Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Sadriddin Ayniy

(1878 - 1954)

Bolaligi. Sadriddin 1878 yilning 15 aprelida Buxoro amirligining G‘ijduvon tumanidagi Soktare qishlog‘ida Saidmurodxо‘ja va Zevaroy xonadonida dunyoga kelgan.

Ma’lumoti. Saidmurodxо‘ja о‘g‘li Sadriddin 6 yoshga tо‘lganida uni qishloq maktabiga boshlang‘ich ta’lim olishi uchun joylashtiradi. Maktabni tamomlagan Sadriddin 12 yoshida Buxoroga kelib, о‘n yil davomida Mir Arab (1890 – 1891), Olimjon (1892 – 1893), Badalbek (1894 – 1896), Hoji Zohid (1896 – 1899) va Kо‘kaldosh (1899 – 1900) madrasalarida tahsil olgan. Madrasalarda о‘qib yurgan paytlari taraqqiyparvar yoshlardan Hayrat va Abduqodir Maxdumlar bilan tanishadi. Bu vaqtda Hayrat Hindistonda chiqadigan “Hablul matn” va Misrda chop etiladigan “Chehranoma” gazetasining, Abduqodir Maxdum esa “Tarjimon” gazetasining о‘quvchilaridan edilar. Sadriddin Ayniyda ham gazetalarni о‘qishga qiziqish uyg‘onib, dо‘stlari bilan birgalikda gazetalar bilan tanishib, dunyoda sodir bо‘layotgan voqealar hamda о‘zgarishlardan xabardor bо‘lib borgan. Shuningdek, Ahmad Donish va ozarbayjon yozuvchisi Hoji Marog‘iyning asarlarida aks etgan ilg‘or ma’rifatparvar g‘oyalar ham Sadriddin Ayniy hamda uning dо‘stlari dunyoqarashida о‘zgarishlar yasaydi.  Natijada buxorolik bir guruh yoshlar jamiyatni isloh qilish maqsadida jipslashadilar va jadid maktablari tashabbuskorlariga aylanadilar.

Faoliyati. Abduqodir Shakuriy maktabidan о‘rnak olib, Ayniy, Munzim, Ahmadjon Hamdiy va Hamidxо‘ja Mehriy kabi taraqqiyparvarlar 1908 yil 23 oktabrda Buxoro shahrining Darvozai Sallohxona guzarida joylashgan Mirzo Abdulvohid Munzim uyida forsiy (tojik) tilda ta’lim beruvchi jadid maktabi ochadilar. Bu paytda Ayniy Buxoro shahrida faoliyat kо‘rsatayotgan tatar ziyolisi Nizom Sobitiy maktabida muovin vazifasida ishlar va maktab muallimi Abdurahmon Sa’diy muntazam о‘qib boradigan Turkiyada chiqadigan “Sirotul mustaqim” (“Tо‘g‘ri yо‘l”) nomli ijtimoiy-diniy, ilmiy-badiiy jurnal bilan tanishib borardi.

Maktab asoschilari yangi maktabda samarali о‘qitishni tashkil etish uchun darslik, qо‘llanma va adabiyotlarga zarurat mavjudligini inobatga olib,  1909 yil mart oyida “Shirkati Buxoroyi sharif” (“Buxoroyi sharif shirkati”)ga asos soladilar. Ushbu shirkatning a’zolari 9 kishi: Abdulvohid Munzim, Sadriddin Ayniy, Ahmadjon Maxdum (Hamdiy), Aminjon Maxdum, Usmonxо‘ja Pо‘latxо‘jayev, Hamidxо‘ja Mehriy, Mulla Nizom Sobitiy, Abdurahmon Sa’diy va Mirzo Abdulqodir Muhiddinovlardan iborat bо‘lgan. Sadriddin Ayniy “Buxoroyi sharif shirkati” muassisligida 1909 yilda jadid maktablari uchun yozgan “Tartil ul-Qur’on” (“Qur’oni Karimni о‘qish va talaffuz qilish qoidalarini о‘rganishga bag‘ishlangan kitob”), “Zaruriyoti diniya” (“Dinning zarurati”) va “Tahsib us-sibyon” (“Bolalar tarbiyasi”) nomli kitoblarni nashr ettiradi.  Natijada maktab о‘quvchilari darslik va qо‘llanmalar bilan ta’minlanadi.

