Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Abdurauf Fitrat

(1886 - 1938)

Bolaligi.. Abdurauf Fitrat 1886 yili Buxoro shahrida savdogar Abdurahimboy oilasida tug‘ilgan. Abdurahimboy zamonining o‘qimishli, dunyoning baland-pastidan xabardor kishisi bo‘lib, savdo ishlari bilan Turkiya, Eron, Koshg‘arga tez-tez borib turgan. Onasining ismi Bibijon (to‘liq ismi Nastarin Bibi) bo‘lib, taxminan 1866 yili tug‘ilgan. Oilada Abduraufdan tashqari yana ikki farzand – ukasi Abdurahmon va singlisi Mahbuba bor edi. 1920-yillarning faollaridan bo‘lgan, goho she’r ham mashq qiladigan Mahbuba Rahim qizining nomi o‘quvchilarga bir qadar tanish. Abdurahmon esa 1910-yillarda Kogon bosmaxonasida harf teruvchi bo‘lib ishlagan.

Ma’lumoti. Dastlab eski maktabda, so‘ng oliy ta’lim olish uchun Mir Arab madrasasida o‘qigan. “Tarbiyai atfol” jamiyatining moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashi bilan 1909-1913 yillarda Istanbulda tahsil olgan. Sadriddin Ayniy Fitrat hayotining ana shu davri to‘g‘risida bunday ma’lumotni bergan: “...Bu davrning ochiq fikrli yoshlaridan biri Abdurauf Fitrat edi. Bu shaxs Buxoro talabalari ichida eng qobiliyatli va fozillaridan biri hisoblanar edi. Mirzo Abdulvohidning maktabiga ko‘p bormagan bo‘lsa-da, mudarris Abdulqodir mahdum vositasida “Siroj ul-mustaqim ” jurnalini mutolaa qilishi natijasida fikri ancha ochilgan edi. U Istanbul shahariga (o‘qishga borish uchun) tayyorgarlik ko‘rardi. Bir bahona bilan Buxoro (amirligi) viloyatlariga sayohat qilib, ko‘p narsalarni to‘pladi va Istanbul safariga tayyor bo‘ldi.”.

 Istanbul dorulfununida tahsil olayotgan Abdurauf Fitrat va uning safdoshlari Turkiyada o‘qiyotgan vatandosh o‘quvchi-talabalarga ham iqtisodiy, ham ma’naviy yordam ko‘rsatish, Buxoro va Turkistondan talabalar kelishini ko‘paytirish va muntazamlashtirish maqsadida jamiyat tuzadi va uning mukammal Nizomnomasini ishlab chiqadi. Bu hujjat 1909-yilda Istanbulning Vazirxon ko‘chasida joylashgan “Matin” tipografiyasida nashr qilingan.

Istanbulda o‘qiyotgan talabalar, ayniqsa, Fitrat tahsil olish bilan birga Turkiyada chiqadigan “Hikmat”, “Ta’rifi muslimin”, mashhur turk shoiri Mehmet Akif muharrirligidagi “Sirot ul-mustaqim” (“To‘g‘ri yo‘l”) kabi gazeta va jurnallarini Buxoroga jo‘natib turadilar va bu nashrlar tez orada o‘z muxlislariga ega bo‘lgan. Inqilobiy Turkiya “Ittihod va taraqqiy” partiyasi bilan yaqinlashuv, usmonli turklarning inqilobiy-demokratik tafakkurida muhim zamin bo‘lib xizmat qilgan islomchilik, turkchilik, usmonchilik g‘oyalari Fitratning ham ijodkor, ham siyosiy arbob sifatida shakllanishiga ma’lum ta’sir ko‘rsatdi. U tahsil olgan Istanbul dorilfununida Turkiya adabiyotidagi islomchilikning 1910-yillardagi eng mashhur vakili “Sirot ul-mustaqim” jurnalining muharriri Mehmed Akif turk adabiyotidan dars berardi. Mehmed Akif 1921 yilda Turkiya milliy madhiyasi matni uchun konkurs o‘tkazilganida “Istiqlol marshi” she’ri bilan 724 shoir orasidan birinchi o‘rinni olgan. “Ittihod va taraqqiy”ning nashri afkori “Yangi majmua”ning bosh muharriri, turkchilik g‘oyasining bayroqdori shoir Ziyo Go‘k Alp ijtimoiyotdan kirardi. 1898-yilda “Turkcha she’rlar”i bilan barmoqda she’r yozishni boshlab bergan Mehmed Aminga ergashish avjga chiqqan, “Turk yurdu” (1911), “Ganch qalamlar” (1911) kabi jurnallar maydonga kelib, tilni arabiy va forsiy unsurlardan tozalash boshlangan yillar edi.

