Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Sa’idali Usmonxo‘ja (Anqara)

(1899 - 1973)

Bolaligi. Sa’idali Usmonxo‘ja 1899 yil 15 fevralda eski Toshkent shahrining Shayxontohur dahasida o‘zbek oilasida tug‘ilgan. Otasi Usmon, onasining ismi esa Shafiqa bo‘lib ziyoli oilaning farzandi edi.

Ma’lumoti. Boshlang‘ich ta’limni yangi usul maktabi va madrasada olgach, o‘rta ma’lumotni gimnaziyada davom ettirdi. So‘ng Turkiston Davlat universitetining fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirib 1921 yil tamomlaydi. U 1923 yildan 1926 yilgacha Berlin oliy texnika maktabining kimyo fakultetida tahsil olgan. Mazkur akademiyani bitirib diplom olgach, kolloid kimyo sohasida ilmiy izlanishlar olib borib, doktorlik darajasiga ega bo‘lgan. U arab, fors, rus, ingliz, nemis tillarini yaxshi bilgan.

Faoliyati. U 1916 yilda jadid ziyolilari tomonidan tuzilgan “Umid” nomli kitob savdo shirkatida sotuvchi. Toshkentda tuzilgan “Chig‘atoy gurungi” (1919) nomli adabiy va marifiy uyushmaning ishlarida ishtirok etgan. “Chig‘atoy gurungi”dagi faol yoshlardan biri bo‘lgan. Toshkentda 1921 yil 1-5 yanvar kunlari o‘tkazilgan birinchi o‘lka o‘zbek til-imlo qurultoyida “Qurultoyga maxsus chaqirilgan kishilar” ro‘yxatida ishtirok etib o‘z ma’ruzasi bilan qatnashgan. Toshkentda ziyolilar va iqtidorli yoshlar tomonidan 1922 yil 2 mayda tuzilgan “Ko‘mak” uyushmasini boshqargan. Xorijga talaba yuborish ishlarida ishtirok etgan.

Sa’idali Usmonxo‘ja ta’limni tamomlab sovet hukumatining Turkistondagi siyosati sabab ortiga qaytmagan talabalardan biri edi. U 1933 yilgacha Germaniyada yashadi. 1933 yilda Turkiyaga kelib, Anqara universitetining qishloq xo‘jaligi fakultetida ilmiy faoliyatini davom ettirdi. U Turkiyada “Anqara” taxallusini olgan. Uning ilmiy faoliyati 1969 yilga qadar Anqara universitetida davom etdi. O‘z yo‘nalishida turli tillarda maqolalar yozdi va o‘quv qo‘llanma kitoblar yaratdi. Turkiyada chiqarilgan “Gerantologiya” nomli jurnal uning sa’y-harakatlari tufayli nashr etilgan.

Ilmiy-adabiy merosi. Uning milliy matbuotda “Buloqlar” (Inqilob. 1922) she’ri, “Endigisini qo‘ldan bermaylik” (“Qizil bayroq” 1922), “Tabiatdan javob” (“Armug‘on” 1922) kabi maqola va she’rlari nashr etilgan. Germaniyada 1923 yilning sentyabr oyida o‘zbek tilida nashr etilgan “Ko‘mak” jurnalining bosh muharriri bo‘lgan. Ushbu jurnalga uning “Tilagimiz”, “Aql va sezgi”, “Osiyoning oq o‘g‘li” kabi maqolalari, “Ovropo”, “Yurak” kabi she’rlari kiritilgan.

Oilasi. Turkiyada oila qurib yashab qolgan. Uning uch farzandi bor.

O‘limi. Saidalixo‘ja Anqara 1973 yil 30 avgustda Turkiyada vafot etgan.

A.Y.