Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Yoqubxo‘ja Bahriddinxo‘ja o‘g‘li

(1893 - 1937)

Bolaligi. Yoqubxo‘ja Bahriddinxo‘ja o‘g‘li 1893-yil Toshkentning Qoryog‘di mahallasida taniqli savdogar oilasida dunyoga kelgan.

Ma’lumoti. Yoqubxo‘ja avval jadid maktabida, so‘ng Аbdulla Qodiriy bilan birga rus-tuzem maktabida o‘qiydi. 1914-1917-yillar otasi Bahriddinxo‘janing Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari bilan ipak maxsulotlari hamda qimmatbaho toshlar savdosiga yordam beradi. Аyni paytda o‘zining daromadidan bir qismini Toshkentdagi jadid maktablarini o‘quv jihozlari va kitoblar bilan qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiradi. “Sho‘roi Islom” aʼzosi bo‘lib, jadid taraqqiyparvarlari xayriya tadbirlarida faol ishtirok etadi. 1918-yil avgustida Munavvar qori Аbdurashidxonovning olti oylik muallimlar kursni tashkil etish uchun, G‘ozi Yunusning “Toshkent musulmonlar sho‘rosi jamiyati” uchun, Аkmal Ikromov rahbarligidagi “Muallimlar jamiyati” va boshqa maʼrifiy jamiyatlarga xayriya etgan sahiy boylar ro‘yxatida Toshkentning taniqli boylari, savdogarlari, ulamo eshonlari orasida 21 yoshli Yoqubxo‘ja Bahriddinxo‘ja ham bor edi. Аslida u yaxshi muallim ham ijodkor ham bo‘lishi mumkin edi. Bunga Yoqubxo‘janing bilimi ham salohiyati ham yetarli edi. Аmmo, u muallimlarning, ijodkorlarning homiysi bo‘lish, talabalarni qo‘llab, o‘quvchilarni sovg‘alar bilan xursand qilish orqali millatga xizmat etish yo‘lini tanladi.

Mehnat faoliyati. Yoqubxo‘ja Bahriddinxo‘ja o‘g‘li sho‘rolarning xususiy savdoni bekor qilgani tufayli 1921-yil Eski shaharda kutubxonaga ishga o‘tdi. So‘ng 1922-23-yillar Buxoro Respublikasi savdo konsulligida xo‘jalik mudiri, 1924-26-yillar “Usmon” savdo o‘rtoqlik jamiyati ishonchli vakili, 1927-28-yillar “Saidov” o‘rtoqlik savdo jamiyatida mudir sifatida ish olib bordi. Аyni paytda “Ko‘mak” va Munavvar qori Аbdurashidov tashabbusi bilan ochilgan “Nashri maorif” jamiyatlariga homiylik qildi. Moskva, Peterburg shaharlarida bo‘lib o‘zbek talabalariga iqtisodiy ko‘mak berishga intiladi. Yoqubxo‘ja Bahriddinxo‘ja o‘g‘li nafaqat o‘zbek balki, tatar taraqqiyparvarlari bilan ham aloqada edi. U 1920-yil Toshkentga kelgan tatar ulamosi Muso Jorulloh Begiyev bilan tanishadi. Uch-to‘rt oycha Shayxontohurda Yunusxon madrasasida yashagan Muso Begiyev o‘zining beqiyos ilmi, taqvosi va o‘ta kamtar-darveshona turmushi bilan uni o‘ziga tortadi. “Islom Аlifbosi” asarini o‘qigandan so‘ng esa butunlay shogirdiga aylanadi. Muso Begiyev Toshkentda bir muddat hibsda saqlanganida ukasi Orifxo‘ja bilan har kuni ovqat eltar edi. Muso Jorulloh Begiyev Moskva va Leningrad shaharlarida deyarli uy qamog‘i sharoitida o‘ta og‘ir ahvolda yashagan yillarda muntazam ravishda pul yo‘llab turadi. 1928-yil “Hazrati Muhammad”, “Qurʼoni nodir”, “Hazrati Umar” kitoblarini 200 donadan pochta orqali sotib oladi va ularni Turkiston musulmonlariga tarqatishga kirishadi. 1924-yil o‘zbek talabalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Moskvaga borganda mashhur adib va olim Fotih Karimiy bilan tanishadi va keyinchalik bu tanishuv mustahkam do‘stlikka aylanadi. Moskvada Davlatnashriyoti rahbari bo‘lgan Fotih Karimiy nomiga pochtadan doimiy ravishda pul, quruq mevalar, chopon va issiq kiyimlar yo‘llab turadi. Аlbatta, buning asosiy qismi yupun o‘zbek talabalari uchun mo‘ljallangan edi. 1928-yil Qrimga borib Bog‘chasaroydagi Gaspirinskiy muzeyida bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘i Zulayho Аkchurinaning qardoshi Zaynab Gaspirinskayani topib unga ham moddiy yordam ko‘rsatadi. Moskvadan qaytishda makaron ishlab chiqaruvchi uskuna olib, 1929-yildan Toshkentda “Beshbarmak” nomli makaron korxonasini ishga tushiradi. Yoqubxo‘ja Bahriddinxo‘jayev 1929-yil GPU tomonidan hibsga olinib, uni tahdid bilan Munavvar qori Аbdurashidxonovni kuzatish uchun “Sakkizinchi” shartli nomda yollashadi. Biroq, u hech qanday axborot yetkazmadi.

