Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Tavallo

(1878 - 1937)

Bolaligi. Toʻlagan Xoʻjamyorov — Tavallo 1883-yili Koʻkcha daha Obi Nazir mahallasida oʻziga toʻq Xoʻjamyor Jiyanboyev oilasida dunyoga keldi.

Maʼlumoti. Eski maktabda savod chiqardi. “Beklarbegi” madrasasida, rus-tuzem maktabida oʻqidi. Beklarbegi madrasasi bu davrlarda Toshkent adabiy hayotining markazlaridan biri edi. Tavallo shu yerda Karimbek Kamiy, Miskin, Xislat, Yusuf Saryomiy kabi zamonasining atoqli shoirlari bilan tanishadi.  Ayniqsa, Yusuf Saryomiy bilan yaqin aloqaga kirishib, uni oʻzining piri, ustozi sifatida eʼtirof etadi. 10-yillardan vaqtli matbuotda “Tavallo” taxallusi bilan sheʼr va maqolalari bosila boshladi.

Mehnat faoliyati. 1914-yil 30-avgustda Munavvarqori, Avloniy, M. Podshoxoʻjaev, Husanxoʻja Dadaxoʻja oʻgʻli (yozuvchi Said Ahmadning otasi), Saidabdullo Saidkarim oʻgʻli Saidazimboev, Komilbek Norbekov (jami 12 kishi)lar bilan birgalikda Toshkentda “Nashriyot” shirkatini tuzib, kitob chiqarishni yoʻlga qoʻyadilar. 1915-yilda esa Avloniylar tashabbusi bilan tuzilgan “Turon” jamiyatida faoliyat koʻrsata boshlaydi.

Adibning “Jinoiy ishi”da saqlangan “Mehnat daftarchasi”dan maʼlum boʻlishicha, u shu yillari turli idoralarda (ijroqoʻm, revtribunal, kasaba uyushmasi, savdo, sanoat-qurilish sohalarida) masʼul lavozimlarda ishlagan.

Ilmiy-adabiy merosi. 1905-yilda jadidchilik harakatiga qoʻshilgan Tavallo “Taraqqiy”, “Shuhrat”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoi Fargʻona” gazetalarida oʻz maqola va sheʼrlari bilan faol ishtirok etadi. Tavalloning sheʼrlari XX asr boshlarida turli matbuot sahifalarida tez-tez uchrasa ham, kitob holidagi “Sabzavor” sheʼriy toʻplami 1914-yilda chop etilgan. 1916-yili “Ravnaq ul-islom” nomi bilan chop etilgan sheʼriy toʻplami uning hayotlik davrida bosilgan bitta-yu bitta kitobidir. Maqolalari toʻplangan emas. 20-yillarda “Mushtum” hajviy jurnalining faollaridan edi. Mazkur jurnal sahifalarida “Magʻzava” imzosi bilan oʻnlab hajviy sheʼrlari chop etilgan, ular ham yigʻilgan, oʻrganilgan emas. Shoir ijodini baholashda asosiy manba “Ravnaq ul-islom” boʻlib turibdi. Toʻplam hajman uncha katta emas, 70 tacha sheʼr kiritilgan. Vazn va ohang anʼanaviy – aruzda. Biroq mazmun tamom yangi. Turkistonni qoplagan jaholat va nodonlik, tutqunlik va turgʻunlik haqida. Uning ham boshqa rivojlangan, taraqqiy topgan millatlar qatorida farovon va baxtli yashashga boʻlgan haqqi-huquqi toʻgʻrisida. Shoir, birinchi navbatda, zamon hodisalaridan ilhom va taʼsir oladi. Koʻpgina sheʼrlari hayotdagi konkret yangiliklar, oʻzgarishlar haqida. Shuningdek, uning soʻnggi davr turk, tatar, Ozarboyjon shoirlarining sheʼrlari bilan ham yaxshi tanish ekanligi bilinadi. Chunonchi, 1913-yili Abdulla Toʻqay vafotidan qattiq qaygʻuradi. Matbuotda chiqadi. “Sheʼrlaridan koʻp bahralar olgʻonligʻi”ni, turmushi ham Toʻqayning “tarjimai holiga nihoyatda oʻxshab ketganligi”ni (u ham yetim oʻsgan edi) yozadi. “Totor qardoshlarimizning mashhur shoiri marhum Abdulla Afandi Toʻqayevning sheʼrina tazmin” nomi bilan uning “Jumla fikrim kecha-kunduz Sizga oid millatim”, – deb boshlanadigan sheʼriga nazirasini eʼlon qiladi. Marhum shoirning maslak-u muddaosini, jumladan, millat yoʻlida jonini fido etmoqni oʻzi uchun muqaddas burch hisoblaydi. “Millat”, “Milliyat” tushunchalariga Avloniy va Tavallolarga qadar sheʼriyatimizda bunchalik koʻp eʼtibor berilgan emas edi. Xususan, Tavalloda har bir sheʼr millat, uning shu kundagi ahvoli, jahon hamjamiyatida tutgan oʻrni, tarixi va taqdiriga kelib bogʻlanadi. Shoir jahonning, chunonchi Ovrupo va Amerika xalqlarining taraqqiyot asridagi hayotiga nazar tashlaydi. Bir tomonda ilm-fan, texnika yangiliklarini turmushga joriy etib, ogʻirini yengil, hayotini farovon qilayotgan millatlar, ikkinchi tomonda, allaqachon eskirib ishdan chiqqan ishlab chiqarish usuli va vositalariga mahkam yopishib, shuni soʻnggi moʻjizadek ushlab olgan Turkiston.

