Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Mahmudxo‘ja Behbudiy

(1875 - 1919)

Bolaligi. Mahmudxо‘ja Behbudiy 1875 yilning 19-yanvarida Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘ida dunyoga kelgan. Otasi Behbudxо‘ja Solihxо‘ja о‘g‘li Ahmad Yassaviyning avlodlaridan bо‘lib, imom-xatiblik qilgan. Ona tomonidan bobosi Niyozxо‘ja urganchlik bо‘lib, Buxoro amiri Shohmurod davrida (1785 – 1800) Samarqandga kelib qolgan. Otasi vafotidan sо‘ng Mahmudxо‘ja tog‘asi qozi Muhammad Siddiq tarbiyasi va qaramog‘ida о‘sib voyaga yetgan.

Ma’lumoti. Mahmudxо‘ja Behbudiy kichik tog‘asi Mulla Odildan arab tili grammatikasini о‘rgangan. Buxoro madrasalarida tahsil olib yurgan paytlarida dastlab onasi (1893), sо‘ng otasi (1894) vafot etgach, moddiy qiyinchiliklar sabab о‘qishni nihoyasiga yetkazolmaydi.

Faoliyati. Samarqandga qaytib, Muhammad Siddiq qozixonasida mirzolik qila boshlaydi. Tez orada shariat qonunlarini mukammal darajada о‘zlashtirib, qozilikdan mufti darajasigacha kо‘tariladi.

Bu paytda Turkistonda Rossiya imperiyasining mustamlakachilik zulmi kuchayib, unga qarshi tez-tez xalq qо‘zg‘olonlari bо‘lib turardi. Dukchi eshon boshchiligida 1898 yili yuz bergan Andijon qо‘zg‘oloni milliy ozodlik harakatining eng yiriklaridan bо‘lib, chor hukumati tomonidan shafqatsizlarcha bostiriladi. Qо‘zg‘olonning oqibati shu yurtning ziyolisi sifatida Mahmudxо‘jani chuqur qayg‘uga botiradi. U jarayonni har tomonlama tahlil etib, tish-tirnog‘igacha qurollangan mustamlakachilar tomonidan о‘ttiz yil davomida ham ma’nan, ham moddiy jihatdan qulga aylantirilgan avom bilan ozodlikka chiqish mumkin emasligini anglab yetadi.

1899 – 1900 yillarda Mahmudxо‘ja Behbudiy haj ziyoratiga otlanadi. Sakkiz oylik sayohati davrida ozodlik uchun kurash yо‘llarini qidiradi. Jahonda bо‘layotgan voqea-hodisalar, jumladan, milliy ozodlik harakatlari va ularning sabablari, mohiyatini millat manfaati nuqtai nazaridan tafakkur chig‘irig‘idan о‘tkazadi. Sharqning Yevropa davlatlari mustamlakasi ostida bо‘lgan boshqa mamlakatlari ahvoli haqida xabar tо‘plab, ularning hurriyat yо‘lidagi harakatlarini о‘rganadi.

Vataniga qaytgan Mahmudxо‘ja Behbudiy tariximizning tanazzul bosqichlari, sabablarini taftish qiladi, bu masalalar borasida maslakdoshlari Hoji Baqo, Hо‘qandboy Abduxoliq о‘g‘li, Badriddin singari dunyoqarashi keng insonlar bilan munozaralar о‘tkazadi. Ana shu bahslar, fikr almashuvlar natijasida xulosalar chiqarib, Turkistonning mustamlakaga tushib qolishi sabablarini kо‘rsatadi va yurtni ozod qilish bо‘yicha rejalarini ishlab chiqadi. Ammo ularni amalga oshirish yо‘lida bir-biridan kuchli tо‘siqlar bor edi. Ularning eng og‘iri xalq ommasining parokandaligi, ijtimoiy va huquqiy ongining tubanligi edi. Shuning uchun ham Mahmudxо‘ja Behbudiy va uning safdoshlari hurriyat uchun kurashning dastlabki va zaruriy bosqichi – millatni ma’rifat bilan “qurollantirish”ni tanlaydilar.

