Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Hamza Hakimzoda Niyoziy

(1889 - 1929)

Bolaligi. Hamza 1889-yil 6-martda Qo‘qonda ziyoli oilada – tabib Ibn Yamin Niyoz o‘g‘li oilasida tug‘ildi. Ibn Yamin o‘zbek, arab, fors tillarida ancha savodli bo‘lib, Qo‘qon ulamosi orasida katta e’ti-borga loyiq tabib edi.

Ma’lumoti. Hamza dastlab mahalla maktabida, 1899-1906-yillarda Qo‘qon madrasalarida o‘qidi, birmuncha vaqt rus-tuzem maktabida rus tilini o‘rgandi.

XX asr boshlarida sodir bo‘layotgan muhim ijtimoiy-siyosiy hodisalar Hamza hayotiga, uning ijodkor sifatida shakllanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi, 1905-yil inqilobiy harakatlar Rusiyaning chekka o‘lkalari xalqlarida ma’rifat, ozodlik, istiq-lol sari intilishlariga turtki bo‘ldi. Uning badiiy ijodga, nafis san’atga bo‘lgan qiziqishi 1900-yillardan boshlandi. 1908-yilda Namanganda o‘qib yurgan kezlarida Hamza tatar maorifchisi Abdulla To‘qmullin bilan tanishadi: “Ul menim qo‘limda o‘z qalamim bilan yuz sahifadan ortig‘roq eski usuldagi yozishmalarimi ko‘rib, tarbiyag‘a kirishdi”, - deb yozadi Hamza tarjimai holida. 1909-yilda Hamza Buxoroning ulug‘ taraqqiyparvar mudarrislaridan, usuli jadid maktablari tarafdorlaridan bo‘lmish Muhammad Ikrom ibn Abdusalom qo‘lida arab tilini o‘rganish uchun Buxoroga boradi, ammo u yerda yuz bergan shia va sunniy janjali bunga imkon bermaydi.

Uning ijodiga, ayniqsa Ismoilbek Gaspralining “Tarjimon”, Fotih Karimiyning “Vaqt” gazetalari, Rizo Faxriddinning “Sho‘ro” jurnali, shu bilan birga, o‘zbek tilida Toshkentda chiqa boshlagan Ismoil Obidiyning “Taraqqiy”, Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘lining “Xurshid”, Abdulla Avloniyning “Shuhrat” gazetalari kuchli ta’sir ko‘rsatdi, ular bilan aloqa o‘rnatdi. Hamzaning ilk she’rlari va maqolalari mana shu gazeta va jurnallarda bosildi.

“Tarjimon” gazetasini muntazam kuzatib borgan Hamza G‘aspiralining 1906-1907 yillarda shu gazeta sahifalarida bosilgan, butun turk olamining, shu jumladan, Turkiston o‘lkasining mus-tamlaka asorati botqog‘iga tushib qolishi sabablari haqida bahs yurituvchi “Mukolamai salotin” asari bilan tanish bo‘lgan.

Mehnat faoliyati. Hamza 1910-yilda Toshkent shahrida amaliy faoliyatga kirishib, Qashqar mahallasida birinchi marta usuli jadid maktabi ochadi. Bu davrda u Toshkentda Turkiston jadidchilik harakatining rahbari Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li va uning atrofidagi shogirdlari usuli jadid muallimlari aka-uka Shokirjon va Sobirjon Rahimiylar, Sami’qori bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Mana, Hamza arxividagi hujjatlardan biri: “Pirlardan: muhtaram ustozi oliy muallim Munavvarqori… Adreslari: Eski Toshkand, usuli savtiya maktabida, mahalla Mehrobodda. Muloqotimiz 1908-milodiy 11-dekabrda”.

1911-yilda Qo‘qon shahrida u shunday maktab ochadi. Bu maktablar chor ma’murlarining ta’qibi bilan yopiladi. U 1911-yilda haj safariga otlanadi: Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya, Arabiston mamlakatlarining markaziy shaharlarida bo‘ladi. Hamza qayerda bo‘lmasin, u yerning ta’lim-tarbiya, o‘quv muassasalari bilan tanishadi.

