Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev

(1878 - 1937)

Bolaligi. Toshkent shahar, Shayx Xovandi Tahur daha, Mergancha mahallalik Asadullaxo‘ja Abdurahmonxo‘ja bog‘bon va To‘xtabibining to‘rt o‘g‘li va bir qizi bo‘lib, kattasi Ubaydulla – 1885-yilda, o‘rtanchasi Bashirulla – 1887 va kenjasi Sunnatulla 1889-yilda dunyoga kelgan. Yolg‘iz qizining ismi Muborakxon edi. Umarxo‘ja degan o‘g‘li yoshligida vafot etgan.

Ma’lumoti. Asadullaxo‘ja bog‘bon uchala o‘g‘lining eskicha xat-savodini chiqargach, rus-tuzem maktabiga topshiradi. O‘g‘illari maktabni bitirib, yetuk tarjimon bo‘lib yetishadilar. O‘rtanchasi bilan kenjasi hukumat idoralarida tarjimonlik bilan shug‘ullanadilar. Ubaydulla Asadullaxo‘jayev rus-tuzem maktabining 4-sinfini tugatadi. Ma’lumoti tugallanmagan oliy. Saratov universitetida to‘liq o‘qimagan.

Mehnat faoliyati. Ubaydulla Asadullaxo‘jayev maktab o‘qishini tugatgach, otasi bilan birga ishladi, 1904-1907-yillardan boshlab mustaqil yashay boshladi. Toshkent shahar 1-uchastkasining Mirovoy sudyasi Oranskiyga kamtarona ish haqi evaziga erkin mirza sifatida ishga joylashdi. 1907-yilda Toshkent temir yo‘l yuridik bo‘limiga ish yurituvchi lavozimga joylashdi. U epchil, chaqqon mehnatdan qochmaydigan kishi edi. Shu sababdan “Injenernaya” ko‘chasidagi uncha katta bo‘lmagan mayda-chuyda va kvas sotadigan do‘konchaga xo‘jayin bo‘lib, shahar boshqarmasi va boshqa mayda idoralardan kerakli ma’lumotlar to‘plab berish xizmatini bajarish bilan ham shug‘ullandi.

Shu davrda Ubaydulla Asadullaxo‘jayev mahalliy musulmon yoshlari g‘oyalari bilan qo‘zg‘algan davrda, Munavvarqori davrasidagi eng yetuk kishilardan biri bo‘lib, “Xurshid” gazetasining xodimi sifatida ham ishtirok etdi.

1908-yilda sud boshqarmasining Orenburg bo‘limiga, idorachi (kontorshik) vazifasiga o‘tadi. Keyinchalik u Oranskiy bilan Saratovga ketadi. 1912-yilda Saratov Okrug sudida xususiy advokat (chastniy poverenniy) unvoniga imtihon topshirdi. Ubaydulla Asadullaxo‘jayev Saratovda yashagan paytida V. Shekspir, F. Shiller, Onore de Balzak, V. Gyugo, G. Mopassan, R. Kipling kabi jahon va L. Tolstoy, A. Pushkin, Yu. Lermontov, L. Andreyev singari rus adabiyoti namoyandalari ijodini, huquqshunoslikka oid maxsus adabiyotlarni o‘qib-o‘rgandi. Adib 1909-1913-yillarda qozoq, rus, yahudiy va tatar ziyolilari bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan. Uni o‘sha davr rus adabiyotida ko‘tarilayotgan inson kamoloti masalasi ham qiziqtirgan. Shu bois u 1909-yilda ruslarning  adibi L. Tolstoy ijodi bilan chuqurroq tanishadi. Faylasuf yozuvchining nasroniy aqidasidan kelib chiqqan g‘oyasiga mustamlaka mamlakatning farzandi sifatida yon bergisi kelmaydi. Adibning yovuzlikka yovuzlik bilan javob bermaslik haqidagi aqidasiga muxolif o‘laroq L. Tolstoyga o‘z fikr-mulohazalarini yozib yuboradi.

Ubaydulla Asadullaxo‘jayev 1913-yil oxirida Moskvadan qaytib kelib, Toshkentning Romanov ko‘chasi, 16-uyda yashaydi. Advokatlik kasbi taqozosi bilan mahalliy aholining og‘irini yengil qildi, rus geograf va arxeologlari jamiyatining ilmiy yig‘ilishlarida qatnashdi. Toshkent okrug sudida huquqshunos Ivan Charkovskiy bilan birga ish olib boradi. Charkovskiy yordamida bir necha ishlarni muvaffaqiyatli tugatgani sababli aholi orasida obro‘si oshib ketadi. Ubaydulla Asadullaxo‘jayev Toshkentda hamshahar do‘stlari uyushtiradigan “gap”larda ishtirok etadi va o‘z xalqining taraqqiyotiga, mazlumlikdan qutulishiga chora axtarib, harakat qilayotgan mujohid vatandoshlari safiga qo‘shiladi. “Gap”lardan birida gazeta va jamiyat tashkil etish masalasi ko‘tariladi. U “Turon” jamiyatini — qonuniy ishlaydigan jamiyat sifatida shakllanishida huquqshunoslik nuqtai nazaridan amaliy ish olib boradi.