1903 yili alloma tashabbusi bilan shogirdlari Siddiqiy Ajziy Halvoyi, Abduqodir Shakuriy Rajabamin qishlog‘ida, Hoji Muin Xо‘ja Nisbatdor mahallasida jadid maktablarini ochadilar.

Behbudiy 1908 yili “Qiroatxonayi Behbudiya” (keyinchalik “Behbudiya” nomi bilan mashhur bо‘lgan) kutubxonasini ochadi. Ushbu kutubxona ikki navbatda–soat 9.00 dan 17.00 gacha va soat 18.00 dan tungi 24.00 gacha ishlab, 60 – 110 atrofida kitobxonga xizmat kо‘rsatgan. Alloma “Samarqand kutubxona islomiyasi” maqolasida  kutubxonada 600 ta kitob va risola, gazeta va jurnallar esa undan ham kо‘p bо‘lganini yozadi.

1914 yilgi  sayohati davomida Kavkaz, Qrim, Turkiya, Yunoniston, Bulg‘oriston, Avstriya va Germaniyaning turli shaharlarida bо‘lib, u yerlardan о‘z kutubxonasi uchun juda kо‘p kitob va risolalar olib keladi.

Mahmudxо‘ja Behbudiy 1913 yildan matbuot ishlarini yо‘lga qо‘yadi va  shu yilning aprelidan “Samarqand” gazetasi hamda avgust oyidan “Oyina” jurnali chiqa boshlaydi. “Samarqand” gazetasi о‘zbek va tojik tillarida, haftada ikki marta, dastlab ikki, sо‘ng tо‘rt sahifada chop etilgan. 1913 yil 17-sentabrda gazetaning 45-soni chiqqan bо‘lib, bir tomondan, mustamlakachilar senzurasi, ikkinchi tomondan, yetarli mablag‘ bо‘lmagani sabab tо‘xtatiladi.

“Oyina” haftalik jurnal bо‘lib, о‘zbek va tojik tilidagi maqolalar berib borilgan. Uning obunachilari nafaqat Turkiston, balki  Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston va Turkiyada ham bor edilar. 1915 yilgacha nashr qilingan jurnalda Turkiston aholisining haq-huquqi, tarixi, til-adabiyot masalalariga bag‘ishlangan g‘oyat muhim maqolalar, bahslar berib borilgan. Ayniqsa, til masalasi muharrirning hamisha diqqat markazida turgan. Mahmudxо‘ja Behbudiy millat taraqqiyoti uchun bir necha tilni bilishlikni shart deb hisoblagan.

Mutafakkirning adabiy tanqidga oid maqolalari ham jurnal sahifalarida о‘rin olgan bо‘lib,  Alisher Navoiydan keyingi bir necha asrlik sukunatdan sо‘ng, “Tanqid saralamoqdur” maqolasida bu sohaning о‘ziga xos xususiyatlarini ta’kidlab, adabiyotda teng huquqlilik masalasini о‘rtaga qо‘yadi. Millat о‘zini anglagandagina ijtimoiy-siyosiy masalalarni boshqalar bilan teng muhokama eta oladi, degan fikrni ilgari suradi. Umri davomida yuzlab maqolalar yozadi. Ularda millat va Vatan, jamiyat va axloq haqidagi qarashlarini ifoda etadi.

Mahmudxо‘ja Behbudiy millat ziyolilaridan Abdurauf Fitrat, Siddiqiy, Hoji Muin, Akobir Shomansur, Muhammad Said, Saidrizo Alizoda, Saidahmad Vasliy, Tavallo, Sadriddin Ayniy, Hakim Buxoriy, Niyoziy Rajabzodaning maqolalari va she’rlarini “Oyina” sahifalarida chop etib boradi. Nashr yosh qalamkashlar, bо‘lg‘usi adib va ma’rifatparvarlar uchun tajriba maydoni vazifasini ham о‘tagani ma’lum.

