Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Ashurali Zohiriy

(1885 - 1938)

Bolaligi. Ashurali Zohiriy 1885-yilda Qo‘qon shahri yaqinidagi Oyim qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Muhammadzohir o‘rtahol dehqon bo‘lib, halol mehnati bilan turmushini tebratgan. Onasi haqida ma’lumotlar mavjud emas. Akasi Hojiboy 1880-yilda tug‘ilgan.

Ma’lumoti. Ashurali Zohiriyning dastlabki ta’limi qishloq maktabidan boshlangan. Maktab ta’limidan so‘ng Qo‘qon shahridagi “Muhammad Alixon” madrasasida 1897-1914-yillarda tahsil olgan. U madrasada diniy bilmlar, tarix, mumtoz adabiyotni o‘qish, o‘rganish bilan birga o‘z davrining yangiliklaridan xabardor bo‘lib borgan. Ilmga bo‘lgan qiziqish, zehnining o‘tkirligi bilan madrasa tahsili davomida arab, fors, ozarboyjon, rus va tatar tillarini puxta egallagan.

Faoliyati. 1910-yildan jadidchilik harakatiga qo‘shilgan. Jadidlarning madaniy islohotlarida ishtirok eta boshlagan. Farg‘ona vodiysida vujudga kelgan jadidlarning “Taraqqiyparvarlar” jamiyatini tuzishda ishtirok etdi. Ushbu jamiyat Turkiston kelajagi uchun yoshlarning ta’limini o‘ylash va uni qo‘llab-quvvatlashga asosiy e’tiborini qaratgan edi. Farg‘ona jadid ziyolilari bilan birga yangi usul maktablari ochib muallimlik qildi. Turkiston jadidlari bilan aloqa bog‘lab islohotchilik harakatlarining muhim masalalari atrofida bir maqsad yo‘lida o‘z faoliyatini olib bordi.

1907-1917-yillarda Qo‘qon shahridagi 2-rus-tuzem maktabida o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan.

Ashurali Zohiriy o‘z bilim va tajribalarini boyitish maqsadida Rossiya imperiyasidagi tatar musulmonlari yashaydigan Orenburg, Qozon, Ufa shaharlarida bo‘ldi. Ushbu safar orqali Ashurali Zohiriy Farg‘ona xonlarining tarixini yaratish va bu jarayonda Turkiston tarixida Farg‘ona turkiylarini mavqeyini aniqlash hamda maktablarda o‘quvchilar uchun qulay ta’lim berish usullarini o‘rgangan. U 1912-yil safar yo‘ldoshi Yunusjon xoji Og‘aliev bilan birga tatar ma’rifatparvari Zaki Validiy qishlog‘igacha boradilar. Zaki Validiy bilan tanishadilar. Zaki Validiy Rossiya imperisining topshirig‘i bilan arxeologiya jamiyati a’zolari tarkibida Turkistonga kelib, 3 oy davomida Qo‘qonda bo‘ladi. Ana shu davrda u Ashurali Zohiriy uyida yashaydi.

Ashurali Zohiriy 1912-1917-yillarda Oyim qishlog‘idagi “Ipak-kredit tovarlari” jamiyatining vakili bo‘lib ish olib borgan. 1918-1919-yillarda kooperativ uyushmasi xodimi bo‘lib ishlagan. Bu uning tadbirkorlik faoliyatini ham olib borganligidan dalolat beradi.

U muallimlik ishlari bilan birga milliy matbuotda ham o‘z faoliyatini olib borgan. Qo‘qonda jadid taraqqiyparvarlaridan bo‘lgan Obidjon Mahmudov muharrirligida 1914-yil 3-apreldan nashr etila boshlangan “Sadoyi Farg‘ona” gazetasida 1915-yilga qadar adabiy xodim vazifasida ishlagan.

