Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Sayid Muhammad Nuriddinbek

(1879 - 1936)

Bolaligi. Qо‘qon xoni Xudoyorxon avlodlaridan bо‘lgan Sayid Muhammad Nuriddinbek 1879 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Otasi Sayid Muhammadaminbek (1857–1923) Turkiston general-gubernatori devonida tarjimon bо‘lib ishlagan. Qashqar mahallasida yashagan. Kasallikdan vafot etgan. Onasi Rо‘vxavzaxonim edi. Bolaligi Toshkent shahridagi Niyozbek qо‘rg‘onida о‘tdi. Muhammadaminbek Rо‘vxavzaxonimdan uch farzand kо‘rgan. Kattasi Nuriddinbek, uning ukasi Sayyid Muhammad Malikbek (1883-1899) gimnaziyada о‘qiyotgan vaqtda muzga yiqilish oqibatida kasallanib vafot etgan. “Minor” qabristoniga dafn etilgan.

Sayyid Muhammad Temurbek (1884-1935) Lazarev nomidagi Peterburg instituti tibbiyot bо‘limida о‘qigan. Harbay shifokor bо‘lib faoliyat olib borgan. Sovet hokimiyati yillarida qatag‘onga uchragan.

Ma’lumoti. Dastlab otasining dо‘sti Muhammad Solihxо‘jadan islom asoslari va qiroatdan saboq olgan. U 1886 yilda rus-tuzem maktabiga о‘qishga kirib 1889 yilgacha shu maktabda о‘qidi. Shu yildan о‘qishini Toshkentdagi rus gimnaziyasida davom ettiradi. Gimnaziyadagi о‘n yillik tahsildan sо‘ng Peterburgdagi Lazarev nomidagi yarim harbiy Peterburg institutining Yaqin Sharq bо‘limiga о‘qishga kiradi. Institutda 5 yil ta’lim olib Toshkentga qaytadi.

Mehnat faoliyati. Peterburgdan qaytgach Turkiston о‘lkasida taraqqiy etib borayotgan jadidchilik harakatiga qо‘shiladi. Toshkent jadidlarining yirik nomoyondasi Munavvarqori Abdurashidxonov bilan amakisi Fansrullohbekning Zanjirlikdagi hovlisidagi dastlabki uchrashuvdan sо‘ng u bilan yaqin dо‘st bо‘lib qoladi. U 1907 yil Munavvarqorining yangi usul maktabini ochish ishlarida moddiy mablag‘ bilan yordam beradi. О‘zi ham shu maktabda rus tili, harbiy va jismoniy tarbiya darslaridan о‘quvchilarga dars bergan. Uning 1917 yil fevral inqilobidan keyingi faoliyati harbiy maktabda о‘qituvchilik qilish bilan о‘tadi. Lekin chaquv tufayli u harbiy maktabdan chetlashtiriladi. Keyingi yillarda о‘rta maktablarda rus tili va rus adabiyotidan dars bergan.

Ilmiy-adabiy merosi. U Munavvarqori bilan birgalikda shahmat haqida risola yozib chop ettirgan. Shu bilan birga Sayid Muhammad Nuriddinbek “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Osiyo”, “Haqiqat” kabi gazetalarda maqolalari bilan ishtirok etgan.

Oilasi. U dastlab nemis millatiga mansub qizga uylangan. Ularning Agnisa ismli qizlari bо‘lgan. Ammo ayoli erta vafot etishi bois u ikkinchi bor Xubbiniso ismli qizga uylanadi. Ushbu oilasidan Olimbek, Malikbek, О‘rmonbek ismli farzandlar kо‘radi.  Katta о‘g‘li yosh о‘spirin chog‘ida vafot etgan.

О‘g‘li Malikbek (1928–2007) Pedagogika institutining rus tili filologiyasi fakultetida (1945–1950) о‘qigan. Toshkent viloyati О‘rtasaroy tumanidagi 2-sonli maktabda 1956 yilgacha sо‘ng Toshkent shahridagi maktablarda ishlagan. 1960 yilan “Toshkent oqshomi” gazetasida fotomuxbir bо‘lib ishlaydi. Uning keyingi faoliyati ham uzoq yillar О‘zbekiston matbuotida о‘tdi. 79 yoshida vafot etgan. “Minor” qabristoniga dafn etilgan.

О‘rmonbek 1930 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Antonina ismli shifokor qiz bilan oila qurib 2 farzand kо‘rgan. Uning qabri “Minor” qabristonida.

О‘limi. XX asrning 30-yillarga kelib Sayid Muhammad Nuriddinbek harakati sovet hukumatining maxsus bо‘limi xodimlari tomonidan kuzatuvga olinadi. Bir necha bor uyida tintuv о‘tkazishadi. U 1935 yil Ichki Ishlar Xalq Komissarligi xodimlari tomonidan sо‘roqqa tutilgan Nuriddinbek og‘ir qiynoqlar bois turmada kasallikka chalinadi. Tergov tо‘xtaydi soxta ayblarga iqror qildira olmagach kasal holida uni uyiga qaytarilgan. Kо‘p о‘tmay 1936 yilda Sayid Muhammad Nuriddinbek vafot etadi.