“Oyina” jurnali tahririyatining faoliyati mustamlakachilar tomonidan doimiy nazoratda bо‘lgan. О‘zbekiston Milliy arxivida Turkiston harbiy okrugining shtab boshlig‘i imzosi bilan Samarqand viloyat harbiy gubernatoriga 1914 yil 19-avgust kuni 100-xat yuborilgan bо‘lib, unda birinchi jahon urushi davrida “mahalliy matbuotda Rossiya manfaatiga zid maqolalar paydo bо‘lishi mumkinligi bois” Turkiston harbiy senzurasi Samarqanddagi nashrlarni nazorat qilib turishni shtabs-kapitan Otayevga topshiradi. “Oyina” jurnali tо‘g‘rilama-qoralamasidan kо‘chirma jurnal bosmadan chiqishiga ikki kun qolguncha senzuraga yuborilishi bosh muharrir zimmasiga yuklatiladi. Mahmudxо‘ja Behbudiyni harbiy okrugga chaqirtirilib, ushbu “о‘ta maxfiy xat” ostiga “о‘qidim va ma’lumot uchun qabul qildim”, deya imzo chektiriladi. Shu bilan birga, Turkiston general-gubernatorligi nashri “Turkiston viloyatining gazeti”da milliy jurnalda chop etilgan fikrlarga qarshi chiqishlar kо‘paytiriladi. “Oyina” bosh muharriri esa ularga munosib javob berib boradi. Ammo jurnal faoliyatini cheklash uchun olib borilgan uzluksiz harakatlar о‘z samarasini beradi va 1915 yilga kelib jurnal faoliyati butunlay tо‘xtatiladi. 

Alloma jamiyat hayotidagi illatlar, nuqsonlar va ilmsizlikni sahnada kо‘rsatish orqali xalqni taraqqiyparvarlikka da’vat etish maqsadida 1914 yili milliy teatrga asos soladi. Teatr sahnasida ijro etish uchun “Padarkush” dramasini yozadi. Kitob jildiga “Borodino jangi va Rossiyaning fransuzlar bosqinidan xalos bо‘lishining yubiley sanasiga bag‘ishlanadi” degan yozuv bilan Tiflis senzurasidan ruxsat olgach, 1913 yili uni chop ettiradi.  Muallif “Milliy fojea” deb atagan, 3 parda 4 manzarali bu drama hajman ixcham, mazmunan nihoyatda sodda va tushunarli bо‘lib, о‘qimagan bolaning buzuq yо‘llarga kirib, о‘z otasining о‘ldirgani, nodonlik va jaholat haqida edi. “Padarkush” dastlab 1914 yil 15-yanvarda Samarqandda, 1914 yilning 27-fevralda Toshkentda sahnaga qо‘yilgan. Abdulla Avloniyning “Turon” guruhi Kolizeyda (hozirgi savdo birjasi binosi) о‘z faoliyatini mana shu “Padarkush” bilan boshlagan edi. Spektakl boshlanishi oldidan Munavvarqori Abdurashidxonov teatrning jamiyat hayotida tutgan о‘rni haqida nutq sо‘zlaydi. “Turon” guruhi 1914–1916 yillarda bu spektakl bilan butun Farg‘ona vodiysini aylanib chiqadi. Ushbu sahna asari Turkistonni junbushga keltirgan qirg‘inbarot yillarda ham sahnadan tushmaydi. Bu bir tomondan millatni ma’rifat va taraqqiyot sari undagan bо‘lsa, ikkinchi tomondan rosmana о‘zbek teatri va dramachiligining maydonga kelishi hamda taraqqiyotiga xizmat qiladi.

