Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Abdulla Qodiriy

(1894 - 1938)

Bolaligi. Abdulla Qodiriy 1894-yil 10-aprelda Toshkentda bogʻbon oilasida tugʻilgan.

Otasi Qodirmuhammad Eski Joʻva mahallasi Xoʻja koʻchasida yashovchi Hojimuhammad boboning 1822-yilda tugʻilgan ikkinchi oʻgʻli edi. Hojimuhammadning Toshmuhammad hamda Xayriniso ismli oʻgʻil va qizi ham boʻlgan. Qodirmuhammad baquvvat, sergʻayrat, shijoatli va dunyo koʻrgan kishi boʻlib, yigitlik chogʻlarida xon va beklar qoʻlida sarboz boʻlgan. U Eski Joʻva bozorida baqqollik doʻkoni ochib, ipak, idish-tovoq, choy kabi mollar bilan savdo qilgan. Tijorat vaji bilan uzoq shahar-mamlakatlarga safar qilgan. Qodirmuhammad 1870-yilgacha savdoda, keyin  Samarqand darvoza Eshonguzar mahallasidan yer olib bogʻbonlik bilan shugʻullangan. Toʻrt marta uylangan. Bunga farzandsizlik vaji sabab boʻlgan. Qodirmuhammad toʻrtinchi bor 50 yoshlar atrofida  15-16 yashar Josiyat bibiga uylangan. Ular 1879-yilda oʻgʻil koʻrib Rahimberdi deb ism qoʻyganlar. Ammo undan keyingi tugʻilgan oʻn ikki farzand  sababsiz nobud boʻlgan. Bu holdan irim qilgan Qodirmuhammad oilasi Eski Joʻvadagi hovlisini sotib Samarqand darvoza Eshonguzar mahallasidagi yeriga koʻchib oʻtadi va oʻsha yerda yashay boshlaydilar. Mana shu maskanda Abdulla Qodiriy dunyoga kelgan. Undan soʻng 1897-yilda Qodiriyning ukasi Qudratilla tugʻilgan. Qodirmuhammad uzoq umr koʻrib 1924-yil 5-aprelda 103 yoshda vafot etgan.

Akasi Rahimberdi Robiya ismli qiz bilan oila qurib oddiy hayot kechirgan. Rahimberdi duradgorlik kasbini egallagan. Abdulla Qodiriy akasidan toqi yoʻnishni oʻrgangan. U 1963-yilda vafot etgan. Ukasi Qudratilla 1897-yilda tugʻilgan. Abdulla Qodiriy yoshligida bolalarcha shoʻx boʻlgan. Uning bolaligi Eshonguzar mahallasida oʻtgan.

Maʼlumoti. Qodirmuhammadning ilmi boʻlmasa-da, farzandlarining taʼlim olishiga katta eʼtibor bergan. U: “Oʻzimni xatim yoʻq-da, boʻlmasa hammangni barmogʻimda oʻynatardim”, degan soʻzlarni koʻp takrorlagan. Bogʻda mehnatning koʻpligiga qaramay oʻgʻli Abdullani maktabga bergan. Akasi Rahimberdining esa oʻqishga unchalar qiziqishi boʻlmagan. Abdulla Qodiriy dastlab 1904–1906-yillarda musulmon maktabda taʼlim olgan. Dastlabki savodini Zangi ota mahallasidagi mulla Olim va mulla Ziyo domlalardan olgan. Qodirmuhammadning uch oʻgʻli ham shu domlalar qoʻlida oʻqigan. Qodiriy ushbu muallimlardan tashqari Mirlar mahallasidagi Yusufxon domla va Chorsuga yaqin joyda joylashgan mulla Gʻulom ismli muallimlardan taʼlim olgan.  Soʻng 1908–1912-yillarda Abdulla Qodiriy rus-tuzem maktabida oʻqigan. Bu maktab Samarqand darvoza mahallasidagi Akrom savdogarning tashqi hovlisida joylashgan boʻlib, “7-son russko-tuzemnaya shkola” deb atalgan. U Toshkent shahridagi Abulqosim shayx madrasasida 1916-1917-yillarda arab va fors tillaridan tahsil olib sarf va nahvni yaxshi oʻrgangan. Taʼlim bilan birga jadidchilik harakati namoyandalariga fikrdosh boʻlib, milliy matbuotda oʻz ijodi namunalarini nashr etgan. Ilmini oshirish va jahon adabiyoti bilan tanishish uchun 1924–1925-yillarda Toshkent Vaqf shoʻbasining koʻmagida Moskvadagi Valeriy Bryusov nomi bilan ochilgan adabiyot institutida oʻqigan.