Faoliyati. Buxoroga qaytgach, 1912-1916-yillarda Buxoro, Qarshi shaharlarida jadid maktablari ochish va  muallimlik qilish bilan shug‘ullangan Fitrat 1917-yildan "Yosh buxoroliklar" firqasining mafkurachisi va g‘oyaviy rahbarlaridan biriga aylangan. Biroq Buxoro amiri Olimxon tazyiqi o‘laroq shu yilning aprel oyi o‘rtalarida jadidlar Buxorodan chiqib ketishga majbur bo‘ladilar. Fitrat Samarqandga ko‘chib borib, “Hurriyat” gazetasiga muharrirlik qilgan (1917-1918). Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, Fitrat shu yillarda “Ittihodi taraqqiy” tashkiloti Eski Buxoro bo‘limining raisi ham bo‘lgan.

1918-yil martda Turkiston xalq komissarlari kengashi raisi F. Kolesovning Buxoro amirligiga bosqini davrida Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo‘jayev boshchiligidagi jadidlarning bosqinchilar tomonda turganidan g‘azablangan amir Olimxon ikkinchi bor ularni jismonan yo‘q qilishga kirishadi. Natijada jadidlar Toshkentga ko‘chib o‘tadilar. Fitrat 1918-1919 yillarda Xadradagi maktabda dars bergan. 1919-1920-yillarda esa Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasida tarjimonlik vazifasida rasmiy xizmatda bo‘lgan.

Fitratning Toshkentdagi asosiy xizmatlaridan biri “Chig‘atoy gurungi”ni yo‘lga qo‘yganligidir. 1919 - 1921-yillarda faoliyat ko‘rsatgan ushbu madaniy-ma’rifiy va ilmiy-adabiy tuzilma turkiy xalqlar madaniyati, san’ati, adabiyoti, tarixi, tili va imlosi kabi sohalarni jiddiy o‘rganishga kirishgan. Uning “Til va imlo to‘dasi”, “Adabiyot to‘dasi”, “San’at va teatr to‘dasi” va boshqa bo‘limlari bo‘lgan. “Til va imlo to‘dasi”ga dastlab Cho‘lpon, so‘ngra Elbek rahbarlik qilgan. “Chig‘atoy gurungi” faoliyatida Fitratdan tashqari Qayum Ramazon, Cho‘lpon, Elbek, G‘ozi Olim Yunusov, Mannon Uyg‘ur, Ashurali Zohiriy, Shokirjon Rahimiy, Shorasul Zunnun, Akmal Ikromov kabilar muhim o‘rin tutganlar.

“Chig‘atoy gurungi” tomonidan 1919-yilda arab alifbosini isloh qilgan holda yangi alifbo yaratilgan. 1921-yil yanvarda Toshkentda bevosita “Chig‘atoy gurungi” tashkilotchiligida Til va imlo qurultoyi bo‘lib o‘tgan.

