Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Jumaniyoz Olloqulov

(1898 - 1938)

Bolaligi. Jumaniyoz Olloqulov 1898 yil Xiva shahrida yirik qorakо‘l savdogari Polvon Naimboy о‘g‘li xonadonida tug‘ilgan.

Ma’lumoti. Maktab yoshiga yetgan Jumaniyoz dastlab eski maktabda о‘qigach, 1907 – 1910 yillar shahzodalar bilan Tо‘rtkо‘ldagi jadid maktabida о‘qiydi. 1910 – 1915 yillarda Petro Aleksandrovsk shahridagi harbiy bilim yurtida tahsil olgan.

Faoliyati. О‘qishni tamomlagach, Amudaryo bо‘limi boshqarma boshlig‘i idorasida amaliyot о‘tab, 1916 yil Yangi Urganchda “Zinger” korxonasida ham bir muddat ishlagan. Jumaniyoz Olloqulov 1917 yil mart oyigacha Amudaryo bо‘limi devonxonasi xodimi, hisobdor bо‘lib ishlagan. Ayni paytda jadid taraqqiyparvarlari g‘oyalari bilan ham tanishib, Yosh xivaliklar harakatining faollaridan biriga aylangan. 1917 yil martdan 1918 yil noyabr oylarida Tо‘rtkо‘lda soldat deputatlari Tо‘rtkо‘l qо‘mitasida hisobchi, 1918 yil noyabridan Xiva bо‘yicha pasport bо‘limi boshlig‘i, 1919 yil iyundan 1920 yil fevral oyigacha Yosh xivaliklar inqilobiy qо‘mitasi kotibi bо‘lgan. Toshkentga kelib turk subayi Mustafo Subhibey bilan tanishgan. 1920 yil fevralda bolsheviklar tomonidan Xiva xonligi ag‘darilgach, Broyda bilan Xorazmga kelgan. Dastlab, XXSRning I qurultoyini о‘tkazishga tayyorgarlik kо‘rgan. Xorazm Xalq Respublikasi Tashqi ishlar noziri о‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

1920 yil yozida V.I.Lenin rahbarligidagi sovet hukumati Bobooxun Salimov boshliq Xorazm hukumati delegatsiyasini Moskvaga taklif qilgan. Delegatsiya tarkibida rus tilini mukammal biladigan va ayni paytda yosh bо‘lishiga qaramay katta tajribaga ega Jumaniyoz Olloqulov ham bо‘lgan. Sovet ma’murlari Jumaniyoz Olloqulovni tuz savdosi bilan shug‘ullangan degan soxta ayblov asosida Toshkentda qamoqqa olgan. Jumaniyoz Olloqulov keyinroq aybsiz deb topilib, yana Xorazm Xalq Respublikasi hukumati tarkibida ishlay boshlagan. 1921 yil 6 mart kuni XXSR hukumatidagi Yosh xivaliklar partiyasining barcha vakillari hokimiyatdan chetlashtirilgan.

Jumaniyoz Olloqulov 1921 yil iyundan Moskvada Xorazm Respublikasi doimiy vakili lavozimiga tayinlangan. Biroq, 1922 yil 22 fevral kuni uni Moskvada aksilinqilobiy “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi, Afg‘onistonga aloqaga chiqqan degan ayblovlar bilan hibsga olingan. Sо‘ng Xorazmga keltirilib, bir guruh hukumat a’zolari qatorida soxta ayblovlar bilan otuvga hukm etilgan. Hukm kо‘pchilikning noroziligi tufayli 10 yillik qamoq jazosi bilan almashtirilgan.

1923 yil 30 yanvar kuni XXSR MIK sessiyasida Jumaniyoz Olloqulovga nisbatan umumiy avf qо‘llanib, Xorazm Markaziy qо‘mitasi tomonidan oqlangan. 1923 yil fevralda ozodlikka chiqqach, Chorjо‘ydagi jamg‘arish idorasida ishlay boshlagan va 1924 yil Xorazm Kommunistik partiyasi Butunxorazm qurultoyida ishtirok etgan.

Jumaniyoz Olloqulov 1924 yil fevraldan О‘rta Osiyo qishloq xо‘jalik bankida turli lavozimlarda ishlagan. 1928 yil Samarqand okrug qishloq xо‘jalik banki xodimi bо‘lgan Jumaniyoz Olloqulov Fayzulla Xо‘jayev tomonidan О‘zSSR XKS referenti lavozimiga ishga olingan.

Oilasi: Turmush о‘rtog‘i Zoya Alekseyeva (23 yosh), 2 yashar qizi Ella hamda onasi Roziya xonim (56 yosh), singillari Durdijon (35 yosh), Saodat Shamsiyeva (29 yosh), Sо‘na Husaynzargarova (19 yosh), ukalari Madamin (30 yosh) va Ismoil Alloqulov (19 yosh)lardan iborat bо‘lgan.

О‘limi. 1937 yil 11 iyul kuni Jumaniyoz Olloqulov aksilinqilobiy targ‘ibotchi ayblanib qamoqqa olingan.  1937 yil 12 iyul kuni Toshkent shahri, Pushkin kо‘chasidagi 40-uyida tintuv о‘tkazilgan va barcha mol-mulki davlat tomonidan musodara etilgan. 1937 yil 9 dekabrda otuvga hukm etilgan hamda 1938 yil 7 yanvarda otib о‘ldirilgan. Turmush о‘rtog‘i Allakulova Zoya Aleksandrovnaga uning 1946 yil noyabrida jazoni о‘tash vaqtida о‘pka shamollashidan vafot etganligi haqidagi soxta ma’lumotnoma taqdim etilgan.

D.J.