Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Abdulhamid Cho‘lpon

(1897 - 1938)

Bolaligi. Abdulhamid Choʻlpon 1897-yili Andijonning "Qatorterak" (hozirgi Navoiy shohkoʻchasi) mahallasida oʻziga toʻq oilada dunyoga kelgan. Onasi Oysha aya oʻzbek xalq ogʻzaki badiiy ijodiyotining jonli xazinasi edi. Abdulhamid ham barcha daho sanʼatkorlar kabi soʻz sanʼatiga muhabbatni onasi aytgan alla va ertaklardan olgan. Oysha ayaning 14 farzandidan faqatgina, 4 tasi omon qolib, qolganlari goʻdaklik chogʻidayoq vafot etgan. Abdulhamid toʻngʻich farzand boʻlgan, uning Komila (1902), Fozila (1905) va Foiqa (1908) ismli singillari boʻlgan.

Otasi Sulaymonqul Yunus oʻgʻli dehqonchilik, hunarmandchilik, keyinchalik bazzozlik bilan shugʻullangan ziyoli kishi boʻlib, Sharq mumtoz adabiyoti vakillari ijodidan bahra olgan, oʻzi ham tasavvufona sheʼrlar yozgan. U oʻsha davr adabiy muhitida “Rasvo” taxallusi bilan taniqli boʻlib, devon tartib etgan ijodkordir. Sulaymonqul asli Oʻsh shahri yaqinidagi Yorqishloqdan boʻlib, qishloqda koʻtarilgan toʻpolondan keyin Andijonga qochib kelgan va bu yerda yashab qolgan.

Maʼlumoti. Abdulhamid xat-savodini chiqargach, Andijon va Toshkent madrasalarida qisqa vaqt tahsil koʻrgan. U Qurʼoni karimni, shariat qonunlarini oʻrganish bilan birga arab, fors, turk tillarini oʻrgangan. U keyinchalik ayrim sheʼrlarini usmonli turk tilida yozgan boʻlib, bu Choʻlpon isteʼdodini namoyon etuvchi qirralardan biri sifatida diqqatga molikdir.

Maʼlumki, Choʻlponning talabalik yillari Turkistonda muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarning boshlanish davriga toʻgʻri kelgan. Bu davrda Rossiya turkiy xalqlarga oʻz taʼsirini oʻtkazgan, yerli aholi oʻrtasida rus tilini oʻrganishga qiziqish tobora kuchaya borayotgan edi. Davr oqimini his qilgan yosh Abdulhamid fikrlarida ham oʻzgarishlar paydo boʻlgan. U taqvodor mudarris boʻlishning oʻzi yetarli emasligini tushungan. Madrasada oʻqib yurgan vaqtida tasodifan bir kishi bilan hamsuhbat boʻlgan. Asli Istanbuldagi panturkistlar markazidan boʻlgan bu kishi yosh Abdulhamid fikrlarini oʻzgartirib yuborgan.

1933-yili Choʻlpon ana shu inson haqidagi xotiralarini rus yozuvchisi V.Yanga soʻzlab bergan, u esa bu suhbatini yozib olgan. Adabiyotshunos Naim Karimov “Choʻlpon” risolasida shu xotiradan parcha keltiradi: “U Istanbuldagi panturkistlar markazidan panturkistlar va panislomistlar taʼlimotini tarqatish uchun toʻxtagan bir guruh edi. U meni turli-tuman muammolar bilan birinchi marta tanishtirib, menda siyosiy va adabiy ishga qizgʻin havas uygʻotgan. Men Qurʼonni yodlashdan iborat saboqlardan soʻng hamma narsani unutib, koʻchaga yugurar va yangi roʻznomalarni sotib olar edim. Ammo mudarrislik qilish oʻrniga men milliy oʻzbek yozuvchisi boʻlishga ahd qildim...”. Shundan keyin u Andijondagi rus-tuzem maktabida oʻqishni davom ettirgan, dunyoviy fanlar bilan tanishgan.

XX asr boshlarida Turkistonda tarqalgan rӯznomalar bu davr yoshlarining ijtimoiy-maʼnaviy hayotiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Ayniqsa, 1905-yilgi birinchi rus inqilobi, qolaversa, Eron va Turkiyada amalga oshgan inqilobiy toʻntarishlar uyqudagi mazlum Turkistonga ham yetib kelgan. Shuningdek, 1905-yili Turkiyada yuz bergan voqealar taʼsiri sezilarli boʻlgan. Oʻrta Osiyo deb atalayotgan mintaqaning turli nuqtalarida jadidchilik harakati boshlanib ketgan. Bu harakatning Mahmudxoʻja Behbudiy, Fitrat, Munavvar qori kabi faollarining daʼvatlari hayotni yangicha qiyofalarda koʻrishga ishtiyoqmand yoshlarni oʻziga tortgan.