Shoirning sevimli mavzularidan biri hurriyat edi. U inson erkini har narsadan ustun qoʻydi. Uning talqinidagi erkning maʼnosi gʻoyat keng. Bu erk siyosiy, iqtisodiy mustaqillikdan tortib nafsga, huzur-halovatga, qullikdan ozod boʻlishgacha qamrab oldi. U xotin-qizlar hurriyatiga keng eʼtibor berdi. Masalan, “Qarindosh va hamshiralarimiz mazluma qizlar tilindan” sheʼrida qizlar otalariga murojaat qilishib, ularni ham oʻqitishni, ularga ham insoniy munosabatda boʻlishni soʻraydilar. Shoirning bir qator sheʼrlari davr yangiliklari, kundalik voqealar haqida. Masalan, “Oyna” (muharriri Behbudiy) jurnalining (1913), “Sadoyi Turkiston” (muharriri Ubaydulloxon Asadullaxoʻjaev) gazetasining (1914) chiqishlari Ismoilbek vafoti (1914), Qars (Turkiya)dagi zilzila (1914), ayniqsa, Birinchi jahon urushi va u bilan bogʻliq hodisalar Tavallo diqqatidan chetda qolgan emas. Oʻzbek teatrining maydonga kelish voqealariga bagʻishlangan bir emas toʻrt sheʼri bor. Shulardan biri bevosita ilk oʻzbek teatri tomoshasi 1914-yil 27-fevralda Toshkentdagi “Kolizey” teatrida Avloniy truppasi tomonidan Behbudiyning “Padarkush” dramasi qoʻyilishiga bagʻishlangan. Shunda mashhur maʼrifatchi Munavvarqori Abdurashidxonov teatr haqida nutq soʻzlagan edi. Sheʼr ham shu voqeani hikoya qilishdan, “Choʻq munavvar etdi olamni Munavvarqorimiz”, deb boshlanar edi. Ikkinchisi esa teatrning ahamiyatini taʼkidlab koʻrsatdi. Shoir fikricha, yoshlarning teatr oʻynashi, millatning hayot asari koʻringanidan – tirikligidan nishonadir, “taraqqiyning xabari”dir.

Marhum M. Zokiriy va atoqli adabiyotshunos-tanqidchi O. Sharafiddinovlar gʻayrat va tashabbusi bilan dunyoga kelgan va zararli kitob sifatida darhol yigʻishtirib olingan “Tirik satrlar”dagi shoir ijodidan namunalar bu boradagi dastlabki qadamlardan edi. Uning yagona sheʼriy toʻplami “Ravnaq ul-islom” alohida holda 1993-yildagina nashr qilindi. Bugun bu nomni faqat bizda emas, chetda ham biladilar. Germaniyadagi Bamberg universiteti turkologiya boʻlimida 1997-1998-yillarda Tavalloning “Ravnaq ul-islom”i boʻyicha ixtisoslik kursi oʻqilgani maʼlum.

