Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

G'ulom Zafariy

(1889 - 1938)

Bolaligi. Shoir, dramaturg va  teatr namoyandasi bo‘lgan G‘ulom Zafariy 1889-yili Toshkentning Beshyog‘och dahasiga karashli Kattabog‘ mahallasida tug‘ilgan. U hunarmand oilasidan bo‘lib, otasi misgarlik bilan shug‘ullangan, onasi Fayziniso aya bo‘lgan. Ular Eshonguzar mahallasida istiqomat qilgan.

Ma’lumoti. Dastlab an’anaviy maktabda, so‘ng xususiy rus-tuzem maktabida ta’lim olgan. Ta’limni davom ettirib “Mirzo Ahmad” va “Ko‘kaldosh” madrasalarida tahsil ko‘rgan.

Mehnat faoliyati. Jadidchilik harakati namoyandalari bilan faol aloqada bo‘lib, yangi usul maktablarida dars bergan. U 1912 – 1924-yillarda O‘sh shahrida muallimlik qilgan. G‘ulom Zafariy 1914-yildan boshlab, Toshkentdagi “Turon” teatrida aktyorlik, shu bilan birga muallimlikni ham davom ettirgan. U 1917-yildan “Ishchilar dunyosi” jurnali, shuningdek, bilim yurtlarida dars berib, o‘z faoliyatini olib borgan.

U 1921 – 1923-yillarda Buxoro musiqa texnikumida direktor, 1923 – 1924-yillarda “Bilim kengashi” raisi va “Uchqun” maktabida muallimlik qilgan. 1927-yildan esa Termiz o‘qituvchilar tayyorlash kursi mudiri keyinroq, ya’ni 1929 – 1931-yillarda Samarqand musiqa ilmiy tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari vazifasida faoliyat olib borgan.

Ilmiy-adabiy merosi. G‘ulom Zafariy ijodi 1914-yildan boshlangan bo‘lib, she’rlar yoza boshlagan. Teatrdagi faoliyati bilan birga sahna uchun 1914 yili “Baxtsiz shogird” nomli bir pardali pyesa yozadi. Shundan so‘ng ko‘plab pyesalar yozgan. Uning “Halima” pesasi mashhur bo‘lib, 1920-yil 14-sentyabrda “Turon” truppasida Mannon Uyg'ur tomonidan sahnalashtirilgan. Mazkur asar to‘ng‘ich milliy musiqali drama bo‘lib, uning musiqiy bezagini ham muallifning o‘zi mashxur sozanda Shorahim Shoumarov hamda mulla To‘ychi Hofiz yordamida tayyorlagan. “Halima” pyesasi o‘z davrida milliy opera sifatida baholangan. G‘ulom Zafariy o‘zbek milliy kuylari va maqom san’atini yaxshi bilgan. O‘z davrida yoshlarning ilm olishi va ziyolilarning islohotchilik ishlarida ham faol ishtirok etgan. 1922-yili “Ko‘mak” uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan kechalar va sayllarda teatr tomoshalarini tashkillashtirish ishlarida faol ishtirok etgan. O‘zining mavjud davrdagi san’at va musiqa sohasidagi fikrlari bilan matbuotda maqolalar e’lon qilgan.

O‘limi. G‘ulom Zafariy 1932-yildan Davlat siyosiy boshqarmasi (GPU) tomonidan shubha ostiga olinib, qamoqqa olinadi. 1933-yilda OGPU tomonidan aybi yo‘qligiga qaramay, uch yilga Sibirga surgun qilinadi. U 1936-yilgacha surgunda bo‘lgan. U ozod bo‘lib qaytgach, 1937-yili ikkinchi bor NKVD tomonidan qamoqqa olinadi. O‘sha yili hech bir aybsiz oliy jazoga hukm qilingan.