Choʻlpon bu haqda shunday deydi: “Oʻshanda biz, yosh oʻzbek yozuvchilarining hammasi Fitrat taʼsirida edik, u oʻzbek sheʼr tuzilishining islohotchisi sifatida eski arabiy-forsiy shakllar va shablonlardan xoli boʻlib, jonli, real xalq tilida yoza boshlagan edi”.

Fitratning Istanbulda tahsil olganligi va uning turk inqilobchilari bilan aloqasi mustahkam boʻlganligini hisobga olsak, uning panturkizm (turkiyparastlik) gʻoyalarini yoshlarga singdirganligini payqash unchalik qiyin boʻlmaydi. Bu, eng avvalo, badiiy ijodda yangicha sheʼriy shakllarga intilishda sezilgan. Qolaversa, milliy istiqlol tuygʻularini aks ettirish gʻoyalari ham sekin-asta sezilarli tus ola boshlagan.

Mehnat faoliyati. Choʻlpon oʻz ijodiy faoliyatini 1912–1913-yillardan boshlagan. Uning ilk asarlari “Turkiston viloyatining gazeti”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Fargʻona” roʻznomalari hamda “Shoʻro”, “Oyina” oynomalarida chop etilgan boʻlib, bularda, asosan, maʼrifatparvarlik gʻoyalari targʻib etilgan, shu bilan birga, ikki tomonlama ezilayotgan xalqni aniq va haqqoniy tasvirlarda ifodalashga harakat qilingan.

Choʻlpon ijodi davr bilan hamnafas boʻlgan. Ayniqsa, 1916-yili keyin u yaratgan publitsistik maqola, sheʼr va nasriy asarlarda ijtimoiy-siyosiy mavzular yetakchilik qilgan. Uning Fitrat muharrirlik qilgan “Hurriyat” (1917) roʻznomasida chop etilgan maqolalari hozirjavob mavzuga bagʻishlanganligi bilan ajralib turgan.

Choʻlpon 1917–1919-yillar oraligʻida Ubaydullaxoʻja, Mirmuhsin Fikriy va Abdulhamid Orif oʻgʻli bilan birga Orenburg shahriga borgan. U Boshqirdiston hukumati raisining kotibi vazifasida ishlash bilan birga adabiy hayotda ham faol ishtirok etgan. U yerda nashr etiladigan “Shoʻro” oynomasida turkiy xalqlarning ertangi kuni haqidagi publitsistik maqolalari chop etilgan. Choʻlponning millat haqidagi fikrlari oʻsha davr boshqird ziyolilari diqqatini tortgan.

1918-yili Mannon Uygʻur boshliq teatr truppasi Toshkentdan Orenburg shahriga gastrolga borgan. Choʻlpon Uygʻur, Abror Hidoyatovga oʻxshash teatr arboblari bilan uchrashgan, ular bilan ijodiy muloqotda boʻlgan. Bu uchrashuv Choʻlpon faoliyatida yangi sahifa ochgan. U oʻz hayotini teatr bilan chambarchas bogʻlagan.

Choʻlpon 1919–1920-yillari Orenburg safaridai qaytib, Toshkentda yashay boshlagan. U bu davrda “Ishtirokiyun” roʻznomasining faollaridan biri sifatida bir qator maqola, sheʼr va ocherklari bilan qatnashgan.

Uning jurnalistik faoliyati ham mana shu yillarga toʻgʻri keladi. 1919-yili Nazir Toʻraqulov taklifi bilan Fargʻona viloyatida chiqayotgan “Yangi Sharq” roʻznomasiga ishga kelgan.

1921-yili Choʻlpon Fitrat taklifi bilan “Axbori Buxoro” roʻznomasiga xizmatga borgan. U roʻznoma muharriri sifatida Fayzulla Xoʻjayev va Fitratning ilm, madaniyat, ijtimoiy-siyosiy hayot sohasidagi qarashlarini tashviq qilishda alohida jonbozlik koʻrsatgan. Buxoro inqilobi bayroqdorlariga qarshi kurash avj olgach, Fitrat Moskvaga, Choʻlpon esa Toshkentga ketishga majbur boʻlganlar.