Faoliyati. Oiladagi iqtisodiy yetishmovchilik bois Abdulla Qodiriy 12 yoshidan bir boyning xizmatiga kirib ishlaydi. Rus-tuzem maktabini tamomlagach bir muddat ishsiz yurgan. U 17–18 yoshlarida Chorsu bozorida savdo bilan shugʻullanuvchi Rasulmuhammadboyga prikazchilikka yollanib, uch-toʻrt yil ishlagan. Prikazchilikda 1915-yilga qadar ishlagandan soʻng, savdogarning ishi orqaga ketib uyga qaytishga majbur boʻladi. Bu vaqtda u akasi bilan toqichilik qilib, kunbay ishlarda hamda uyida bogʻbonlik bilan mashgʻul boʻlgan.

Rossiya imperiyasi tuzumi tugatilib, 1917-yil fevral va oktabr voqealaridan keyin uning hayotida ham, ijodida ham oʻzgarishlar roʻy berdi. Hukumatga ishga kirib Toshkent eski shahar ozuqa qoʻmitasining sarkotibi (1918), “Oziq ishlari” gazetasining muharriri (1919), Kasabalar shoʻrosining sarkotibi (1920) va boshqa sovet idoralarida ishladi. “Ishtirokiyun” va “Qizil bayroq” gazetalarida adabiy xodim boʻlib faoliyat yuritdi. “Mushtum” jurnali tashkilotchilaridan va tahrir hayʼati aʼzosi (1923-26) boʻlim ushbu jurnal va gazetalarda oʻz maqolalarini nashr ettiradi.

Ilmiy-adabiy merosi. Abdulla Qodiriy ijodi 1913-1914-yillarda boshlandi. U shu yillari barcha ilgʻor fikrli yoshlar qatori jadidchilik harakatiga qoʻshilgan va oʻzining ilk asarlarida maʼrifat, millat taraqqiyoti va hurligi gʻoyalarini targʻib eta boshlagan. Qodiriy dastlab maʼrifiy sheʼrlar yozdi. 1914-yilda “Ahvolimiz”, “Millatimiz”, “Toʻy” kabi sheʼrlari jadid matbuotida eʼlon qilinadi. 1915-yili u Behbudiyning “Padarkush” fojiasi taʼsirida “Baxtsiz kuyov” pyesasini yozadi. Soʻng oʻzi “milliy roʻmon” deb atagan “Juvonboz” hikoyasini yaratadi. Bu asarlar ham avvalo maʼrifatparvarlik qarashlari mahsuli boʻlib, jamiyatdagi chirkin illatlar va qoloq urf-odatlarni keskin tanqid qilishga yoʻnaltirilgan. Abdulla Qodiriy –– Alimov, Julqunboy, Shoshiy, Boyqush, Dumbulboy, Dumbulboy jiyani, Dumbuldevona, Dumbulnisa, Dumbulboy oʻgʻli, J-boy, Jarqinboy, Jiyan, Jiyaningiz Mushtum, Indamas Soʻfi, Yoʻlovchi, Kalvak mahzum jiyani, Kalvak mahzum shoshiy, Kampir, Karnaychi, Kolxozchi, Lakalang mahzum, Mavlonkufr, Mulla Julqunboy, Mushtum, Ovsar, Saniyxudo, Chin doʻst, Chirmandabotir, Chi chora, Shapaloqmahzum, Shilgʻay, A.Q, U-boy kabi oʻttizdan ortiq taxalluslar bilan ijod qilgan. 1919-1920-yillarda “Oʻtgan kunlar” romanini yozib tugallab, 1926-yilda toʻla nashrini eʼlon qiladi. Bu toʻlaqonli realistik ilk oʻzbek romani boʻlib, Qodiriyning jadidona siyosiy qarashlari yuksak badiiy ifodasini topgan asar edi. 1928-yili yozuvchi “Mehrobdan chayon” romanini eʼlon qildi. 1934-yilda esa “Obid ketmon” qissasini yozadi.