Atoqli adib Oybek oʻzining “Bolalik” qissasida shuni koʻzda tutgan holda Tavallo ijodiga katta hurmat-ehtiromini izhor qiladi.

Oilasi. Bu paytda oilada besh kishi boʻlgan: oʻzi – 54 yoshda, xotini Zuhra Miyorova – 40 yoshda, oʻgʻli Maqsud Miyorov–16 yoshda, qizi Sanobar Miyorova–11 yoshda. 1913-yili tugʻilgan Rahbar ismli qizi 1936-yili turmushga chiqqan boʻlib, Buxoroda yashar edi. Taxminan 1931-yili oʻgʻli Mahmud vafot etadi. Bu hol shoirga qattiq taʼsir qiladi, ichkilikka beriladi. Xullas, Tavallo hayotining soʻnggi yigirma yili juda koʻp zamondoshlariniki kabi iztirobli, lekin deyarli samarasiz kechdi.

Tavalloning Buxorodagi qizi Rasulova Rahbarning DXQ idoralariga 1968-yili yozgan xatlari mazmunidan anglashilishicha, bu paytda, shoir oilasida undan boshqa hech kim qolmagan. Tavallo asarlarining qayta nashri va u haqdagi maʼlumotlarning berilishi ham 1968-yilga toʻgʻri keladi.

Oʻlimi. Sud-tergov qoidalariga koʻra, ayblanuvchining qilmishlarigina emas, tashqi koʻrinishi, ajratib turadigan xususiyatlari haqida ham maʼlumotlar keltirilar edi. Tavallo “Jinoiy ishi”da ham shu xil maʼlumotlar uchraydi. Chunonchi, “Anketa maʼlumotlari”da yozilishicha, uning “Tashqi koʻrinishi: oʻrta boʻy, boʻyi 1 metr-u 56 sm, koʻzi – qoʻy koʻz, sochi – qora”. Darvoqe, “ayblanuvchi”ning yana bir jihati maxsus taʼkidlangan: “keragicha notiq”. 1937-yil 14-avgustda Tavallo “aksilinqilobiy” “Turon”, “Shoʻroyi islom”, “Ittihodi taraqqiy”, “Milliy ittihod”, “Milliy istiqlol” tashkilotlarining aʼzosi”, “Millionerning oʻgʻli”, “sheʼrlarida millatchilik gʻoyalarini ilgari surgan”likda ayblanib, qamoqqa olinadi. Agentura materiallaridan: “Toʻlagan Xoʻjamyorov milliy respublikani “mustamlaka” deb aytdi. Koʻpchilik orasida “Oʻzbek xalqi oʻzaro nifoq va qoʻrqoqlik orqasidan xor-zor, qizillarga tutqun boʻldi. Sabr kosasi bir kun toʻladi va xalq sovet hukumatiga qarshi qoʻzgʻalishga majbur boʻladi. Agar men inqilobning shunday kunlarga olib kelishini bilsam edi, butun vujudim bilan unga qarshi kurashar edim”, dedi. Toʻlagan Xoʻjamyorovning tergov ishlari tezlashib ketdi. Oʻzbekiston ichki ishlar xalq komissari muovini Leonov imzolagan “Ayblov xulosasi” 1937-yil 9-sentabrda 25 kunda tayyor boʻldi. Unda Tavalloning 1919-yilgi Osipov qoʻzgʻolonida “qatnashgani”gacha “tasdiqlatib” olindi va bir qator “ayb”lar bilan uchlik hukmiga havola etildi. 1937-yilning 19-oktabrida NKVD qoshidagi uchlik majlisida Tavallo otib oʻldirishga hukm qilindi. Hukm oʻsha yil 10-noyabrda ijro etildi.

O. Z.