Sayt sinov yo'sinida ishlamoqda

Hikmatli so'zlar

  • Bir mintaqaning o‘t va yo og‘ochlari boshqa mintaqada ko‘karolmaganidek masha’ri (shariat) vijdonla munosabati bo‘lmagan, yangi taomillar ham ko‘pincha yashamas. Bu taomillar yashasa xam taqlid mahsulidir. Taqlid esa taraqqiydan uzoq va uning ziddidir. Bir qadam ilgari ketolmay yerinda saymoq (turg‘unlik) demakdir. Taraqqiy va takomil degan narsa moziyga suyanmok tarixiy poyalarni bosib yuqorilamoq bilan bo‘lur. Yanglish anglashilmasun, ijtimoiy hodisalarda “hatlama” yo‘qdur demoqchi emasmiz... Balki tarix va moziy, hayot va holimizga bir shakl bermak uchun bir vositadir demakchimiz.


  • Agar haqiqiy dindorlik hissiyoti diniya bilan mutahsis o‘lmoq bo‘lsa, azimati alayhni eng a’lo his etganlar ulum bilan shug‘ul va tabiat sahifalarini o‘qimoq bilan mashg‘ul bo‘lganlar bo‘lsa kerak. Holbuki, ulumning bu darajai a’losi hanuz bizda vujudga kelgan emas. Mavjud ibtidoiy va rushdiy maktablarda esa dindorlik nada dinsizlik asosli sur’atda mavzui bahs o‘linmas.


  • Asrimiz hayot yo‘li ustinda yuksak, yorqin, qator tog‘lar, keng va quturgan dengizlar yaratdi. Bizga o‘xshash zaif qavmlar - na bu tog‘lardan o‘ta oladir, na u dengizlardan oshub murod sohiliga yeta oladur. Balki, bir bechora yaproq va yo somon cho‘pidek qattiq va og‘ir to‘lqunlarning zabun va asiri bo‘lib qoladur. Qo‘shnilarimiz tabiat va hayot hodisalarining asror va qonunlarini topib chiqordilar va bu sohada tabiatga hokim bo‘ldilar. Suvdan, havodan, o‘tdan tilaganlaricha foydalanadilar. Ko‘kda qushlar singari uchub yurmoq unlar uchun eng kichkina bir ish bo‘lib qoldi. Ijtimoiy va ma’naviy hodisalarningda ayni sur’atda qonun va asrorini kashf etdilar. Bundan so‘ng yillar va asrlarning orqasida bekinib turgan ijtimoiy, siyosiy voqealarni ko‘z oldida turgani kabi ko‘rmakka va unlarni idora qilmoqqa boshladilar. Bu sur’atla unlar moddiy va ma’naviy tabiat qonunlaridan tuganmas kuch va qudrat topdilar. Biz esak o‘z dangasaligimizdan safolat va miskinat (qashshoqlik) balchig‘iga botib qoldiq. Emdi yiqilgan yerimizdan turmoqqa tanamizda kuch qolgan emas. Asrlardan beri ko‘klarimiz quyoshsiz va yulduzsiz qoldi. Qalin bir qorong‘uliq ichida yo‘limizdan adashdik. Har qadamimizda boshimiz qattiq bir toshga tegdi. Kunduzlarimiz qorong‘u kechlarga aylandi. Bir zamonlar bashariyatning yo‘lboshchisi va rahbari edik. Butun dunyo bizning yoqqan mash’alalarimizdan yorug‘lik olar edi. Bu kun esa bashariyatning shol (falaj) bo‘lib qolgan bir yo‘limiz. Shu holda faqat o‘zimiz uchun emas, insoniyat uchun ham bu holimiz buyuk falokat sanalsa kerak.


  • Eng issiq, qizg‘in va qumli bir cho‘lda tirikchilik qiladirgon kishiga suv, salqin havo qancha kerakli bo‘lsa bu kungi millatlar orasida yashayturg‘on qavmlar uchun maktab va maorif ham shunchalik kerakdir.


  • Har bir qavmnipg tarbiyasi boshqadir. Dunyoda qancha qavm bo‘lsa, shuncha tarbiya ham bordir. Birining hissiyoti ikkinchisiga o‘xshamas. Musulmonlar sallaga, xristianlar shapkaga hurmat etganidek ikki mazhab, ikki qabila, xos ila avom oralaridagi tarbiya farqlarini doimo ko‘rib turamiz. Hech qaysimiz tug‘ulgan vaqtimizda bir axloq bir badiiy his keltirgan emasmiz. Bularning hammasini muhitimizdan, jamiyatimizdan olgandirmiz. Jamiyatimizning to‘g‘ri deganini to‘g‘ri, egri deganini egri, ko‘hlik (chiroyli) deganini, ko‘hlik deb ketganmiz. Shubha yo‘qki va bu jamiyatning ichida tug‘ilmasdan boshqa bir jamiyat ichida dunyoga kelgan bo‘lsa edik, albatta, ularning tarbiyalariga o‘rganar, ularning tamoyillarini qabul qilar edik.


  • Muallim va murabbiylarni bir qo‘shinga o‘xshatsak mutafakkirlarni ham bu qo‘shinning qo‘mondonlariga o‘xshata olamiz. Qo‘shunning qo‘mondonga ehtiyoji qanday bo‘lsa, murabbiylarning ham mutafakkirlarga ehtiyoji shunchalikdir. Qo‘shun fardlari harbiy qo‘zg‘olishni boshqarolmaganidek har bir murabbiy va muallim ham tarbiya va fikr ishlarini tamomi bilan idora qila olmas. Negakim tarbiya mas’alasi ijtimoiy va ruhiy mas’aladir. Binoalayh ko‘p keng va qorishiqdir. Bu yo‘lda ahliyat va mahorat egasi bo‘lmoq uchun uzun zamon tirishmak lozimdir.


  • Tarbiya bashariyat bilan barobar tug‘ulgandir, bashariyat barobarida eskidir. Eng ibtidoiy bir qavmdan boshlab to madaniysigacha hammasida ham tarbiya ishi mavjuddir. Eskimolarning hayoti ham bu fikrni tasdiq etar... Tarbiya ishi ko‘p eski bo‘lsa ham bu hodisalar haqida nazariya va mulohazalari yangi bo‘lib yunon qadim hikmasidan boshlanadir.