“Chig‘atoy gurungi” milliy tarixni o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratib, ishni aholi qo‘lida saqlanayotgan nodir manbalarni yig‘ishdan boshlagan. 1919-yili Turkiston ASSR va Turkiston o‘lkasi Musulmon byurosi “Milliy madaniy merosni to‘plash va o‘rganish haqida” Qaror qabul qilgan va bu ishni amalga oshirish uchun Abdurauf Fitrat, Nazir To‘raqulov va Laziz Azizzodadan iborat hay’at tuzilgan. Gurung a’zolaridan Po‘lat Soliyev, O‘ktam va Abdurauf Fitrat Farg‘ona vodiysi, Buxoro va Samarqandga ilmiy safarlar uyushtirib, Buxorodan Alisher Navoiyning “Tarixi muluki Аjam” asari qo‘lyozmasi, Amir Temurdan boshlab Zahriddin Muhammad Boburning nabirasi Akbarshohga qadar o‘tgan temuriylar suratlarini topib, Toshkentga olib kelganlar.

Fitratning Buxoro Respublikasida Maorif noziri bo‘lib ishlagan davrida uning talabi asosida chop etilgan Sayyid Muhammad Nosirning “Tadqiqoti arki Buxoro” (“Buxoro arki tarixi”, 1921), Sadriddin Ayniyning “Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar” (1926) va  Po‘lat Soliyevning “O‘rta Osiyo tarixi” (1926) kabi asarlar “Chig‘atoy gurungi” dasturi asosida rejalashtirilgan edi.

Milliy o‘zlikni anglash yo‘lida tuzilgan mazkur gurung faoliyati 1921-yil 10-yanvarda Turkiston ASSR Maorif xalq komissarligi tomonidan to‘xtatilgan. Keyinchalik Fitrat va uning shogirdlari qamoqqa olingach, ularga qo‘yilgan eng katta ayblardan biri ushbu gurungda qatnashganliklari bo‘lgan.

BXSR tashkil topgandan so‘ng Fitrat Buxoroga kelgan va 1921-yili Maorif xalq noziri, 1922-yili Tashqi ishlar xalq noziri, Xalq xo‘jaligi kengashi raisi, Butun Buxoro markaziy ijroiya qo‘mitasi va Xalq nozirlar sho‘rosi raisining o‘rinbosari va boshqa mas’ul lavozimlarda xizmat qildi.

Buxoro Respublikasiga 1922-yil 18-mayda maxsus topshiriq bilan kelgan S. Orjonikidze kengash o‘tkazib: “Biz Buxoro hukumatini nafaqat aksilinqilobiy kuchlardan, balki qarindoshchilik aloqalaridan tozalashimiz kerak... E’tiroz qilmayman: Xalq Nozirlari kengashining raisi buxorolik, Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi buxorolik bo‘lsin, lekin kompartiya MK kotibi mahalliy millatga aloqador bo‘lmasligi kerak. Xuddi shu kabi Nozirlar kengashi ham millatni rad etmog‘i lozim. Nozirlar millatdan tashqari bo‘lishi lozim. Nozir buxoroli bo‘lsa, yaxshi albatta, lekin uning rus yoki gruzin bo‘lgani yana ham yaxshi”, deydi. Bunday “milliy masalani hal qilishga yordam berish” siyosati tez orada natijasini ko‘rsata boshlaydi.  

1923-yil 12-iyunda “Buxoro masalasiga doir” qabul qilingan qarorni amalga oshirish uchun Buxoroga kelgan RKP(b) MK kotibi Ya.E. Rudzutakning talabi bilan Fitrat Maorif xalq noziri lavozimidan olib tashlanib, Buxorodan badarg‘a qilindi. Abdurauf Fitratga mahalliy millatga aloqador bo‘lganligidan tashqari, “maorif ishlari bilan shug‘ullanish o‘rniga tosh yo‘l qurish bilan shug‘ullanganlik”, mansabini suiste’mol qilganlik, poraxo‘rlik” ayblari qo‘yilgan. Fitrat bilan birgalikda Otaulla Xo‘jayev, Sattor Xo‘jayev, Muinjon Aminov, Qori Yo‘ldosh Po‘latov, Abdurahim Yusufzoda, Hoji Hamro Yo‘ldoshyev, Naim Yoqubzoda, Muxtorjon Saidjonov, Muzaxar Maxsum (Muzaxar Burxonov) kabi arboblar ham ishdan olindi.