Mustamlaka hukumat mahalliy aholi manfaati uchun ochiq ishlovchi birorta siyosiy partiyaga ruxsat bermasligiga ko‘zi yetgan U. Asadullaxo‘jayev, T. Norbo‘tabekov, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy va boshqalar bilan birgalikda “Turon” musulmon drama san’ati havaskorlari ittifoqi nizomini tuzadi. 73 moddadan iborat bu nizom drama san’ati to‘g‘risidagi talablardan tashqari aholiga madaniy-ma’naviy xizmat ko‘rsatish, xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini oshirish masalalarini ham qamragan. Ubaydulla Asadullaxo‘jayev truppaning ishida qizg‘in ishtirok etadi, hatto ayrim spektakllarni namoyish etish masalasida kecha tashkilotchisi va ma’muri sifatida qatnashadi. “Turkestanskiye vedemosti” gazetasining bergan xabarga qaraganda, 1914-yil 27-fevralda Kolizey binosida namoyish etilgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasini sahnalashtirish va ommaga ko‘rsatish tashkilotchisi ham Ubaydulla Asadullaxo‘jayev edi.

“Turon” nizomida ko‘zda tutilgan moddalardan biri gazeta tashkil qilishdir. Ubaydulla Asadullaxo‘jayev va Munavvarqori Abdurashidxonov milliy gazeta tashkil qilishni safdoshlari bilan muhokama qilib, bir fikrga keladilar va harakat boshlaydilar. 1913-yil 12-sentabrda Lazarev institutini tugatgan Nuriddinbek Xudoyorxonov va Saratovdan kelgan xususiy advokat Ubaydulla Asadullaxo‘jayev milliy tilda gazeta nashr etishga kirishadilar. Bu orada aholiga kitob nashr etib, tarqatish ishlarini yaxshilash uchun “Umid” jamiyatini tuzish rejalashtiriladi. 1913-yil 9-oktabr Toshkentda taraqqiyparvar musulmonlar “Umid” nomli jamiyat tuzib, o‘zlarining kitob savdolarini tashkil qilishmoqchi bo‘lishdi, jumladan, ularning eng taniqli vakillaridan biri – Ubaydulla Asadullaxo‘jayev edi. 1914-yil 8-dekabrda Ubaydulla Asadullaxo‘jayev “Umid” birodarligi o‘rnida tashkil qilingan, bay asosida ishlovchi “Nashriyot” kitob savdosi uyushmasiga a’zo bo‘ladi.

Toshkentning Shayx Xovandi Tahur daha muftisi uyida o‘tgan gapda taraqqiyparvarlar birodarligi ostida “Sadoyi Turkiston” nomida bir gazeta ochish masalasi ko‘tariladi. Asadullaxo‘jayev 1913-yil noyabr oyida Sirdaryo viloyati Harbiy gubernatori Galkinga gazeta ochish uchun ruxsat so‘rab murojaat qiladi. 1913-yil 21-dekabrda Sirdaryo harbiy gubernatori “Sadoyi Turkiston” gazetasini nashr etishga ruxsat beradi. Gazetaning birinchi soni 1-apreldagina nashrdan chiqadi.

“Sadoyi Turkiston”ni Ubaydulla Asadullaxo‘jayev, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon, Abdurauf Muzaffarzoda, Shokirjon Rahimiy, Mirmuhsin Shermuhammad, Mirmulla Shermuhammad, Tavallo – barchalari qo‘lni qo‘lga berib gazetani 1914–1915-yil mobaynida muntazam chiqarib turdilar. Ammo gazetaning iqtisodiy yuki ko‘proq Ubaydulla Asadullaxo‘jayev zimmasiga tushadi. Tatar yozuvchisi Ibrohim Tohiriy 1914-yilda “Sho‘ro” jurnaliga yozgan “Ko‘rgan – bilgandan” xabarida: “Sadoyi Turkiston” gazetasi yolg‘iz muhtaram yurist Ubaydulla afandi Asadullaxo‘jayev janoblarining himmatigagina bog‘liqdir. Gazetaning har bir nomerinda 30-40 so‘m zarar ko‘rib boraturg‘on muhtaram yurist millatparvar Ubaydulla afandi bir el homiysiga ega bo‘lsa, go‘zal o‘lur edi”, deb yozgan.

