Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Sayid Muhammad Temurbek

(1884 - 1935)

Bolaligi. Temurbek 1884 yilda Toshkentning Niyozbek qo‘rg‘onida tug‘ilgan. Xudoyorxon avlodlaridan bo‘lgan Sayid Muhammadaminbek (1857-1923)ning uchinchi o‘g‘li. Otasi Turkiston general-gubernatori devonida tarjimon bo‘lib ishlagan. Onasi Ro‘vxavazaxonim bo‘lgan. Muhammadaminbek Ro‘vxavzaxonimdan uch farzand ko‘rgan. Kattasi Nuriddinbek (1879–1936) Lazarev nomidagi yarim harbiy Peterburg institutining Yaqin Sharq bo‘limida ta’lim olgan. Muallimlik bilan mashg‘ul bo‘lgan.

Ikkinchi o‘g‘li Sayyid Muhammad Malikbek (1883–1899) gimnaziyada o‘qiyotgan paytda muzga yiqilish oqibatida kasallanib vafot etgan. “Minor” qabristoniga dafn etilgan.

Ma’lumoti. Boshlang‘ich ta’limni uyda otasining do‘sti Muhammad Solihxo‘jadan islom asoslari va qiroatni o‘rganishdan boshlagan.  Rus-tuzem maktabini o‘qib so‘ng Toshkentdagi gimnaziyaga o‘qishga boradi. Gimnaziyada o‘qib yurgan paytlarida tib ilmiga qiziqish uyg‘onadi. O‘n yillik gimnaziya ta’limini tamomlab Lazarev nomidagi Peterburg institutiga o‘qishga boradi va tibbiyot bo‘limida o‘qigan. U bu yerda tibbiy va harbiy bilimdan saboq oladi.

Faoliyati. Birinchi jahon urushi boshlangan 1914 yilda harbiy qo‘shin safida imperiya qo‘shinlari safida urushga boradi. U rus qo‘shinlarining g‘arbiy front chizig‘idagi jangda ishtirok etadi. 1916 yildagi janglarning birida jarohatlanib Turkistonga qaytadi. Jarohati bitgach front ortiga yuborilgan va Turkistondan “mardikorlik” voqeasi bilan olib ketilgan o‘zbek yigitlari guruhida tarjimonlik qiladi. 1917 yil yurtiga qaytib o‘lka ziyolilarining “Sho‘roi Islomiya” partiyasi faol ishtirokchisiga aylanadi. U “Turk so‘zi”, “Turk eli” gazetasining muharriri sifatida faoliyat olib borgan. Turkiston Muxtoriyati qonga botirilib o‘lkada sho‘rolar hukumati o‘rnatilgandan so‘ng Sayid Muhammad Temurbek tibbiy muassasalarda o‘z faoliyatini olib borgan. Maktablarda tibbiyotdan dars bergan.

Oilasi. Nemis shifokor ayolga uylangan. Farzand ko‘rmagan.

O‘limi. Zulm zo‘ravonlikni avj oldirib borayotgan sovet hukumati 30-yillarga kelib Sayid Muhammad Temurbekni o‘zi uchun xavfli dushman deb hisoblaydi va 1935 yilda Ichki Ishlar Xalq Komissarligi tomonidan qamoqqa olinadi. Jismoniy tergov va og‘ir sharoitda Sayid Muhammad Temurbek qamoqxonada kasallikdan vafot etadi.

A.Y.