Moskvalik “rahbarlarning” asl maqsadini ilg‘ash qiyinmas: Fitrat va u kabi bilimdon va millatsevar, o‘z so‘ziga ega, mustaqil fikrlovchi shaxslar ularga kerak emasdi.

Fitrat 1923-1926-yillarda Moskvaga borib, Sharqshunoslik institutida faoliyat ko‘rsatadi va 1926-yili unga professorlik unvoni beriladi. 1927-1937-yillarda Samarqand va Toshkentda yashab, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan. 1931-yildan to qamoqqa olingan 1937 yilgacha O‘zbekiston Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lim boshlig‘i va professor lavozimida ishlagan.

Ilmiy-adabiy merosi. Ijtimoiy va siyosiy jarayonlarda faol ishtiroki hamda o‘qituvchilik qilishdan tashqari, Fitrat samarali ilmiy-badiiy ijod bilan shug‘ullangan, kelajak avlodga boy ma’naviy meros qoldirgan. Xalqning mustamlakachilik kishanlarini parchalab, istiqlol uchun kurashga da’vat etuvchi she’rlar va asarlar yozgan. “Yurt qayg‘usi” she’ri va sochmalarida hurriyat uchun kurash g‘oyasini baralla kuyladi. Mazkur sochmalarda Turkistonni xo‘rlangan Ona obrazida tasvirlab, bu jabrdiydani zulm asoratidan xalos etish uchun Amir Temur singari jahongirlar ruhiga murojaat etdi, xalqni erk va hurriyat uchun kurash maydoniga da’vat etgan. U shu yillarda “Mirrix yulduziga”, “Sharq”, “Shoir” singari she’rlarini yaratib, ularda Turkistonni mustamlakaga aylantira boshlagan bolsheviklarga va ular barpo etayotgan tuzumga nafrat tuyg‘usini ifodalagan.

Abdurauf Fitrat “Sayha”, “Munozara”, “Hind sayyohi qissasi” kabi asarlarida Turkiston jamiyatidagi qoloqlik, ilm-fanga bo‘lgan e’tiborning susayishi, islom diniga kirib qolgan xurofotlarni keskin tanqid qilgan.

Fitrat 1916-yildan boshlab yaratgan “Begijon”, “Qon”, “Abu Muslim”, “Temur sag‘anasi”, “O‘g‘uzxon” kabi dramalarida tarixga murojaat etganiga qaramay, bolsheviklarning Turkistonda olib borgan g‘ayrimilliy siyosatiga faol munosabat bildirib, zulm va zo‘ravonlikka asoslangan “yangi tuzum”ni keskin qoralagan. Mutafakkir bolsheviklar tuzumiga qarshi istiqlol uchun kurash g‘oyasini “Chin sevish” (1920) va “Hind ixtilolchilari” (1923) asarlarida yorqin ifodalagan. U Turkistonda sovet hokimiyati yillarida sodir bo‘layotgan fojiali voqealarni Angliyaning mustamlakasi bo‘lgan Hindistonga ko‘chirib, ingliz mustamlakachilariga qarshi kurashayotgan hind ixtilochi (istiqlolchi)lari siymosida, ma’lum ma’noda, o‘z vatandoshlari timsolini yaratdi.

Fitrat 1914-1916-yillarda “Rahbari najot” (“Najot yo‘li”), “Oila” va “Mavludi sharif yoki Mur’oti xayr ulbashar”, 1917-1920-yillarda “O‘quv”, “Sharq siyosati” va “Yig‘la, Islom”, 1925-yilda esa “Muxtasar islom tarixi” asarlarini yaratgan. Fitrat bu asarlar orqali jamiyatda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy masalalarga munosabat bildirib, islom olami uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan ma’naviy va ma’rifiy qadriyatlarni tushuntirib bergan.