Turkiston muxtoriyati tashkil etilishi davrida uning muhim ishlaridan biri tarixchi olim Bo‘lat Soliev bilan birga “El bayrog‘i” gazetasini tashkil etadi. 1917-yil 8-sentyabrdan chop etilgan ushbu gazetada o‘z davrning muhim voqealari yoritib borilgan. Xususan, Qo‘qonda tashkil etilgan Turkiston muxtoriyatiga bag‘ishlangan bir nechta maqolalar nashir etilgan. Gazetaning shiori ham “Yashasun Turkiston muxtoriyati” edi. Gazetada asosan muxtoriyatning g‘oyalari targ‘ib qilingan. Muxtoriyatga bag‘ishlangan Abdulhamd Cho‘lponning “Ozod turk bayrog‘i” she’ri ham ushbu gazetada nashr etiladi. Biroq ushbu gazeta 20 ta soni nashrdan chiqib to‘xtatilgan.

Ashurali Zohiriy Qo‘qonda 1917-yil 1-iyundan nashr etilgan “Yurt” jurnali noshir va muharriri bo‘lgan. Ushbu jurnal ham Turkiston muxtoriyatining g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Shiori  ham shunga monand “Yashasun muxtoriyatli xalq jumhuriyati!” edi. Bu jurnal texnik jihatdan o‘z davridagi eng ko‘rkam jurnal hisoblangan. Shuningdek, u 1918-1919-yillarda Qo‘qondan milliy ishlar komissari Ahmad Devishevning muharrirligida nashr etilgan “Xalq gazetasi”ning bo‘lim mudiri bo‘lib faoliyat olib borgan. U gazetada yangi imlo masalasini ilgari surib o‘zining tanqidiy fikrlarini bayon qilgan.

Sovet hokimiyatining mafkurasi kuchayib borayotgan yillarda uning jurnalistik faoliyati Farg‘onada nashr etilgan firqa qo‘mitaning 1921-yildan chiqa boshlangan “Mehnat bayrog‘i” gazetasi ish olib borgan. 1922-1923-yillarda esa “Mehnat bayrog‘i” o‘rniga nashr etilgan “Farg‘ona” gazetasida texnik muharrir va boshqa vazifalarda faoliyat yuritgan. Ushbu gazeta 1923-yildan “Yangi Farg‘ona” nomi bilan chop etilgan. Ashurali Zohiriy ushbu gazetada 1923-1929-yillarda adabiy xodim sifatida faoliyat yuritgan.

U Qo‘qon shahrida 1917-yil sentabr oyida ochilgan birinchi dorilmuallimin – o‘qituvchilar tayyorlash kursining tashkilotchilaridan biri hisoblanadi. Ushbu dorilmuallimin negizida ochilgan Farg‘ona viloyat ta’lim-tarbiya texnikumida 1921-1922-1926-yillarda o‘qituvchilik qildi. Keyingi faoliyatida ham uning asosiy kasbi o‘qituvchilik bo‘lgan.

O‘z davrining taniqli tilshunosi sifatida Tokentda 1921-yil yanvar oyida o‘tkazilgan “Til-imlo quriltoyi”, lotin alifbosini qabul qilishga bag‘ishlangan 1926-yil Samarqandda o‘tkazilgan anjumanda o‘z maruzalari bilan ishtirok etgan.

Ilmiy-adabiy merosi. Ashurali Zohiriy tarix, adabiyot, til sohalaridagi qator maqolalar, darslik va asarlar muallifidir. Uning dastlabki ishi sifatida rus-tuzem maktabi o‘qituvchisi Serikboy Oqoev bilan hamkorlikda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun “Turkiy xrestomatiya yoxud terma kitob” (Qo‘qon, Shumakov tipografiyasi, 1912) darsligini yaratdi. O‘zbek tilida birinchi bo‘lib “Imlo” darsligini yozdi. Bu kitob Qo‘qondagi “G‘ayrat” kutubxonasida nashrga tayyorlanib 1916-yilda Qozonda nashr etildi. Abdurauf Fitrat “Sarf” kitobini so‘zboshisida o‘zbek adabiy tilining qonun-qoidalari, taraqqiyot yo‘nalishlari haqida to‘htalar ekan Ashurali Zohiriy va uning Imlo kitobiga urg‘u berib: “... Bu yo‘lda birinchi qadamni qo‘qonlik Ashurali Zohiriy otdi. “Imlo” bitikchasini yozib chiqardi”, deb yozadi. Adabiyotshunos va xattot sifatida 1917-yilda Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarini 1916-yilda husnixatda ko‘chirib Qo‘qondagi Vayner matbaasida 1917-yilda nashr ettirgan. Asarning kirish qismida muallif Alisher Navoiy haqida ma’lumot berib o‘tgan. Adib 1925-yilda o‘zining ikki tomlik “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”ini chiqaradi. Ushbu asarda ruscha so‘zlar kirill alifbosida, o‘zbekcha so‘zlari esa arab alifbosiga asoslangan eski o‘zbek yozuvida ko‘rsatilgan. U Cho‘lpon bilan birgalikda 1926-yilda “Adabiyot parchalari” darsligini tuzib nashr ettirdi. Mazkur darslikda mumtoz adabiyot namoyandalarining tarjimayi hollari, “Bobolar so‘zi” rukni ostida o‘zbek xalq maqollaridan misollar keltiradi. Talabalar uchun mo‘ljallangan bu darslik majmua ilk darslik qo‘llanmalardan edi.

