Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Usmon Xoʼja

(1878 - 1968)

Bolaligi. Jadidchilik harakatining atoqli vakillaridan biri Usmonxо‘janing otasi buxorolik yirik savdogar Pо‘latxо‘ja Karomatulloh о‘g‘li bо‘lib, savdo-sotiq ishlarini rivojlantirish maqsadida tez-tez Andijon, Marg‘ilon, Quva, Xо‘jand va О‘sh kabi shaharlarga safar qilib turgan. О‘sh shahrida  о‘zining xususiy dо‘konlariga ega bо‘lgan Pо‘latxо‘ja Fotima oyim ismli о‘zbek ayoliga uylanadi va 1878-yili undan о‘g‘il farzand kо‘radi. Unga Usmonxо‘ja deb ism qо‘yadi va chillasi chiqqach, oilasini Buxoroga olib keladi.

Ma’lumoti. Yosh Usmon dastlab Buxoro shahridagi eski maktab, sо‘ngra madrasani tamomlaydi. Shuningdek, otasi uyga xususiy muallim yollab, uning dunyoviy bilimlarini rivojlantiradi. Pо‘latxо‘ja Bog‘chasaroy, Boku, Qozon, Istanbulda nashr etiladigan gazeta va jurnallarning muntazam obunachisi bо‘lib, о‘g‘li Usmonxо‘ja ham ularni о‘qib, dunyodagi voqea-hodisalar hamda о‘zgarishlardan xabardor bо‘lib borgan.

Faoliyati. Usmonxо‘ja otasiga savdo ishlariga kо‘maklashish maqsadida О‘sh shahriga borib turgan va u yerdagi milliy ozodlik kurashchilari bilan yaqin aloqada bо‘lgan. 1898-yili may oyida Andijonda Madali Eshon (1856-1998) rahbarligida Rossiya imperiyasi hukmronligiga qarshi qо‘zg‘olonda Usmonxо‘ja ham ishtirok etgan. Qо‘zg‘olon bostirilgach, asirga olingan 777 kishi orasida Usmonxо‘ja va uning qarindoshlari ham bо‘lib, otasining aralashuvi bilan ozod etilgan va о‘z yurtiga qaytib kelgan.  Aynan shu davrdan Usmonxо‘ja Turkistonda yoyila boshlagan jadidchilik harakatlarida faol qatnashib, uning Buxorodagi kо‘zga kо‘ringan yetakchilaridan biriga aylanadi.

Buxoro ziyolilari, tadbirkorlari va savdogarlari jadid maktablariga moliyaviy yordam berish maqsadida 1909-yil mart oyida “Shirkati Buxoroyi Sharif” jamiyatini tuzadilar. Bu shirkat jadid maktablarini darsliklar va boshqa zaruratlar bilan ta’minlash bilan birga iste’dodli yoshlarni zamonaviy ta’limining yangi usullarini о‘rganish uchun turli joylarga yubora boshlaydi. Jumladan, Usmonxо‘ja va Homidxо‘ja ushbu shirkat homiyligida yangi usul maktablari bilan yaqindan tanishish uchun Bog‘chasaroy va Istanbulga jо‘natiladi.

Homidxо‘ja va Usmonxо‘ja 1909-yilda Bog‘chasaroyda Ismoilbek G‘aspiarali yonida bir yil turib, Qrimdagi jadid maktablaridagi yangi ta’lim-tarbiya tizimi va uslubini kuzatib, chuqur о‘rganadilar. 1910-yilda esa Istanbulga jо‘naydilar. Ularning Turkiya safari Rossiyaning Istanbuldagi elchisini tashvishga solgan va Rossiya imperatori Nikolay II ni bu voqeadan xabardor qilgan. Imperator о‘z navbatida Buxoro amiri Abdulahadxondan Usmonxо‘ja va Homidxо‘ja haqida ma’lumot sо‘raganda, amir: “Ular yosh bolalardir. Turkiyaga tahsil olish uchun borganlar”, deb javob qaytaradi.

О‘sha paytda Abdurauf Fitrat (1886-1938) va boshqa buxorolik yoshlar ham Istanbuldagi madrasalarda ta’lim  olayotgan edilar. Usmonxо‘ja, Abdurauf Fitrat va boshqalar Turkiyada о‘qiyotgan vatandosh о‘quvchi-talabalarga ham iqtisodiy, ham ma’naviy yordam kо‘rsatish, Buxoro va Turkistondan talabalar kelishini kо‘paytirish va muntazamlashtirish maqsadida 1909-yil 26-oktabrda “Tarbiyayi atfol” tashkilotining “Buxoro ta’mimi maorif jamiyati” (Buxoro umumiy xayriya jamiyati) Istanbul shaxobchasini tuzadilar.  