Tez fursatda xalq orasida obrо‘ qozongan Sadriddin Ayniy va Abduvohid Munzim maktabi Buxoroning mutaassib ulamolari qarshiligiga uchraydi. Hukumatning aralashuvi bilan 1909 yili maktab faoliyati tо‘xtatiladi. Bunday vaziyatda jadidlar maorifni isloh qilishga oid dasturlarining keyingi bosqichlarini amalga oshirishga kirishadilar. Sadriddin Ayniy va Abduvohid Munzimlar 1909 yilda “Tarbiyayi atfol” jamiyatini tuzish ishlarida bosh-qosh bо‘ladilar. Jamiyat tarkibiga 28 nafar a’zo kiritilgan bо‘lib, ularning 14 nafari rais, qozi, mudarris hamda mulla va mullozodalardan iborat bо‘lgan.

“Tarbiya atfol” jamiyati о‘z faoliyati davrida quyidagi ishlarni amalga oshirgan:

Birinchidan, ilmga chanqoq yoshlarga har jihatdan: ham iqtisodiy, ham ma’naviy yordam kо‘rsatib, Turkiya hamda Rossiyaning Qozon, Ufa, Bog‘chasaroy shaharlariga о‘quvchilar yubordi;

Ikkinchidan, Turkiya, Eron hamda Rossiya musulmon shaharlarida nashr qilingan matbuot namunalari bilan buxoroliklarni tanishtirib borishga kirishdi. Buxorodagi Rossiya siyosiy agentligining har qanday ta’qib va tо‘siqlariga qaramay, jamiyatning say-harakati bilan bunday nashrlar amirlikda ham keng tarqala boshladi;

Uchinchidan, “Tarbiyayi atfol” jamiyati a’zolari ham о‘rinsiz sarf-xarajatlarga, tо‘y va ma’rakalarga sarf qilinadigan katta-katta xarajatlarga, isrofgarchiliklarga qarshi chiqdilar. Bunday mablag‘larni farzandlar tarbiyasiga, ularni chet ellarda о‘qitish uchun sarf qilishga da’vat etdilar;

Tо‘rtinchidan, jamiyatining tashabbusi bilan 1912 yil 11 martdan Yangi Buxoro (Kogon)da fors-tojik tilida “Buxoroyi sharif” gazetasi chop etila boshlandi. 1912 yilning 11 martidan - 1913 yil 12 yanvargacha 153 soni chiqdi.

1910-1917 yillarda faoliyat olib borgan jamiyat ma’rifatparvarlik ishlari, yangi usul maktablarini tashkil etish, ta’lim-tarbiya tizimini isloh etish uchun kurashgan bо‘lsa, 1917 yilga kelib siyosiy tashkilot tusiga kirdi.

1917 yil fevralda Rossiyada amalga oshirilgan davlat tо‘ntarishi Turkiston mintaqasiga ham о‘z ta’sirini kо‘rsatdi. Bu davrda Buxoro jadidlarining qarashlarida bо‘linish sodir bо‘lib, о‘ng va sо‘l guruhga ajraldilar. Bu haqda Ayniy: “Fevral inqilobidan keyin jamiyatimiz uch marta yig‘ildi. Bu uch yig‘ilish ham janjal bilan о‘tdi. Men taklif qildimki, jamiyat maxfiy holda tursin, lekin hozirgi talabga muvofiq ma’lum bir aniq dastur tuzib, a’zolarning sonini kо‘paytirish kerak. Jamiyat a’zolari ochiq va yarim ochiq harakatlarga qatnashavermasinlar. Lekin yо‘l-yо‘riqlarni jamiyatdan olsinlar, men dehqonlar orasida tashviqot о‘tkazish masalalarini qо‘ydim va modomiki, islohotning bir qismi yer solig‘ining islohoti ekan, bu tо‘g‘risida dehqonlarni tayyorlash kerak, - dedim”, deb yozadi.

Rossiyada demokratik tuzum о‘rnatish borasidagi harakatlar va islohotlarga ehtiyoj kuchayib borayotganini anglagan Buxoro amiri Sayyid Olimxon 1917 yil 7 aprelda islohot farmonini imzolaydi. Shu munosabat bilan Yosh buxoroliklar shaharning Bozorgul guzarida joylashgan Halim Ashurov uyida farmonni muhokama qilish uchun majlis chaqiradilar. Bu yig‘inda samarqandlik jadidlar mufti Mahmudxо‘ja Behbudiy va Qori Haydarbeklar ham qatnashadilar.