“Sadoyi Turkiston” gazetasi 1914-yil 20-may sonida “Butxonada yong‘in” sarlavhali bir xabarni ko‘chirib bosadi. Xabarda Perm shahridagi diniy maktablarning biridagi butxonaga o‘t tushgani xabar qilinadi. Janob Ostroumov “cherkov” so‘zi o‘zbek tiliga “butxona” deb o‘girilgani uchun gazeta mas’ul muharriri U. Asadullaxo‘jayev va xodim A.Muzaffarzodani sudga berib, jinoyat qonunlarining 77-moddasiga muvofiq jazoga torttirmoqchi bo‘ladi. U. Asadullaxo‘jayev Toshkent kutubxonasiga murojaat qilib, ushbu so‘z qachondan matbuotda ishlatilayotganini surishtiradi. 1914-yil sentabrda o‘tgan sud paytida advokatlardan Shirman, Rozanov, Markov gazeta, uning noshir va muharririni himoya qiladilar. Abdurauf Muzaffarzoda “butxona” so‘zi bevosita N. Ostroumov qo‘l ostida chiqayotgan “Turkiston viloyatining gazeti”da 1902-yildan buyon ishlatilib kelganini isbotlab beradi. Advokatlar ham modda va talab noo‘rin ekanligini isbotlab beradilar. Sud Ubaydulla Asadullaxo‘jayev va Abdurauf Muzaffarzodani aybsiz topadi va ishni harakatdan to‘xtatadi. Ishning to‘xtatilishida o‘zbek ziyolilarining norozilik chiqishlari ham ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, “Sadoyi Farg‘ona” gazetasida “Mulla A.” ya’ni, Ashurali Zohiriyning “o‘rinsiz hujum va xavf” maqolasi, Cho‘lponning Ostroumov faoliyati to‘g‘risida Suqsuviy taxallusida yozgan “Muammo” she’ri bosiladi.

Ubaydulla Asadullaxo‘jayev Turkiston xalqining o‘z haq-huquqini tanishi uchun tinmay ishladi. Mahalliy boylar uni quvvatlamagan bo‘lsa-da, ammo atrofidagi do‘stlarining yordamida turli tadbirlarni amalga oshirdi. 1915-yilda “Turkiston” sayyor truppasini tuzib, Farg‘ona vodiysi bo‘ylab uyushtirilgan safar ana shunday tadbirlardan biridir. Truppa Asadullaxo‘jayevning ma’muriy, Avloniyning badiiy rahbarligi ostida Qo‘qon, Andijon, Namangan, O‘sh shaharlarida bo‘lib, mahalliy aholiga o‘zbek tilidagi ilk spektakllarini namoyish etibgina qolmay, mahalliy yoshlardan havaskor teatr truppalarini tashkil etishga ko‘maklashdi. Bu safarlarning sabablaridan biri “Sadoyi Turkiston” gazetasi nashrini moliyalashtirish edi.

Safar garchi muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsa-da, biroq gazetani chop etish uchun kerakli va zarur miqdordagi mablag‘ topilmaydi. Oqibatda gazeta yopiladi. Uning o‘zi gazetaning yopilishi haqida 1926-yil 12-mayda GPUga quyidagicha ko‘rsatma beradi: “1915-yilda Toshkentdan Andijonga ko‘chib bordim. Ko‘chishimning sababi shundaki, menim tomonimdan o‘zbek tilida nashr etiluvchi “Sadoyi Turkiston” gazetasi Sirdaryo viloyati Harbiy gubernatori Galkinning bosimi va tez-tez ta’qibga olishi hamda mablag‘ning yetishmasligi bilan yotib qoldi. Menga biror viloyatga borib, yashash uchun mablag‘ topishdan o‘zga chora qolmadi”. 1914-yil taxminan mart oyida “o‘zaro yordam klubi”da xususiy tadbirkorlar yig‘ilishi bo‘ladi. Ana shu yig‘ilishda u adolatni talab qilgani uchun kaltaklangani haqida “Turkestanskiye vedomosti” gazetasi xabar beradi. Tadbirkorlardan mahalliy aholiga yordam tegmasligi va gazetani saqlab qolishning imkoniyati yo‘qligi uchun Andijonga borib ishlashga majbur bo‘ladi.

Ubaydulla Asadullaxo‘jayevning 1915-yilda Andijonga ko‘chib borishiga sabab shuki, o‘sha yili andijonlik bir necha dehqonlar kelib, Novgorodskiy degan bir uchastkovoy xalqqa soliq solib, arzir va arzimas narsalar uchun ezayotganligidan shikoyat arizasini yozib, undan yordam so‘raydilar. U arizaga javoban Andijonga borib, xalqning ahvoli bilan tanishadi. Faqat Andijonda emas, balki butun Farg‘ona vodiysida uchastkovoy va pristavlar, umuman chor ma’muriyati xalqning qonini so‘rayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ishonch hosil qiladi. “O‘shanda, — deydi Ubaydulla Asadullaxo‘jayev, — men Andijonga ko‘chib borib, ma’muriyatning suiste’molchiligiga qarshi kurashishga ahd qildim. Men Toshkentda gazetam yopilganidan so‘ng shu qarorga keldim. Andijonga ko‘chib kelgach, xususiy amaliyot bilan, asosan o‘zimning bor kuch-quvvatimni dehqonlar ommasini ma’muriyatning suiste'molchiligidan himoya qilishga qaratdim”.

