Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Usmonxo‘ja To‘xtaxo‘jayev

(1886 - )

Bolaligi. Usmonxо‘ja Tо‘xtaxо‘jayev 1886 yil Toshkentning Egarchi mahallasida egar yasovchi hunarmand Tо‘xtaxо‘ja Rafe’xо‘jayev xonadonida tug‘ilgan.

Ma’lumoti. Usmonxо‘ja Tо‘xtaxо‘jayev dastlab о‘z mahallasidagi eski maktabda savod chiqargan. 5 sinflik rus-tuzem maktabini о‘qigan Usmonxо‘ja Tо‘xtaxо‘jayev Toshkent madrasalaridan birida tahsilni davom etgirgan. U 1914 yildan Munavvarqori Abdurashidxonovning “Namuna” maktabida tahsil olgan va Murodxо‘ja Solixov, Sami’kori Ziyoboyevlardan muallimlik kasbi mahoratini о‘rgangan. Usmonxо‘ja Tо‘xtaxо‘jayevdan keyinchalik SSSR MIK raisining о‘rinbosari bо‘lib yetishgan Abdulhay Tojiyev, О‘zSSR Oliy Sudi raisi bо‘lgan Sa’dulla Qosimov, о‘zbek romanchiligi maktabi asoschisi Abdulla Qodiriylar ham ilm sirlarini о‘rgatgan edilar.

Faoliyati. Usmonxо‘ja Tо‘xtaxо‘jayev madrasa talabaligi davridayoq, Egarchi mahallasida maktab muallimi sifatida tanilgan.

Usmonxо‘ja Tо‘xtaxо‘jayev 1917 – 1921 yillarda Obidxо‘ja Sharifxо‘jayev, Tangriqul hoji Maqsudovlar bilan jadid taraqkiyparvarlarining “Ulug‘bek” maktabida о‘qituvchilik qilgan. 1918 yili Said Afandi Ahroriyning “Vatan” maktabida “Izchilar” tо‘dasi tomonidan tashkil etilgan ikki yillik pedagogika kursda ham dars bergan.

1921 yil Usmonxо‘ja Tо‘xtaxо‘jayev, Obidxо‘ja Sharifxо‘jayev va Tangriqul hoji Maqsudiylar Toshkentda sovet ma’murlari tomonidan ma’lum tazyiqlarga duch kelgach, Munavvarqori taklifi bilan Buxoroga yо‘l olgan. Usmonxо‘ja Tо‘xtaxо‘jayev Buxoro Xalq Respublikasi Maorif Nozirligida maktablar bо‘limida uslubiyat bо‘yicha mudir bо‘lib ish boshlagan. Birok, kasallikka chalingani tufayli kо‘p о‘tmay Toshkentga qaytishga majbur bо‘lgan. Usmonxо‘ja Tо‘xtaxо‘jayev 1921 – 1922 yillarda Toshkentdagi xotin-qizlar bilim yurtida direktor, 1922 – 1924 yillarda Toshkent shahar ijroqо‘mining siyosiy oqartuv bо‘limida mudir, Toshkent uezd vaqf bо‘limi qoshida tashkil etilgan qishloq ishchilar tayyorlov kursida mudir о‘rinbosari va muallim vazifalarida ish olib borgan. Ayni paytda 1923 yili Munavvarqori Abdurashidxonov tomonidan tashkil etilgan “Nashri maorif” jamiyatida ham faol ishtirok etgan. Jamiyat qisqa muddatda katta ishlarni amalga oshirgan. Usmonxо‘ja Tо‘xtaxо‘jayevga Germaniyada о‘qiyotgan sobiq о‘quvchisi Abduvahhob Murodiy kо‘plab xatlar yozgan. Unda Turkistonda maorifni rivojlantirish yuzasidan о‘z mulohazalarini bayon etgan. Usmonxо‘ja Tо‘xtaxо‘jayev 1926 yil noyabr oyidan Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida ijroqо‘m raisining о‘rinbosari lavozimida ishlab, kompartiyaga a’zo bо‘lgan. Biroq, uning partiya sohasida ishlab ketishiga ham ma’lum tо‘sqinliklar bо‘lgan. U 1927 yil avgust oyi boshlarida Toshkentga kelib, yana xotin-qizlar pedagogika bilim yurtida jamiyatshunoslik fanidan dars bera boshlaydi.

Ilmiy-adabiy merosi. 1918 yili Usmonxо‘ja Tо‘xtaxо‘jayev о‘zi dars berayotgan “Ulug‘bek” maktabida “Arman vahshiyligi” pyesasini yozib, о‘quvchilar bilan sahnalashtiradi. 1919 yili yozgan “Qahramon chavush” fojiasini maktab о‘qituvchilari va о‘quvchilari ijrosida Toshkentning Eski shahar qismidagi jadidlarning “Qayumxon” teatri sahnasiga olib chiqqan. Vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan tо‘lib toshgan bu asarning dunyoga kelishida, albatta, maktab mudiri Turdi Shukribey va boshqa turk harbiy ofitserlarining ham ta’siri katta bо‘lgan.

О‘limi. 1929 yil 28 sentabr kuni Egarchi mahallasidagi 42-uyidan Usmonxо‘ja Tо‘xtaxо‘jayev qamoqqa olingan. Keyingi taqdiri noma’lum.

D.J.