Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Zahiriddin Qosimov

(1867 - 1937)

Bolaligi. Zahiriddin aʼlam Abulqosim (Zahiriddin Qosimov) 1867-yili Andijon shahrida ziyoli oilada tugʻilgan.

Maʼlumoti. Maktab va madrasa taʼlimini olgan. Islom huquqshunosi “aʼlam” boʻlib yetishgan.

Mehnat faoliyati. 1917-yili tuzilgan Turkiston Muxtoriyati hukumatini qoʻllab-quvvatlagan. Ulamolar tomonidan tuzilgan “Muʼinul islom” (“Islom koʻmakchisi”), “Shoʻroyi islom” uyushmalari aʼzosi boʻlgan.

Fargʻonada 1918–1919-yillarda nashr etilgan “Xaloyiq”, “Ravnaqul islom” (Qoʻqon) gazetalari muharriri, Toshkentda nashr etilgan “Haqiqat” jurnali (1922) masʼul muharriri boʻlgan.

1923–1936-yillarda Turkiston, Oʻzbekiston diniy nazoratida xodim lavozimlarida ishlagan. Ufa shahrida boʻlib oʻtgan Butun Rossiya musulmonlarining III syezdida (1926-yil 25 oktabr – 4 noyabr) Oʻzbekiston SSRdan “Mahkamayi sharʼiya”ning raisi Zahiriddin aʼlam Qosimov boshchiligida 5 vakil ishtirok etgan.

1923-yili Ufa shahridan “Hazrati Usmon musʼhafi”ni olib kelish delegatsiyasi rahbari boʻlgan.

Ilmiy-adabiy merosi. “Turkiston tarixi” kitobi va maktab, til, tarix mavzusidagi maqolalar muallifi.

Oʻlimi. 1936-yili aksilinqilobiy harakat aʼzosi sifatida soxta ayblovlar bilan qamoqqa olingan. Uzoq tergovdan soʻng 1937-yili otib tashlangan.