O‘sha davrda u tasodifan bozorda, Eshonxon degan gazlamafurush do‘konida so‘l inqilobchi Vadim Chaykin bilan tanishib qoladi. Shu yil 1-iyuldan boshlab Chaykin ta’sirida “Turkestanskiy golos” gazetasiga baychi va muxbir sifatida a’zo bo‘ladi. Turkiston tuman muhofaza Andijon bo‘limi: “Xo‘jayev “Sadoyi Turkiston” gazetasi yopilib, Andijonga ko‘chib kelgandan buyon faqat advokatura bilan shug‘ullandi, shu yil 1-iyuldan boshlab “Turkestanskiy golos” gazetasi bilan hamkorlik qilmoqda” deb xabar beradi.

Tez orada u mahalliy aholining bitmagan ishlarini o‘nglab, mahalliy aholining suyanchig‘i degan nom qozonadi. Ubaydulla Asadullaxo‘jayev Andijon va, umuman, Farg‘ona viloyatida nomi mashhur bo‘lgan Sulaymon Kelginboyev, Serikbay Akayev, Akbarali Boytursunov kabi tarjimon va advokatlar bilan hamkorlik qiladi. Xalq shikoyat yozgan kapitan Novgorodskiy faoliyatini tekshiradi. Uning xalq va davlat pulini suiste’mol qilganini fosh qiladi. Elning mablag‘ini egalariga qaytartirib, zolimni ishdan chetlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. U 1915 — 1917-yillar mobaynida Andijonda xalqqa qarshi bo‘lgan chor ma’muriyati mansabdorlari va ularga beminnat xizmat qiluvchi mahalliy kishilarning faoliyatini ayovsiz fosh qiladi.

1916-yil iyun voqealarida, ya’ni mardikorlikka olish to‘g‘risidagi farmonga Turkistonning xalqparvar, ongli huquqshunosi sifatida qarshi chiqdi. Bu haqda “Milliy ittihod” yetakchilaridan biri bo‘lgan Salimxon Tillaxonov shunday deydi: “Shul vaqtda Ubaydullaxo‘ja va Munavvarqori vaqtdan foydalanib hukumatning ishchi olishiga qarshi harakat qilmoqchi bo‘ldilar. “Biz ishchi bermaymiz, yigit bermaymiz” degan so‘zlarni tarqatishga boshladilar. Salimxon Tillaxonovning so‘ziga qaraganda, ana shu tashviqotdan so‘ng Toshkentda xalq isyon ko‘targan va chor ma’muriyati xalqni tinchitish va mardikorlikka olish masalasini Ubaydulla Asadullaxo‘jayev va Munavvarqori Abdurashidxonov zimmasiga yuklagan. Toshkentda maxsus “Mardikorga olish ishchi qo‘mitasi” tuzilgan. Qo‘mitaga Ubaydulla Asadullaxo‘jayev rais, Munavvarqori Abdurashidxonov o‘rinbosar, Abduhakim Sarimsoqov a’zo bo‘lgan. Ushbu qo‘mitaning jiddiy harakati bilan mardikorlikka olingan va turli yerlarga jo‘natilgan kishilar uchun moddiy yordam ko‘rsatilgan, ularga rus tilini biladigan kishilar qo‘shib qo‘yilgan. Asadullaxo‘jayevning faoliyati mardikorga ketganlar orasida afsonaviy bir xaloskor nomiga aylangan. Bu holat Hamza Hakimzodaning “Loshmon fojialari” dramasida o‘z aksini topgan. Hamza qahramonlari Ubaydulla Asadullaxo‘jayevning qilayotgan ishlaridan so‘zlashib, uni taftish chaqirish uchun Peterburgga borganini gapirib, unga najotkor sifatida qaraydilar va “Yashasin Ubaydulla Asadullaxo‘jayev” deb qo‘shiq aytadilar.

Mardikorlikka olish voqealari taftishi uzil-kesil hal qilinib, tekshiruvchilar o‘z fikr-mulohazalarini bayon qilishgan bo‘lsa-da, mustamlaka hukumati mahalliy aholiga yengillik bermadi. Faqat 1917-yil fevral inqilobidan keyingina mardikorga ketgan kishilar o‘z yurtlariga qayta boshladilar. O‘z yaqinlarining oilaga qaytib kelayotganini ko‘rgan yurt kattalari 1916-yil oxirlarida Ubaydulla Asadullaxo‘jayevning el-yurtga qilgan xizmatlarini e’tiborga olib, unga xalq minnatdorligi bayon qilingan “Tashakkurnoma”ni topshiradilar.

1916-1917-yillarda Ubaydulla Asadullaxo‘jayevning nomi butun Turkiston o‘lkasida doston bo‘ladi. Munavvarqori Abdurashidxonov va boshqalar uni Turkiston o‘lkasidan Rossiya Davlat Dumasiga deputatlikka nomzod ko‘rsatish to‘g‘risida xalq orasida keng targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib boradilar. Ammo siyosiy voqealarning keskin o‘zgarib borishi bu niyatni amalga oshirishga imkoniyat bermaydi. Chunki davlat boshqaruvini qo‘liga to‘liq ola olmagan Muvaqqat hukumatdan najot kutish o‘likka to‘kilgan ko‘zyoshdek esiz edi. Biroq u baribir Peterburgga yo‘l oladi.

