Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

A’zam Ayubov

(1904 - 1938)

Bolaligi. A’zam Ayubov 1904-yil 21-avgustda Toshkentning Rais ko‘cha mahallasida xizmatchi oilasida dunyoga kelgan.

Ma’lumoti. U 1917-yil otasi vafot etgach maktabni tashlab, xonadonining ta'minoti uchun ro‘zg‘or ishlariga e'tibor qaratadi. Yosh A’zam oila boquvchiligi bilan birga 1918-yildan Munavvarqori Abdurashidxonovning Xadradagi еtti yillik “Namuna” maktabida o‘qishini davom ettiradi. U еrda Fitrat va Qayyum Ramazonlardan saboq oladi. 1919-yili ustozlari tavsiyasi bilan “Turon” kutubxonasida kitob tashuvchi bo‘lib ishga joylashadi. Ish jarayonidagi bo‘sh vaqtida o‘zbek, rus, turk tillaridagi kitoblarni mutoala qiladi.

Меhnat faoliyati. “Ishtirokiyun” va “RosTA” devoriy gazetalari tahririyatiga borib, u еrda Mirmulla Shermuhammad, Cho‘lpon, G‘ozi Yunus kabi muharrirlar bilan tanishadi. Tez orada “Ishtirokiyun” gazetasiga musahhih yordamchisi bo‘lib ishga joylashadi. Shu bilan birga 1920-yil o‘rtalariga kelib A’zam Ayub “Yosh buxoroliklar”ning “Tong” jurnaliga maqolalarni oqqa ko‘chiruvchi kotib-mirza sifatida ishga qabul qilinadi.

A’zam Ayub 1925-yilda “Kambag‘al dehqon” gazetasining shakllanishida faol ishtirok etib, 1925-yil iyuldan 1926-yil iyuligacha shu gazetada mas'ul kotib lavozimida ish yuritadi. Shuningdek, 1937-yilga qadar “Qizil O‘zbekiston” gazetasida mas’ul kotib o‘rinbosari vazifasida faoliyat ko‘rsatdi.

Faoliyati davomida “Qizil O‘zbekiston” gazetasining ilovasi bo‘lgan “Er yuzi” nomli suratli jurnalga (1926 – 1928) mas’ul kotiblik qiladi. Keyinchalik bu jurnal “Mash’ala”, “Guliston” nomi bilan chiqa boshlaganda ham, u muharrir o‘rinbosari edi (1931 – 1937). Uning faoliyati faqatgina matbuot bilan kifoyalanmay, o‘sha davr adabiy harakatiga faol aralashishga intilgan.

Ilmiy-аdаbiy merosi. Davriy nashrlarda san'at va adabiy hayotga doir qator taqrizlar e'lon qilgan. U o‘z maqolalariga “A'zam Ayub”, “Chig‘atoy”, “A’zam”, “ Ayub”, “Jimit”, “Gazetchi” “Tomoshachi”, “Toshkentli”, “A. A.” taxalluslari bilan imzo chekkan.

Oilasi. Turmush o‘rtog‘i Sojida Nosirova, ukasi Orif Ayubov, singlisi Muborak va Musharraf Ayubova.

O‘limi. 1937-yil 12-oktyabr kuni NKVD tomonidan A’zam Ayubning hayot va ijod yo‘liga nuqta qo‘yildi. 1937-yil 13-oktyabrda uni qamoqqa olish bo‘yicha order beriladi. 1937-yil 15-oktyabr kuni uning Toshkent shahri, Abdulla To‘qay ko‘chasi 19-uyda tintuv o‘tkaziladi va u qamoqqa olinadi.

O‘zSSR NKVDning 4-bo‘lim boshlig‘i Agabekov 1937-yil 2-noyabrda Ayubov ishi bilan tanishib, uni panturkizmda ayblaydi. Ayblov xulosasi 1937-dekabrda yozilgan bo‘lsa-da, 1938-yil 3-oktyabr deb qalamda to‘g‘rilandi. NKVD “uchligi”ning yopiq sudi 1938-yil 5-oktyabr-kuni bo‘lib o‘tdi. Ayblov xulosasi o‘qib eshittirildi va unda A'zam Ayubovga sovet hokimiyatiga qarshi millatchilik tashkiloti a'zosi, mustaqil burjua davlat tuzish tarafdori kabi soxta ayblovlar qo‘yildi. Hukm 1938-yil 4-oktyabrda NKVD Harbiy Kollegiyasining shu haqidagi qarori chiqmasdan oldin ijro etilgan edi.