Usmonxо‘ja 1913-yilda Turkiyadan о‘z yurtiga qaytib, Buxoro shahrida amakivachchasi, yirik savdogar Latifxо‘ja uyida jadid maktabi ochadi. Shuningdek, Buxoro jadidlarining “Tarbiyayi atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) tashkiloti faoliyati hamda “Buxoroi sharif” va “Turon” gazetalarini tashkil etishdek xayrli ishlarda ham ishtirok etadi. Sadriddin Ayniyning ma’lumot berishicha, 1913-yilda Usmonxо‘ja maktabining о‘quvchilari asosan о‘zining qarindoshlari bо‘lib, keyinchalik kо‘plab otalar farzandlarini bu maktabga о‘qitish uchun olib kelganlar. О‘sha yilning yozida maktab о‘quvchilari sonining kо‘payishi natijasida Usmonxо‘ja boshqa binoni ijaraga oladi va ikkita yordamchi о‘qituvchi bilan bolalarga tahsil bera boshlaydi. 1914-yilda о‘quvchilar soni 200 ga yetgani sababli Usmonxо‘ja maktabni о‘z uyiga kо‘chiradi.

Usmonxо‘ja maktabida bolalarni yoshlariga qarab sinflarga bо‘lish, bir kunda 4-5 soatdan ortiq dars о‘tmaslik, har bir darsdan sо‘ng о‘n daqiqalik tanaffus joriy qilish, diniy va dunyoviy fanlarni barobar о‘qitish, har yili bolalarga ikki oylik ta’til berish, о‘quvchilardan vaqti-vaqti bilan imtihon olib turish kabi yangi tartiblar joriy qilingan. Dars jarayonlarida milliy о‘quv qо‘llanmalar va darsliklardan tashqari, Turkiyadan olib kelgan о‘quv qurollari, globus, xaritalar, turk tiliga tarjima qilingan Yevropa adabiyotlaridan ham keng foydalanilgan.

Rossiya imperiyasining Buxorodagi amaldorlari jadid maktablarining xalq orasida tobora shuhrat topib borishidan xavotirga tusha boshlaydilar va bu maktablarini yopish uchun mutaassib ulamolardan foydalanishga qaror qiladilar. О‘zlarini Buxoro yoshlariga xayrixoh qilib kо‘rsatib, aslida ulamolarni ularga qarshi gijgijlaydilar.

Ulamolar va saroy amaldorlari jadid maktabdorlariga katta miqdorda pul va obrо‘li yuqori lavozimlar berishni taklif qilishga urinib kо‘rganlarini tarixiy manbalar tasdiqlaydi. Sadriddin Ayniyning yozishicha, Buxoro qozikaloni Burhoniddinning vakili Mulla Qamariddin  Usmonxо‘jaga: “Agar siz о‘z ixtiyoringiz ila maktabingizni bog‘lasangiz, tilagan yeringizda qozi yoki rais qildirmoqni qozikalon tomonidan va’da beraman”, deydi. Shunda Usmonxо‘ja: “Muallimlik qilishimiz, ochlikdan yoki mansabga yetisha olmaganligimizdan emas, balki xalqqa va yurtimizning bolalariga bir oz foyda yetkuzarmiz deb muncha mashaqqatlarni boshimizga yukladik, tutgan muqaddas maslagimizni dunyo mansabiga sotmaymiz”, deb javob beradi.

Rossiyaning Buxorodagi siyosiy agenti yordamchisi Shulga Usmonxо‘ja maktabiga ogohlantirmay borib, u yerdagi sharoitlarni kо‘rib, lol qoladi. Uning yozishicha, Usmonxо‘ja о‘z uyining ichki hovlisida birinchi va ikkinchi qavatda juda keng ikkita sinf xonasi tashkil qilgan bо‘lib, ularda Yevropa va Buxoroda ishlab chiqarilgan stol-stullar, devor ichidagi javonlarda ikki-uchta globus hamda Samarqandda nashr etilgan kо‘plab kitoblar,  talabalarga berilgan daftarlar mavjud bо‘lgan.  Shulga “... maktab juda ozoda bо‘lib, eski usul maktablari  bilan solishtirganda juda taraqqiy etgan edi”, deb tan olgan. О‘zini Buxoro yoshlari va jadid maktablari himoyachisi qilib kо‘rsatgan Shulganing bu tashrifi aslida maktablar yopib qо‘yilganda Rossiyaning Buxorodagi siyosiy agentligini gunohsiz qilib kо‘rsatishdan iborat bо‘lgan.

