Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Bobooxun Salimov

(1874 - 1929)

Bolaligi. Bobooxun Salimov siyosat arbob, maʼrifatparvar, “Yosh xivaliklar” partiyasining faol vakili. U 1874-yili Gurlan bekligida tugʻilgan. Uning asl ismi Muhammad boʻlib, unga hurmat yuzasidan Bobooxun deb taxallus berilgan.

Bobooxun Salimov oʻziga toʻq oiladan boʻlib, otasi Salimoxun qozikalon vazifasida ishlagan. Xiva xoni Asfandiyorxon saroyida shayxulislom lavozimida ishlagan.

Maʼlumoti. U boshlangʻich taʼlimni olgach, Xiva shahridagi “Olloqulixon” madrasasida tahsil koʻrgan. Bobooxun arab, fors, rus tillarini yaxshi bilgan. Shu bilan birga sheʼr yozish bilan ham mashgʻul boʻlgan.

Mehnat faoliyati. Madrasa taʼlimini yaxshi egallagan Bobooxun 1910 – 1918-yillarda Xiva xoni Asfandiyorxon saroyida shayxulislom lavozimini bajargan. Zamonasidagi oʻzgarishlarga befarq boʻlmagan. Xorijdan kelib turgan yangilik va gazeta jurnallar bilan tanishib borgan. Mamlakat taraqqiyoti va uning kelajagi uchun islohotlar zarurligini yaxshi tushungan. Shu bois ham 1918 – 1920-yillarda Toʻrtkoʻlda yashab, “Yosh xivaliklar” partiyasiga aʼzo boʻlib kiradi. 1920-yili xalq vakillarining Butunxorazm I qurultoyida Xorazm Shoʻrolar Jumhuriyatining Adliya noziri lavozimiga saylanadi. Keyinchalik u Xorazmdagi maorif va madaniyat ishlarida ishtirok etadi. Shuningdek u 1924-yili Xorazm ruhoniylarining 1 qurultoyi chaqirilishi va oʻtkazilishiga rahbarlik qildi.

U oʻz qarashlariga ega boʻlib, islom gʻoyalari asosida yangilikka intilish lozimligini targʻib qilgan. Shariatda tenglikka erishishga, xon amaldorlarining huquqlari bilan oʻsib kelayotgan savdogarlar va sanoatchilar, hunarmandlar va ziyolilar huquqlarini tenglashtirishga intilgan. Bu ishni bosqichma bosqich amalga oshirish lozim deb hisoblagan Shuning uchun xonlikda mayda huquqiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bilan taraqqiyotga erishish mumkin, deb hisoblagan.

Oʻlimi. Bobooxun Salimovning qarashlari sovet hokimiyatining gʻoyalari va mafkurasiga zid edi. Shuning uchun ham uning xatti-harakatlari GPU va OGPU josuslari tomonidan kuzatuvga olingan. Ulamolar va jadid ziyolilari “ziyonli” deb qaralib hukumat ishlaridan chetlatish harakatlari jarayonida Bobooxun Salimovni ham oʻz lavozimidan boʻshatiladi. Uning harakatlari taʼqibga olinadi. 1929-yil 10-may kuni kechqurun sovet hokimiyati tomonidan sudsiz, soʻroqsiz otib oʻldiriladi.

D. J.