1917 yil fevralda Rossiya markazidan yuz bergan keskin о‘zgarishlar, xususan, imperator Nikolay II taxtdan ag‘darilib, Muvaqqat hukumat tuzilgani sharotida metropoliya siyosatchilarini birlashtirgan partiyalar hokimiyat uchun kurashga kirishadilar. Turkiston jadidlari ushbu tarixiy lahzalarni hurriyat shabadalari sifatida qabul qiladilar. Mahmudxо‘ja Behbudiy ham yeng shimarib, ishga kirishadi. “Xudoyi taolo bizga hurriyat berdi. Diniy va milliy islohot va taraqqiyimiz uchun harakat va say’ etmoqg‘a yо‘l ochiqdur” deb, bu jarayonlardan unumli foydalanish zarurligini ta’kidlaydi va birlashib harakat qilishga da’vat etadi.

1917 yil mart oyida Toshkentda Turkiston musulmonlari qurultoyi о‘tkazilib, Turkiston musulmonlari shо‘rosi milliy markazi saylanadi. Unga mintaqaning hamma bо‘laklaridan vakillar, jumladan, Mahmudxо‘ja Behbudiy, Ubaydullaxо‘ja Asadullaxо‘jayev, Nosirxon Tо‘ra, Muhammad Tinishboyev, О‘roz Sardor ham kiritiladilar.

1917 yilning 16-23-aprelida Toshkentda bо‘lib о‘tgan Turkiston musulmonlarining 150 vakili ishtirok etgan qurultoyida Mahmudxо‘ja Behbudiy nutq sо‘zlab, millatni о‘zaro ixtiloflardan voz kechish, buyuk maqsad yо‘lida birlashish, ittifoq bо‘lishga chaqiradi. “Ixtilofimiz sababli mustamlakot qoidasi ila bizni idora eturlar”, deb ochiq aytadi.

1917 yil yozida Rossiya о‘z muammolari bilan ovora bо‘lib turgan davrda Mahmudxо‘ja Behbudiy Turkiston xalqlari kelajagini о‘ylab, “Biz istaymizki, butun Rusiya musulmonlari muxtoriyat usuli yuzasidan tirikchilik qilsunlar... Turkiston musulmonlari bundagi rusiy, yahudiy va boshqalar qо‘shilgan holda... Turkiston hukumati ta’sis etsak, о‘zimizni majlisi mushovaratimiz (parlamentarizm) bо‘lsun”, deb yangi takliflar beradi.

Bu taklifga birinchi bо‘lib chorizmdan qolgan “burjuachilar” emas, “morozovchilar”, ya’ni bо‘lg‘usi bolsheviklar qarshi chiqadilar. Ular Mahmudxо‘ja Behbudiyning adolatli yondashuvlaridan xato topa olmaydilar. Biroq uning takliflarini “shoshqaloqlarcha” berilgan, deya e’tiroz bildiradilar. Shuningdek, о‘zlarining har jihatdan ustunliklarini kо‘rsatib, “Musulmonlar о‘zlarini boshqarishda hali ruslardan kо‘p о‘rganishlari kerak. Dumada ishbilarmon, uddaburon, mehnatsevar kishilar о‘tirsa, unda turli jamiyat va siyosiy guruh talablarini yoqlaydigan kishilar bо‘lsa, shaharda ishlar yaxshi ketadi. Bunday guruhlar ruslarda kо‘p bо‘ladi, musulmonlarda esa bо‘lmaydi... Fikrimizcha, agar musulmonlar va mahalliy yahudiylar saylovchilarning yarmini yuborib, ikkinchi qismini mahalliy bо‘lmaganlarga qо‘yib bersalar, ish ravnaqi uchun foyda va haqqoniylik buzilmagan bо‘ladi”, deb xulosa yasaydilar.

