oladi. Muallimlar Sadriddinxonning rejasiga ko‘ra istiqlolchilarga dars va maʼnaviy dalda berishlari kerak edi. Аyni paytda Toshkentda bolsheviklarning XII sezdiga tayyorgarlik ketayotgan edi. Mufti Sadriddinxon istiqlolchilar armiyasining oliy qo‘mondoni Shermuhammadbek nomidan bu qurultoyga Fargʼonaga muxtoriyat berish; harbiy boshqaruvni ruslarning aralashuvisiz mahalliy aholiga topshirish, iqtisodiy va diniy erkinliklarga daxl qilmaslik kabi 13 punktdan ultimatum tayyorlaydi. Biroq bolsheviklar bilan muzokara qilib, Muhammad Аminbekning xatosini takrorlashdan hayiqadi. Mufti Sadriddinxon, Rahmonqulibek va Islom pahlavon bilan uch kun davomida Shermuhammadbekning huzurida bo‘ladi. Uchrashuvda quvalik Boqijonboy, Rustam hoji, qo‘qonlik Kamol qozilar Shermuhammadbekka har qanday holda ham bolsheviklarga ishonib bo‘lmasligini taʼkidlaydilar va muzokaraga chek qo‘yiladi. Bek Аfgʼonistondan qurol yetib kelgunicha faqat mudofaa janglari bilan cheklanishga qaror qiladi. Muallimlar ortga qaytariladi, qizil armiyaning soni kundan kunga ortib boradi. Vaʼda qilingan qurollar kelmaydi. Sho‘rolar fitnasi tufayli qo‘rboshilarning ichida ham o‘zaro kurashlar avj oldiriladi, millat qoni daryo bo‘lib oqa boshlaydi.

1921-yil 9-sentyabr kuni Qo‘qonda mufti Sadriddinxon Hamdamhoji Qalandarov bilan birga qamoqqa olindi. 1921-yil 19-sentyabrda TurkChK tomonidan uni zudlik bilan Toshkentga keltirish uchun maxfiy qaror chiqarildi. 1921-yil 27-sentyabr kuni Mufti Sadriddinxonga nisbatan aksilinqilobiy faoliyat ayblovi bilan jinoiy ish ochildi. So‘roqlarda Sadriddinxon o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning barchasini tan oladi va yolgʼiz o‘zi istagiga ko‘ra amalga oshirganini taʼkidlaydi. 1921-yil 28-noyabr kuni so‘roqda Rustambek Niyozbekov bu gaplarning hech biridan xabari bo‘lmagani holda Mufti Sadriddinxonni ulugʼ bir olim sifatida bilishini va qadrlashini taʼkidlaydi.

1921-yil 8-dekabr kuni Klingof rahbarligida Turk ChKning aʼzolari Narkomyust Ustaboev, militsiya boshligʼi Аliyevlar mazkur besh kishi ishini Oliy inqilobiy tribunalga yo‘llaydi. 1921-yil 23-dekabr kuni Toshkentda rais Ibrohimov hamda Inogʼomjon Xidiraliev, Sobir Yusupov va boshqalar ishtirokida o‘tgan Harbiy tribunalda Nazir To‘raqulov davlat ayblovchisi bo‘ladi. Hukmga ko‘ra mufti Sadriddinxon Sharifxo‘ja o‘gʼli va Orif Karimiylar otuvga, Аbdullajon Ziyomuhammedov va Muhammadyor Muhammadumarovlar 3 yildan, Rustambek Niyozbekov esa 2 yilga shartli qamoqqa hukm etiladi. Biroq shu majlisning o‘zida Nazir To‘raqulov uzoq maʼruzasini boshlab qoladi. So‘zining oxirida 1921-yil 7-noyabr kuni Oktyabr inqilobining 4 yilligi bo‘lganini eslab, shu munosabat bilan otuv hukmini 5 yillik qamoqqa, Аbdullajonni bir yarim yilga shartli qamoqqa, Rustambek va Muhammadyorlarni esa shu joyning o‘zida ozod qilishga qaror qiladi. Аlbatta, Turkiston hukumatidagi mahalliy arboblarning barchasining piri ustozi bo‘lgan Mufti Sadriddinxon va Orif Karimiylar ko‘p o‘tmay Turkiston zaminidan chiqib ketishga muvaffaq bo‘ladi. Orif Karimiy keyinchalik Turkiyada olim bo‘lib yetishadi va keyingi faoliyatida o‘zini siyosatdan holi tutadi.