Fors tilida yozilgan “Rahbari najot” asarida tafsir, hadis, fiqh, kalom, shuningdek, lisoniy, falsafiy, dunyoviy ilmlar to‘g‘risida aniq tasavvur bergan. “Oila” kitobida esa oilaning muqaddas ekanligini asoslab berib, jamiyat va inson hayotidagi o‘rnini oshirishga qaratilgan fikr va mulohazalarini taqdim etgan.

Fitrat o‘zbek tilining grammatikasini o‘rganish ishini boshlab bergan. U 1918-yilda Q. Ramazon va Sh. Rahimiy bilan hamkorlikda “Ona tili” darsligini, shuningdek, “O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba: "Sarf” (1925), “O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba: "Nahv” (1926) darsliklarini yaratgan va bu darsliklar 1930-yilga qadar bir necha marta nashr etilgan. Olim o‘zbek tili morfologiyasi va sintaksisiga bag‘ishlangan bu asarlari bilan o‘zbek tili grammatikasini ilmiy asosda o‘rganish ishiga tamal toshini qo‘ygan. Fitratning tilshunoslik sohasidagi katta xizmatlaridan yana biri uning 20-yillarda qadimiy turkiy til, jonli xalq tili va shevalarga tayangan holda, ilmiy-madaniy muomalaga kirib kelayotgan yangi tushuncha hamda hodisalarni ifodalash uchun o‘zbek tilining lug‘ati jamg‘armasiga yangi so‘zlar va atamalarni olib kirganligidadir.

Olim “Eng eski turk adabiyoti namunalari” (1927), “O‘zbek adabiyoti namunalari” (1928) tazkiralarini tuzib, milliy adabiy merosimizning eng qadimgi davrdan so‘nggi davrlarga qadar yaratilgan namunalarini to‘plab, muayyan tizimga solgan. Abdurauf Fitrat 1069-yili Yusuf Xos Hojib tomonidan yozilgan “Qutadg‘u bilig” asarining milliy ziyolilar tomonidan topilgan 3 ta nusxasining hammasini o‘rganib, kitobning uchinchi nusxasi haqida 1925-yilda “Qutadg‘u bilig” nomli maqolasini yozgan va kitobning tarixan, til jihatdan juda muhim ekanligini aytib, “...bor nusxalari bilan solishtirib, buning kamchiliklarini to‘ldirmoq, uzilg‘an tartibini tuzatmak, onglashilmayturg‘an so‘zlarini izoh qilib, oz bir miqdorda bostirmoq” xayrli vazifalardan ekanligini ta’kidlagan.

O‘zbek adabiyoti yirik namoyandalari ijodini ilk bor o‘rganib, “Bedil” (1923), “Navoiyning forsiy shoirligi va uning forsiy devoni to‘g‘risida”, “Ahmad Yassaviy” (1927), “Yassaviy maktabi shoirlari to‘g‘risida tekshirishlar”, “Hibbat ul-haqoyiq”, “O‘zbek shoiri Turdi” (1928), “XVI asrdan so‘ngra o‘zbek adabiyotiga umumiy bir qarash”, “Muhammad Solih”, “Fors shoiri Umar Xayyom” (1929), “Mashrab”, “Farhod-u Shirin” dostoni to‘g‘risida” (1930) kabi katta ilmiy qiymatga ega asarlar yozgan. “She’r va shoirlik” (1919),  “Adabiyot qoidalari” (1926), “Aruz haqida” (1936) asarlari bilan adabiyot nazariyasi faniga asos solgan.