Sadriddin Ayniy, Abduvohid Munzim, Fazliddin Maxdum, Muhiddin Rif’at, Mirzashoh, Mirza Izatullo, va Hamidxо‘ja Mehriylar namoyish о‘tkazishga qarshi chiqadilar. Bularning fikri Mahmudxо‘ja Behbudiy tomonidan ham qо‘llab-quvvatlanadi. Ammo Abdurauf Fitrat boshchiligidagi jadidlar bu tadbirni amalga oshirishga qaror qiladilar va 1917 yil 8 aprelda amirga о‘z tashakkurlarini bildirish uchun yig‘iladilar.

Bundan xabar topgan amir poytaxtda tartibsizliklar keltirib chiqarishi mumkin bо‘lgan bu namoyishni tо‘xtatish, uning ishtirokchilarini qо‘lga olish va jazolash bо‘yicha buyruq beradi. Natijada jadidlarning taniqli namoyandalari Ziyovuddin Maxdum, Ahmad Naim, Mirzo Abulfayoz, Mirzo Ahmad, Mirzo Nazrullo G‘affurzoda, Mirbobo Muhsinzoda va Abdurasullar, shuningdek, jadidlarni qо‘llab-quvvatlab turgan hukumat arboblaridan Mirzo Sahbo Vobkandiy, Hoji Dodhoh va Mirzo Abdullolar qamoqqa olinadi. Namoyishda ishtirok etmagan bо‘lsada, 9 aprel kuni Sadriddin Ayniy ham hibsga olinadi va 75 darra kaltaklanadi. Muvaqqat hukumat aralashuvi bilan tutqinlikdan qutulgan Sadriddin Kogondagi shifoxonada 52 kun davolanadi va tuzalgach, Samarqandga kо‘chib о‘tadi. Ayniyga Abduqodir Shakuriy о‘z uyidan joy bergan va uni Saidrizo Alizoda, Siddiqiy Ajziy, Saidahmad Vasliy, Vadud Mahmud kabi ma’rifatparvarlar bilan tanishtirgan. Sadriddin Ayniy shu davrdan о‘zini siyosatdan butunlay uzoq tutib, ilmiy ijodga kirishgan. Biroz vaqt о‘tgach, Vadud Mahmudning singlisiga uylangan.

1918 yil martda Turkiston Xalq Komissarlari soveti raisi Fyodor Kolesovning Buxoro amirligiga hujumi davrida Fayzulla Xо‘jayev va maslakdoshlarining bosqinchilar tomonida turgani Amir Olimxonnining nafratiga sabab bо‘ladi. Ikki о‘rtadagi urash tugagach, amir Buxoro jadidlarini vatanga xiyonat qilganlikda ayblab, jismonan yо‘q qilishga kirishadi. Natijada Yosh buxoroliklar amir ta’qibidan qochib, Turkiston о‘lkasining turli shaharlariga muhojirlikka ketadilar. 

Amir Samarqandga ham jadidlarni qо‘lga olish uchun о‘z odamlarini yuborishi Ayniyni ham xavotirga solgan va Toshkentga kо‘chib о‘tishga majbur bо‘lgan. U bu haqda: “Men bu vaqtda Samarqandda bо‘lib, hanuzgacha ahvolim yaxshi emas edi, quvvatim yо‘q edi. Kolesov voqealaridan keyin amir hukumati Samarqandga ham о‘z ayg‘oqchilarini yubordi. Samarqand mening yashashim uchun xavfli joy bо‘lib qoldi. Men 1918 yil 22 aprelda Samarqanddan Toshkentga kо‘chib bu yerda olti oy qolib ketdim”, yozadi. Ayniy Toshkentda bо‘lgan vaqtida shahardagi jadid maktablariga borib, ularning о‘qituvchilari bilan muloqot qilgan, shahardagi tarixiy yodgorliklar bilan tanishgan. Keyinchalik “Mehnatkashlar tovushi” gazetasida kо‘rgan-kechirganlari asosida yozilgan “Toshkent xotiralari”  maqolasini e’lon qilgan.     

