Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Abduqodir Shakuriy

(1875 - 1943)

Bolaligi. Abduqodir Shakuriy 1875-yilda Samarqandning Rajabamin qishlog‘ida bog‘bon oilasida tug‘ilgan.

Ma’lumoti. Shakuriy eski usuldagi maktabni tamomlaganidan keyin Samarqand shahridagi madrasada o‘qigan.

Faoliyati. Shakuriy rus gimnaziyasiga borib, uning ichki tartib qoidalari va o‘qitish usullari bilan tanishadi. Shundan keyin yosh muallimda o‘z xalqining bolalari uchun ham shu tartibdagi yangi maktab tashkil qilish orzusi paydo bo‘ladi.

Abduqodir Shakuriy Samarqand gimnaziyasida ko‘rgan va o‘zi orzu qilgan yangi o‘qitish usullari Rossiyaning turli joylarida yashagan boshqa turkiy xalqlarda ham mavjudligini gazetalardan bilib oladi.

Shakuriy do‘stlari yordamida Qo‘qon shahriga boradi va u yerda yangi maktabdagi o‘qitish usullari bilan tanishadi. Samarqandga qaytib kelgach, o‘z qishlog‘i Rajabaminda 1901-yilning kuzida birinchi yangi usuldagi maktabni tashkil qiladi. Shakuriy o‘z xotiralarida tatar pedagogi Abdulxodiy Maqsudiyning “Muallimi avval”, “Muallimi soniy” kabi darsliklaridan o‘z vaqtida foydalanganligini ko‘p martaba eslaydi.

Shakuriy maktabida tojik va o‘zbek bolalari birga ta’lim olishgan. Bolaning savodi chiqqach, o‘zbek va tojik tillarida yozilgan kitoblar, shu bilan bir qatorda, o‘quvchilarni ozarbоyjon va tatar adabiyoti namunalari bilan tanishtirish maqsadida shu tillarda yozilgan asarlardan parchalar o‘qitilgan.

Shakuriy o‘z o‘quvchilari uchun bir yilda bir marta imtihon uyushtirgan. Imtihonda u ota-onalar oldida o‘quvchilar bilimining natijalarini namoyish qildirgan, ota-onalar esa o‘z bolalarining qisqa muddat ichida xat-savodli, hisob, geografiya va tibbiyotdan ma’lumotga ega bo‘lganini ko‘rib hayratlanganlar.

Shakuriy maktabining shuhrati keng tarqala boshladi, O‘rta Osiyodagi boshqa ma’rifatparvar kishilarning diqqatini jalb etdi. Jumladan, o‘zbek adabiyotining asoschisi, buyuk shoir, dramaturg va pedagog Hamza Hakimzoda Niyoziy Shakuriy ochgan maktab bilan juda qiziqqan. U 1909-yilda Shakuriy ochgan maktabini ko‘rish, uning imtihonlarida qatnashish uchun Samarqandga keladi. Bu maktabdagi o‘qish-o‘qitish tartibi va imtihon natijalari Hamzada yaxshi taassurot qoldiradi. Hamza va Shakuriy bir-birlari bilan do‘stlashib, ko‘p yillar davomida xat yozishib turadilar.

Shakuriy dastlab qizlar uchun ham yangi usuldagi maktab tashkil qilgan. Unda o‘zi rahbarligida rafiqasi muallimalik qilgan. Keyinchalik o‘g‘il va qiz bolalar guruhini birlashtirib o‘qita boshlagan.

1921-yilda Samarqand shahridagi 13-maktabga mudir qilib tayinlanadi. U bolalarni tarbiyalash, o‘qitishga katta g‘ayrat bilan kirishdi, ko‘p yillar davomida shu maktabning mudiri hamda ona tili va adabiyot o‘qituvchisi vazifalarida ishladi. Shakuriy birinchi bo‘lib maktabda mehnat va musiqa darslarini joriy qildi. U bolalarni qishloq xo‘jalik va bog‘dorchilik ishlari bilan tanishtirishdan tashqari, ularga muqovasozlik, duradgorlik va boshqa hunarlarni ham o‘rgatdi.

1925-yilda Abduqodir Shakuriyning tashabbusi bilan qishloq aholisi o‘z mablag‘lari hisobiga to‘rt sinfli yangi maktab qurib ishga tushirgan.

Ilmiy-adabiy merosi. Shakuriy faqat o‘qituvchilik qilish bilangina cheklanib qolmagan, u o‘z maktabi uchun darsliklar yozib, ularni o‘z mablag‘lari hisobiga nashr qildirgan. “Rahnamoyi savod” (“Savod chiqarish qo‘llanmasi”) deb atalgan kitobi shu tariqa chop etilgan. Shakuriyning shogirdi, yozuvchi Rahim Hoshim bu kitobda so‘zlar bo‘g‘inlarga ajratib ko‘rsatilgani, kitob oxirida o‘qish uchun kichik-kichik material berilganini qayd etadi.

Shakuriy ko‘p yillik pedagog faoliyati natijasida bolalarni o‘qitishda “tovush-harf” metodi (har bir tovushni alohida harf bilan yozish)ning qulay va oson ekanligini aniqlagan. 1913-yili uning rahbarligida o‘z shogirdlaridan Ismatulla Rahmatullaev tovush-harf usuli asosida yangi alifbe tuzgan. Bu kitob Toshkent shahrida nashr qilingan. Kitobning kirish qismida tez va osonlik bilan savodli bo‘lish masalasiga oid metodik maslahatlar berilgan. “Alifbe ta’limi” kitobi Ismatulla Rahmatullaevning va ustozi Abduqodir Shakuriyning ko‘p yillik amaliy faoliyatining natijasida yaratilgan. Alifbe 46 betdan iborat bo‘lib, taxminan 90 ta dars uchun mo‘ljallangan.

Shakuriy tomonidan 1907-yilda yozilgan ikkinchi kitob “Jome’ ul hikoyat” (“Hikoyalar to‘plami”)dir. Kitob boshlang‘ich maktabning ikkinchi sinfi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, undagi o‘quv materiallarining hammasi bolalarda axloqiy sifatlarni shakllantirishga xizmat qilgan. Shakuriy tomonidan tuzilgan va nashr qilingan yana bir kitob “Zubdat ul ash’or” (“She’rlar qaymog‘i”) to‘plami bo‘lib, unda ko‘plab shoirlarning she’rlari berilgan.

Oilasi. Roziya ismli ziyoli ayolga uylangan. Shakuriy maktabida qiz bolalarga ta’lim bergan. Farzandlari haqida ma’lumot mavjud emas.

O‘limi. Abduqodir Shakuriy 1943-yili vafot etgan.

D.J.