Qomusiy ilm egasi Fitrat sharqshunoslik sohasida ham tadqiqot olib borib, 1921-yilda Po‘lat Soliyev va B. Sergeyev bilan birgalikda amirga tegishli nodir qo‘lyozmalar, vaqf hujjatlarini yig‘ish, ularga tartib va tavsif berishda ishtirok etdi. B. Sergeyev bilan birgalikda V. Vyatkin arxivida saqlanayotgan qozilarga oid hujjatlarni o‘rganib, rus tilida “Kaziyskie dokumenti XVI veka” (1937) kitobini nashr ettirgan. Tarixchi sifatida Buxoroning so‘nggi amiri haqida “Amir Olimxonning hukmronlik davri” (1930) asarini yozgan.

Fitrat musiqa sohasi bilimdoni sifatida 1921-yili Buxoro shahrida Sharq musiqa maktabini ochib, bu sohaga qiziquvchi, iste’dodli o‘g‘il va qiz bolalarga alohida sinf xonalarida musiqadan ta’lim bergan. Maktabga mumtoz musiqa bilimdonlari hamda V. Uspenskiy singari musiqashunos olimlarni taklif etgan. Shu vaqtdan boshlab “Shashmaqom” kuylarini to‘plash va notaga yozib olish ishlariga rahbarlik qilgan. Fitrat tashabbusi bilan V. Uspenskiy tomonidan Ota Jalol va Ota G‘iyosiddin kuylagan Buxoro shashmaqomi ilk bor notaga solinib, nashr etilgan.  Fitrat “Shashmaqom”, “O‘zbek musiqasi to‘g‘risida” maqolalari va “O‘zbek klassik musiqasi ham uning tarixi” (1927) risolasi bilan XX asr o‘zbek musiqashunoslik fanini boshlab bergan.

Oilasi. Abdurauf Fitratning birinchi turmush o‘rtog‘i Mutal Burxonovning ammasi Fotimaxon Burxonova bo‘lgan. Ayrim sabablarga ko‘ra, u bilan ajrashib Hikmatoy Fitratovaga uylangan va o‘gay qizi Sevaraxon Fitratovalar bilan yashagan.

O‘limi. O‘zbekning ulug‘i 1937-yil 24-aprel kuni qamoqqa olingan va salkam bir yarim yilga cho‘zilgan tergov va qiynoqlardan so‘ng Fitrat “aksilinqilobiy millatchilik jadidchilikning asoschilaridan, rahbarlaridan biri”, “sovet hokimiyatining birinchi kunlaridan tortib, so‘nggi kunlargacha partiya va sovet hukumatiga qarshi millatchi panturkchi aksilinqilobiy harakatni faol uyushtirib kelgan” kishi sifatida, shuningdek, Fayzulla Xo‘jaev ko‘rsatmasiga suyanib, sovet hukumatini kuch bilan ag‘darib tashlash maqsadida Angliyaning Afg‘oniston va Erondagi vakillari bilan yashirin harbiy-siyosiy shartnomalar tuzganlik, bosmachilikni tashkil qilganlik, Turkiyadan Anvar Poshoni boshlab kelganlik, fashistlar Germaniyasining josuslik tashkilotlari, chet ellarga ketgan muhojirlar bilan aloqa o‘rnatganlikda ayblangan.

SSSR Oliy sudi harbiy hay’ati Fitrat “ishi”ni 1938-yil 4-oktyabrda ko‘chma sessiyada ko‘rib chiqqan va u shu kuniyoq Toshkent atrofida otib tashlangan. Sud qarori 1938-yil 5-oktyabrda rasmiylashtirilgan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, 1991-yil 25-sentyabrda Fitratga Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berilgan. 1996-yili Fitratning 110 yillik yubileyi keng nishonlangan. Buxoro shahrida Fitrat bog‘i va uy-muzeyi tashkil etilgan va haykal o‘rnatilgan. Alloma Fitratning besh tomlik “Tanlangan asarlar” (Toshkent, 2000-2010) kitobi va turli asarlari nashr qilingan. Fitrat hayoti va ijodi haqida ko‘plab tadqiqotlar yaratilgan.                                                  

      D.J.