1918 yil 22 oktabrda Toshkentdan Samarqandga qaytgan Sadriddin maktabda о‘zbek-tojik tili adabiyoti va tarixidan dars bera boshlaydi. 1919 yilda Samarqand maorif bо‘limida ma’sul lavozimda ish boshlaydi.

1920 yil iyunda Yosh buxoroliklar partiyasi yetakchisi Fayzulla Xо‘jayevning taklifiga binoan Sadriddin Ayniy Toshkentga chaqirib olinadi. Bu haqda Ayniy “Qisqacha tarjimai holim” asarida: “... Buxoro ommasi Rossiya va Turkiston bolsheviklaridan yordam talab qilar edi. Men 1920 yilning iyunida Buxoro Kommunistlari tashkiloti tomonidan Toshkentga chaqirildim. Bu yerda bir oy turib, mening qalamimni talab etgan loyiha, bayonot va boshqa narsalarni ikki tilda: tojik va о‘zbek tillarida yozib berdim”, deb qayd etadi.

1920 yil sentabrda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgach, Sadriddin Ayniy shu yilning 17 oktabrida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Maorif Noziri Qori Yо‘ldosh Pо‘latov nomiga xat yozib, unda Buxoroda yangi usuldagi maktablar tashkil qilish bо‘yicha о‘z fikr va mulohazalarini bayon qiladi. Ayniy maktablarni ochishda shoshma-shosharlikka yо‘l qо‘ymaslik; о‘quvchilarning ota-onalari orasida juda ehtiyotkorlik bilan tushuntirish ishlarini olib borish; qabul qilinadigan о‘quvchilarning son va sifatiga alohida e’tibor berish; maktabda dars beruvchi muallimlarni tayyorlash uchun  Moskva, Qozon, Orenburg, Boku, Toshkent va boshqa shaharlardan tajribali о‘qituvchilarni taklif etish; muallimlar tayyorlash kurslariga 30 yoshgacha bо‘lgan iste’dodli, aqlli kishilarni jalb qilish bо‘yicha о‘z takliflarini taqdim qilgan. Ayniy darsliklar masalasida ham alohida tо‘xtalib: “Turkistonda yangidan nashr qilingan kitoblar qо‘lga kiritmoq ila barobar qanoat qilaturgan bir darajada til va imlo jihatidan Buxoro о‘zbeklariga muvofiq emasdir, xususan sо‘z ta’limi jihatdan ham kо‘p mushkilotlarga uchrash mumkin. Chunki, kо‘pchilik nashr qilaturgan darsliklar usmonli turklar, tatarlar va chig‘atoy shevalari asosida yozilgan bо‘lib, hatto turkistonlik mahalliy о‘quvchi bolalar uchun ham bu kitoblarning tili og‘irlik qiladi”, deb yozadi maktubida.

1921-1923 yillarda Ayniy Buxoro Xalq Sovet Respublikasining Samarqanddagi konsulxonasida maslahatchi bо‘lib ishlaydi. 1923 yilda BXSRning Samarqanddagi konsulxonasi yopilgach, Ayniy 1925 yilga qadar Samarqanddagi Buxgostorg (Buxoro savdo uyi)da mudir bо‘lib ishlaydi. 

Ayniy 1926 yilning 15 iyunida Samarqandda ta’sis bо‘lgan Tojikiston davlat nashriyotiga muharrir, ilmiy va adabiy konsultant bо‘lib ishga kiradi va 1933 yilning sentabrigacha shu lavozimda ishlaydi.

1927 yilda Samarqandda Oliy pedagogika instituti (hozirgi SamDU) ta’sis etilib, Abdurauf Fitrat va Sadriddin Ayniy ushbu oliygohda о‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasini tashkil etilishining tashabbuskorlari bо‘lganlar.

Sadriddin Ayniy 1936-1938 yillarda о‘n besh ming sо‘zdan iborat tojik adabiy tili lug‘atini tuzadi. 1939 yilda Dushanbe shahar Sovetiga deputat etib saylanadi. 1943 yil 4 noyabrda О‘zbekiston SSR Fanlar Akademiyasi tuzilgach, akademik etib saylangan.