Ubaydulla Asadullaxo‘jayev fevral inqilobini Namanganda kutib oladi. Chunki sobiq general gubernator Kuropatkin poraxo‘r va muttaham vatandoshlarining so‘ziga kirib, uni o‘lkadan surgun qilish haqida ko‘rsatma bergani uchun Toshkentga kela olmas edi. Ammo Kuropatkin 1917-yil 21-fevralda o‘z buyrug‘ini bekor qilishga majbur bo‘ladi. Shu munosabat bilan Ubaydulla Asadullaxo‘jayevga Munavvarqori Abdurashidxonov, Toshkent xalqi va ayrim shaxslar nomidan tabrik telegrammasi yuboriladi. U mart oyining boshida Toshkentga kelib, Toshkent “Sho‘royi islom” jamiyatining majlisida ishtirok etadi. Avvaliga rais o‘rinbosari va oradan ko‘p o‘tmay jamiyatning aprel oyi majlisida Turkiston “Sho‘royi islom” jamiyatining raisi etib saylanadi. Shuningdek, fevral – oktabr oylarida eski shahar aholisi nomidan Toshkent Ijroiya qo‘mitasining a’zosi (deputati) vazifasini bajaradi. Shu yil aprelda o‘tkazilgan Umumturkiston syezdida ishtirok etadi.

Ubaydulla Asadullaxo‘jayev 1917-yil 16-aprelda o‘tgan Umumturkiston musulmonlar syezdida prezidium a’zosi etib saylanadi. Syezdda ko‘rilgan 16 moddadan iborat masala muzokarasida faol ishtirok etadi va mardikorlarni qaytarish hamda yer-suv masalalarini syezd muhokamasiga qo‘yadi.

Xo‘jayev 1917-yil avgust oyida o‘tgan “Butun Rossiya musulmonlari Ikkinchi syezdi”da ishtirok etadi. U shu yil avgust oyining oxirigacha Petrogradda Butunrusiya Musulmonlar Ijroiya qo‘mitasi va Butunrusiya dehqonlar Ijroiya qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat olib boradi. O‘sha yil sentabr oyida Toshkentga qaytib, o‘lka musulmonlar sho‘rosida sentabr oyining oxirigacha ishlaydi. Turkiston Markaz sho‘rosi tomonidan vaqtli hukumatning “Turkiston komiteti”ga Cho‘qayev, Og‘ayev bilan birga Ubaydulla Asadullaxo‘jayev ham a’zo etib saylanadi va Farg‘onaga ketadi. Qo‘qonda o‘tadigan o‘lka musulmonlar III syezdini tayyorlashda qizg‘in ishtirok etadi. Syezd raisligiga saylangan U. Asadullaxo‘jayev Turkiston xalqining taqdirini hal qiladigan barcha masalalarni syezdda ko‘rilishiga erishadi. Syezd Sh. Shohiahmedovning “Turk adam markaziyat” firqasi programmasi asosida tayyorlagan federatsiya tarkibdagi Turkiston avtonom respublikasini barpo etish loyihasini quvvatlaydi. Bu syezd qabul qilgan loyiha Turkiston Muxtor Respublikasini tashkil etish uchun zamin yaratdi. Afsuski, bu loyihani tinchlik yo‘li bilan amalga oshirish va mustahkamlash uchun muvaqqat hukumat vaqtni boy bergan edi.

Qo‘qon va Jizzaxda mudhish qonxo‘rliklar sodir etilgan kezlarda Ubaydulla Asadullaxo‘jayev Samarqandda bo‘lib, Muxtoriyatni saqlab qolish, iqtisodiy qo‘llash uchun mablag‘ va askar to‘plash bilan ovora edi. Shu vaqtda qamalish xavfida yurgan Asadullaxo‘jayev Boshqirdistonga yo‘l oladi. Bu o‘lkada ham xuddi Turkistondagi kabi muxtor respublika tuzilgan va unga Ahmad To‘g‘on Zaki Validiy rahbarlik qilar edi. Asadullaxo‘jayev bilan birga Abdulhamid Sulaymon, Mirmuhsin Shermuhamedov ham Orenburgda edilar. Ubaydulla Asadullaxo‘jayev 1926-yil, 19-aprel ko‘rsatmasida shunday deydi: “Men hukumat va sho‘ro a’zoligiga saylandim, militsiya va jamoat xavfsizligini saqlashni tashkil qilish uchun hukumat tomonidan tayinlandim. Hukumat topshirig‘iga binoan 1918-yil yanvarda Samarqandga mablag‘ to‘plashga yuborildim. Muxtor respublika tarqatilib yuborilgach, Toshkentga keldim, so‘ng Ashxabod, Krasnovodsk, Astraxan orqali Moskvaga bordim. Boshqirdiston sho‘ro hukumatining taklifiga muvofiq Orenburgga keldim. 1919-yil ikkinchi yarmidan 1920-yil kuzgacha Tokchuran kanton ijroya qo‘mitasida kotib bo‘lib ishladim”.

