Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Saʼdullaxoʼja Tursunxoʼjayev

(1891 - 1938)

Bolaligi. Saʼdullaxo‘ja Tursunxo‘jayev 1891 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Turkistondagi jadidchilik harakatining namoyandalaridan biri. 1898 – 1901 yillarda rus-tuzem maktabida o‘qigan.

Mehnat faoliyati. 1908 yildan 1917 yilga qadar “Taraqqiyparvar” tashkilotining aʼzosi syfatida jadidchilik harakatida faol qatnashgan. Аbdulla Аvloniy, Munavvarqori, Nizomiddin Xo‘jayev va boshqa bilan hamkorlik qilgan.

Turkiston o‘lkasi Oziq-ovqat xalq komissarligining Moskvadagi vakili (1917 – 18), Toshkent Eski shahar soveti ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari (1918), Turkiston АSSR Sog‘liqni saqlash xalq komissari (1918 – 19), Milliy ishlar xalq komissari, Tashqi ishlar xalq komissari (1919).

Turkiston Kompartiyasi MK kotibi, ayni paytda Buxoro Kompartiyasi MK masʼul kotibi (1920 – 21). BXSRning Savdo va sanoat xalq noziri (1921), Turkiston АSSR Markaziy xalq xo‘jaligi Kengashi raisi o‘rinbosari (1921 – 22), Pomir oblasti inqilobiy qo‘mitasi raisi (1922 – 23). XXSR Ijtimoiy taʼminot, savdo va sanoat xalq noziri (1923 24), XXSR Nozirlar Sho‘rosi raisi o‘rinbosari, Davlat reja komissiyasi raisi, XXSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi (1924). Xorazm viloyati inqilobiy qo‘mitasi raisi (1924 – 25).

Turkistonda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilgach, SSSR Mehnat va Mudofaa Kengashining O‘zbekiston SSR bo‘yicha vakili (1925 – 26), O‘rta Osiyo suv xo‘jaligi qurilishi tashkiloti boshlig‘i (1927), SSSR Yer ishlari xalq komissarligining O‘rta Osiyo bo‘yicha vakili (1928 – 34), Qozog‘iston SSR Suv xo‘jaligi Bosh boshqarmasining boshlig‘i (1935 – 37).

Saʼdullaxo‘ja Tursunxo‘jayev “Milliy ittihod” Markaziy qo‘mitasi aʼzosi (1920 – 21) sifatida BXSRda katta tashkilotchilik ishlarini olib borgan.

O‘limi. Podsho Rossiyasi va sovet rejimiga qarshi siyosiy faoliyati uchun Saʼdullaxo‘ja Tursunxo‘jayev 1911 yili Qo‘qonda, 1922 va 1937 yil 27 aprelda Olmaotada qamoqqa olingan. Toshkentda bo‘lgan SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasining majlisida otishga hukm qilingan va o‘sha kuni otib tashlangan.