Haj safaridan qaytgach, pedagogik faoliyat bilan bir qatorda, adabiy-badiiy ijodga beriladi. 1914-yilda dastlab Marg‘ilonda, keyin Qo‘qonda usuli jadid maktabi ochadi. Bu haqda “Tarjimai holi”da quyidagilarni yozgan edi: “1914-yilning oxirlarida Marg‘ilonda maktab ochdim. Sakkizinchi oygacha bormay, Andreev ismindag‘i Skobel maorif rahbari tomonidan majburiy yopildi… Undan yana Xo‘qand kelib, yo‘qsil bolalar uchun pulsiz o‘qish maktabi ochdim… o‘zim 4 oyga davom ettirgandan keyin uyezd nachayligi Medinskiy tomonidan tintuv bo‘lib yopildi. Lekin hech bir qanday qog‘ozlarim qo‘liga tushmagani uchun qamalmay qutuldim”.

Ilmiy-adabiy merosi. Hamza bu davrda yangi maktablar uchun “Yengil adabiyot”, “O‘qish kitobi”, “Qiroat kitobi” kabi darsliklar yaratdi. 1915-yilda qo‘qonlik ma’rifatchilar bilan hamkorlikda usuli jadid mak-tablari uchun darsliklar nashr qilish, o‘quvchilarni Toshkent va boshqa shaharlarda bosmadan chiqqan darsliklar bilan ta’minlash maqsadida “G‘ayrat” kitobxonasi tashkil etadi. Bu kitobxonada Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval”, Munavvarqorining “Adibi avval”, “Adibi soniy”, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniylarning darsliklari ham ko‘p nusxalarda bo‘lgan.

Hamza o‘z ijodini an’anaviy lirik she’rlar yozishdan boshladi. U “Nihoniy” (yashirin, maxfiy ma’nolarini bildiradi) taxallusida ijod qildi va 1905-1914-yillarda ushbu taxallusda yaratgan she’rlarini to‘plab, “Devoni Nihoniy”ni tuzdi. Devonga shoirning 177 she’ri kiritilgan bo‘lib, ulardan 150 tasi g‘azal, qolganlari masnaviy, murabba’, muxammas, musaddas va 1 maktubdan tashkil topgan; bulardan 165 ta she’r o‘zbek tilida, 10 ta she’r fors-tojik tilida, 2 ta she’r o‘zbek va rus tilida shiru-shakar janrida yozilgan.

Shoir ijodida muhim o‘rinni ajoyib she’riy guldastalari – “Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi” egallaydi. Bu umumiy nom ostidagi 7 she’riy to‘plamga 1915-1917-yillarda yaratgan she’rlari kiritilgan. Bu she’riy to‘plamlar: “Atir gul”, “Oq gul”, “Qizil gul”, “Pushti gul”, “Sariq gul”, “Yashil gul”, “Safsar gul”. Ularda xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini uyg‘otish, ilm-ma’rifatga da’vat etish g‘oyasi yetakchi edi.

Hamzaning “Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi”dagi mazkur 7 to‘plamga kirgan she’rlari, matbuotda e’lon qilgan she’r va publitsistik maqolalari, yaratgan dramalari, “milliy romanlari” uning jadidchilik harakatining badiiy adabiyotdagi yirik namoyandalaridan biriga aylanganligini ko‘rsatadi. Abdulla Avloniy kabi Hamza “Quloq notalari ila eshitilib kelmish milliy tabarruk ashulalarimizning o‘rni yo‘qolmasun uchun ba’zi qabih she’rlar o‘rniga» milliy ruh, millatning istiqlol haqidagi orzu-intilishlarini ifodalovchi so‘zlar bilan bu xalq kuylarini muzayyan qilish, bu bilan millatni uyg‘otish vazifasini o‘z oldiga qo‘ydi. Hamza milliy istiqlol g‘oyalarining musiqa, xalq kuylari vositasida, qo‘shiqlar shaklida xalq qalbiga tezroq va ta’sirliroq kirib borishi mumkinligini yaxshi tushungan. O‘zbek adabiyotida sharqiyalarning yaratilishi ham ko‘proq Hamza va Abdulla Avloniylar faoliyati bilan bog‘lanadi. Hamza Hakimzoda musiqa sohasida ham katta qobiliyat sohibi edi. Shu ma’noda, Hamzaning ushbu to‘plamlari A. Avloniyning “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” to‘plamlariga hamohangdir. Xorazm xalq kuylari ohangida bitilgan “Yaxshi holin yo‘qotgan oqibatsiz Turkiston” misrasi bilan boshlanuvchi she’rida shoir mustamlaka o‘lkaning iqtisodiy, ma’naviy, siyosiy tutqun ahvolini buyuk dard bilan qalamga olgan.