1918-yil qishda Ubaydulla Asadullaxo‘jayev Saratovdan Samaraga ko‘chib o‘tadi. Bu yerda zotiljam va tif kasaliga mubatlo bo‘lib shaharda qolishga majbur bo‘ladi. Ana shu paytda u Boshqirdiston hukumatida ishlashga chaqiriladi. Tokchuran kantonida advokat, xalq sudyasi va ijroiya qo‘mita prezidiumi a’zosi, mas’ul kotib vazifalarini bajaradi. 1920-yil o‘rtalarida komdezertir, bosqinchi aka-uka Gibzalovlarning tuhmati bilan qamoqqa olinadi va avval Orenburg, so‘ng Maskovga jo‘natiladi. Maskovdagi VCHKning Butirka ichki qamoqxonasida boshqird namoyandasi Ilyos Alkin bilan birga o‘tiradi. Olib borilgan so‘roq va taftishlar Ubaydulla Asadullaxo‘jayevning inqilobiy Rossiyaga jinoyat qilmaganini ko‘rsatadi va aka-ukalar jinoyat ustida qo‘lga tushib, otishga hukm qilingani bois 1921-yanvar oyida qamoqdan ozod qilinadi. Buxoro xalq respublikasining vakolatxonasida faoliyat olib boradi. Oradan ko‘p o‘tmay Iosif Stalin rahbarlik qilayotgan Millatlar xalq komissarligida, Davlat nashriyoti boshqarmasi bo‘limida huquqshunos bo‘lib ishlaydi. 1921-yil boshlarida salomatligi yomonlashgani sababli Yaltaga kelib, uzoq muddat davolanadi. So‘ng yana Maskovga qaytib ketadi.

Ubaydulla Asadullaxo‘jayev 1924-yilda Moskvadan Toshkentga butunlay qaytib keladi va Adliya komissarligi qoshidagi yuridik texnikumda dars bera boshlaydi hamda “Himoyachilar kollegiyasi”da faoliyat olib boradi. 1926-yil 18-aprelda noma’lum sabalarga ko‘ra GPU (Davlat Siyosiy Boshqarmasi) tomonidan qamoqqa olinadi. GPU xodimlarining “qaror”ida: “Ubaydulla Asadullaxo‘jayev 24-yil boshida Turkistonga qaytib kelib, aksilsho‘ro doiralaridagi obro‘si sharofati va o‘tmishdagi jadidchilik milliy harakatining eski, taniqli vakillaridan biri hamda sho‘rolar hukumatiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon rahbari sifatida ilk kelgan kundan boshlaboq faqatgina barcha aksilsho‘ro unsurlarning markaziga aylanib qolmasdan, balki Toshkent va, umuman, butun Turkiston, Buxoro va boshqa viloyatlarning e’tiborini jalb etdi. Boshqa mashhur millatchilar bilan, masalan, Toshkentda Munavvarqori, Said Nosir Mirjalilov, Ergash Nurmuhamedov, Tangriqul Maqsudiy, Saidvali Saidahmedov, Mirodil Mirzaahmedov , Tolibjon Musaboyev, Najmiddin Sherahmedov bilan, shuningdek, boshqa viloyatlardagi, xususan, Samarqandda Qozihaydar Abusaidov, Qo‘qonda Ashurali Zohiriy, Yunushoji Og‘aliqov va Buxoroda Fitrat va boshqalar bilan aloqa o‘rnatdi”, – deb keltirilgan.

JKning 62-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortilgan Ubaydulla Asadullaxo‘jayev e’lon qilingan ayblarni tan olmadi, lekin u Qo‘qon harakati tor-mor etilgandan keyin Moskvada yashiringani va bu harakatning rahbarlari Said Nosir Mirjalilov, Obidjon Mahmudov, Turkiston delegatsiyasining rahbari Sadriddinxon bilan uchrashganini tasdiqladi. Tergovda unga “Toshkent guruhining yig‘ilishida chet elda o‘qiyotgan talabalarga yordam ko‘rsatish masalasida o‘z yonidan ma’lum miqdorda pul berdi, millatchilar uyida bo‘ldi”, degan ayb qo‘yiladi.