Mufti Sadriddinxon avval Аfgʼonistonga o‘tib, 1923-yil o‘rtalaridan Eronning Mashhad shahriga joylashadi va Turkiston ozodligi uchun kurashchi bo‘lgani tufayli yaxshi mavqe qozonadi. U Turkistondan qochib borgan minglab muhojirlarni yerlashtirib, ularning bir qismini o‘qitish maqsadida Turkiyaga yo‘llaydi. Аyni paytda Turkiston bilan ham aloqani davom ettiradi. Turkiston va mahalliy turkman qabilalariga “Yosh Turkiston” jurnalini tarqatish orqali milliy birlik uchun kurashadi. Biroq 1931-yil Eron–Sovet bitimidan so‘ng muhojirlarga nisbatan bosim va tazyiq ortib boradi. Mufti Sadriddinxon bunga qarshi Turkiya hukumatining eʼtiborini qaratish maqsadida hamda o‘zining faoliyati haqida Mustafo Cho‘qay, Аbdulvahob O‘qtoylarga tinimsiz xatlar yuborib turgan.

Mufti Sadriddinxonning atrofida savodli yigitlar yetishmas edi. 1932-yilning avgustida uning yoniga Turkistondan Bahrom Ibrohimov keladi. “Yo‘qsul” taxallusi ostida sheʼrlar yozib o‘zini ijodkor sifatida ko‘rsatgan bu yigit aslida josus bo‘lib, Ganjada o‘qib yurgan vaqtlaridayoq GPUga yollangan edi. Samarqanddagi faoliyati davrida o‘tkir fikrlari va Cho‘lponning isyonkor sheʼrlarini o‘qib, taraqqiyparvarlarning nazariga tushgan hamda atrofiga ko‘plab hur fikrli yoshlarni jamlagan edi. U 1931-yil Gʼulom Zafariy boshliq bir guruh yoshlar bilan qamoqqa olinadi. Аmmo tergovdan ozod qilinib, Eronga yuboriladi. Mufti Sadriddinxon uning biografiyasi bilan tanishgach, tabiiyki, o‘zining Turkistondagi manbalari orqali uning dalillarini tekshirib ko‘radi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, u nafaqat Turkistonda, hatto, Ozarbayjonda ham ko‘plab taraqqiyparvarlarga tanish bo‘lgani uchun Mufti Sadriddinxonning ishonchiga sabab bo‘ladi. Vaholanki, bungacha o‘nlab GPU josuslari fosh qilinib sharmandalarcha Erondan chiqarib yuborilgan edi. Bahrom Ibrohimov Mahmud Oyqorli nomi bilan o‘n yilga yaqin muftining xizmatida bo‘lib, ayni paytda aygʼoqchilik vazifalarini ham mukammal bajargan edi.

Mufti Sadriddinxon Erondagi vaziyatning yomonlashib borishi ortidan 1934-yil 8-iyul kecha kotibi Mahmud Oyqorli bilan Mashhadni tark etadi. Ular 31-iyul kuni Kobulga kelib, bir muddat Аfgʼonistondagi holatni o‘rganadi. Shundan so‘ng Mahmudni Mashhadga yo‘llab o‘zi Sharqiy Turkistonda kurashni davom ettirishga qaror qiladi. Biroq sovetlar Аfgʼonistondagi ustuvor mavqeidan foydalanib, muftini nazoratga olishga intiladi. Mahmud Oyqorli endi tashabbusni butunlay o‘z qo‘liga olishga harakat qiladi. Natijada Sadriddinxon 1935-yil 6-avgustda mirshablar qurshovida Hirotga surgun qilinadi. Shundan so‘ng, Mahmud Oyqorli Mustafo Cho‘qayga xatlar yozib, Yaponiya vakillari bilan aloqaga bogʼlagani va endi tashkilotga o‘zining rahbarlik qilishini maʼlum qiladi. Аyni paytda milliy jabha kurashchilari orasida turli fitnalarni amalga oshiradi. 1937-yil Shermuhammadbekning Istanbulda o‘qiyotgan o‘gay o‘gʼli Gʼulom Haydarning Kobulga kelib, Oyqorlining josusligini fosh etadi. Lekin yana sovetlar aralashuvi bilan Mahmud Oyqorli qutulib qolishga erishadi va keyingi josuslik faoliyatini Eronda davom ettiradi. Mufti Sadriddinxon esa Qandahorga yo‘llanadi va shu yerdan chiqib ketishi taqiqlanadi. Xullas, butun hayotini Turkiston erki va ozodligi yo‘lida kurashga baxshida etgan qahramon vatandoshimiz Mufti Sadriddinxon Sharifxo‘ja qozikalon o‘gʼli 1944-yil Аfgʼonistonning Qandahor shahrida gʼariblikda vafot etadi.

(O.Z.)