Umuman, Hamzaning “Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi”ga kirgan she’riy to‘plamlar nafaqat o‘quvchilar, hatto san’atkor-hofizlar o‘rtasida ham katta shuhrat qozongan. Bu haqda Hamza ijodining dastlabki tadkiqotchilaridan Sotti Husayn shunday yozgan edi: “U tor doiradagi o‘quvchilar o‘rtasidagina emas, ashulachilar o‘rtasida ham tarqala boshlagan. Shuning bilan baravar bu ashulalar to‘shtami… reakdion kuchlarning, ruhoniylarning qattiq g‘azabiga uchragan”.

Ko‘pgina o‘zbek ijodkorlari qatori Hamza dunyoqarashining takomilila jadidchilik harakatining buyuk rahnamosi Ismoilbek G‘aspirali va uning “Tarjimon” gazetasining roli katta bo‘lgan. 1914-yil 11-sentyabrda G‘aspirali vafoti munosabati bilan hamma o‘zbek jadid ijodkorlari singari Hamza ham o‘z hamdardligini bildirib, “Yavmul-vafot” (Sadoyi Farg‘ona, 1914-yil 24-sentyabr) maqolasini va “Marsiya” (Sadoyi Farg‘ona, 1914-yil 28-sentyabr) she’rini e’lon qildi.

Hamzaning “Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi”ga mansub “Safsar gul” to‘plamiga mardikorlikka olingan o‘zbekning yurtdan uzoqdagi xoru zorliqda kechgan hayotini tasvirlovchi she’rlari kirgan.

1918-1920-yillarda mustamlakachilarga qarata aytilgan bu so‘zlar haqiqiy jasorat edi.

“Iydi qurbon”, “E’tizor” kabi maqolalari “Sadoyi Turkiston” – “Sadoyi Farg‘ona” gazetalarida bosildi. Ushbu maqolalarda millatni yaramas illatlardan, faqirlikdan, xurofotdan qut-qaruvchi birdan-bir yo‘l ilm-ma’rifatdir, degan g‘oya ilgari su-riladi va boyu kambag‘al, ziyoliyu din peshvolari – hammalarining qo‘lni-qo‘lga berib, yangi usuli jadid maktablariga ko‘maklashuvlari lozimligi ta’kidlanadi. Hamza milliy ayirmalarga, sinfiy tabaqalanishlarga keskin qarshi chiqadi, uningcha, faqat birlik bilangina millatni jaholat botqog‘idan, qoloqlikdan, turg‘unlikdan, istibdod qulligidan qutqarish mumkin. Bu haqda “Maktabi dorul-aytom” maqolasida muallif yozadi: “Demak, bu “Dorul-aytom”da Xo‘qandning har tarafidan o‘lsun faqir bolalarni, shubhasiz, qabul qilinadur. Faqat daftar, qalamdan boshqa kitoblarg‘acha, hatto maktabdan beriladur. Yuqoridagi iona qiluvchi afandilarimizg‘a qiyosan faqir va yetim bolalarg‘a rahm va shafqatlari bori Xudo va Rasuldan va millatning rizolig‘i birlan dunyo va oxirat saodatlarig‘a havaskordan qarindoshlarimizg‘a bu to‘g‘rida naqadar iona va muruvvat ko‘rguzmoqlarini rijo va niyoz qilurmiz. Hamda har oydag‘i ehsonlarni jamlab, xoh oz, xoh ko‘p bu yetim bolalarin maktab mudiriga bersalar, naqadar bolalarni ilmu ma’rifatg‘a yetishmoqig‘a eng birinchi shafqatlu ota-onalaridan bo‘lur edilar… Diyonatlik ba’zi ahboblarimiz har oyning oxirida yuboradurg‘on aqchalarini yozdurub qoldurg‘onlarig‘a manda alarg‘a chin qalbim ila tashakkurimni gazeta orqali e’lon qilub, va’dalarinida yozib o‘tuvni munosib ko‘raman”.