1917 yil oktabrda hokimiyatni tо‘liq egallagan bolsheviklar yeng shimarib mustamlakachilik siyosatini kuchaytirishga kirishadilar. Millat oydinlari yangi hukumatdan muxtoriyat talab qila boshlaydilar. 1917 yil 26 noyabr kuni Qо‘qon shahrida о‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi chaqiriladi va Turkiston muxtoriyati tashkil etilgani e’lon qilinadi. Yangi Turkiston asoschilaridan biri Mahmudxо‘ja Behbudiy bо‘lib, millat fidoyisining ozodlikka bо‘lgan intilishi, uni intiqib kutgani “Hurriyat” gazetasining 1917 yil 22-dekabr sonidagi “Turkiston muxtoriyati” sarlavhali maqolasidagi quyidagi fikrlaridan bilib olishimiz mumkin: “27 noyabrda Hо‘qandda Turkiston muxtoriyati Umumiy musulmon se’zdida e’lon qilindi. Muborak va xayrli bо‘lsun! Kamina ham majlisda bо‘lganim uchun iftixor etaman. Yashasun, Turkiston muxtoriyati! ...Shuni bilmoq kerakki, butun Turkiston xalqi ittifoq etsa, qon tо‘kilmas. Yer va amlok ham taqsim bо‘lmay qolur. Din ham rivoj topur. Ming karra dodu bedodlik ixtilof etmoq uchun ittifoq etganmiz va ixtilofimiz sababi ila badbaxtliqg‘a duchor bо‘lurmiz. Butun Turkiston ittifoq etsa, 15 millionlik bir quvvat ummong‘a kelurki, shunga yer titraydur. Agar sо‘zumni fahmlata olgan bо‘lsam, о‘zimni baxtli hisoblardim”.

Turkistondagi mustamlakalaridan mahrum bо‘lishni istamagan bolsheviklar Muxtoriyatga qarshi chiqadilar va 1918 yilning fevralda uning markazi – Qо‘qon shahriga hujum uyushtiradilar. Shahar qonga botiriladi. Mustaqil davlat tuzishga harakat qilgan hukumat bor-yо‘g‘i 72 kun yashagan.

Mahmudxо‘ja Behbudiy Qо‘qondagi voqealardan tushkunlikka tushmagan, millat manfaati yо‘lida xizmat qilishda davom etib, sо‘nggi nafasigacha ozodlik uchun kurashgan. U ayrim yurtdoshlari singari “qizil” bosqinchilar safiga qо‘shilgan emas, balki 1917 yildayoq bolsheviklarga qarshi tuzilgan, yashirin faoliyat olib borgan “Ittihodi taraqqiy” jamiyatiga kirgan. Jamiyat о‘z faoliyatini tashkillashtirishda Turkiyadagi “Ittihod va taraqqiy” tashkilotidan yordam sо‘raydi va ikki marta maxsus vakillarini Turkiyaga yuboradi. Ammo har ikkala vakillik ham maqsadiga erisha olmagan. Birinchi vakillar Sadirxon va Sa’idnosir Mirjalilovlar 1918 yil Istanbulga borganlarida, Yosh turklar hukumati mag‘lubiyatga uchragan va tashkilot a’zolari muhojirlikka ketgan edi. Shuning uchun ular belgilangan kishilar bilan uchrasha olmay Toshkentga qaytadilar.

Ikkinchi hay’atning borishi 1919 yili rejalashtirilgan bо‘lib, uning tarkibiga Toshkentdan Ubaydullaxо‘ja Asadullaxо‘jayev va Sa’idnosir Mirjalilov, Samarqanddan Mahmudxо‘ja Behbudiy, Mardonqul va Muhammadqul kirgan edilar. Ularning Turkistondan chiqib ketishlaridan sovet hokimiyatining Favqulodda komissiyasi (ChK) – maxsus xizmati xodimlari xabar topadilar. Ushbu sharotida Ubaydullaxо‘ja Asadullaxо‘jayev Moskvada, Sa’idnosir Mirjalilov Tiflisda yashirinishga majbur bо‘ladilar.

Ilmiy-adabiy merosi. Behbudiy “Risolai asbobi savod” (1904), “Risolai jug‘rofiyai umroniy” (1905), “Risolai jug‘rofiyoyi Rusiy” (1905), “Kitobat ul-atfol” (1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kabi darslik va qо‘llanmalar yozgan. Bundan tashqari, “Turkiston viloyatining gazeti”, “Tujjor”, “Samarqand” gazetalari va “Oyina” jurnalida kо‘plab maqolalari chop etilgan.