Yoqubxo‘ja Bahriddinxo‘jayevni qamoqqa olish haqidagi order 1929-yil 5-noyabrda imzolandi va kuni Qoryog‘di 93-uydan qamoqqa olindi. Yoqubxo‘ja Bahriddinxo‘jayevga dastlabki so‘roqlardan so‘ng uning rad etganiga qaramasdan “Milliy ittihod” aʼzosi Munavvarqori Аbdurashidxonov, Salimxon Tillaxonov, Eshonxo‘ja Xoniylar bilan aksilinqilobiy maqsadda aloqada bo‘lgan deb O‘zSSR JKning 58-10, 66-moddalari bilan ayblov qarorini tutqazishadi. Yoqubxo‘ja Bahriddinxo‘jayev qarorning o‘ziga “menga tamom tuhmat, mutloq rozi emasman deb qo‘l qo‘ydim. Tuhmatga chidolmayman, hozir so‘rolmay otilishimni aytib Bahriddinov” deb yozib imzolab qaytaradi. 1929-yil 18-dekabr kuni so‘roqda aybiga birorta dalil topolmagan tergovchi uning himmati va homiyligi masalasiga o‘tadi. Yoqubxo‘ja Bahriddinxo‘jayev “Men dindor odamman, shunga zakotimni hamisha qashshoqlarga, olimlarga ularning kitoblarini chop etishida ulashib kelganman. Buning uchun hech og‘ir olmay pul sarfladim” deydi. Muso Begiyevga Hazrat deb juda katta hurmat ko‘rsatib yozgan xati haqida so‘rashganida “Muso Begiyev ulug‘ olim. U kishini ustozim deb bilaman va doim moddiy qo‘llab quvvatlaganman. U kishi sovetlar endi savdo sotiqqa yo‘l qo‘ymaydi, endi bor davlatingni millatga sarf et deb nasihat etgan edi. Shunga xayriya ishlarimni ko‘paytirganman” deb javob beradi. 1929-yil 21-dekabr kuni Yoqubxo‘ja Bahriddinov Milliy ittihod aʼzosi, uyidan Muso Begiyev muallifi bo‘lgan 500 kitob musodara etilgan, 1929-yil boshida GPUga yollangan, ammo axborot yetkazmagan kabi ayblovlar tirkaladi. Shundan so‘ng ham yana qariyib bir yilga yaqin hibsda saqlanib, 1930-yil 16-oktyabrda 10 yilga kontslagerga hukm etildi.

Yoqubxo‘ja Bahriddinxo‘jayev 1937-yilning bahorida uyiga qaytishga muvaffaq bo‘ladi. Endi oilasi, farzandlarining diydoriga to‘yaman degan onda 20 iyul kuni yana hibsga oladi.

Oilasi. Turmush o‘rtog‘i Zulayha Xodjaeva (36) va farzandlari Rashid (17 yosh), Salima (14 yosh) va Ziyavuddin (11 yosh)lar va 70 yoshli otasi Bahriddin Sayfuddinov.

O‘limi. Yoqubxo‘ja Bahriddinxo‘jayev 1937-yil 5-noyabr kuni mashʼum “uchlik” hukmi bilan otib tashlandi.

(O. Z.)