Uning koʻplab sheʼr, maqola va hikoyalari “Sadoyi Turkiston”,  “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq”, “Turkiston” gazetalari, “Oyna”, “Inqilob”, “Mushtum” jurnallarida nashr etilgan.

Tarjimonlik sohasi 1925-yilda tatar fizik olimi Abdulla Shunosiyning “Fizika”, 1935-yilda N. V. Gogolning “Uylanish”, 1936-yilda A. P. Chexovning “Olchazor” asarlarini oʻzbekchaga tarjima qildi.

Oilasi. Abdulla Qodiriy 1914-yil Rahbarnisa Rasulmuhammadboy qiziga uylanadi. Ulardan Nazifa (1916), Habibulla (1918), Adiba (1924), Masʼud (1926) hamda Anisa (1928) ismli farzandlar dunyoga keladi. Abdulla Qodiriyning ayoli Rahbarnisa 1943-yil 6-martda vafot etgan.

Qizi Nazifa Eski Joʻva Tinchob mahallasida yashovchi Muhammad Aminbek ismli kishi bilan turmush qurgan. Farzona ismli qizlari boʻlgan.

Oʻgʻli Habibulla 1919-yili tugʻilgan. 1945-yil 29-mayda qamoqqa olinib 10-yil muddatga hukm qilingan. U 1955-yilda qamoqdan chiqqan. Soʻng oʻqishini tiklab 1962-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Shifokor boʻlib xizmat qilgan. Adabiy faoliyatini 1958-yildan boshlagan. “Nilufar” hikoyalar toʻplami (1964), “Afrikaga sayohat” (1966), “Yaman-Misr taassurotlari” (1967) safar ocherklari, “Otam haqida”  xotira kitobi (1974), “Qora arab” hikoyalar toʻplami (1978) chop etilgan. Habibullo Qodiriy 1987-yili vafot etgan.

Ikkinchi oʻgʻli Masʼud Abdullayev ham Toshkent davlat tibbiyot institutida oʻqigan. Shifokor boʻlib ishlagan. Oʻzbekiston Mustaqilligini koʻrib 1996-yilda vafot etgan.

Qodirmuhammad otadan Abdulla Qodiriyga qolgan Samarqand darvozadagi hovli bogʻ shiyponi 1945-yili Arpapoya koʻchasidagi 1-sonli bolalar uyi tasarrufiga oʻtkazilgan. 1949-yilda esa yilqichilik arteliga berilgan. Hovli bogʻ shiyponi 1958-yildagina Abdulla Qodiriy avlodlariga qaytarilgan. Bugungi kunda Habibulla Qodiriyning katta oʻgʻli Xondamir Qodiriy (1957-yil tugʻilgan) tomonida ushbu uy hovli va muzey faoliyati olib borilmoqda.

Qatagʻoni: Abdulla Qodiriy 1926-yilda “Mushtum”da bosilgan “Yigʻindi gaplar” maqolasi tufayli qisqa muddat qamalgan. Uni “Oʻrta Osiyo “Davlat siyosiy boshqarmasi” (DSB)ning xodimi Kurmanov tomonidan 1926-yil 8-martda hibsga olingan. Abdulla Qodiriyning uyida 1926-yil 8-martdagi DSBning 32-orderiga asosan tintuv oʻtkazilib, tintuv oʻtkazishda Shotursun Shosaidov, Muhamedov, Teregulov hamda Abdulla Qodiriyning oʻzi ishtirok etgan.

BDSBga olib ketish uchun Abdulla Qodiriy uyidan quyidagi hujjatlar musodara qilindi:

Musulmon tilidagi har xil yozishmalar bir yuz qirq ikki (142) varaq, Uch kitob: “Baxtsiz kuyov”, “Juvonboz” (Abdulla Qodiriyning oʻzbek tilidagi asarlari), Yusuf Oqchurinning turk tilidagi “Yevropada ijtimoiy-siyosiy qarashlar” asari.