1923-yili u Andijonga kelgan va “Darxon” roʻznomasida ishlay boshlagan. 1924-yili u yana Toshkentga koʻchib kelib, teatr ishlari bilan shugʻullangan. Shu yili teatr truppalarining 24 aʼzosi Moskvaga oʻz bilimlarini chuqurlashtirish uchun yuboriladi. Ular safida Choʻlpon ham bor edi. U tarjimon va adabiy emakdosh sifatida faoliyat koʻrsatgan.

Ilmiy-adabiy merosi. Shu yillarda oʻzbek aktyorlari tomonidan qoʻyilgan “Revizor” hamda “Malikayi Turandot” asarlarining tarjimoni Choʻlpon boʻlgan.

U Moskvada hammaslaklari Fitrat va Abdulhay Tojiyev bilan koʻrishgan. Ularning iltimoslariga binoan bir qator asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Badiiy ijod bilan shugʻullanish barobarida nemis tilini ham oʻrgana boshlagan. Uning bu tilni oʻrganishidan maqsadi Olmoniyada oliy bilim egasi boʻlib qaytgan vatandoshlari bilan nemis tilida gaplashish boʻlgan. Afsuski, xorijda tahsil koʻrganlarning koʻpchiligi josus sifatida gumon qilinib yoʻqotib yuborilganligi sababli, u oʻzining bu niyatiga yeta olmagan.

XX asr 20-yillarining ikkinchi yarmiga kelib ziyolilarni taftish qilish, ularga siyosiy ayblar qoʻyish hollari kuchaygan. Ayniqsa, oʻz asarlarida Vatan va millat istiqboli haqida fikr yuritgan ijodkorlarga “millatchi”, “panturkist” va “panislamist” degan yorliqlar yopishtirila boshlangan.

Bunday tazyiq va maʼnaviy kamsitishlar Choʻlpon isteʼdodini soʻndira olmagan. U keyinroq 1935–1937-yillar ichida qilgan ishlari haqida gapirib, bunday degan: “Moskvadan kelganimga ikki yil boʻldi... Mana, ikki yil orasida men nima ish qildim? “Ona”ning ikkinchi boʻlimini tarjima qildim. Bu toʻgʻrida hammadan maqtov eshitaman. Bu ham birinchi boʻlimcha keladi. Katta narsa. Undan keyin Gorkiyning “Yegor Bulichev”ini, A.S.Pushkinning “Dubrovskiy”, “Boris Godunov”ini tarjima qildim. “Joʻr” degan sheʼrlar toʻplamini topshirdim. Lohutiyning “Ovrupo safari”ni tarjima qildim. Undan tashqari, Eski shaharda chiqa turgan “Teatru” gazetasiga qatnashaman, undan keyin “Mushtum”da ishlayman, agar sizlar shuni ham kam desangiz, meni xalturaga tortgan boʻlasiz”.

1931-yilga kelib Choʻlpon ijodiga nisbatan taʼqiblar kuchayib borgan. U Fayzulla Xoʻjayevning maslahati bilan 1932-yili Moskvaga ketgan. Oradan ikki yil oʻtgach, u yana Toshkentga qaytgan. Bu davrda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashkil boʻlgan, bir qator ijodkorlar uning safini toʻldira borayotgan edi. Choʻlpon ham shu uyushmaga kirish uchun ariza bergan. Lekin ariza eʼtiborsiz qoldirilgan. Choʻlponga qarshi kurashayotgan yovuz kuchlar bu bilangina kifoyalanib qolmay, uning asarlarini chop etishga ham to‘gʻonoq boʻlganlar. U shu munosabat bilan Akmal Ikromovga murojaat qilgan. Tayinli natija boʻlmagan. Shundan keyin “zamonsozlikka” oʻtishni afzal koʻrgan, kunning muhim masalalariga bagʻishlangan tashviqiy ruh aniq sezilib turadigan sheʼrlar yozgan. Lekin Choʻlponning bu sheʼrlari ham matbuot yuzini koʻrmagan.

Oʻlimi. Choʻlpon millatning peshqadam vakillari ustiga bostirib kelayotgan zoʻravonlik mashinasi changalidan omon chiqa olmasligini tushunib yetgan. Andijondagi uyida saqlanayotgan qoʻlyozmalarini, oʻzi bilan bogʻliq boʻlgan barcha ashyolarni Toshkentga olib ketgan. Oradan hech vaqt oʻtmay u NKVD xodimlari tomonidan qoʻlga olingan. 1938-yilning 4-oktabrida gʻayriqonuniy ravishda qatl etilgan.

M.D.