Gazeta va jurnallarda maqolalar yozib, qalami ancha charxlangan, turk, tatar hamda rus adabiyotidan ancha xabardor Hamza o‘zbek adabiyoti uchun nisbatan yangi tur nasrga qo‘l urdi, “Milliy ro‘mon” deb nomlagan “Yangi saodat” asarini 1915-yilda toshbosmada “Madora” kutubxonasi noshirligida bosmadan chiqardi.

Hamza 1915-yildan faoliyat ko‘rsatgan Qo‘qon teatr truppasi uchun sahna asarlari – dramalar yozdi. 1915-yilda yozgan “Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” dramasi Hamzaning bu sohadagi birinchi qadami bo‘ldi. Ushbu dramadan keyin u “O‘ch”, “Muxtoriyat yoki avtonomiya” (1917), “Kim to‘g‘ri?”, “Boy ila xizmatchi” (1918) kabi sahna asarlarini yaratdi.

“Zaharli hayot…” dramasi bevosita jadid ma’rifatparvarligi ruhida yozilgan bo‘lib, unda ham “Yangi saodat” “milliy roman”idagi g‘oya yetakchilik qiladi. “Yangi saodat”da ilmsizlik, jaholat tufayli parokanda bo‘lgan Abdulqahhor oilasini yosh Olimjon ilm-ma’rifat orqali saodatli qiladi. Dramada esa jaholat, qoloqlik, mutaassiblik ilm-ma’rifat, taraqqiyot fidoyilari Mahmudxon va Maryamxonlarni fojiaga olib keladi. Ushbu 4 pardali tragediya 1915-yilda yozilib, 1916-yilda Toshkentda “Matbaai G‘ulomiya”da mashhur ma’rifatchilardan, Hamzaning yaqin do‘sti, savdogar boy Saidnosir Mirjalolov (1884-1938) noshirligida bosmadan chiqqan. Muallif asarning janrini “Turkiston maishatidan qiz va kuyov fojiasi” deb belgilaydi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Hamzani (boshqa mutafakkirlarni ham) ba’zan shariatdin peshvolarining ayrim nojo‘ya harakatlarini fosh etgani uchun dinsiz, ateist sifatida baholab keldilar. Aslida u dinni emas, mutaassiblikni, mutaassiblarni fosh etadi. Bunga uning “Zaharli hayot…” dramasi dalil. Undagi shariat, islomiyat haqidagi gap-so‘zlarga e’tibor bering: “Shariat zolim emas, xoin emas… Shariat har kimni baxtiyor qilgan. Shariatda hurriyat bor, musovot bor, adolat bor. Shariatda jabr – harom. Nikoh tarafaynning ijob qabuli bilan halol bo‘lur. Man qabul qilmasam, nikohfosid, nikohharom. Ohshari-at! Essiz islomiyat! Shariat bitdimi? Yo Rabbiy!”

Hamza o‘zi ta’kidlaganidek, “Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” pesasi fojia janriga mansubdir. Unda fojia (tragediya)ga xos pafos ufurib turadi. Fojia-tragediyaning xos xususiyatlari haqida Abdurauf Fitrat quyidagilarni yozgan edi: “Asar qahramo-nining tilak yo‘lidagi qarashlari dramadagidan kuchli bo‘lsa, halokatlarga, qonli fojialarga borib taqalsa, tragediya (fojia) bo‘ladur”.