Shundan soʻng tergov organlari ish boshladi. Sud organlari tomonidan Abdulla Qodiriy shaxsi sinchiklab oʻrganila bordi. Qamoqqa olinganiga qaramay tergovga chaqirilmay qamoqxonada yotadi. Shu bois Abdulla Qodiriy 1926-yilning 22- martida DSB komendantiga ariza bilan murojaat qiladi. Unda: “Shu yilning 8 martida hibsga olindim va hanuzgacha nazorat ostida qamoqda saqlanib kelinmoqdaman. Haligacha soʻroqqa chaqirilganim yoʻq. Umuman, ne gunohlarim uchun ayblanayotganligim men uchun qorongʻu. Zarracha boʻlsa-da, oʻzimni qora sezayotganim yoʻq, shunday boʻlsa-da, mening ishim kimda ekanligini aniqlab, zudlik bilan tergovga chaqirishlaringizni soʻrayman. Aks holda, oʻzimni qurbon qilsam-da, 24-martdan boshlab ochlik eʼlon qilaman”, deb yozgan edi.

Qodiriyning arizasi inobatga olinib, soʻroqqa chaqiriladi. Tergovda u oʻzi haqidagi bor haqiqatni aytadi. Soʻrov 1926-yilning 24-martida DSBning maxsus boʻlimi vakili Agidullin tomonidan olib borilgan. Qodiriyga tergov jarayonidan anglashila boradiki, unga qarshi qoʻzgʻalayotgan aybnomaga asos boʻlgan ashyoviy dalil “Mushtum” jurnalida eʼlon qilingan “Yigʻindi gaplar” maqolasi edi. Ish shu tariqa jiddiy tus ola boradi. Tergovchilar har bir mayda “material”larigacha ahamiyat berib sinchkovlik bilan aybnomalarni toʻldirib borib, ishga doir hujjatlar kundan-kun koʻpayib borgan.

Dastlab uning aybnomasiga “Abdulla Qodirov “Mushtum” jurnalining muharrir yordamchisi lavozimida ishlagan paytda, oʻz vazifasidan foydalangani holda muharrirning qatʼiy taqiqiga qaramay jurnalning 27-sonida “Yigʻindi gaplar” maqolasini bostirgan. Mohiyati jihatidan mazkur maqola ochiqdan-ochiq Oʻzbekiston hukumati va Kompartiyasining rahbarlarini obroʻsizlantirish hamda shu bilan birga Kommunistik partiyaning muhim tadbirlarini tanqid qilish va masxara qilish ruhi bilan yozilgan. Muallif shubhasiz bu maqolani aksilinqilobiy maqsadlarda foydalanish uchun keng yoyishga uringan” deb yoziladi.

Ushbu qoʻyilgan ayb uchun Oʻzbekiston SSR Jinoyat protsessual kodeksining 72 va 105-moddasining 1-bandiga boʻyicha ish koʻriladi. Bu protokolni DSBning tergovchilari Agidullin va Belskiylar tomonidan tuzilgan edi. A.Qodiriyga ushbu aybnoma 1926-yilning 24-martida tanishtiriladi. Ammo Abdulla Qodiriy qoʻyilgan ayblarga javoban “Oʻzimni aybdor deb tan olmayman” deya imzo chekkan.

Qodiriy ishi ustidan qoʻshimcha dalillar toʻplanib 1926-yil 3-aprelda OʻzSSR Jinoyat kodeksining 116-moddasiga binoan 128, 129, 142-moddalarga amal qilingan holda ishi koʻrib chiqish koʻzda tutiladi. Bu gal ham Qodiriy aybdor emasligini bildirgan holda aybnomaga imzo chekib bergan.

Onasi Josiya bibining 1926-yil 2-aprelda yozgan oʻgʻli bilan koʻrishish va kafillikka olishga ruxsat soʻrab qilgan iltimosnomasi shu yilning 13-aprelidagina koʻriladi. Biroq Toshkent viloyat sudining keyingi majlisdagi xulosasidagina javob berilishi maʼlum qilinadi.

