Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Saidrizo Alizoda

(1887 - 1945)

Bolaligi. Saidrizo Alizoda 1887 yil 15 fevralda Samarqand shahrining Bog‘ishamol guzarida ipakchi-gilamchi savdogar Mirmuhsin oilasida tavallud topgan.

Ma’lumoti. Maktab yoshiga yetgach, otasi Saidrizoni о‘zlari yashab turgan guzarda  muhojirlikda yashagan ozarbayjonlik alloma Shayx Abulqosim asos solgan yangi usul maktabiga olib borgan. Qisqa vaqt ichida maktabni a’lo baholarda tamomlagan Saidrizoni Shayx Abulqosim maktabda muallimlik qilish uchun olib qoladi. Muallimlik davrida maktab kutubxonasidagi Ozarbayjon, Eron va Hindistonda chop etilgan gazeta va kitoblarni muntazam о‘qib borgan. Maktabda bir muddat ishlagach, oliy ta’lim olish uchun madrasaga о‘qishga kirgan va 6 yil tahsil olgan.

Faoliyati. Madrasani tamomlagach, Samarqand shahridagi Demurov nomidagi bosmaxonada harf teruvchi, sо‘ngra rus va о‘zbek tilida chiqadigan Rossiyaning “Samarqand” jurnalida korrektor bо‘lib ishlagan. Nashriyotda ishlagan paytida rus tilini yaxshi о‘rgangan, rus adabiyoti bilan yaqindan tanishgan.

Saidrizo Alizoda 1914 yilda Mahmudxо‘ja Behbudiy bilan hamkorlikda  “Samarqand” gazetasi, keyinchalik “Oyina” jurnalini tashkil etadi va ularning sahifalarida Samarqanddagi maktab va madrasalardagi eskicha о‘qitish tizimini keskin tanqid qilib, ta’lim tizimini isloh qilish bо‘yicha maqolalar e’lon qilib borgan. Shuningdek, gazeta va jurnal sahifalarida Afg‘onistonda chiqadigan “Siroj-ul axbor” gazetasida mashhur siyosiy arbob, taniqli adib Mahmud Tarziy tomonidan yozilgan afg‘on yangi usul maktablaridagi muammolarga bag‘ishlangan maqolalarini kо‘rsatish orqali Samarqand jadid maktablaridagi darsliklarning yetishmasligi, imtihon olish jarayonidagi chopon kiydirish kabi kamchiliklarni tanqid qilgan. Ularni bartaraf etish bо‘yicha taklif va tavsiyalar bergan. “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalining “Telegraf xabarlar” sahifasini о‘z hisobidan chiqartirgan. 1917 yildan “Hurriyat” gazetasida tarjimon va muxbir bо‘lib ishlagan.

1919 yilda Turkiston hukumati huzurida respublikadagi tojiklar, eronliklar va afg‘onlarni birlashtirgan fors bо‘limi tashkil etilgach, Saidrizo Alizoda bu bо‘limga boshliq etib tayinlangan. Bо‘lim haftalik “Sharq mash’ali” jurnalga asos solgan va 1919 yil 7 martda Saidrizo Alizoda ushbu jurnalga muharrir etib tayinlangan. 4000 nusxada chop etilgan jurnal О‘rta Osiyo, Kavkazortidan tashqari, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston va qator arab mamlakatlarida tarqalgan edi. Jurnal sahifalarida Saidrizo Alizodaning Turkiston aholisining erkin hayotga tashna orzu-umidlari о‘z ifodasini topgan maqola va she’rlari e’lon qilib borilgan.

Saidrizo Alizoda 1933-1937 yillarda Samarqand davlat universitetida arab va fors tillaridan dars bergan.

Ilmiy-adabiy merosi. Saidrizo Alizoda 1922 yildan boshlab “Zarafshon” gazetasida bо‘lim mudiri bо‘lib ishlagan. Muharrirlik qilish bilan bir paytda Saidrizo Alizoda “Turkis­ton xabarlari”, “Kambag‘allar о‘qi”, “Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Buxoroi sharif”, “Turon”, “Samarqand ovozi”, gazetalari, “Mashrab”, “Mulla Mushfiqiy” jurnallarida maqolalar chiqarib turgan. Tanqidiy maqolalari va felyetonlarini Bahlul, Zambur, Ranjbar, Bog‘ishamoliy, Shapaloq, S.A. kabi taxalluslari bilan berib borgan.