Asarning ikki yosh qahramoni Maryam va Mahmud zamonasining hal qiluvchi kuchlari mutaassiblarga (asar yozilgan davrda ular hal qiluvchi kuch edi) qarshi kurashadilar. Tomonlar o‘rtasidagi kurash eng yuqori nuqtaga ko‘tariladi: ularning istiqbol haqidagi yuksak orzulari chilparchin bo‘ladi. Natijada, ilojsiz qolgan yoshlar mavjud tuzumga, feodal tartiblarga, jaholatga, mutaassiblarga qarshi isyon sifatida o‘z hayotlariga qasd qiladilar.

Uzoq vaqt Hamzaning hamma asarlaridan sinfiylikni qidirish va har bir asar voqeasiga va qahramonlariga sinfiylik nuqtai nazaridan yondashish hukmronlik qildi. Bu hol “Zaharli hayot…” dramasini baholashga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. To‘g‘ri, Mahmudxon boylar toifasiga mansub, Maryamxon o‘ta faqir xonadondan chiqqan. Bu ikki yosh qaysi sinfga mansubligidan qat’i nazar, millat istiqboli uchun kurashadilar. Ularni ulug‘ maqsadlar birlashtiradi. Shuning uchun ham Hamza asar qahramonlarini, ularning insoniy fazilatlariga qarab baholaydi.

“Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” fojiasi kitobxon yoki tomoshabinlar qalbida Mahmudxon va Maryamxonlarga nisbatan muhabbat, rahm-shafqat, ularni fojiaga olib kelgan mutaassiblik, jaholatga qarshi nafrat tuyg‘ularini mavj urdirishi kerak edi. Buning uchun dramaturg fojia janri imkoniyatlaridan, so‘z san’atining jozibasidan mohirona foydalandi. Bu hol ko‘proq Maryamning faol harakatlarida, Mahmudxonning monologlarida namoyon bo‘ladi. Mahmudxon monologlarida sentimental ruh shu darajada kuchliki, tinglovchi qalbini larzaga soladi. Mahmudxonning o‘lim oldidagi monologi fojianing asl mohiyatini yanada to‘laroq ochishga xizmat qiladi: “Maryam, Maryamxonim, man dunyoda yashamam!.. Kecha oqshom Maryamxon muhab-bat qurboni edi, biz bugun insoniyat, milliyat qurboni! Mundog‘ jaholat, mundog‘ ilmsizlik. Vahshatlik! Bunday zolim xalq orasinda yashamoqdan o‘lim lazzat, lazzat! Bu xil rahmsizlik, shafqatsizlik! Bir vaqtda shariatdan ko‘z yumib, islomiyatni qo‘yib, dunyo yo‘liga qadam bosuvchi diyonatsiz qora xalq orasinda tiriklikdan, albatta, o‘lim yaxshi! O‘lim!.. Oh, ruhi Maryam! Oh, jaholat! Voh, ismigina qolmish islomiyat!..”.