Oʻzbekiston Davlat prokurori Nazarovning buyrugʻiga binoan mahbus Abdulla Qodirov 8-iyunda soqchi nazorati ostida Samarqandga keltirilgan. Nihoyat, ham ruhan, ham jisman horigan adibni tergov qilish tugay boradi. Sabr kosasi toʻlgan Qodiriy oʻziga qoʻyilgan aybnomalarni boʻyniga olar ekan, bu holni shaxsiy adovatdan boshqa narsa emasligini bildiradi.

Abdulla Qodiriyning 1926-yil 8-martda qamoqqa olinishi bilan bogʻliq sud ishining yakuni uch kun (15-17-iyun) davom etadi. Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi maxsus majlis chaqirib Markaziy ijroiya qoʻmitasining Samarqand shahrida 1926-yil 17-iyundagi yigʻilishida rayosat aʼzolari Oxunboboyev, Bikson, Gʻoziyev, Volik, Ikromov, Ivanov, Qosimxoʻjayev, Rahimiy, Mavlonbekov, Strogonov, Cheloguzov ishtirok etadi. Shu bilan birga, muassasalardan: Oliy sud Qosimov, rais: Qosimxoʻjayev, kotib: Rahimiy qatnashdilar.

Unda “Oʻzbekiston SSR Oliy sudi 1926-yil 15-16-iyunda sud qilinib, ikki yilga ozodlikdan mahrum etilgan Abdulla Qodiriyning qamoq muddatini oʻtamasdan ozod qilib yuborilishini soʻraydi” deb qaror qilinadi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston SSR Oliy sudining iltimosi qondirilib, Ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Abdulla Qodiriy qamoq muddatini oʻtamasdan ozod qilinadi. Oliy sud raisi Qodiriyni qamoqdan ozod qilish haqida buyruq tayyorlaydi. OʻzSSR Oliy sudi, sud kollegiyasining 1926-yil 17-iyundagi 1895-raqamli shoshilinch buyrugʻi chiqarilgan.

OʻzSSR MIK Prezidiumi afvi bilan 1926-yilning 16 iyunida sudlangan mahbus Abdulla Qodiriy 17 iyun soat 15.00 da ozod etilgan.

Abdulla Qodiriy ikkinchi bor 1937-yilning 31-dekabrida “xalq dushmani” sifatida qamoqqa olinib, 1938-yil 4-oktabrda Toshkent shahrida otib tashlangan. Uning asarlari ham qatagʻonidan keyin qattiq taʼqibga olindi. “Obid ketmon” qissasi bolshevik mafkurachilariga maʼqul kelmaydi, keskin tanqidga uchraydi; “gʻoyaviy buzuqliklar va xatolar”ga toʻla, “siyosiy tuturiqsiz” asar sifatida baholandi. Yozuvchining tarixiy romanlari esa asosiy maʼnosi — millat taqdiri, birligi, el-yurt qaygʻusi, mustaqilligi, shaxs erki, ijtimoiy adolat uchun kurash gʻoyalari bilan yoʻgʻrilganligi tufayli ham hukmron mafkuraga zid asarlar boʻlib chiqdi. Millat ruhini yorqin aks ettirgan, kitobxonlarning sevimli asarlariga aylangan bu romanlar shoʻro davri siyosati uchun zararli kitoblar sifatida keskin qoralandi. Hattoki uning asarlarini oʻqigan kishilar ham qatagʻon etildi.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, Abdulla Qodiriy Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991), “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlandi (1994). Abdulla Qodiriy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti taʼsis etilgan. Toshkent madaniyat institutiga, Toshkentdagi madaniyat va istirohat bogʻiga, katta koʻchalardan biriga, respublikamizdagi koʻplab madaniyat muassasalariga uning nomi berilgan. “Oʻtgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari asosida kinofilmlar (1969, 1973, 1996,) va koʻp seriyali telefilmlar yaratilgan. Adib sharafiga 2018-yilda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzeyi ochildi.

A. Y.