1926-yil 22-aprelda uning xotini Yekaterina Asadullaxo‘jayeva ko‘rishmoq uchun GPU boshliqlariga ariza beradi. Asadullaxo‘jayev vaziyatning qaltis ekanligini sezadi va 1926-yil 27-aprelda uchrashuv paytida I. Stalin nomiga ariza yozib, rafiqasi orqali jo‘natadi. Garchi Stalin Ubaydulla Asadullaxo‘jayevning ozod qilinishiga ko‘rsatma bergan bo‘lsa-da, Turkiston GPUsining xo‘jayinlari uni maxfiy xodim sifatida ishlashga majburlab ko‘ndirmoqchi bo‘ladilar. Atoqli huquqshunos, ularga yolg‘on va’da bergach, 1926-yil 19-iyunda ish harakatdan to‘xtatilib, qamoqdan ozod qilinadi. Ammo olti oy mobaynida u bironta material bermaydi. GPUchilar 1926-yil 23-dekabrda Maskovdagi VOOGPU boshilig‘i o‘rinbosari Vallenbergga shikoyat yuboradilar: “Iskrenniy” laqabi bilan ishlashga va’da bergan edi. Ubaydulla Asadullaxo‘jayev “osvedom” (xabarchi) sifatida zimmasiga olgan vazifasini bajarmaslik bilan kifoyalanmay, ongli ravishda Munavvarqori oldida o‘zini oshkor qildi va unga “osvedom” sifatida o‘z vazifasiga nimalar kirishini aytgan hamda o‘rtoq Belskiy nima gapirgan bo‘lsa, hammasini Munavvarqoriga xabar qilgan. Solovkaga besh yilga surgun qilinishini so‘raymiz”. Belskiy yugurdaklarining bu iltimosi oqibatsiz qoldiriladi. Ubaydulla Asadullaxo‘jayev qamoqdan chiqib, advokatlik faoliyatini davom ettiraveradi.

Ammo GPU xodimlari uning har bir bosgan qadami haqida ma’lumot olib turadilar. 1929-yilda arzimagan bahona bilan bir yilga majburiy xizmatga kesiladi. 1930-yilda majburiy xizmatdan qutulgach, oradan ko‘p o‘tmay, shu yili 20-aprelda, “Munavvarqori Abdurashidxonov, Salim Tillaxonov va boshqalar” ishi bo‘yicha yana qamoqqa olinadi. Unga “Milliy ittihod” a’zosi, josus, O‘zbekistonni sho‘rolar hukumatidan ayirib, mustaqil burjua respublikasi qurmoqchi, degan ayb qo‘yiladi.

Atoqli istiqlolchi juda zukko va ehtiyotkor bo‘lishiga qaramay, ba’zan atrofidagilardan hadiksiramagan, ularga ishonch bilan qaragan. Shu sababli Toshkentga qaytib kelib, do‘stlari bilan dastlab uchrashgan kundan boshlaboq uning yonida GPU agentlari galma-gal poyloqchilik qilib yurishgan. Dalillarga murojaat qilaylik: “P” laqabli xufya 1925-yilda shunday xabar beradi: “Ubaydulla Asadullaxo‘jayev yana xorijga, Mustafo Cho‘qayev nomiga Eron chegarasi orqali turli-tuman axborotlar, xususan, Toshkent gazetalarida bosilgan korrespondensiyalarni, shuningdek, Cho‘qayevning yozganlariga qarshi so‘nggi paytlarda yozilgan narsalarni va boshqalarni jo‘natdi. Pochtani marvlik turkman Turdi oqsoqol degan shaxs orqali yubordi. Shu turkman orqali boshqa korrespondensiyalar ham xorijga jo‘natilgan degan taxmin bor”.

GPU agentlari Ubaydulla Asadullaxo‘jayev Shimoliy Kavkazda nashr etiladigan “Yangi Kavkaz” gazetasida Yusuf laqabi bilan va rus muhojirlarining “Dni” gazetasida maqolalar e’lon qilganini o‘z xo‘jayinlariga yetkazadilar. O‘lganning ustiga chiqib tepgandek mazkur ma’lumotlar ustiga 1929-yili O‘zbekiston Oliy Sudining Raisi Sa’dulla Qosimov va boshqalar ustidan boshlangan sud jarayoni, unda Obid Saidov va boshqalarning tuhmatona ko‘rsatmalari oshkor bo‘ladi hamda maxsus topshiriq bilan “Uzbekistanskaya pravda” gazetasida Ubaydulla Asadullaxo‘jayevga nisbatan tuhmatdan iborat hujum uyushtiriladi.

Sho‘rolar hukumati davlat tepasiga kelgach, o‘zining “proletkult” degan haybarakallachilari tilidan inqilobga qadar voyaga yetgan ziyolilarga ishonmaslik masalasini o‘rtaga tashlagan edi. Garchi o‘zlari ham o‘sha davr kishilari bo‘lsalar-da, biroq hur fikrli, millat taqdiri haqida o‘ylovchi kishilarni siyosiy ishlardan chetlashtirish, hatto ularni butunlay jismoniy yo‘qotish masalasini maydonga otdilar. Shuning uchun markazda ham, chet o‘lkalarda ham ziyolilarga, xususan, milliy ziyolilarga ishonmaslik xuruj qildi.