Hamzaning siyosiy qarashlarini, uning Turkiston muxtoriyatiga munosabatini aniq tasavvur qilishda Turkiston muxtoriyati g‘oyasining paydo bo‘lishi munosabati bilan 1917-yilda yozilgan “Muxtoriyat yoki avtonomiya” hajviy dramasi muhim ahamiyatga ega. 1917-yil Fevral inqilobi, Romanovlar sulolasining barbod bo‘lishi butun jadid mutafakkirlari qatorida Hamzaning ham istiklol haqidagi intilishlariga qanot bog‘ladi. Jadidchilik harakatining rahbarlari Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li va Abdulla Avloniylar tomonidan 1917-yil mart oyida “Sho‘royi islom” jamiyati tuzildi. Bu jamiyatning “Markaziy sho‘ro”si tarkibida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mustafo Cho‘qayev, Ubaydulla Xo‘jayev kabi siyosiy arboblar bor edi. Shu yilning yozidan bolsheviklarning faolligi kuchaydi va mutaassib din peshvolari “Ulamo” nomi bilan “Sho‘royi islom”dan ajralib chiqdi. Bu ajralish keyinchalik bolsheviklar uchun qo‘l keldi, “Ulamo” jamiyati mustaqillik uchun kurash olib borgan sho‘royi islomchilarni barbod qilishda mustamlakachilarga yordam berdi. “Sho‘royi islom” va “Ulamo” jamiyatlarining sho‘balari o‘lkaning turli shaharlarida ham tashkil etildi. Fevral inqilobi natijasida Turkistonda qanday davlat tuzish masalasi yuzasidan bu jamiyatlar o‘rtasida keskin ixtiloflar, ziddiyatlar vu-judga keldi. Hamza “Ulamo” jamiyatining Qo‘qon shu’basi majlisini ushbu “Muxtoriyat yoki avtonomiya” dramasiga asos qilib oldi. Muallif dramaning qisqacha syujetini shunday bayon qiladi: “Turkistonda hurriyat bo‘luvi munosabati ila yoshlar va ula-molar orasinda ixtilof o‘laroq ulamolar ayrilib ketuvlari, ruhoniy majlisin tasviridir”.

Bu o‘rinda yoshlar – “Sho‘royi islom» jamiyati a’zolari, ya’ni jadidlar; ulamolar – mutaassib qadimchilar “Ulamo” jamiyati a’zolari ekanligi dramaning boshidan oxirigacha ko‘zga yaqqol tashlanib turadi.

Mustaqillikka qadar hamzashunoslar bu dramani Turkiston muxtoriyatining “rasvosini chiqargan”, uning “reaksion mohiyati”ni fosh etgan asar sifatida baholab keldilar. Aslida Hamza Turkiston muxtoriyatini tuzishda faol ishtirok etgan jadidlarga qarshi buzg‘unchilik, sotqinlik ishlarini olib borgan mutaassib “Ulamo” jamiyati a’zolarining naqadar nodonligini, kal-tafahmligini fosh etgan edi. Asarda qahramonlar ismining bosh harfi berilgan. Hamza ushbu asar tufayli “Ulamo” jamiyatining ta’qibiga uchradi va 1917-yil oktyabridan 1918-yilning 10-martiga qadar Turkiston shahrida do‘sti Saidnosir Mirjalolov xo-nadonida yashirinib yashadi. Demak, 1917-yil 27-noyabr Turkiston muxtoriyati e’lon qilingan kunni Hamza Turkiston shaxrida mamnuniyat bilan kutib oldi va “Turkiston muxtoriyatina” she’rini yaratdi. She’r “Ulug‘ Turkiston” gazetasining 1918-yil 11-yanvar sonida e’lon qilindi. She’rda shoir musulmon millatini ulug‘ bayram bilan muborakbod qilar ekan, ularni bir sanjoq bayroq ostida birlashishga da’vat etadi.

Hamzaning 1917-yil oktyabr to‘ntarishigacha bo‘lgan ijodidagi asosiy g‘oya ma’rifatparvarlikdir, u bu davrda jadid adabiyotining yirik namoyandasi sifatida badiiy ijodning hamma imkoniyatlaridan, turlaridan foydalandi. Barcha jadid muta-fakkirlari kabi u 1917-yil fevral inqilobidan so‘ng hamma ish o‘rinladi, Turkiston xalqlari mustamlaka qulligidan ozod bo‘ldi, deb o‘yladi. 1917-yilda “Kengash”, keyin “Hurriyat” jurnallarini nashrdan chiqardi. “Hurriyat” jurnalining birinchi sonida e’lon qilingan “Bugungi qadrlik kunlar” bosh maqolasidagi ushbu so‘zlarda Hamzaning bu tarixiy voqeaga munosabati yaqqol ko‘zga tashlanadi: “Bu kun baxt falakindan chiqmish haqiqat qo‘yoshi musovot, adolat kabi eng sof ziyolari bila eng qorong‘uda yo‘qolgan igna kabi nozik va muhim maqsadlarimizi ham yalturatub ko‘rsatmakdadur. Mana, bukun haqiqat, hurriyat vositasi bila eski xoin va zolim, mustabid hukumatni 50 yildan beri bo‘yin, qo‘l va oyog‘imizg‘a sezimsiz solub kelgan umrlik og‘ur zanjirlarin ko‘zga ko‘rsatub yechdi, xalos qildi. Bu kun haqiqat, musovot vositasi bila, bir taraf, zolim amaldorlar, ikkinchi tarafdan rahmsiz, shafqatsiz talonchilar temir tir-nog‘i ostida po‘stlari butun sidirilib, yuraklari ezilib, cho‘kub xonumonlaridan ajrab kelub turgan mazlum, nohaq faqiru bechora, yetim, g‘ariblarning burgutlar panjai margidan raho qildi… Bu kun eng qadrlik, eng g‘animatlik kun! Bu kun Ostroumof, Ilminskiy kabilarning tarbiyasida yashagan va aning maslakiga xizmat etuvchi, vatandagi o‘z oramizdan chiqqon din xoinlarini xiyonatlarin haqiqat maydoniga otur. Nohaqlarni sharmanda va sarnigun qilur».