Shuningdek, u “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona”, “El bayrog‘i”, “Farg‘ona”, “Yangi Farg‘ona” gazetalari, “Oyina”, “Yurt” jurnallarida maqolalar chop ettirgan.

Oilasi. Ashurali Zohiriyga oid so‘rog‘ qog‘oz (anketa)larida oilali, turmush o‘rtog‘i Malika, ikki o‘g‘il va bir qizi bo‘lganligi qayd etilgan. Ashurali Zohiriy oilasi bilan  Qo‘qon shahar Xo‘jand ko‘chasi 478-uyda istiqomat qilgan. Qizi Mohira 1915-yilda tug‘ilgan. O‘smirlik chog‘idayoq vafot etgan. O‘g‘illari Darxon 1926-yilda tug‘ilgan. U Andijon viloyatida yashab aeroportda faoliyat ko‘rsatgan. Kichik o‘g‘li Najib esa 1928-yilda tug‘ilgan. Oyim qishlog‘ida istiqomat qilgan. Tibbiyot sohasida xizmat qilgan. Ashurali Zohiriyning avlodlaridan Najib Ashuralievich Zohirovning qizi Maqsudaxon Qo‘qon shahar G‘ishtli mahalla fuqarolar yig‘ini Xo‘jand ko‘chasi 225-uyda istiqomat qiladi.

O‘lim. Ashurali Zohiriy “millatchilik”da ayblanib “Milliy ittihod” va  “Botir gapchilar” tashkiloti a’zosi sifatida 1929-yil noyabrida hibsga olinib, Farg‘ona turmasida saqlangan. “Botir gapchilar” tashkiloti aszosi sifatida 15 nafar farg‘onalik yoshlar aybdorlikka tortildi. Ularga dastlab otuv hukmi chiqarilgan. U 1931-yilda otuv hukmi 10 yil jamloqqa surgun bilan almashtirilgan. Uni “Belomor” kanali qurilishiga surgun qilingan. 1936-yilda ozod etilgach yurtiga qaytib muallimlik kasbi bilan mashg‘ul bo‘lgan. 1937-yil 5-sentyabrda avvalgi ayblariga qo‘shimcha ravishda panturkist,  “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi sifatida ikkinchi bor qo‘lga olinadi. Uzoq olib borilgan tergovlar natijasida uni O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 66, 67-moddalari bilan ayblanadi. 1937-yil 4-dekabrda IIXK qoshidagi “Uchlik” Ashurali Zohiriyga nisbatan otuv hukmini chiqaradi. Ushbu hukm 1937-yilning 28-dekabrida ijro etilgan.  

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Ashurali Zohiriy nomi qayta tiklandi. Dastlab 1991-yil aprel oyida Qo‘qon pedagogika bilim yurtiga Ashurali Zohiriy nomi berildi. Bilim yurtining xovlisiga uning byusti o‘rnatildi. O‘zbekiston Respulikasining Prezidenti Sh. Mirziyoevning 2021-yil 28-sentyabrda Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida so‘zlagan nutqida Ashurali Zohiriy nomini abadiylashtirish masalasini ilgari surgan. Bugungi kunda uning faoliyati, ilmiy merosini o‘rganishga katta e’tibor qaratilgan. Qo‘qon shahridagi “Qo‘qon buyuk allomalar muzeyi”da adibning saqlanayotgan asarlarini tadqiq qilish ishlari amalga oshirilmoqda.  

A.Y.