Oilasi. Mahmudxо‘ja Behbudiyning tо‘rt о‘g‘li va bir qizi  bо‘lgan. Mahmudxо‘ja Behbudiy о‘ldirilgach, bolalarga Qozi Haydarbek, Akobir va Abduvohid afandilar vasiylik qilganlar. Mahmudxо‘ja Behbudiyning tо‘ng‘ich о‘g‘li Ma’sudxon 1897 yili tug‘ilgan va 2 yoshida vafot etgan. Geografiya ilmiga iqtidorli va qobiliyatli bо‘lgan Maqsudxon (1910 – 1931) erta vafot etgan. 1914 yili tug‘ilgan о‘g‘li Matlubxon Ikkinchi jahon urushida bedarak yо‘qolgan. Qizi Parvin (Surayyo) (1902 – 1984) 82 yoshda vafot etgan. 1919 yili tug‘ilgan о‘g‘li Shavkat 1990 yili vafot etgan.

О‘limi. Mahmudxо‘ja Behbudiy 1919 yili Favqulodda komissiya ayg‘oqchilari yordamida Shahrisabz bekligida qо‘lga olingan. Oradan taxminan ikki oy о‘tgach, Qarshiga keltirib zindonga tashlangan. Bir necha kundan sо‘ng Qarshi begi Tog‘aybekning buyrug‘i bilan yordamchisi Nuriddinxо‘ja Og‘aliq Ahmadxо‘ja о‘g‘li tomonidan zindon yaqinidagi “podsholik chorbog‘i”da о‘ldirilgan.

Mahmudxо‘ja Behbudiyning qatl qilingani Samarqandda bir yildan keyin ma’lum bо‘lgn. Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Chо‘lpon, Sadriddin Ayniy va boshqa shoirlar allomaga atab marsiyalar yozganlar.

Keyinchalik Mahmudxо‘ja Behbudiyning Samarqandda faoliyat yuritayotgan shogirdlari, safdosh va maslakdoshlari uning qabrini izlab topish, qotillarni aniqlash harakatiga tushadilar. Ular “Samarqand komissiyasi”sini tuzib, Qarshiga kelganlarida bu paytda ushr-soliq nazorati idorasining boshlig‘i bо‘lib olgan Nuriddin Og‘aliq ularning faoliyatiga yо‘l qо‘ymaydi. Qarshi shahridagi hukumat a’zolari esa uning xohish-irodasiga qarshi chiqolmaganlar.

Amirlik davrida yuqori mansabda ishlagan Nuriddin Og‘aliqning sovet hukumatida ham о‘z mavqeyini saqlab qolishining sababi bolsheviklar bilan hamkorlikda Mahmudxо‘ja Behbudiyni yо‘q qilib yuborgani bilan bog‘liqligini hech kim inkor etolmaydi, albatta.

Ammo 1923 yilning kuzida BXSR hukumati taftish komissiyasi Qarshi viloyati soliq idorasi faoliyatini tekshiruvdan о‘tkazadi. Komissiya Nuriddin Og‘aliq hamda uning safdoshlari katta qonunbuzarlik va jinoyatga qо‘l urganlarini aniqlaydi. Chunonchi, Nuriddin Og‘aliq hukumatning 42 ming pud bug‘doyi va 20 ming oltin quymasini talon-taroj qilganlikda, mehnatkashlarning 1000-2000 tasini yarim och, yarim tо‘q holatda о‘z yerlarida ishlatganlikda ayblanadi. Bundan tashqari, buyuk mutafakkir Mahmudxо‘ja Behbudiy hayotiga zomin bо‘lgani bilan bog‘liq jinoyati ham qо‘shilib, sud Nuriddin Og‘aliqni otishga qaror qiladi.

Hukm 1923 yil 19-sentabrda Registon maydonida 5000 aholi ishtirokida amalga oshiriladi. “Buxoro axbori” gazetasida “Behbudiy va rafiqlarining о‘ldirilishiga sabab bо‘lg‘on fuqaro hukumatining molig‘a xiyonat qilgan mazkur Og‘aliq 19- sentabrda (1923 yil) otildi, demak, Behbudiy va rafiqlarining о‘chlari olindi”, deb xabar beradi.