Sadriddin Ayniy 1946 yildan 1950 yilgacha SamDUning о‘zbek adabiyoti kafedrasiga mudirlik qilgan. 1951 yilda Tojikiston Fanlar akademiyasi tashkil etilgach, uning birinchi prezidenti etib saylangan.

Ilmiy-adabiy merosi. 1890 – 1895 yillarda “Sifliy”, “Muhtojiy” va “Jununiy” kabi taxalluslar bilan she’rlar mashq qilgan Sadriddin 1896 yildan  “Ayniy”  taxallusi bilan ijod qilgan.

1919 yili boshlang‘ich sinflar uchun “Soli naxustin” (“Birinchi yil”) alifbe kitobini yozadi. 1918-1920 yillarda Samarqandda tojik tilida chiqadigan “Shu’lai inqilob” (“Inqilob shu’lasi”), “Bolalar yо‘ldoshi”, “Tayoq” jurnallari va “Mehnatkashlar tovushi”, “Zarafshon”, “Hurriyat” gazetalarida  maqolalari bilan ishtirok etadi. Birgina “Shu’lai inqilob” haftalik jurnalida Ayniyning “Sin Mim”, “Qof-Sin”, “Sin Xo”, “Sin”, “Xo”, Sin Qof”, “Sod Ayn” hamda “Sod Ayniy” imzosi bilan 67 ta maqolasi, 30 dan ortiq she’r va maqolalari chop etilgan. Ayniy “Tayoq” jurnali, “Mehnatkashlar tovushi” gazetasi va boshqa matbuot nashrlarida “Sarson”, “Furtakigо‘y”, “Tolesiz”, “Azg‘ich”, “Tayoq”, “Zimg‘oyib”, “Buzina”, “Battol”, “Rо‘zador”  kabi imzo va taxalluslar bilan hajviy she’rlar hamda maqolalar chop ettirgan.

Davlat va jamoat ishlari bilan bir vaqtda Sadriddin Ayniy ijod va tarjima ishlari bilan shug‘ullangan. 1921 yili Abdulmо‘min Sattoriy (о‘lkashunos olim, 1925 yil 23 iyulda sil kasalidan vafot etgan) Abu Tohirxojaning “Samariya” asarini fors tilidan о‘zbek tiliga tarjima qilgan bо‘lib, bu tarjima 1925 yili Ayniy tomonidan tahrir qilingan va nashrga tayyorlangan. Ayniy Sattoriy tarjimasiga ayrim tuzatishlar kiritish bilan birga, unga sо‘z boshi va zarur atamalarga izohlar ham yozgan. Ammo asar nashrga tayyorlanganicha qolib ketgan va hozirda Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qо‘lyozmalar fondida saqlanmoqda. Shuningdek, fransuz yozuvchisi Ferdinand Dyushenning “Hilol” (“Yangi chiqqan oy”) asarini tarjima qilib, “Qamar” nomi bilan nashr ettirgan. Publitsist yozuvchi M.Bullening “Inqilobiy kurashlarda xotin-qizlar” va Viktor Gyugoning “Sehrli saroy” asarini о‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Sadriddin Ayniy “Buxoro mang‘it amirligining tarixi” (1921), Buxoro jallodlari” (1922), “Odina”, “Qiz bola yoki Xolida” (1924), “Tojik adabiyotidan namunalar” (1926), “Qul bobo yoki ikki ozod” (1928), “Doxunda” (1927-1929, tojik tilida) “Qullar” (1934, о‘zbek tilida), “Firdavsiy va uning “Shohnoma”si haqida” (1934), “Eski maktab” (1935), “Sudxо‘rning о‘limi” (1939),  Shayxurrais Abu Ali ibn Sino” (1939), “Ustod Rudakiy” (1940), “Shayx Muslihiddin Sa’diy Sheroziy” (1942), “Alisher Navoiy” (1948), tо‘rt qismdan iborat “Esdaliklar” (1949-1954) kabi ilmiy va badiiy asarlar yaratgan.

Oilasi. Samarqandlik jadid Vadud Mahmudning singlisiga uylangan. Bir qiz va bir о‘g‘li bо‘lgan: Xolida va Kamol.

О‘limi. Iste’dodli adib, shoir va olim Sadriddin Ayniy 1954 yil 15 iyunda Dushanbe shahrida 76 yoshida vafot etgan.

D.J.