O‘zbekiston xalqini har sohada kaltaklashni maqsad qilgan sho‘rolar hukumati GPU vositasida siyosiy qatag‘onning yangi bosqich jarayonini boshlaydi: 1929-yil noyabr – 1930-yil yanvar-fevral boshlarida 87 nafar kishi hibsga olinadi. GPU Turkistonda kuchli maxfiy tashkilot ishlayapti, unga Munavvarqori Abdurashidxonovdan boshqa kishilar ham aralashgan, chet el razvedkasining aloqasi bor degan soxta gumon bilan qamalganlar tergovi boshlanadi. Har narsadan gumonsiraydigan sho‘ro hukumati o‘z faoliyatini allaqachon tugatgan “Milliy ittihod” ishlayapti, degan dalillanmagan xulosaga keladi. Besh-olti yil kuzatishdan so‘ng Maskov ruxsati bilan O‘zbekistondagi Belskiy rahbarligida GPU milliy ziyolilarni tamom qirib tashlashga ahd qiladi. Qamoqqa olingan Turkiston — O‘zbekiston ziyolilari xalq yangi hokimiyatning yolg‘on shiorlariga aldanib qolgani sababli buyuk kurashning qurolli va mafkuraviy qismini tugatib, yurishni ma’rifat tomon burganlari sababli boshlarini kundaga qo‘ydilar. Ubaydulla Asadullaxo‘jayev tergov davomida sharmandalarcha olib borilayotgan tuhmat va jismoniy qiynoqlarga qaramay, raqiblari irodasiga bo‘ysunmadi, bor haqiqatni O‘zbekiston xalqiga bildirish chorasini izladi. “Uzbekistanskaya pravda”ga raddiya yozdi. Huquqshunos bo‘lgani uchun ko‘p balolardan o‘zini ihota qila oldi. Ammo jismoniy qiynoqlar o‘z hunarini ko‘rsatar edi. U o‘z yaqin va do‘stlarini qanchalik ayamasin, sho‘rolar hukumatining tajovuzidan asrab qola olmaydi. U 1937-yilda ma’muriy jazoni muddatidan oldin Vologda viloyati Nikolsk shahrida o‘tab qaytadi.

Ubaydulla Asadullaxo‘jayev qamoqdan kelgach, singlisi Muborakxonning uyida yashaydi. Jiyani mohir tarjimon va jurnalist Hibziddin Muhammadxonovning xotirlashicha, u Lev Tolstoyning “Bolalik”, R.Kiplingning “Maugli” asarini o‘zbekchaga tarjima qiladi. O‘z yuridik huquqlarini tiklashga harakat qiladi. Biroq mustabid hokimiyat unga ishlash va ijod bilan shug‘ullanishga imkoniyat bermaydi.

Oilasi. U Saratovda yashagan paytida Yekaterina Pavlovna Serdabova bilan turmush quradi. Opasi va singlisi bo’lgan. Katta opasing oʻgʻli - oʻzbek yozuvchisi va shoiri Shukrullo Yusupov. Shukrulloning ma’lumot berishicha, Ubaydullaxo’ja birinchi marta qamalgandan so’ng, Toshkentga qaytganda singlisinikida yashagan, bola-chaqasi bo’lmagach, xotinidan ajraladi.

O‘limi. Ubaydulla Asadullaxo‘jayev 1938-yil 20-fevralda yana qamoqqa olinadi. Tergovda 1918 – 1920-yillarda ingliz josuslari foydasiga ishlagan degan aybni to‘nkaydilar. Kaltaklangan, xo‘rlangan va tahqirlangan safdoshlari azobdan qutulish uchun yolg‘on, yasama javoblarga majburan qo‘l qo‘yadilar. 1938-yil 17-mayda o‘tkazilgan so‘roqda “Men hech qachon “Milliy ittihod” a’zosi bo‘lgan emasman, hozir aniq eslay olmayman, Munavvarqorining uyida bir yoki ikki marta bo‘lganman, shundan so‘ng aloqani uzib, Rossiyaga ketganman va shuning uchun yetti yil surgunda bo‘lib keldim”, deydi va o‘sha yil 11-iyulda atoqli davlat arbobi Sa’dulla Tursunxo‘jayev bilan o‘tkazilgan yuzlashtirishda “Men “Ittihodi taraqqiy” rahbarlarining ingliz razvedkasi bilan aloqasi haqida hech narsa bilmayman, ingliz razvedkasiga mening hech qanday aloqam yo‘q” deb javob beradi. 1937-yil surgundan qaytgandan keyin faqat millati ovrupolik bo‘lgan huquqshunoslar bilan suhbatlashganini so‘zlaydi. Tergovchining “Sen aksilsho‘ro tashviqoti olib borgansan, tan olasanmi” degan do‘qiga “Yo‘q. Tan olmayman. Men buni inkor qilaman. Men hech qachon aksilsho‘roviy tashviqot olib borgan emasman”, deydi. NKVD xodimlari bu mardonavor javobga qarshi bironta qarshi dalil topa olmaydilar. Shunga qaramay, SSSR NKVD Maxsus Kengashi Ubaydulla Asadullaxo‘jayevni josuslikda va aksilsho‘ro milliy tashkilotga a’zolikda ayblab, 1939-yil 14-may qarori bilan sakkiz yilga Magadan mehnat lageriga surgun qilish to‘g‘risida qaror chiqaradi. Shu kuni NKVDga qarashli Komi ASSR, Pezmog qishlog‘i, Kotlas bekati, Gorkiy temir yo‘lidagi LOKCHIMLAGning 3-bo‘limiga jo‘natiladi. U 1939-yili jazo o‘tash jamlog‘ida vafot etadi.

(O. Z.)