Usmonxо‘janing maorif sohasida islohotlarni amalga oshirish bilan birga, Turkiston mintaqasida sodir bо‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning ham faol ishtirokchisi edi. Jumladan, Birinchi jahon urushi (1914-1918) davrida Rossiya imperatori Nikolay II ning front ortidagi ishlarga turkistonlik 16 yoshdan 40 yoshgacha bо‘lgan bо‘lgan erkaklarni mardikorlikka olish haqidagi 1916-yilgi farmoni e’lon qilingach kо‘tarilgan xalq  qо‘zg‘olonlarining g‘oyaviy yetakchilaridan biri Usmonxо‘ja bо‘ldi.  Turkiston jadidlarining yetakchilari Munavvarqori, Pahlavon Niyoziy, Usmonxо‘ja, Qori Komil, Obidjon Mahmud va boshqalar Mahmudxо‘ja Behbudiyning Samarqanddagi uyida yig‘ilib, imperator farmoniga qarshi norozilik bildirish va Turkiston uchun kо‘proq erkinliklar talab qilishni kelishib oladilar. Usmonxо‘ja keyinchalik Samarqanddagi mazkur yig‘in haqida shunday yozgan edi: “Men Buxoroda edim, Mahmudxо‘ja Behbudiy menga telegramma yuborib, zudlik bilan Samarqandga kelishimni sо‘radi. Shunday qilib, men 1916-yilgi qо‘zg‘olonni rejalashtirish yig‘ilishida qatnashdim”.

Oradan bir yil о‘tib, 1917-yil fevralda Rossiyada sodir bо‘lgan siyosiy voqealar ta’sirida 1917-yil 7-aprelda Buxoro amiri Olimxon tomonidan islohotlar farmonining e’lon qilinishi natijasida shaharda  о‘tkazilgan namoyishlarning tashkilotchilaridan biri ham Usmonxо‘ja edi. Ushbu namoyish ishtirokchilaridan qamoqqa olingan 30 yosh buxoroliklar orasida Ahmad Nayim, aka-uka Usmonxо‘ja hamda Otaullaxо‘ja ham bо‘lib, amir zindonidan qutulgan Usmonxо‘ja 15 ta sherigi bilan Yangi Buxoroga keladi va u yerdan jadidlarning bir qismi Samarqandga, boshqa qismi Toshkentga muhojirlikka ketadilar.

1920-yil sentabrda Buxoro amirligi tugatilgach, Usmonxо‘ja yangi hukumat tarkibida moliya vaziri (1920-1921) sifatida о‘z faoliyatini boshlaydi. 1921-yili Davlat nazorati noziri, 1921-yil avgust – 1922-yil boshlarida Butun Buxoro markaziy ijroiya qо‘mitasining raisi lavozimlarida ishlaydi. Faoliyati davrida Buxoro respublikasida vaqf yerlarini hisobga olish va ulardan foydalanishni tartibga solish, madaniy-ma’rifiy markazlar ochish, me’morchilik obidalarini ta’mirlash, 50 000 kishilik qizil qо‘shinni Buxorodan chiqarib yuborib, milliy armiyaga asos solish, mustaqil tashqi siyosat yuritish, mamlakat chegaralarini mustahkamlash va о‘zbek tilini davlat tili sifatida rasmiylashtirib, hayotga tatbiq qilish uchun kurashadi.

Ma’lumki, Buxoro respublikasi tuzilgan paytda mamlakatda boshlangan milliy ozodlik va qarshilik harakatlari 1921-1922-yillarda kuchayib ketadi. Sovet rahbarlari ozodlik kurashchilarini tinchitishda Usmonxо‘ja singari obrо‘-e’tiborli arboblardan foydalanishga kirishadi. 1921-yil 10-martda Butun Buxoro markaziy ijroiya qо‘mitasining Sharqiy Buxoro bо‘yicha favqulodda ishlar vakilligi tuzilib, Usmonxо‘ja rais etib tayinlanadi. Usmonxо‘ja Sharqiy Buxoroda yurgan davrida qizil qо‘shinlarning xalqni ayovsiz talayotganini о‘z kо‘zi bilan kо‘radi va ushbu voqeadan sо‘ng bayonot e’lon qilib, aholini mustaqillik uchun qurol kо‘tarib, rus askarlariga qarshi kurashishga chaqiradi: “Hammamizning yuragimizdagi eng katta orzu – Turkistonda yarim asrdan kо‘proq vaqt davomida hukmronlik qilib kelayotgan dushmanning tajovuzidan xalos bо‘lish orqali ozodlik va mustaqillikka erishishdur. Endi bu maqsadga erishish vaqti keldi. Men qо‘llarida qurollari bо‘lganlarni va qurol ishlata oladiganlarni ushbu sharafli vazifaga taklif qilaman. Yashasin ozodlik va mustaqillik!”