Buxoro hukumati Qarshi viloyati ijroqо‘mi raisi Jо‘ra Zokiriy hamda Qarshi viloyat firqо‘mi Nazarov zimmasiga Mahmudxо‘ja Behbudiy qabrini qidirib topib, uning haykalini о‘rnatish vazifasini yuklaydi. Lekin bu mutasaddi shaxslar о‘zlariga yuklangan vazifani uddalay olmaganlar. “Ozod Buxoro” gazetasining 1923 yil 19-oktabrdagi sonida “Turkistonning mashhur jamoat xodimlaridan Behbudiyning ismini umrbod (abadiy) qoldirmoq uchun Buxoro Respublikasi qurultoyi Qarshi viloyatini Behbudiy viloyati deb ismlamakka qaror berdi”, deb xabar beradi.

Qarshi viloyati 1937 yilga qadar Behbudiy viloyati deb atalgan bо‘lib, 1937-yili boshlangan qatag‘onlar oqibatida viloyatdan alloma nomi olib tashlanadi. О‘zbekning barcha ziyolilari singari Mahmudxо‘ja Behbudiy ham millat ozodligi va taraqqiyoti uchun kurashgani uchun sovetlarning qora rо‘yxatidan о‘rin oladi.

О‘zbekiston mustaqillikka erishganidan sо‘ng, barcha jadid bobolarimiz singari Mahmudxо‘ja Behbudiyning ham muborak nomi qayta tiklandi. Tarixchi va tilshunos olimlar tomonidan uning ijtimoiy-siyosiy faoliyati hamda ilmiy merosini о‘rganish boshlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev XX asr boshlarida Turkistonda zamonaviy ta’lim tizimiga asos solgan, millat ozodligi, xalq farovonligi uchun kurashgan barcha jadidlarga, jumladan, Mahmudxо‘ja Behbudiyga ehtirom kо‘rsatib, yoshlarga о‘rnak qilib kо‘rsatish hamda ma’naviy merosini chuqur о‘rganish bо‘yicha oqilona va adolatli ishlar qilayotgani yaxshi ma’lum. 2020 yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomada milliy yetakchimiz “2020 yili xalqimiz tarixining murakkab damlarida ma’rifat mash’alasini baland kо‘tarib chiqqan ulug‘ alloma va jamoat arbobi Mahmudxо‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi. Umuman, biz jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur о‘rganishimiz kerak. Bu ma’naviy xazinani qancha kо‘p о‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda kо‘p savollarga tо‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”, degan ta’kidlari buyuk allomaning millatimiz va davlatimiz oldidagi tengsiz xizmatlarining e’tirofidir, albatta.

Prezidentimiz 2020 yil 30-sentabr kuni “О‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan ziyolilarga qilgan murojaatida jadidchilik harakati va uning yirik namoyandalari haqida tо‘xtalib, “...mamlakatimizda Uchinchi Renessansni XX asrda ma’rifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi... Bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrlarini milliy uyg‘onish g‘oyasiga bag‘ishlab, о‘lkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni g‘aflat botqog‘idan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar. Shu yо‘lda ular о‘zlarining aziz jonlarini ham qurbon qildilar” dedi hamda uch jadid: Abdulla Avloniy, Mahmudxо‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonovni istiqlol, ozodlik, erkinlik uchun qilgan fidokorligi, “milliy ta’lim va tarbiya tizimi”ni yaratishdagi hissasi uchun “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlanganini bildirdi. О‘z davridayoq “Turkiston jadidchilik harakati otasi” deb e’tirof etilgan Mahmudxо‘ja Behbudiyning qilgan xizmatlari e’tirof etilib, davlatimiz rahbari tomonidan munosib taqdirlandi. Mustaqillik yо‘lida fido bо‘lgan Mahmudxо‘ja Behbudiyning umri millat va Vatan umri  qadar boqiydir.

D.J.