Albatta, Hamzaning mustamlakachilarga qarata aytgan jasoratli so‘zlari Vaqtli hukumatga ham, uning o‘lkadagi hamtovoqlariga ham ma’qul bo‘lmadi, ikkala jurnal birin-ketin yopildi. Hamza Oktyabr to‘ntarishidan keyin sho‘rolar hokimiyatini qo‘llab-quvvatlovchi she’rlar, qo‘shiqlar bitdi, bolsheviklar hokimiyatining yangi shakddagi mustamlakachilik siyosatini ko‘ra olmadi. Ba’zan o‘z qobiliyatini badiiy ijodga emas, sho‘ro huku-matining targ‘ibot-tashviqot ishlariga safarbar etdi. Uning 20-yillarning o‘rtalarida yaratgan “Paranji sirlaridan bir lavha yoki yallachilar ishi” dramasi, “Burungi qozilar yoki Maysaraning ishi” hajviy komediyasi o‘zbek dramaturgiyasi va teatr san’-ati taraqqiyotiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Hamza 1926-yil 27-fevralda “O‘zbekiston xachq yozuvchisi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

O‘limi. Hamza Hakimzoda Niyoziy 1928-yilning avgustida sho‘ro hukumatining topshirig‘iga binoan Shohimardonga boradi, u yerda mavjud hukumat siyosatini barqaror qilishda, ruhoniylarga qarshi kurashda faol ishtirok etadi va 1929-yil 18-mart kuni shu kurashning qurboni bo‘ladi. Hamzaning bir guruh mutaassiblar tomonidan o‘ldirilishi sho‘ro mafkurasida uning ijodini sinfiylik-partiyaviylik tamoyillariga asoslanib baholash uchun mezon bo‘ldi. Uni ma’naviy zamindan yulib olib, o‘zi mansub bo‘lgan jadidchilik harakatiga, uning namoyandalariga qarshi qo‘ydilar, o‘zbek sho‘ro adabiyoti va san’atining yagona asoschisi sifatida talqin va taqdim etdilar. Bu g‘ayriilmiylikning eng yuqori namunasi sifatida Hamzaga bag‘ishlangan 17 seriyali “Olovli yo‘llar” filmini ko‘rsatish mumkin. Uydirmalar asosiga qurilgan bunday asarlar Hamzaga nisbatan hurmat-ehtiromni oshirish o‘rniga unga bo‘lgan ishonch va e’tiqodga putur yetkazdi.

Hamza ijodi mustaqillik, istiqlol tufayligina haqiqiy bahosini olmoqda. U hech bir bo‘rttirishsiz, qo‘shibchatishsiz ham XX asr o‘zbek adabiyotining atoqli vakili: novator shoir, hozirjavob nosir, iste’dodli dramaturg, g‘ayratli teatr arbobi, mohir pedagog sifatida zamondoshlari Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lponlar qatoridan munosib o‘rin olishga haqlidir.

(O.Z.)