Samarqandda tojik tilida ta’lim beruvchi maktab ochib, kambag‘al oilalarning farzandlariga ta’lim bergan. О‘quvchilar uchun “Sarfi arab”, “Turkiy alifbo”, “Tarix”, “Jug‘rofiya”, “Riyoziyot”, “Xandasa”, “Tabiat”, “Din vojiblari”, “Nizomnoma”, “Badan tarbiyasi”, “Ilmi fazo” nomli о‘n birta darslik yozgan. Bu darsliklar boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan bо‘lib, о‘quvchilar darsliklar orqali savod chiqarishdan tortib, aniq va tabiiy fanlar bо‘yicha yetarlicha bilim hamda kо‘nikmalarga ega bо‘lgan. Saidrizo о‘zbek maktablari uchun  “Birinchi yil” nomli alifbo yozib, Samarqanddagi yangi usul maktablariga bepul tarqatgan. Maktabdorlik va darsliklar yozishdan tashqari shaharda yashovchi ruslar uchun kechki kurslar tashkil etgan hamda ularga о‘zbek va fors-tojik tillarini о‘rgatgan.

Saidrizo Ozarbayjonlik mutafakkir Abdulla Shoyiq bilan “Yangi ozarbayjon alifbosi”ni tayyorlagan. Bu alifbo Ozarbayjon maktablari uchun darslik sifatida foydalanilgan.

Saidrizo Alizoda lug‘at tuzish ishlari bilan shug‘ullangan hamda 1933-1934 yillarda 61 ming sо‘zdan iborat 2 jildlik ruscha-tojikcha lug‘at nashr ettirgan. Bu lug‘atda kо‘plab kasbiy va ijodiy atamalar, uy-rо‘zg‘or buyumlari nomlari, ilmiy va adabiy nomlar о‘rin olgan.

Saidrizo Alizodaning nabirasi Farhod Alizodaning aytishicha, mutafakkir Afg‘oniston hukmdori Omonulloxon farmoni bilan fors tilida tarix va islom diniga oid “Asri saodat”, “Murosilot-maktubot”, “Odobi ikrom”, “Tarixi islom”, “Tarixi Turkiston”, “Qonuniyathoi diniy”, “Madaniyati islom”, “Zarurati islom”, “Fan dar borai koinot” kitoblarni yozgan va bu kitoblar 1923-1933 yillarda Pokistonning Lohur shahrida nashr etilgan.

Saidrizo muallimlik va noshirlik qilishdan tashqari tarjimonlik sohasida ham samarali mehnat qilgan. U rus adibi va yozuvchisi Aleksandr Pushkinning “Dubrovskiy” (1935), “Kapitan qizi” (1936) “Yevgeniy Onegin” asarlarini, rus adibi Fyodor Gladkovning “Sement” (1936), Rus yozuvchisi Nikolay Ostrovskiyning “Pо‘lat qanday toblandi” (1938), amerikalik yozuvchi Sinkler Eptunning “Yuz foiz” (1938), о‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asarlarini tojik tiliga tarjima qilgan. Afg‘onistonning mashhur siyosiy arbobi va taniqli adib Mahmud Tarziy bilan birgalikda tarjima qilgan mashhur fransuz yozuvchisi Jyul Vernning “Yer yuzi bо‘ylab 80 kunlik sayohat” asarini fors tiliga о‘girgan.  Shuningdek, Abu Ali ibn Sino, Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Fuzuliy, Alisher Navoiy asarlarini rus tiliga tarjima qilgani tahsinga sazovordir. Saidrizo Alizoda Eron va Afg‘onistondan Turkistonga kelgan ziyolilar bilan samarali hamkorlik qilgan. Xususan, Eronning mashhur pedagogi Malik Bahor bilan yangi usul maktablari faoliyatini tashkil etish bо‘yicha yozishmalar olib borgani ma’lum.

О‘limi. 1937 yilda boshlangan repressiya Saidrizoni ham chetlab о‘tmadi. Shu yilning о‘zida Samarqand davlat universitetida dars berib turgan jarayonida hibsga olingan. Saidrizo Alizoda josuslikda ayblanib, qamoq jazosiga hukm qilingan. Dastlab Samarqandda, sо‘ngra Toshkentda, keyinroq Tobolsk va Vladimirda 8 yil davomida qiynoqlar ostida qamoqda saqlangan. Saidrizo Alizoda 1945 yil 24 dekabrda Vladimir qamoqxonasida sil kasalidan vafot etgan. 1987 yilda nabirasi Farhod Alizodaning say-harakati bilan uning hoki Vladimirdan о‘z vataniga olib kelingan hamda Samarqanddagi Panjob qabristonida dafn etilgan.

D.J.