1921-yil 9-dekabrda Usmonxо‘ja о‘z yordamchilari: harbiy ishlar noziri muovini Ali Rizobek, Termiz harbiy qо‘rg‘oni qо‘mondoni Hasanbek va Doniyolbek yordamida milliy harbiy qismlar ishtirokida Dushanbe harbiy qо‘rg‘onidagi qizil askarlarni qurolsizlantiradi. Bu paytda Dushanbe yaqinidagi Ibrohimbek qо‘rboshi qarorgohida turgan turkiyalik harbiy sarkarda Anvar Pasha о‘z yordamchilari Hoji Somiy (Salim Pasha) va Usmon Afandini bir guruh askarlari bilan Usmonxо‘jaga yordam berish uchun yuboradi . Biroq Ibrohimbek bilan til topisha olmagan Usmonxо‘ja Bobotog‘ tomonga chekinib, 1922-yil yanvar oyi boshlarida ixtiyoridagi milliy harbiy qismlar bilan Behbudiy (Qarshi) shahriga keladi. Bu yerda shо‘rolar bilan butunlay aloqani uzib, istiqlolchilar tomonga о‘tadi. Milliy ozodlik harakatlari mag‘lubiyatga uchray boshlagach, chet mamlakatlardan yordam sо‘rash uchun Kobulga jо‘naydi. Kobulda 1922-yil 29-aprelda Buxoro respublikasi rahbarlaridan biri sifatida Afg‘oniston amiri Omonullaxon bilan Rossiyaga qarshi kurash olib borish uchun shartnoma imzolaydi.

Usmonxо‘ja keyinchalik Buxoroga qaytmoqchi bо‘lganida, Fayzulla Xо‘jayev unga maktub yuborib, yurtga qaytmasligini, mabodo qaytib kelsa, bolsheviklar tomonidan qо‘lga olinishi mumkinligini ogohlantiradi. Usmonxо‘janing Afg‘onistonda qolishi uzoqqa chо‘zilmaydi. U Hindiston orqali Turkiyaga otlanadi. 1923-yil sentabrda Istanbulga yetib boradi va Turkiya hukumatiga siyosiy boshpana sо‘rab murojaat qiladi . Usmonxо‘jani о‘z mehmonidek qabul qilgan Mustafo Kamol unga endigina shakllanib kelayotgan yosh Turkiya resublikasi hukumatida mas’ul vazifada ishlashni taklif etadi. Bu taklifga javoban Usmonxо‘ja bundan keyin Turkiston madaniyati masalalari bilan shug‘ullanish maqsadi borligini aytadi. Mustafo Kamol Usmonxо‘jaga ma’naviy va moddiy madad berishini aytib, unga Turkiya davlati miqyosidagi nafaqa belgilaydi. Ushbu nafaqani Usmonxо‘ja umrining oxirigacha, vafotidan sо‘ng esa xotini oladigan bо‘ldi. Usmonxо‘ja Turkiyada о‘zbek va turkiy xalqlar madaniyatini targ‘ib qiluvchi, bolsheviklarning bosqinchilik siyosatini qoralovchi maxsus gazeta “Yangi Turkiston”ga (“Yeni Turkistan”) asos soladi. Natijada Usmonxо‘janing sovetlarga qarshi g‘oyaviy kurashidan norozi bо‘lgan bolsheviklar Turkiya hukumatiga tazyiqlar о‘tkazishni boshlaydi. Turkiya Vazirlar Kengashining qarori bilan Usmonxо‘ja 1938-yil oktabr oyida Turkiyadan haydab chiqariladi. Usmonxо‘ja 1938-1939-yillarda Polsha paytaxti Varshava va  Ikkinchi jahon urushi davrida Eron poytaxti Tehron shahrida yashaydi. Sovet josuslari Usmonxо‘jani Eronda ham izlashadi. 1944-yil oxirida Turkiya Usmonxо‘jani qaytadan qabul qiladi va u Istanbulga qaytadi. Usmonxо‘ja 1951-1957-yillar orasida Pokistonda yashaydi va u yerda Turkiston jamiyatini tuzadi. 1957 yili Istanbulga qaytadi va umrining oxirigacha shu yerda yashaydi.

Oilasi. О‘g‘li – Temur Xо‘ja о‘g‘li 1947-yil Istanbulda tug‘ilgan. Amerikaning Michigan universiteti professori.

О‘limi. 90 yillik umri qо‘zg‘olonlar, jadidchilik, milliy ozodlik kurashlari bilan о‘tgan Usmonxо‘ja 1968-yil 28-iyulda Istanbulda vafot etgan.

D.J.